So’nggi yangiliklar

13:18Пеп Артетада "барча маълумот бор"лиги ҳақида: "Бу 115та айблов ишига тегишли бўлиши мумкин. У аниқроқ гапириши керак"  2 12:59Гути: "Реал" "Атлетико"дан қасос олиш учун майдонга тушади"  2 12:33"Барселона"га келаётган посбон жамоада иккинчи дарвозабон бўлишга рози, аммо...  0 11:51Гвардиола: "Уруш хоҳлайсизми? Энди жанг қиламиз"  2 10:57Поль Погбанинг «Ювентус»даги келажаги маълум  0 10:20Таиланд терма жамоаси мураббийи: "Таиланд кетма-кет тўртинчи Жаҳон чемпионатида кучли 16таликдан жой олмоқда"  0 09:50Аргентина термасининг асосий дарвозабони жамоасининг октябрь ойидаги ўйинларида майдонга тушмайди  1 09:13BMW «Реал Мадрид» футболчиларига янги автомобилларни тақдим этди  4 08:38Франция терма жамоаси устози: "Қайд этаётган натижаларимиздан фахрланамиз ва ўзимизга ишонишда давом этамиз"  0 08:05Футзал бўйича ЖЧ 1/8 финал. Хорватия ва Таиланд мағлубиятга учрашди, Таиланд бош мураббийига ўйин тугагач қизил карточка кўрсатилди  0 08:01Саудия пролигаси. Роналду, Бензема гол урган баҳсда жамоалари ғалаба қозонишди  1 07:28Суперлига. Бугун 20-тур якунланади  11 01:56Лига 1. ПСЖ "Ренн"ни қийинчиликсиз мағлуб этди, Барколадан дубль  1 01:43А Серия. "Милан" "Лечче"га қарши ўйинда 5 дақиқа ичида 3та гол урди ва ғалабага эришди  2 01:28"Барселона" яхши таклиф олса, Араухони сотиши мумкин. Клуб ва ҳимоячи "совуқ уруш" ҳолатида  3

Fazliddin Sattorovdan o'zbek OAV haqida batafsil Yangiliklar

Fazliddin Sattorovdan o'zbek OAV haqida batafsil

Bugun matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Quyidagi maqola tabrik o'rnida!

Damni g'animat biladigan soha vakillari

Qo'lga qalam oldingmi, yozish kerak. Yo'qsa, qalamga do'st tutinmagan maqul. Bashariyatning ustuni bu qalam. Qaysi mavzuda, qay taxlit yozishingizdan qatiy nazar, ko'nglingizga ilhom sol­yaptimi, bir zum to'xtamang. Ijod – bu ko'ngil ishi...

Hozir yozish uchun bahona va vositalar ko'p. Yurtimizda chop etilayotgan nashrlardan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar ham sizga muntazir. Istaganingizni yozishingiz mumkin, ko'tara oladi. Mayli, xato bo'lsin, samimiy chiqmasin, muhimi, u sizning dil izhorlaringiz...

Ammo bu professionallik emas. Hech bir qoidaga to'g'ri kelmaydigan satrlarni bosib chiqaradigan nashr hali paydo bo'lgani yo'q. Matbuot - bu ijtimoiy tarmoq, degani emas. Bu soha. Unda malum mutaxassislikka ega insonlar faoliyat yuritadi. Ular yozayotgan maqolalar yoki sizga taqdim etayotgan intervyularida ijtimoiy yuk bor, dolzarblik mavjud, muhimi, unda SO'Z bor!

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Aynan ushbu kasb bayrami nishonlanishi bejiz emas. Har qanday mamlakatning qudratini namoyish etish uning oydinlari zimmasida, ular yutuq va kamchiliklarimizni bor bo'y-basti, viqori bilan ko'rsatib beradi.

Biz sport yo'nalishini tanlaganmiz. Jamiyatning har bir qatlami bu sohaga ayricha yondoshadi, munosabatini bildiradi, doimiy ravishda kuzatib boradi. Sport jurnalistikasi soha sifatida shakllanishi yillarning, davr silsilasidan o'tishiga, ustozlar qalb qo'ri bilan pishib etilishiga to'g'ri keldi. O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi Axbor Imomxo'jaev, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jismoniy tarbiya va sport xodimi Roman Turpishev (marhum), SHoabdulla Muhammadjonov, Azim Alimov, Timur Nizaev, Safar Ostonov, Asror Mo'minov, G'ozi Rahmon, Rixsitilla Umarov, Davlat Turdaliev (marhum) kabi o'nlab insonlarning say-harakati bilan shakllandi.

Bir paytlari faqatgina “O'zbekiston fizkulturachisi” degan gazeta mushtariylar ehtiyojini qondirsa, radioda axborot dasturlari so'ngida beriladigan yarim-yorti xabarlar hajmi bir necha daqiqani tashkil etar edi, xolos. Sohaga ikkinchi darajali deb qaralgani haqiqat.



Istiqlolning ilk yillaridan o'zbek va rus tillarida “Sport” gazetasi nashr etila boshlandi, ko'p o'tmay, 1993 yil iyundan “O`zbekiston futboli” bu safga qo'shildi. Bu dargoh sport jurnalistikasining katta avlodini shakllantirdi. Haydar Akbarov, Abror Imomxo'jaev, Komil Jumaev, Oybek Yunusov, SHerali Habibullaev, To'lqin Ro'ziev, Grigoriy Rtveladze, Behzod Teshaboev, Xayrulla Hamidov, Tolibjon Qosimov, Musulmon Elmurodov, Asror Ro'ziboev, Erkin Xolboboev, Nemat Ahmedov kabi yorqin nomlar kashf etildi va ular bugun soha jurnalistikasi taraqqiyotini taminlashmoqda. O'zteleradiokompaniyaning “Sport” studiyasi esa G'ayrat Xonnazarov, SHavkat Jalilov, Zafar Imomxo'jaev, Murod Rizaev, Mirzahakim To'xtamirzaev, Malika Murodova kabi etakchi jurnalist-sharhlovchilar asosida ish olib borar edi. 2003 yil 4 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy sport targ'ibotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori bilan teleradiokompaniya negizida alohida “Sport” telekanali ish boshladi. Bu kanal yangi resurs va quvvat talab qilar edi. Vaqt etilib kelgan ekan. Tez orada kanal zimmasidagi masuliyatni sidqidildan bajarishga kirishib ketdi va bugunda unga raqobatchi telekanallarni ochish uchun ehtiyoj paydo bo'lganini ilg'ash qiyin emas.
Mavzuni yoritadigan olympic.uz, olamsport.com, sports.uz kabi saytlardan tashqari, Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda milliy federaciyalarning o'z rasmiy saytlariga ham kunda-kunora yuzlab odamlar tashrif buyuradi. Demak, sportga bo'lgan ayricha xayrixohlik soha jurnalistlari zimmasidagi masuliyatni bir necha baravar oshirgan, desam xato bo'lmaydi.

Futbolni sportdan ayricha soha demagan bo'lardim, ammo undagi muxlislik darajasi, axborotga bo'lgan talab shunday deyishga majbur etadi. Ha, futbol mavzusini yoritadigan nashrlar basma-basiga harakat qilgan taqdirda ham baribir o'z o'quvchilarini topaverar ekan. Ayni paytda Andijonda “Futbol-ekspress” (umumiy adadi 11950), Namanganda “Interfutbol” (14500), Samarqandda “CHempion+” (5000), Toshkentda “O`zbekiston futboli” (1750) gazetalari chop etilyapti. Championat.asia, stadion.uz, fut.uz, penalti.uz, uzfootball.uz, offside.uz kabi o'nlab saytlar bilan bir qatorda O'zbekiston futbol federaciyasi va professional futbol klublarining rasmiy saytlari ham ish olib bormoqda. Davr shuni taqozo etyaptiki, uchrashuvlar onlayn tarzda jonli efirga uzatilyapti. Kimo'zarga harakat qilinyapti. Bundan albatta, muxlis yutadi.

Keling, o'zimiz haqimizda ham gaplashaylik. Har qanday sharoitda ham bosma nashrlarga bo'lgan ehtiyoj saqlanib qolaveradi. Televizorni har kuni ko'­rish imkoniyati yo'q, radioni ham xabarlarni ilg'ab oladigan darajada etiborli tinglamaymiz, internet qurg'ur ham tez-tez pand berib turadi. Ammo gazetani bir chetga taxlam sifatida olib qo'yib (albatta, qadrlaydiganlarni nazarda tutyapmiz), kezi kelganda, mutolaa qilish imkoniyati bor, ha, aynan MUTOLAA qilish... Bugun sport mavzusini yoritishni zimmasiga olgan nashrlar soni futbolchalik serob emas. To'g'ri, ularning moddiy ahvolini ham qoniqarli, deb bo'lmaydi. Ammo sog'lom turmush tarzini targ'ib etuvchi, professional sportda kundalik ro'y berayotgan voqealarni peshma-pesh yoritadigan, mavzuga o'zgacha yondoshadigan gazeta yoki jurnal o'z o'quvchisini topib boradi. Mamlakat va xorijda sodir bo'layotgan sport musobaqalari tafsiloti, Olimpiadaga yo'llanmani qo'lga kiritgan sportchilar, sohani isloh qilish bo'yicha qabul qilingan meyoriy hujjatlar ijrosi, bolalar sportini rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar gazetamiz sahifalaridan joy olgan.

Nokamtarlik bo'lsa ham aytay, “News Arena” gazetasi bugun imkon qadar o'quvchi izlab yurgan malumotlarni topishga yordam beradigan manbaga aylanib ulgurdi. Bizni o'qiyotgan, munosabatini bildirayotgan mushtariylarimiz, mutaxassislarimiz bor. Bu ularning fikri... Tahririyatimiz nomidan ularga minnatdorchilik bildiraman. Haytovur, bozor iqtisodiyoti davrida har bir tovarning o'z qiymati bor, biz esa ana shu bozor talablariga qo'ldan kelgancha javob berayotganimizdan mamnunmiz. Nashrimiz chop etila boshlaganiga uch yil to'ldi, bu davr ichida shakllandik, toblandik, turli to'siqlardan o'tishga to'g'ri keldi. Ammo yo'nalishimizni saqlab qoldik. Xususiy nashrlar ichida yirik hajmda chiqyapmiz, mushtariyning ehtiyojini qondirish uchun xizmat qilyapmiz. Hech bir voqelik etibor markazidan chetda qolgani yo'q. Bizni muntazam kuzatib borayotganlar buni payqagan bo'lsalar, ehtimol. Kamchiliklarimiz ham serob, bunga to'xtalmadim, ammo birin-ketin ularni ham bartaraf etib borishga harakat qilamiz.



Yuqorida aytib o'tganimdek, bugun internet davri. Smartfoningizni yoqishingiz bilan yangiliklar telefoningizga oqib kelaveradi, ijtimoiy tarmoqdagi oldi-qochdi xabarlardan nafaqat voqif bo'lish, hatto fikr bildirish imkoniyatingiz ham bor. Asablaringizni qaqshatadigan bunday malumotlar miyangizni to'ldirib tashlaydi. Gazeta esa biroz hordiq olishingizga yordam beradi. U qaysi mavzuni yoritishidan qatiy nazar hech bir taraqqiyot bosma nashr o'rnini bosa olmaydi!

Bugun biz katta oilaga aylandik. Oldimizda ulkan dolzarb vazifalar turibdi. Sport enciklopediyasini nashr etish, turli qo'llanmalar, o'zbek sporti yutuqlari, faxriylar, federaciyalar ishi aks ettirilgan kitoblarni chop etish, ijodkorlar o'rtasida tanlovlar o'tkazish, yosh jurnalistlar maktabini tashkil etish mavridi keldi, nazarimda.

1924 yil Franciyaning Parij shah­rida sport matbuoti vakillari ishtirokida o'tkazilgan xalqaro kongressda Bu­tun­jahon sport matbuoti associaciyasi (Inter­national Sports Press Association, AIPS)ga asos solinadi. Ayni paytda unga 130 davlatning milliy sport jurnalistlari uyushmalari azo hisoblanadi. AIPS esa xalqaro matbuot, sportchi va murabbiylar, hamkorlar o'rtasida o'zaro ko'prik vazifasini o'taydi. 1995 yildan etiboran aynan ushbu tashkilotga asos solingan 2 iyul sanasi butun dunyoda Xalqaro sport jurnalistlari kuni sifatida nishonlanadi.

SHu manoda aytish mumkinki, ehtimol bizda ham sport jurnalistlari milliy uyushmasini ochish mavridi kelgandir. O'za­ro malakamizni oshirish, tajribamizni yoyish, sohadagi yutuq va kamchiliklarni o'r­toqlashish, imkoniyatlardan unumli foydalanish kabi vazifalarni amalga oshirish fursati etmadimikan?! To'g'ri, ayni paytda O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasida sport sektori mavjud. Balki uning ishini jonlantirish lozimdir. Xullas, bu jamuljam o'tirib, muhokama qilinadigan mavzu...

O'zbekiston matbuot va axborot agentligi rasmiy saytida aytilishicha, 1991 yilda O'zbekistonda 395 ta ommaviy ax­borot vositasi faoliyat olib borgan. Mustaqillik yillarida yaratilgan keng sharoitlar tufayli ommaviy axborot vositalarining soni bugungi kunda 1461 tani (01.06.2016 yil holatiga) tashkil etadi. Bular - 686 ta gazeta, 300 ta jurnal va 96 ta TV, radiolar va boshqalardir. Hozirda mavjud nodavlat bosma OAV jami bosma OAVning 62,7 foizini tashkil etar ekan, demak, nodavlat matbuot vakili sifatida ular orasida o'z o'rnimizga ega ekanimizdan mamnunmiz.



Bugun kasb bayramimiz! Har holda hech bir ijodkorning o'sha kuni uyida yoki do'stlari davrasida hordiq chiqarganini eslay olmayman, o'sha kuni ham ishlaydi, damni g'animat biladi. O'z sohamizdan kelib aytadigan bo'lsam, bu yil Olimpiada yili! Sportchilarni izlab topish, tayyorgarliklarini borib kuzatish, musobaqalarda ishtirok etish, xorijdan kelgan sportchilarimizni kutib olish yoki kuzatib qo'yish, ularni navbatdagi son yoki saytga tayyorlash, voqelikni birinchi bo'lib etkazish kabi sanoqsiz tashvishlari bor bu kasb egasining... Ammo maroqli ish.

Hurmatli hamkasb, shuni tabrik o'rnida qabul eting: Sizning ana shu yoqimli va sharafli mehnatingiz qadr topaversin!

Fazliddin Sattorov

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика