Futbolchilik davrida “vitaminizaciya” nimaligini bilmagan Nukus futbolining yorqin yulduzi bo'lgan Timur Iskanderov bilan suhbat
13 apr 2020 11:50
Yangiliklar
Futbolchilik davrida “vitaminizaciya” nimaligini bilmagan Nukus futbolining yorqin yulduzi bo'lgan Timur Iskanderov bilan suhbat
Ana shulardan biri Timur Iskanderovdir. 1975 yili Nukus shahrida tavallud topgan sobiq hujumchi o'z davrida ancha muncha himoyachiga haqiqiy bosh og'riq bo'lgan desak mubolag'a bo'lmas. Sobiq “Turon” (Keyinchalik “Aral” nomi bilan ham ishtirok etgan - muallif), “Dinamo”, “Qizilqum” kabi jamoalarda to'p tepib, sermahsulligi bilan ajralib turgan Iskanderovni yoshi ulug' ishqibozlar yaxshi bilishsa kerak, doimo to'purarlar ro'yxatidan o'rin egallab kelgan Butsalarini mixga ilgach, Iskanderovni katta futbolda uchratganimiz yo'q. Futbolchilik davrida o'z ishini qoyillatgan futbolchilarni unutib yuborish ularga nisbatan xurmatsizlik ekanligini inobatga olib, Iskaderovni ham izlab topdik. Telefon orqali bo'lsada, sobiq futbolchi bilan suhbatlashib, bugungi kunda qanday yumushlar bilan band ekanligi va yashil maydonda o'tkazgan yillarini esladik.
- Timur aka, futbolchilik faoliyatingizni so'nggi qismini “Qizilqum”da o'tkazganingizdan xabardormiz. SHundan so'ng hech bir jamoada ko'rinish bermay kelmoqdasiz. Aytingchi bugungi kunda nimalar bilan bandsiz?
- Avvalambor, shunchalik eslab, telefon qilganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Bundan boshim osmonga etdi. To'g'ri takidlab o'tdingiz, oxirgi marta “Qizilqum”da o'ynadim. 2004 yili butsalarimni mixga ilishga qaror qildim. SHundan so'ng malum muddat Nukus shahrida futbol-internatida yosh bolalarga murabbiylik qildim. Keyin meni 2007 yili birinchi liga qatnashchisi “Aral”ga bosh murabbiylikka taklif etishdi. CHaqiruvni rad eta olmadim va futbolchilikda o'zim uchun kashf qilgan bilimlarimni ushbu jamoada amalga oshirmoqchi bo'lib, ishga kirishdim. Afsuski “Aral”dagi faoliyatim uzoqqa cho'zilmadi. U erda atiga olti oy muddat ishladim xolos. Ayrim sabablarga ko'ra, jamoa bilan xayrlashishga qaror qildim. O'sha yillar davomida parallel ravishda Nukus pedagogika universitetida ham magistratura yo'nalishida tahsil oldim. Bu menga qo'l keldi. Sababi magistr diplomini olganimdan keyin institutda qolib, talabalarga dars berish imkoniyati paydo bo'ldi. Qariyib o'n yildan buyon ushbu sohada ishlab kelmoqdaman.
- Malumki, ko'plab sobiq futbolchilar butsalarini mixga ilgach, bosqichma-bosqich murabbiylik sohasiga o'tib boradi.
- Darhaqiqat, menda futbolchilikni yakunlanganimdan keyin taqdirim umuman boshqacha tus oldi. Gap shundaki, institutda tahsil olib yurganimda, darslarga yuzaki qaramaganman. Doim nimanidir o'zlashtirishga intilardim. To'g'risi, hozirgi ishim menga juda yoqadi. SHuning uchun ham uzoq yillardan buyon institutda ustoz sifatida ishlab kelmoqdaman. Bu erda men talabalarga futbol darsidan saboq beraman. Aytarli jiddiy qiyinchilik yo'q. Yangi sohaga ham tezda ko'nikib ketganman.
- Endi, o'quvchilarimizga eng avvalo katta futbolga kirib kelishingiz qay tariqa amalga oshgani xususida aytib bersangiz.
- Futbolga bolaligimdan mexr qo'yganman. 8 yoshimda to'garakka qatnashni boshlaganman. 10-sinfda o'qib yurgan paytimda marxum birinchi murabbiyim meni Nukusning “Turon” jamoasiga olib borgan. U erda dastlab “molodoy” bo'lib yurganman. Vaqt o'tgani sayin jamoaga kirishib ketib, asta-sekin o'rinbosarlar va asosiy tarkibda maydonga tusha boshlaganman. Nukus jamoasida to'rt yil faoliyat olib borganimdan so'ng meni Samarqandga taklif etishdi. SHundan so'ng faoliyatimda ijobiy tomonga o'zgarishlar sezila boshlaganini xis qildim. Keyinchalik, “Qizilqum”, “Kimyogar” jamoalarida ham o'ynadim. “Andijon”ning yig'inida to'liq ishtirok etib, so'nggi pallada qarorimni o'zgartirib yuborganman.
- Bunga nima sabab bo'lgandi?
- 2002 yili qishda meni “Andijon” murabbiyi Iskander Galiulin jamoaga taklif etgandi. SHundan so'ng andijonliklar yig'iniga borib qo'shildi. O'sha vaqtda jamoada Baxtiyor Hamidullaev, Tohir Mo'minov, Zahiriddin Akbarov, Rustam Qurbonboev, Maruf Po'latov singari futbolchilar bo'lgan. Orif Mamatkazin esa futbolchilikni o'sha yili yakunlab, murabbiylar shtabiga o'tayotgandi. Avvaliga jamoada meni hamma narsa qoniqtirayotgandi. Biroq keyinchalik “Qizilqum”dan jiddiy chorlov bo'ldi. Qarorimni o'zgartirib, andijonliklarga uzrimni aytganman.
- Futbolchilik davringizda birga ishlagan murabbiylaringizni eslab o'tsangiz?
- Bu borada omadim chopgan. Negaki, taniqli mutaxassislar qo'li ostida to'p tepdim. Birodar Abduraimov, Aleksandr Ivankov, Sergey SHevchenko, Rustam Mirsodiqovdek murabbiylar qo'li ostida o'ynaganimdan doim xursand bo'laman. Ularning har birini o'ziga yaraga ishlash uslubi bo'lgan. Menga ko'proq Aleksandr Ivankov bilan ishlagan mavsumlarim yoqadi. Marxum ustozimizning mashg'ulotlari rang-barang ko'rinish olgan. Qo'l ostidagi o'yinchilarni uchrashuvga shu darajada puxta tayyorlardiki, futbolchi maydonga chiqib, mazza qilib o'ynagan. Ivankov meni keyinchalik “Paxtakor”ga ham taklif etgandi. Ammo “Turon” bilan amalda shartnomam borligi sababli, Toshkent klubiga o'tishim amalga oshmay qolgandi.
- Siz bilan birga eng yaxshi tandem bo'lganlardan kimni alohida ajratib ko'rsatasiz?
- Jafar Irismetov bilan “Dinamo”da malum muddat birga o'ynaganman. O'sha vaqt tajribali futbolchi “Spartak” Moskva safida o'ynab kelgandi. ECHLda o'ynab, o'ziga yarasha maxorat oshirganini bilinib turardi. “Qizilqum”da Farid Xabibullin, Marsel Idiatullin, Otabek Qilichev bilan birga o'ynadim. Nukuslik taniqli hujumchi bo'lgan Nematulla Quttiboev bilan ham maydonda bir-birimizni juda yaxshi tushunardik. Unga o'xshagan kuchli hujumchini boshqa ko'rmadim.
- Siz o'ynagan davr futboli bilan bugungisi tubdan farq qiladi. Fikrimizga qo'shilsangiz kerak?
- Bo'lmasam-chi! O'sha vaqtlar stadion tribunasi muxlislar bilan to'lib-toshardi. Hozirchi? Stadionlar xuvillab yotibdi. Futbolning joizabasi bo'lgan. Yigitlar faqat futbol haqida o'ylashgan. Moshina, uy-joy unchalik qiziqtirmagan. Odamlar sodda bo'lgan. Hozirgi davr futbolchilirini esa kamsitmagan xolda aytishim kerakki, oldin ko'tarma pulini olib, keyin shartnomaga qo'l qo'ymoqda. Aldanib qolishdan qo'rqadi shekilli. Bizning paytda aldov kam bo'lgan. Arzimas chaqaga o'ynagan ekanmiz deb o'ylanib qolaman bazida. SHaroitlar hozirgidek zo'r bo'lmagan. Klub nima bersa, o'shani eb ketganmiz. Qo'shimcha vitaminizaciya, o'yindan avval “Red Bull” ichib chiqishlar bizning davrda yo'q edi. SHaxsan men vitaminizaciya qilmaganman. Hammasi oddiy edi. O'yindan keyin pivo ichamiz. SHu tariqa tiklanish jarayonini o'tkazardik. O'sha vaqtlar futbolchilar ham baquvvat bo'lgan. Raqibdan hayiqmasdi, o'yinni o'z qo'liga olib, to'p bilan raqib jarima maydoni ichiga yorib kirishga urinardi. Hozirgi davr hujumchilariga shu narsa etishmayapti. SHu bo'yicha ilmiy ish yozishni boshlaganman.
- Birga o'ynagan futbolchi do'stlaringizdan kimlar bilan haligacha aloqalarni saqlab qolgansiz?
- Ko'pchilik do'stlarim bugungi kunda xorijda istiqomat qilmoqda. Ular O'zbekistonda futbolchilikni yakunlab, butunlay Rossiya davlatiga ko'chib ketgan. G'oirbek Xudoyberganov, Yuriy Vintovkin, Farid Xabibullin kabi sobiq futbolchilar bilan hozirgacha aloqada bo'lib, xol-ahvol so'rab turishni odat tusiga aylantirganmiz.
- Yaqin orada katta futbolga qaytish rejangizda bormi?
- Murabbiylik qilish uchun teglishli licenziyaga ega bo'lishim kerak. Ilgari “Turon”ni boshqarganimda, hozirgidek licenziya zarur emasdi. Talablar umuman boshqacha bo'lgandi. Hozir ikkita oliy malumotli diplomim bo'lsada, murabbiylik licenziyasiga o'qimagan ekanman (kuladi).
- Qoraqalpoq futbolining bugungi kuni haqida fikringiz bilmoqchi edik.
- “Aral” jamoasining so'nggi yillarda chempionatda barqaror ishtirok etmasligi qaysidir jihatdan mahalliy iqtidorlarning yuzaga chiqishiga to'sqinlik qilayotgandek. Iqtidorli futbolchilar ustalar jamoasiga o'tish paytiga kelganida, jamoa topa olmay sarson bo'lib qolmoqda. Boshqa jamoalarga boray desa, ularni bosh jamoadagi murabbiylar yaxshi bilmaydi. SHu bois yigitlarning ko'pchiligi shu payt futbol o'ynashni yakunlab, boshqa sohaga o'tib ketmoqda. Yosh futbolchilar nimanidir maqsad qilib, intilishi kerakku. Afsuski bizda professional jamoalarning yo'qligi uzoq yillardan beri zararga ishlab kelmoqda. Menimcha hozir nukuslik futbolchilardan birgina Salamat Qutiboev Superligada o'ynab kelmoqda. Boshqasini bilmayman. Ilgari kamida 3-4 nafar futbolchi bo'y ko'rsatardi.
- Sobiq hakam Ishoq Ibragimovni Qoraqalpog'iston futbol associaciyasiga vice-prezident etib tayinlanganidan xabarimiz bor.
- Ha, shunday. Yangi rahbar sobiq futbolchilarni maslahatlariga quloq solmoqda. Tez tez yig'ilib, kengashib turamiz. Qanday o'zgarishlarga qo'l ursak, futbolimizda oldinga siljish kuzatilishi mumkin, degan savollarni o'rtaga tashlaydi. Nasib qilsa yaqin orada Nukus futboli ham avvalgi qaddini tiklaydi. Men bunga ishonaman.
- Qoraqalpoq futbolining yorqin yulduzi bo'lgan Nematulla Qutiboev bugungi kunda nima mashg'ul ekanligi ham muxlislarga qiziq.
- Nematulla aka hozir uyida dam olmoqda. Ayrim jamoalardan taklif bo'lgan. Yaqin orada yana murabbiylik sohasida faoliyatini davom ettirsa ham kerak. Qutiboev bilan faxriylar o'yini kun ko'rishib, gaplashib turamiz. Kamina Nukus faxriylar jamoasining sardori hisoblanadi. Turli xil musobaqalarni tashkil etib, o'zimizni ovuntirib yuramiz.
Fikrlar