Greciya klubi bilan shartnoma tuzgan Timur Ayupov bilan intervyu
13 fev 2018 12:21
Yangiliklar
Greciya klubi bilan shartnoma tuzgan Timur Ayupov bilan intervyu
Kuni kecha 1993 yilda tug'ilgan Timur Ayupov Greciyaning "Panaigialios" klubi bilan shartnoma tuzdi.
2014 yilgi mavsumda "Bunyodkor" safida oliy ligada debyut qilgan Timur Ayupov o'sha yil 6ta o'yinda 3ta gol urgandi. 2015 yil esa hujumchi "qaldirg'ochlar" safida 9ta uchrashuvda 1ta to'p kiritdi. Ikkinchi davrada uni "Buxoro"ga ijaraga berishgandi. Ushbu jamoa safida 5ta bahsda umuman gol ura olmadi. 2016 va 2017 yillarda u hech bir klub safida ko'rinish bergani yo'q.
Biz legionerga aylangan hujumchi bilan bog'lanib, uning fikrlari bilan qiziqdik.
- "Bunyodkor"dan ketgach sizni hech qaysi klubda ko'rmadik...
- To'g'risi futbol o'ynamayotgandim. Tadbirkorlik bilan shug'ullanib yurgan edim.
- U holda Greciya klubiga o'tish qanday sodir bo'ldi?
- Greciyadagi agent orqali "Panaigialios" klubi bilan shartnoma tuzdim. Greciyada eng yuqori liga Superliga deb nomlanadi. Undan pastki liga esa "Futbol liga" yoki "B Etniki" deb ataladi. "Panaigialios" aynan Futbol ligada ishtirok etadi.
- SHartnoma qachonga qadar amal qiladi?
- Notanish davlat, notanish klub bo'lgani uchun hozircha yarim yillik shartnoma tuzdim. Agar barchasi yaxshi ketsa va o'zimni bu erda yaxshi his qilsam shartnomani uzaytirish muammo emas.
- Greciya klubi sizga qancha maosh to'lashini ayta olasizmi?
- Aniq summasini ayta olmayman. Ammo maoshim yaxshi, nolimayman. Klub barcha shartlarimni bajardi.
- Siz "Bunyodkor" akademiyasidan chiqmagansiz deb eshitganmiz.
- To'g'ri. 7 yoshimda "Paxtakor" klubi akademiyasiga kelganman. Birinchi murabbiyim Kim Dmitriy Makarovich bo'lgan. Ushbu murabbiy qo'l ostida Igor Sergeev, Jaloliddin Masharipov, Jamshid Iskanderov kabi futbolchilar birga katta bo'lganman.
- U holda qachon "Bunyodkor"ga o'tgansiz?
- 2011 yilda "Paxtakor"ni tark etganman. 2012 yilda "Bunyodkor" bilan shartnoma tuzgandim.
- Yangi klubingizda murabbiy va futbolchilar bilan muloqot qilishda qiyinchilikka duch kelmayapsizmi?
- Yo'q, muammo yo'q. Ular bilan ingliz tilida gaplashayapman.
- Greciya ikkinchi divizioni musobaqa jadvaliga etibor qilsak sizning klubingiz deyarli oxirgi o'rinda ekan. CHempionatda oxirgi 4ta o'rinni olgan klublar quyi divizionga tushib ketar ekan. Nima uchun bu klubni tanladingiz?
- To'g'ri "Panaigialios" 18 klub orasida 17-o'rinda bormoqda. So'nggi o'rindagi klub esa allaqachon chempionatdan chiqarib yuborildi. Lekin klubda katta o'zgarishlar sodir bo'ldi. Prezidetdan tortib oddiy xodimgacha o'zgardi. Yangi 10 nafar futbolchi keldi va deyarli shunchasi ketdi. SHu bois yangi rahbariyat klub oldiga katta maqsadlar qo'ymoqda. CHempionatda 15ta tur ortda qolgan, oldinda hali 19ta tur bor. Bizni 14-o'rindan 3, 7-o'rindan esa 12 ochko ajratib turibdi. Hali o'yinlar ko'p va jamoam yuqori o'rinlarga chiqishiga ishonaman. O'tgan mavsum klub chempionatda 7-o'rinni egallagan ekan.
- Klubning maqsadlari tushunarli. SHaxsan sizning maqsadingiz qanday?
- Avvalo yangi klub, yangi chempionatga ko'nikish lozim. Maqsadim Greciya Superligasida o'ynash va milliy terma jamoadan chaqiruv olish. Kelajakda albatta "Bunyodkor"ga qaytishni ham xohlayman.
- Demak qaytish niyatingiz bor?
- Ha, albatta.
- Greciya ikkinchi ligasi saviyasi past emasmi?
- Saviyasi yaxshi. Oliy ligamiz bilan taqqoslasak top klublarni hisobga olmasak qolgan klublar bilan teng desak ham bo'ladi.
- Greciya chempionati o'yinlarini ko'rishga ulgurdingizmi?
- Taxminan 10 kundan buyon shu erdaman. Hozircha faqat televizor orqali Greciya Superligasi o'yinlarini tomosha qildim.
- U erda tomoshabinlar tashrifi qanday ekan?
- Superliga o'yinlari vaqtida stadionlar to'lar ekan. Futbol liga bahslarida ham muxlislar etarlicha. Greciyada ashaddiy futbol fanatlari juda ko'p ekan.
- Qaysi murabbiylarga rahmat aytishni istaysiz?
- Birinchi o'rinda Dmitriy Kimga. Olim SHokirov, Aleksandr Mochinov, Aleksandr Volkov, Hikmat Ergashev va Sergey Lushanga ham minnatdorchilik bildiraman. Barchasining faoliyatimda o'z o'rni bor.
- Greciyada sizni nima xayron qoldirdi?
- Ob-havo. Bu erda qish bo'lmas ekan. Bundan tashqari bu erda dengiz ham bor ekan. Menga dengiz juda yoqadi. Lekin qaerda bo'lsam ham O'zbekiston men uchun birinchi o'rinda.
- "Panaigialios" klubida qachon debyut qilasiz?
- Ilk uchrashuv 18 fevral kuni bo'lib o'tadi. SHu kuni o'zimizdan bitta yuqori o'rinda turgan "Veriya" klubiga qarshi o'ynaymiz. Ushbu uchrashuv katta ahamiyatga ega. Sababi bu o'yin yangi rahbariyat uchun ilk bahs bo'ladi, bundan tashqari bahs olti ochko uchun bo'ladi. Mana shu o'yinda yangi klubim safida maydonga tushishim mumkin.
Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Fikrlar