So’nggi yangiliklar

01:13Сергей Лушчан матбуот анжуманида Сардор Рашидов қачон сафга қайтишини айтди  0 00:34"Вильярреал" - "Атлетико"  0 00:24"Лестер" - "Тоттенхэм"  0 23:45Луи Саа: "Роналду МЮга қайтиши мумкин"  4 23:29"Ювентус" - "Комо". Кимлар асосий таркибда?  1 23:10"Челси" 24 ёшли португалиялик трансферини ҳал қилди  3 22:41"Навбаҳор" - "Бунёдкор" учрашуви охирида қўйилган пенальтида ҳакам тўғри қарор қабул қилдими?  21 22:30"Челси" чақириб олган Галлахер яна Мадридга учяпти. Трансфер амалга ошадими?  0 22:08Россия. Ашурматов ва Раҳмоналиев жамоаси Эсанов клубини таслим қилди, аммо...  1 21:59Аргентина терма жамоасининг асосий юлдузи қайдномага киритилмади  2 21:36Суперлига. "Навбаҳор" сўнгги сонияларда мағлубиятдан қутулиб қолди, "Бунёдкор" 20 дақиқа бир киши кам ўйнади  204 20:44Гвардиола Гюндоган ва "Барселона"га ёрдам бермоқчи  3 20:25Мората ажрашяпти. Альваро хиёнат қилдими?  4 19:49Анри Франция ёшлар терма жамоаси билан шартномасини бекор қилди  0 19:212 карра Ўзбекистон чемпиони Боян Миладинович Сербия жамоаси мураббийига айланди  5

G'alaba bag'rida mag'lubiyat xavotiri Yangiliklar

G'alaba bag'rida mag'lubiyat xavotiri

Teglar :  EVRO-2016Franciya
Futboldagi doimiy ananaga ko'ra, aksariyat hollarda mag'lubiyat mutaxassislar va muxlislarning muhokamasiga sabab bo'ladi. G'alaba esa tariflanadi, tasvirlanadi va olqishlanadi, xolos.

Holbuki, shunday g'alabalar borki, ularning bag'rida o'zini sezdirib-sezdirmay mag'lubiyat bo'y rostlaydi. Mag'lubiyat sabablarini qidirish, aniqlash futbolda yangi g'alabalarga yo'l ochishi barchaga malum. Ammo g'alaba yoki g'alabalar seriyasiga tanqidiy munosabatda bo'lib, navbatdagi yuksalishga asos solish kamdan-kam uchraydi. Franciya terma jamoasining Evro-2016 finalidagi mag'lubiyati fikrimizning yorqin dalilidir. Dide Desham shogirdlari hal qiluvchi uchrashuvda ham yarim final bahsidagi o'yin uslubini takrorlashdi. To'g'ri, Portugaliya termasi ham dastlab shu yo'ldan bordi. Agar Ronaldu jarohatlanmaganida,  Fernandu Santush jamoasining o'yin uslubi ham balki o'zgarmasdi. Bunday vaziyat francuzlar foydasiga xizmat qilishi mumkin edi. Biroq taqdirning qo'pol hazili bilan barchasi o'zgacha tus oldi. Biz evromuchal mo'jizasi bilan bog'liq mulohazalarimizga asoslanib, final jarayonida qandaydir kutilmagan hodisa ro'y berishini kutdik. Biroq Ronalduning jarohatlanishi va natijada Franciya termasidagi ruhiy muvozanatning buzilishi boshqalar qatori bizning ham xayolimizga kelmadi. Bunday kutilmagan holatni kim o'ylabdi, deysiz?! Lekin evromuchal mo'jizasi ro'y berishi uchun shunday kutilmaganlik zarur ekan va u ro'y berdi. Bu go'yo, mutlaq taqdir hukmiday tuyuladi. Jinyak final uchrashuvi asosiy vaqti so'nggi daqiqasida urolmagan gol buning daliliday ko'rinadi.

Xo'sh, Evro-2016 finali voqeligiga shu zaylda baho bermoq o'zini oqlaydimi? Fikrimizcha, masalaga bu taqlid yondashmoq tafakkur tarzini taslimchilik sari boshlaydi va u o'z o'rnini mistikaga bo'shatadi. Ayonki, mistikaga bo'yin egish taraqqiyotga yoqmaydi. Biz ham buning tarafdori emasmiz. Demoqchimizki, tafakkur o'z kuchini ko'rsatmaganida, mistika o'z so'zini aytadi. Ha, Dide Desham Evro-2016 finali manzarasini butkul o'zgartirib yuborolmadi, aniqrog'i, u jamoasi ko'nikkan o'yin uslubini buzishni istamadi. Yo'q, ehtimol, u ham buni istagandir, ammo tavakkal qilishdan cho'chidi, chog'i. Axir kutilmagan qarorga kelish hamisha barcha murabbiylar uchun ham qiyin. Dide Desham finalning qadrini biladigan, lekin uning qudratini to'liq his qilolmaydigan murabbiy ekan. Buni to'g'ri tushunish kerak. CHunki u Zidan davri oltin avlodiga mansub. O'sha oltin avlod esa, jiddiy uslubiy o'zgarishlarsiz ham o'yinlarda ketma-ket g'alaba qozonishga qodir edi. Francuz futbolining hozirgi avlodi xususida bunday mulohaza yuritish qiyin. Dide Desham Irlandiya va Islandiya drujinasi, ayniqsa, Germaniya terma jamoasi ustidan qozonilgan g'alabalar bag'rida mag'lubiyat alami nish urayotganini sezmadi. Nainki, Fernandu Santush yoki Ronaldu, balki, boshqa bir o'rtamiyona murabbiy va futbolchi ham, bizningcha, Portugaliya termasi yo'lini tutardi. Dide Desham o'yladiki, Antuan Grizmann final bahsida alohida qo'riqlanadi va Mussa Sissokodan avangard figura sifatida foydalanish, unga nisbatan erkinlik berish bu muammoni osongina hal qiladi. Nazarimizda, aynan shu nuqta tarozi pallasini evromuchal mo'jizasi tomon og'dirdi. Boshqacha aytganda, murabbiy jonkuyar va faol Mussa Sissoko saviyasini Pol Pogba darajasidan ustun qo'ydi. Yuksak istedod o'rnini fidoiy futbolchiga berilishi esa baribir, o'zini oqlamadi. Gol qo'yib yuborilgan vaziyatda Pol Pogba bejiz Mussa Sissokoga g'azabini sochmadi. Yosh futbolchi o'sha vajohati bilan aslida jamoadoshi emas, balki murabbiyning qaroriga munosabatini bildirdi. Bu o'ziga xos isyonni murabbiy angladimi yoki yo'q - bizga nomalum. Malumi shuki, Ederning yo'liga Yumtiti to'siq bo'lishi lozim edi. Mussa Sissoko esa, jarima maydonida yordamchi kuch vazifasini bajarayotgandi. Pol Pogba bu holatni tushunmasligi kulgili, albatta. U hammasini bila turib, Sissokoga ichidagini to'kib soldi.

Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, g'alaba yoki g'alabalar seriyasi bag'rida kurtak yozayotgan mag'lubiyat alamini nainki, sezish, unga qarshi oqilona chora topish ham muhim. Yodingizda bo'lsa, Evro-2016 saralash bosqichida Avstriya, Rossiya, SHveciya terma jamoalari bir guruhdan joy olishgandi. Mazkur inert guruhdagi nafasni qaytaradigan o'yinlardan so'ng muxlislar Mayli, muhimi - natija! - deya o'zlarini ovutishgandi. Evro-2016 final bosqichi yana bir bor shuni isbotladiki, har doim natijaning o'zi muhim sanalavermas ekan. Negaki, saralash bosqichida ort­tirilgan inertlik immuniteti bois, Avstriya, Rossiya, SHveciya terma jamolari final raundida boshi berk ko'chaga kirib qolishdi. O'z vaqtida oldi olinmagan inertlik bu jamoalarni jazoladi. Masalan, Leonid Sluckiy Rossiya terma jamoasida quvnoq va yorqin taktik uslubni joriy etolmadi. Vaholanki, birgina Yuriy Jirkovning poziciyasini o'zgartirish bilan ham qandaydir yangilikka yo'l ochilardi. Ana, Mircha Luchesku Zenitda shu yo'ldan bormoqda. O'rtoqlik uchrashuvida Sporting ustidan qozonilgan g'alaba - Luchesku yo'lining dastlabki natijasi. Etiborlisi, Yuriy Jirkov hujumkor yarim himoyachi poziciyasida to'p surdi. Eng muhimi, u qoniqish va surur bilan o'ynadi. Imkon tug'ilganda, hujumga qo'shiladigan, goho shuning uchun jabr chekadigan faol himoyachidan xotirjamlik bilan hujumni rivojlantiradigan yarim himoyachi foydaliroq ekani Yuriy Jirkov misolida yaqqol ko'zga tashlandi. U himoyada hujumga tashnalik sezardi, ammo poziciyasini har doim ham tashlab ketolmasdi. Hujumdagi himoyachini doimo poziciyasiga qaytish xavotiri qiynaydi. SHu boismi, Mircha Lucheskuning qarori Yuriy Jirkov uchun muhim hisoblanardi. Bundan ham muhimi, hozirgi Zenit Andre Villash-Boash, Xalk va Vitcel davri jamoasiga nisbatan yorqinroq, qiziqarliroq, hujumkorroq ko'rinmoqda. Murabbiy va futbolchilar bilan bog'liq oqilona rokirovkaning tasiri bu! Leonid Sluckiy shu ishni o'z vaqtida amalga oshirmadi, saralash bosqichi inert g'alabalariga ishonib yuraverdi. Mutasaddilar va mutaxassislar ham natijaga erishgan, qiyin vaziyatda terma jamoani qut­qargan murabbiy sifatida unga, uning ishiga tanqidiy munosabat bildirishmadi. Ular Leonid Sluckiy saralash bosqichidagi natijalarni final raundida ham takrorlashga qodir, deb o'ylashdi. Bizningcha, mana shu o'y-mulohaza - Rossiya futbolining katta xatosi. Saralash bosqichidagi inert g'alabalar kelajakdagi ulkan alamli mag'lubiyatlarga asos bo'lishi mumkinligi xususida Rossiya futbol jamoatchiligi etarli darajada bong urolmadi. Oqibatda inertlik inertligicha qoldi. Islandcha vulqonning saralash bosqichidagi bedorligi esa,  final raundida ham barchani hayratlantirdi. Bugun Islandiya bayram og'ushida. Erta-indin jahon chempionatini qabul qilishga hozirlanayotgan Rossiya futbolida esa terma jamoaga murabbiy tayinlash muammo. CHunki Evro-2016dan so'ng tanqidiy mulohazalar shu qadar kuchayib ketdiki, endi Rossiya termasini boshqarishga uncha-muncha murabbiyning yuragi dov bermaydi. Avval amalga oshirilmagan ishlarning oqibatini o'nglash shunday qiyin kechadi.

Muhtaram muxlis! Biz Evro-2016dan har qancha minnatdor bo'lsak arziydi. Negaki, mazkur chempionat futbolimiz uchun katta saboq vazifasini o'tadi. Ishonchimiz komilki, g'alaba yoki g'alabalar seriyasi zamirida yoqimsiz mag'lubiyatlar yashirinib yotishini ko'pchilik angladi. Ang­ladikki, bizning murabbiylarimiz bot-bot takidlashganidek, bugun futbol o'ynashni hamma biladi. Ha, biroz mubolag'aga moyil bu mulohazani, sal marhamatliroq bo'lsak, qo'llab-quvatlash mumkin. Ammo yana bir bor anglamoq lozimki, futbol o'ynashni biladiganlarning barchasi ham baland marralarga munosib bo'lavermaydi, muhim va katta g'alabalar yo'lidan borishni bilavermaydi. Hozir futbolimiz jamoatchiligi muhokama qiladigan eng nozik masala - shu! JCH-2014 so'nggi saralash bosqichidan avval milliy jamoamiz ikkinchi tarkibi bilan yaponlarni safarda engib qaytgach, sururdan boshimiz aylandi va Vadim Abramovning ishlariga jiddiy etibor qaratmadik. Oqibatda, Eron termasiga qarshi bahsda alamli Jar voqeasini kuzatdik. SHu kunlarda bizni o'sha voqealar sabog'i sergaklikka chorlamoqda, bezovtalantirmoqda. Zero, milliy terma jamoamizning bugungi holati, hozirgi saviyasi ko'pchilik uchun noayon. Noayonlik, mavhumlik esa, qiynoqlar ichra eng qaltis va qaynoq qiynoqdir.

Muhammad VALI

Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика