So’nggi yangiliklar

23:18"Динамо"да кўрикдан ўтаётган бразилиялик вингерга жавоб берилди  0 22:52Ўртоқлик ўйини. "Динамо" Қирғизистон клубини яна бир марта мағлуб этди  3 22:20Интервью. Шавкат Саидов: "Яна янгиликларимиз бор"  1 21:50Mirabror Usmanov Cup-2024. Ўзбекистон футзал термаси Тожикистонни мағлубиятга учратди  0 21:26Расман: Сергей Лушчан "Навбаҳор" клуби бош мураббийи сифатида таништирилди  17 21:03Ўртоқлик учрашуви. ОКМК Беларусь клубига имкониятни бой берди  1 20:35Эшитдик-да! "Навбаҳор"нинг асосий футболчиси легионерга айланиши мумкин  28 20:16Париж-2024. Ҳар бир терма жамоадаги катта ёшли футболчилар  8 19:49Ван Дейк NBA афсонаси Леброн Жеймс билан суратга тушди  4 19:21"Комо" Бонавентурани сотиб олмоқчи  1 18:53Mirabror Usmanov Cup-2024. Қирғиз Республикаси илк учрашувда Гватемаладан устун келди  2 18:32Сергей Лушчан "Навбаҳор" билан шартнома имзолади   25 18:19"Монако" клуб 100 йиллигига аталган сафар либосини тақдим этди  2 17:53"Мбаппе эффекти": Ҳоланд "Реал"га эмас, "Барселона"га ўтмоқчи  20 17:28"Милан" "Монако" ярим ҳимоячиси бўйича таклиф билан чиқди  0

Gepard taqibidan qochgan, Arsen Vengerdan taklif olgan hamda O'zbekistondagi titullarni yig'ishtirib olayotgan Dragan CHeran bilan yaqindan tanishamiz Yangiliklar

Gepard taqibidan qochgan, Arsen Vengerdan taklif olgan hamda O'zbekistondagi titullarni yig'ishtirib olayotgan Dragan CHeran bilan yaqindan tanishamiz

Serbiyalik futbolchi qarshisidan chiqqan 20 klubning barchasiga gol kiritishga muvaffaq bo'ldi.

"Agar kimdir "Sen O'zbekistonga yo'l olib, u erda eng yaxshi futbolchi bo'lasan" deganida, ishonmagan bo'lardim... Barchamizning o'z maqsad va orzularimiz bor. Hamma Evropada o'ynashni xohlaydi, ammo Osiyoda baxtli insonga aylandim. Bu taqdir...

Dragan CHeran 1987 yilning 6 oktyabrida Serbiyaning Kikinda shahrida tavallud topgan. 7 yoshidan Banat  buyuk qishlog'idagi mahalliy "Kozara" klubi safida to'p tepishni boshlagan. Oilada ikki farzand bo'lgan: Dragan va uning opasi.

Banat qishlog'i Serbiya shimolida joylashgan bo'lib, bu erga aholining katta qismi ikkinchi jahon urushidan so'ng ko'chib kelgan. Bugungi kunda mazkur qishloqda 1500 ga yaqin aholi istiqomat qiladi. 

17 yoshida esa yigitcha "Smederova"ga ko'chib o'tadi.

Toma Sivich 17 yoshimda ko'rikka taklif etdi, unga o'yinlarim manzur bo'ldi va asosiy jamoaga qo'shildim. Klubda Mudrinich, Mirosavlevich, Zechevich, Durashkovich kabi nomlar mavjud edi. Mendan o'n yosh katta bo'lgan tadribali o'yinchilardan iborat jamoa shakllangandi. Sivich mendagi nimanidir payqadi, u yoshlar bilan ishlashni yoqtirardi. SHu tariqa, olti mavsum davomida "Smederova"da o'ynadim. Keyinroq jamoa sardoriga aylandim. O'sha erda futbolchi va shaxs sifatida kamolotga erishdim.

Qahramonimiz "Smederova"da o'ynab yurgan kezlarida Miroslav Dukich murabbiylik qilayottgan Serbiya yoshlar terma jamoasiga chaqiruv oladi va 3 ta o'yinda 1 ta gol uradi.

SHvedlar bilan to'qnashuvda jamoa safida bo'lganman, o'shanda dastlab 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib, keyinchalik javobsiz 5 ta ko'p kiritishni uddalagandik. Dastlab zaxirada edim, keyin tarkibdan o'rin ola boshladim, so'ngra to'satdan zulmat o'z girdobiga tortib ketdi. Ammo bu boshqa tarix...

Mamlakat o'g'lonlarining ko'pchiligi "Crvena Zvezda" yoki "Partizan" libosini kiyishni orzu qiladi, ammo CHeran uchinchi, boshqa yo'ldan yurishga qaror qildi va Evropa sari otlanib, yarim mavsumga Belgiyaning "Vesterlo" klubiga ijaraga berildi.

"CHeranning o'yinlari yozilgan DVD disklarini bir necha marta tomosha qilib chiqdim va u menda yaxshi taassurot qoldirdi. Dragan hujumchilar ortida yaxshi harakat qila oladi", dedi "Vesterlo"ning o'sha vaqtdagi yordamchi murabbiyi Frank Dauven.

"Partizan" va boshqa klublardan takliflar bo'lgandi, ammo zaxira o'rindig'ida o'tirishni xohlamadim, chunki u erda raqobat kuchli edi. "Vesterlo"da atigi uchta o'yinda maydonga tushdim, shunga qaramay, o'zimni xorijiy futbolda his qildim. Rostini aytsam, u erda o'ynashga tayyor emasdim. 

Draganning keyingi manzili Isroil bo'ldi. 2011–2013 yillar davomida u "Xapoel" va "Makkabi" klublari sharafini himoya qildi.

"Isroilning ikki klubida bir yarim yil o'ynadim. Mamlakat go'zal, shaharlar dengiz atrofida joylashgan. Futbolni jiddiy kuzatishadi. Televidenielardan o'yindan oldin va keyin ko'rsatuvlar namoyish etiladi, hatto kiyinish xonasiga kirishda ham kameralar shay. Bir o'yinda 10–15 tacha ishlaydi, u erda odam o'zini jiddiy his qiladi.

2013 yil futbolchi Ozarbayjonning "Semurg'" klubi bilan shartnoma imzolaydi.

Ozarbayjon go'zal mamlakat hisoblanadi. Ikki yil ichida u erda o'ttizga chqin gol urdim. Ushbu o'lkada ham yurtdoshlarim ko'p bo'lgani sababli vaqtimni yaxshi o'tkazdim.

Forvard 2014 yilning avgust oyida chempionat doirasida "Xazar-Lyankyaran"ga qarshi bahsda hakamni haqorat qilgani uchun to'rtta o'yinga diskvalifikaciya qilib, 4000 manat jarimaga tortiladi.

Hakamni sira tushunolmadim. Serbcha gapimga tushungan-tushunmaganiga hayronman. Menga birinchi marta qizil kartochka ko'rsatilayotgani yo'q. O'tgan mavsum ham shunday holat yuz bergandi. Men behuda chetlatildim. Qolaversa, butun o'yin davomida menga qo'pollik ishlatgan raqiblarga kartochka ko'rsatilmadi. Hakamga kelsak, serbcha gaplarim unga qaratilmagan edi. Men o'zimga ruhiyatimni tushirmaslik maqsadida pichirlagayotgandim va uning birdaniga qarshimga kelib, qizil kartochka ko'rsatganining guvohi bo'ldim. Nahotki, u nima deganimni tushungan bo'lsa?! Bu aqlga sig'maydi. Hakam na ingliz, na rus, na serbchani biladi, biroq yugurib kelib, maydondan chetlatishni qoyillatadi. Bundan nimani uqib olish mumkin?!

CHeran tezda jamoa etakchisiga aylana oladi. Unga Niderlandiya, Daniya, Greciya kabi mamlakatlardan takliflar keladi. Ammo hujumchi barchasini rad etadi. Intervyularining birida "Mavsum so'ngida "Semurg'"da qolasizmi yoki boshqa klubga o'tasizmi?" degan savolga "Arsenal"ga boraman. Arsen Venger menga qo'ng'iroq qilib, Jiru va O'zil yonida o'ynatmoqchi ekanligini aytdi. Albatta, hazillashdim. "Semurg'"da qolaman", deya javob qaytardi.

Futbolchining muvaffaqiyatli o'yinlari uning Saudiyaga yo'l olishiga turtki bo'ldi.

Futbolga oid videokliplar tayyorlaydigan bir kishi Ozarbayjondagi gollarimni ko'rib, videoklip ishlash bo'yicha taklif yubordi. Menga nega yo'q deyishim kerak, rozi bo'ldim. Uning Arabistonda futbol sohasida ishlaydigan do'stlari bor ekan, meni ularga tavsiya qilishini aytdi. Oradan bir kun ham o'tmadi, menga qo'ng'iroqlar bo'lishni boshladi. Ertasi kuni menga shartnoma yuborishdi. SHu tariqa, Saudiya Arabistonida paydo bo'ldim. Menda hech qachon agent bo'lmagan. Endi keragi ham yo'q.

"Hajir"ga men bilan birga Nemanya Tubich ham yo'l oldi. SHuningdek, ular jamoaga mos kelmaydigan yana bir qancha o'yinchilarni olib kelishdi. Ular bilan chiqisha olmadik, shu bois, yarim mavsum halokatli o'tdi. Mahalliy aholi oddiy ishlarni bajarmas ekan. Filippinliklar, pokistonliklar, hindlar qora ishlarga jalb etilgan. Mahalliy saudiyaliklar aeroport va banklarda ishlashadi. Boshqa barcha ishlarni kam haq evaziga ishlaydigan yollanma ishchilar bajaradi. Futbolchilarda ham shunday. G'alati mentalitet mavjud. Ular yovvoyi hayvonlarni uy hayvoni sifatida boqisharkan. Klubimizda gepard boqadigan futbolchi bor edi. U hayvonni mashg'ulotga olib borardi va mashinada qoldirardi. Bazida gepard qandaydir tarzda mashinadan chiqib, mashg'ulot maydoniga yugurardi. Ana shunda qocha-qoch bo'lardi. Oldi-orqasiga qaramay yugurish, qiy-chuv, kiyinish xonasi qulflab olishlar... Unga esa baribir.

2016 yil serb SHimoliy Makedoniyaning "Vardar" klubi bilan shartnoma imzoladi. SHu yili jamoa bilan mamlakat chempionligini qo'lga kiritdi. 

Biz klub bilan chempionlikni qo'lga kiritdik. Yarim mavsum davomida besh-oltita gol urdim. Yangi mavsumga tayyorgarlikni boshladik... Hammasi yaxshi edi. To'satdan xorvatiyalik darvozabon do'stim qo'ng'iroq qilib qoldi va klub biz bilan shartnomani bekor qilishmoqchi ekanligini aytdi. SHokka tushdim! Keyin tinchlandim va yangi jamoa qidirishga kelishib oldik. Sababi, o'rnimizga ikki nafar yangi xorijlik futbolchi olib kelishgandi. Bosh murabbiy meni mashg'ulotlarda etarlicha kuch sarflamayotganimni vaj qildi. Bu kulgimni qistadi. Bunday yolg'ondan ko'ra o'yining yoqmadi, degani yaxshiroq. Lekin ularga rahmat aytishim kerak. Ularning sharofati bilan O'zbekistonga keldim.

2016 yilning iyul oyida qahramonimiz "Nasaf" tarkibiga kelib qo'shildi. 

"Vardar" safida CHempionlar ligasi saralashiga tayyorgarlik ko'rayotgan edik. Qaydnomaga kiritishmadi, chunki chet ellik futbolchilar keragidan ko'proq edi. Qozog'iston, O'zbekiston va yana uchta mamlakatda ishlovchi agent Sinisha Brankovich menga taklif bilan chiqdi. Uni tanimasdim va menda hech qachon agent bo'lmagan. Brankovich meni O'zbekiston klublariga taklif qilmoqchi edi. Bir necha yil oldin bu mamlakatda Rivaldo, Skolari, "Bunyodkor" nomlari mashhur bo'lgan. O'zbek futboli haqida faqat shularni bilardim. Boshqa hech narsadan xabarim yo'q edi. Brankovich "Nasaf"ga meni taklif qildi. Baxtimga bu klubda hamyurtim Deyan Bolevich o'ynardi. U men bilan bog'lanib, jamoaga kelsam hammasi yaxshi bo'lishini aytgan. Hujumchi klubda qolishi uchun kamida 10 ta gol urishi lozimligini biladi. Hujumchi sifatida sizda gol urish yuki turadi. Legioner bo'lsangiz, ulardan farqlanib turishingiz talab etiladi. Bu psixologik jihatdan qiyin. "Nasaf" bir yil ichida topgan uchinchi klubim edi.

Taklif haqida o'n kuncha o'yladim. Mamlakat, shahar va klub haqida Google'dan malumot qidirdim... Ammo hech vaqo topa olmadim! Klubning rasmiy sayti bor ekan, biroq shahar haqida malumot yo'q edi. Meni Bolevich ko'ndirdi. Biroq klubga kelganimda Bolevichga javob berib yuborishdi! Malum bo'lishicha,  uning ketishiga mening kelishim sabab bo'lgan ekan, chunki legionerlar soni ko'payib ketgan ekan. Bundan xafa bo'lib, unga aytdim: "Yur, ortga birga qaytamiz. Men bunday qila olmayman". U esa hammasi yaxshi bo'lishini, buyog'i peshonadan ekanligini aytdi. SHunday qilib, men O'zbekistonda qoldim. Bir necha kun oldin jamoaga mendan oldin yana bir serb - Ognen Krasich kelgan edi. Moslashish jarayonini birgalikda o'tkazdik. U avval Qozog'istonda o'ynagan edi, shu sababli ruschani bilar ekan, menga katta yordam berdi.

Qarshi cho'lda joylashgan shahar ekan. SHu bois, bir necha kundan so'ng ortga qaytib ketmoqchi bo'ldim. Biroq baza zo'r bo'lgan, unda hamma narsa bor edi. Bazadan chiqishingiz bilan depressiya, cho'l, chang boshlanadi... Buni ko'rmaguningizcha so'z bilan tasvirlab bera olmayman.

Odamlari etiqodli. Namoz o'qishadi, duo qilishadi. Oilasi bilan ahil. Ularning ko'pchiligi ishdan so'ng qahvaxonalarga kirishmaydi. Men dindorlar haqida gapiryapman. Biroq Qarshida bizga o'xshaganlar ham bor. Ularning aksariyati aroq ichadi. O'zbeklar begonalarga katta hurmat ko'rsatishadi va ular juda mehmondo'st. Yosh futbolchilar esa so'raydi, o'rganadi... Biznikilarga o'xshamaydi. O'zbekistonda biror yosh futbolchi o'zidan yulduz yasab olsa, murabbiylar uni klubning U23 jamoasiga qaytarib, yigitchani o'ziga keltirib qo'yishadi. Ular stadion oldida qo'y so'yishadi. Ishimiz yaxshi bo'lsa ham, omadsizlikka uchrasa ham qo'yni qurbon qilishadi. Bunday odat Turkiyada ham bor.

2018 yil CHeran "Paxtakor" bilan shartnoma imzoladi. Arveladze murabbiyligidagi poytaxtliklar tomonidan hujumchini safga qo'shib olinishida ularning qarshidagi qaqshatqich mag'lubiyati ham turtki bo'lgan. 4:0 hisobida yakunlangan bahsda CHeran dublga erishgandi.


"Nasaf" ajoyib, yaxshi tashkillashgan jamoa edi. Homiy ham shunga yarasha bo'lgan. Har bir klubga neft kompaniyasi homiylik qilgan. Bu katta pullar. Yillik byudjet 6 mln. evroni tashkil qilgan. Eng asosiysi - hokim futbolga qiziqadigan inson bo'lishi kerak. Dastlabki 1,5 yil ajoyib o'tdi, keyin hokim o'zgardi va u sportga sportga pul tikishni istamadi. SHu sababli klubni tark etdim. CHempionlar ligasini tark etganimizdan so'ng byudjetimizni qisqartirishdi va legionerlarga pul to'lay olmasliklari haqida aytishdi. Klubni o'zgartirmoqchi emasdim, ammo shunga majbur bo'ldim. "Nasaf" bilan chiroyli xayrlashdik. O'sha paytlar menda "Paxtakor" va Tailanddan taklif bo'lgan. O'zbekistonda qolishga qaror qildim.

Klubdagi dastlabki yilimda CHempionlar ligasiga chiqa olmadik, ammo keyingisida buni uddaladik. Guruh bosqichida Eronning "Persepolis", Xavi qo'l ostidagi "Al-Sadd" va Dubayning "Al-Vasl" klublariga qarshi o'ynadik. 10 ochko to'plab, uchinchi o'rinni egalladik. Odatda buncha ochko to'plasangiz keyingi bosqichga chiqasiz. Ammo "Persepolis" va "Al-Sadd" pley-off raundiga yo'l oldi va ular yarim finalgacha etib borishdi.

Xavi - afsona. U orqaroqqa qaytib to'pni qabul qilib, tezda o'giriladi va tezda vaziyat yaratadi. Hayratdan qotib qolasiz. Hozir uning yoshi o'tib qolgan, biroq to'pni olish uchun unga yaqinlasha olmadim. Ichingizda shunday deysiz: "U keksayib qolgan, hozirga unga ko'rsatib qo'yaman". Xavining oldiga yaqinlashasiz va... U tomon yugurishni boshladim, ispaniyalik esa boshqa tomonga burilib oldi. Uning engil harakatlari, to'pni qabul qilishi... Xavi to'p havodaligidayoq keyingi harakati borasida bir qarorga kelgan bo'ladi. Bizlar esa avval to'pni to'xtatib, keyin boshni ko'taramiz va atrofga alanglaymiz.

"Paxtakor"dagi debyutim dahshatli bo'lgan! Birinchi o'yinimda penaltidan gol ura olmaganman. Keyin 6-7 ta bahsda raqib darvozasini ishg'ol qila olmadim. Bosh murabbiyga qaerda o'ynashimni tushuntirgunimcha 2 oy o'tdi. Unga men himoyaviy harakatlarni boshqaradigan futbolchi emasligimni aytdim va u meni oldiroqqa o'tkazdi. Bu yil esa erkin ijodkor rolini bajaryapman va ishlarim juda yaxshi. Joriy mavsum men uchun o'zgacha yakunlandi. Biz tarixda ilk marotaba uchta sovrinni qo'lga kiritdik. Men esa chempionatning eng yaxshi futbolchisi va musobaqa to'purari bo'ldim.

Birinchi mavsum qiyin kechdi. Sovrinni qo'ldan boy berdik. Keyin jamoa jiddiy o'zgardi. Terma jamoa Osiyo Kubogida bir nechta uchrashuv o'tkazdi va biz chempionatga tayyorgarlikni yoshlar bilan boshladik. "Paxtakor"ni OCHL saralash o'yinlari kutib turgandi. Turnir boshlanishi bilan ishlarimiz yurishib ketdi. Klub bazi legionerlardan qutilib, kuchli mahalliy futbolchilarni jalb qildi.

Hech qaerga ketish niyatim yo'q. Bu haqida o'ylamayapman. Men mamlakatning eng kuchli klubida o'ynayapman, yaxshi shartnomam bor, oilam men bilan, yana nima kerak? 

Kuzda 36 yoshni qarshilaydigan serbiyalik futbolchining O'zbekistonda qo'lga kiritmagan sovrini deyarli qolmadi. O'zbekiston chempioni, kubogi va superkubogi sohibi, chempionatning eng yaxshi futbolchisi, chempionat to'purarligi sovrinlari uning kollekciya javonini bezab turibdi.

Yosh faqat pasportda bo'ladi. O'zimni juda yaxshi his qilyapman. Demak jamoamga naf keltirishda davom etaman.

CHeran o'zi tug'ilgan qishlog'ini ham unutgani yo'q. Bir necha yil ilgari u Banat qishlog'ida ibodatxona qurilishiga katta mablag' ajratdi. 

CHeran qaysi kitoblarni mutolaa qilishni tavsiya qiladi?

1. "Men - Zlatan"

Ushbu kitobda jahondagi eng mashhur futbolchilardan biri o'zining futboldagi oson bo'lmagan yo'li, yutuqlari va mag'lubiyatlari, quvonch va alamlari haqida yozib o'tgan.

2. Aleks Fergyuson avtobiografiyasi

Kitobda ser Aleks o'zi va yulduz shogirdlari Runi, Bekxem, Van Nistelroy va Ronaldu, o'z xarakteri, jamoani boshqarish va "Yunayted"ni g'alabalar sari boshlagan boshqa jihatlar haqida so'z yuritgan.

3. "Faqat Yaratgan meni so'roq qilishi mumkin" - Mateya Kejman

Serbiyalik mashhur hujumchi gollarga boy ajoyib faoliyati, jahon darajasidagi klublarda o'ynagani xususida o'z kitobida to'xtalib o'tgan.

ECHLda "Borussiya"ga gol urgan va "Real" bilang durang o'ynagan hamda chempionlikni nishonlash paytida jarohat olgan "Paxtakor"ning yangi o'yinchisi bilan yaqindan tanishamiz 


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Reyting: +11   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика