So’nggi yangiliklar

Eten Eto'O, Maksim Gullit va Isaak Drogba: yaqin o'tmishdagi afsonalarning bolalari o'ynashmoqda! (mutolaa uchun) Yangiliklar

Klyuyvert APLda gol urmoqda, Simeone A Seriyada yondirmoqda, Tyuram esa Franciya terma jamoasida o'ynamoqda. Yo'q, bu muqobil koinot va 2000-yillarga qaytish emas. SHunchaki sevimli yulduzlarimizning o'g'illari o'sdi.


Jastin Klyuyvert, 24 yosh, "Bornmut"

Kichik Klyuyvert "Ayaks" akademiyasini bitirganidan so'ng hozircha hech qaerda o'z o'rnini topa olmadi: o'z klubi asosiy jamoasidagi ikki mavsum, "Roma"dagi ikki yil, "Leypcig", "Nicca", "Valensiya"dagi mavsum va endilikda "Bornmut"dagi faoliyat.

Patrik Klyuyvertning o'g'li yaqinda tarixga kirdi: barcha top-5 ligalarida gol urgan ilk o'yinchi. Va buni atigi olti mavsumda qildi! Oqlanmagan umidlarning aks effekti.


Zidanlar: Elias (18 yosh), Teo (21 yosh), Lyuka (25 yosh) va Enco (28 yosh)

Ularning barchasi "Real" akademiyasini bitirishdi, ammo ulardan ikki nafari allaqachon boshqa klublarda.

Katta Enco "Real"dan ketganidan so'ng asosan kamtarona klublarda o'ynadi va so'nggi yillarni uchinchi ligadagi "Fuenlabrada"da o'tkazmoqda. Aytgancha, yarim himoyachini mashhur urugvaylik Enco Francheskoli sharafiga nomlashgan, u avvaliga otasi bilan solishtirishlardan qochish uchun ona tomondan familiyasi (Fernandes) ostida o'ynagan.

25 yoshli Lyuka Zidanning ishlari yaxshiroq: darvozabon La Ligada "Rayo Valekano" safida o'ynadi, hozir esa Segundada "Eybar"ning asosiy tarkibida. Hozircha bundan yuqoriga chiqmadi.

Elias va Teo Zidanlar hozircha Madrid klubi tizimida, ammo turli yoshlarda: birinchisi 19 yoshgacha bo'lgan jamoada, ikkinchisi esa uchinchi diviziondagi "Kastilya"da.


Simeonelar: Janluka (25 yosh), Juliano (21 yosh) va Jovanni (28 yosh)

O'g'illardan eng mashhuri "Napoli"dagi Jovanni Simeonedir. U faoliyatini Argentinada boshladi, ammo Italiyada tanildi: "Jenoa", "Fiorentina", "Kalyari", "Verona" va "Napoli" safida gollar urdi.

Janlukaga esa omad kamroq kulib boqdi: 25 yoshli hujumchi "River Pleyt"da tarbiyalandi, ammo faqatgina oddiy klublarda o'ynadi. Masalan, hozirda Ispaniyaning to'rtinchi ligasidagi "Tudelano" sharafini himoya qilmoqda.

21 yoshli Juliano Simeonening istiqboli bor: "Atletiko" akademiyasidan so'ng "Saragosa" tarkibida ispan Segundasida porladi va yuqori diviziondagi "Alaves"ga o'tdi. Ammo, mavsumlar oralig'ida raqibning oyoq bilan qattiq tashlanishi oqibatida oyog'ini sindirib oldi va nomalum muddatga safdan chiqdi: taxminan oltidan sakkiz oygacha futboldan tashqarida bo'lishi taxmin qilingan.


Tyuramlar: Kefren (22 yosh) va Markus (26 yosh)

Agar katta Markus haqida anchadan beri etarlicha bilsak ("Borussiya", Myonxengladbax, hozirda "Inter"), 22 yoshli Kefren endi-endi chiqmoqda. Ammo, u "Nicca" tarkibida allaqachon yuzdan ortiq o'yinda ishtirok etdi va 2023 yilda Franciya terma jamoasidan taklif oldi.

Yarim himoyachi kattalar darajasida beshinchi mavsumini o'tkazmoqda unga top-klublar qiziqish bildirmoqda: "Liverpul" unga davogar, Tomas Tuxelning shaxsan o'zi "Bavariya"da ko'rmoqchi, "Yuventus" esa Pol Pogbaga o'rinbosar sifatida ko'rib chiqmoqda. Hozircha ulardan hech biri bilan bitim tuzilmadi, ammo hozir ham barchasi yaxshi ketmoqda.


Yanis Xadji, 25 yosh, "Alaves"

Kichik Xadji faoliyatini otasi qo'l ostida Ruminiyaning "Viitorul" jamoasida boshlagan. U "Fiorentina"dagi bir yarim yilda ko'zga tashlanmadi, "Genk"dagi mavsum sabab o'yinchini "Reynjers" payqadi. SHotlandiyadagi 3,5 yildagi 16+21 uni ijara asosida "Alaves"ga olib keldi. Ispaniyada esa hozircha 16ta o'yinda 2+1.


Daniel Maldini, 22 yosh, "Empoli"

Sulolaning yosh vakili "Milan"da 2020 yilda debyut qildi va asosiy klubda CHezare va Paolo Maldinidan so'ng avlodning uchinchi ro'yxatdan o'tkazilgan o'yinchisi bo'ldi. Akasi Kristian ham akademiyada tarbiya topdi, ammo birinchi jamoada o'ynamadi va yoshlar darajasida cheklandi.

Daniel 2022 yildan beri ijarada yuribdi va hali hech qaerda o'rnini topgani yo'q. Hujumchi 2022/23 yilgi mavsumni "Speciya"da o'tkazdi, hozir esa "Empoli"da to'p tepmoqda.


Jonatan Klinsmann, 26 yosh, "Los-Anjeles Gelaksi"

Darvozabon AQSHda tug'ilgan, asosan Amerika klublari akademiyalarida shug'ullangan, ikki yilni esa "Gryunvalde" va "Bavariya"da o'tkazgan. Keyinroq "Gerta"ning yoshlar jamoasida harakat qilgan, 2019/20 yilgi mavsum SHveycariyaning "Sankt-Gallen" jamoasida safida bitta o'yinda darvozani qo'riqlagan.

O'g'li otasidan farqli ravishda darvozada turadi. Ammo, u avvaliga hujumdan boshlagan: do'stining maslahatiga ko'ra poziciyasini almashtirgan va uyidagi bog'da shug'ullangan. Katta Klinsmann yangi tanlovni qo'llab-quvvatladi, bolaga juda ham katta bosim berishni va ortiqcha solishtirishlarini xohlamadi.

Jonatan 2020 yildan beri "Los-Anjeles Gelaksi"da, ammo u erda asosisy tarkibga kira olmadi: uch yilda 17ta o'yin, ulardan 10tasi 2023 yilgi mavsumda. Darvozabon hozircha AQSH terma jamoasiga qadar bormagan: turli yosh toifasidagi jamoalarda 21ta o'yin o'tkazgan.


Romeo Bekxem, 21 yosh, "Brentford B"

Romeo bolaligidan futbolga qiziqadi va "Arsenal"ga muxlislik qiladi. Hatto 2014 yildan 2015 yilgacha London klubi akademiyasida akalari Bruklin va Krus bilan birga shug'ullangan.

Kutilmagan fakt: Romeo besh yilga futbolni tashlagan! U 2015 yilda tennisga o'tdi va hatto Endi Marrey bilan shug'ullandi. Katta Bekxem o'sha paytni eslaydi: "Romeo bir marta oldimga kelib ortiq futbol o'ynashni xohlamasligini aytdi. Bir qismim vayron bo'ldi, lekin boshqasi engil tortdi, sababi uning boshqa xobbilari bor va bu meni tinchlantirdi".

Baribir futbolga bo'lgan muhabbat kuchlilik qildi: u 2020 yilda qaytdi va Devid Bekxem egalik qiladigan "Inter Mayami"ga yo'l oldi. Romeo faqatgina o'rinbosarlar safida o'ynadi va u erda Fil Nevillning o'g'li Xarvi bilan ro'baro keldi! Romeo 2022 yilda "Brentford" (yana o'rinbosarlar safiga)ga ijara asosida yo'l oldi va 2023 yilning yoziga kelib yangi klubi bilan bir yillik shartnoma imzoladi.


Xarvi Nevill, 21 yosh, "Laudon"

Xarvi yoshlar darajasida Manchesterning har ikki klubida o'ynagan va otasi Ispaniyada ishlagan payti "Valensiya"ga borib kelgan. Kattalar darajasidagi karerasi esa to'liq AQSHda: "Inter Mayami" (u ham otasi yoniga kelgan)ning asosiy va o'rinbosarlar tarkibida o'ynagan, hozirda esa ikkinchi liga klubida ijarada yuribdi.

Kichik Nevill otasidan farqli ravishda Irlandiya yoshlar terma jamoasida o'ynamoqda: hozircha Daniyaga qarshi faqatgina bitta o'yin. Gap avlodlar haqida: Fil ayoli tomondan barcha irland, u tomondan esa inglizlar ekanligini aytgan. U o'g'lining tanlovidan xafa emas: "Daniyaga qarshi juma kungi o'yindan so'ng aqlbovarqilmas darajada faxr tuyg'usini tuyaman".


CHarli Sevij, 20 yosh, "Reding"

Kichik Sevij – MYU tarbiyalanuvchisi. CHarli yoshlar darajasida tez-tez o'ynagan, ammo asosiy jamoagacha etib bormagan: u avvaliga Angliyaning to'rtinchi ligasidagi "Forest Grin"ga borgan, so'ngra uchinchi diviziondagi "Reding" bilan 4 yillik shartnoma imzolagan.

U "Reding"da ko'proq o'ynamoqda: asosan zaxiradan o'yinga qo'shiladi, ammo ikki bor asosiy tarkibda ko'rinish bergan. O'yinchi 2023/24 yilgi mavsum 25ta o'yin o'tkazgan.

Sevij Uels terma jamoasini tanlagan va hattoki kattalar jamoasigacha etib borgan: u 2023 yilda "Gibraltar" (4:0)ga qarshi o'yinda debyut qildi. CHarli shuningdek u MYUda uchrashgan kelgan Skott Maktomineydan ilhom oladi: "Skott – men uchun eng katta motivaciya manbai. U yoshlar jamoasidagi o'yinchilar oldiga kelib biz bilan gaplashgan".


Eten Eto'O, 21 yosh, "Kolyado Vilyalba"

Kamerunlik bir necha ispan akademiyalarini almashtirgan, 2021 yilda esa "Benfika"da ko'rikdan o'tgan, ammo ilk shartnomasini "Vitoriya Gimaraesh" bilan imzolagan. O'rinbosarlar safidagi bir mavsumdan so'ng Ispaniyaga qaytdi va hali beshinchi ligadan yuqoriga ko'tarilmadi.

Eten terma jamoada bir bor o'zini ko'rsatdi: 20 yoshgacha bo'lgan o'yinchilar o'rtasidagi Afrika millatlar kubogi-2021da Mozambik darvozasiga dubl yo'lladi, ammo Kamerun 1/8 finalda turnir bilan xayrlashdi, Eto'O esa qutqara olmadi. U hali kattalar jamoasigacha etib borgani yo'q.


Isaak Drogba, 23 yosh, "La Luver"

Kichik Drogba haqida kam malumot bor: 23 yoshli markaziy hujumchi Franciya, Italiya va Portugaliyaning quyi ligalarida o'ynagan, 2023 yilning avgustidan esa Belgiyaning to'rtinchi ligasida ishtirok etuvchi "La Luver" safida harakat qiladi.


Andri Gudonsen, 21 yosh, "Lyungbyu"

Eydur Gudonsenning o'g'li "Real" va "Barsa"ning yoshlari safida o'ynagan, ammo asosiy jamoaga qadar etib bormagan. Hujumchi SHveciyaning "Norchepinge" jamoasida ochildi, u erdan esa Daniyaning "Lyungbyu"siga yo'l oldi. Kichik Gudonsen 2023/24 yilgi mavsumda 13ta o'yinda 6ta gol urdi.

Andri yoshiga qaramay Islandiyaning kattalar terma jamoasi bilan birga: 18ta o'yinda 5+1. Yoshlar safida ko'proq to'p kiritgan: masalan, Islandiya U-17 tarkibida 19ta o'yinda 10ta gol!

"Har tomonlama rivojlangan o'yinchi, – deya hayratga tushdi "Real" yoshlar jamoasi murabbiyi Manuel Fernandes. – U aqlli futbol o'ynaydi, to'p uchun chuqurroq tushishni va jamoadoshlariga yordam berishni yaxshi ko'radi. U o'yinni talqin qilishni bilish bo'yicha juda ham o'sdi".


Jeyms Karrager, 21 yosh, "Uigan"

Jeyms ham otasi kabi "Liverpul"da boshlagan, ammo bolaligidayoq "Uigan" akademiyasiga yo'l olgan. Kichik Karrager "Latiks" bilan kattalar darajasidagi ilk shartnomasini imzolagan, ammo asosiy jamoada o'ynamagan.

Futbolchi "Oldxem Atletik"dagi ijaradan so'ng "Uigan"ga qaytdi va yoshlar jamoasida ter tekmoqda.


Maurisio Pochettino, 22 yosh, "Ximnastik"

Otasi "Sautgempton"ni boshqarayotgan payti shu klub akademiyasiga keldi va 2015 yilda otasi ortidan "Tottenxem"ga o'tdi. Ammo, ular keyingi klublarda birga bo'lishmadi va Mauricio 2021 yilga kelibgina Londonni tark etdi.

Kichik Pochettino "Uotford" yoshlaridagi bir yarim yildan so'ng Ispaniyaga yo'l oldi va hozirda Tarragonaning "Ximnastik" (uchinchi liga) jamoasida harakat qilmoqda.


Maksim Gullit, 22 yosh, klubsiz

Rud Gullitning o'g'li AZda boshladi, ammo yoshlar safida keyinchalik oldinga yurmadi. O'yinchiga Eredivizining "Kambyur" jamoasi shartnoma taklif qildi, ammo kichik Gullit yaxshi o'tgan mavsumning birinchi yarmidan so'ng tizzasidan jiddiy jarohat oldi va shu sabab boshqa o'ynamadi. U 2023 yilning 1 iyulida "Kambyur"ni erkin agent maqomida tark etdi.


Sports.ru saytidan Alisher Ostonov tarjimasi

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика