Etakchilar qoqilmadi: A Seriya 23-tur yakunlari
22 fev 2023 10:50
Yangiliklar
Etakchilar qoqilmadi: A Seriya 23-tur yakunlari
"Napoli"ga "Sassuolo"ning ham kuchi etmadi
Ilk daqiqalarni jamoalar bir-birlarini o'rganishga sarflashdi. Keyin Xvicha yana katta sahnaga chiqdi. U himoyachilarni ortda qoldirib, jarima maydonchasi chizig'i ustidan ajoyib zarba berdi va Konsilyani dog'da qoldirdi. Gruziyalik futbolchidan yana bir ajoyib gol. Defrelda yaxshi imkoniyat bo'lgandi. To'p uning zarbasidan keyin ustun yonidan o'tib ketdi. Osimxen esa o'zining imkoniyatidan foydalana bilmadi. U tepgan to'p ustunga tegib qaytdi. Biroq Osimxen undanda qiyinroq vaziyatda o'zini ko'rsatdi. O'tkir burchakda, himoyachi bilan kurashdagi Viktor zarba berdi va to'p Konsilyaning qo'llari orasidan o'tib ketdi. Hujumchi ko'p o'tmay dublni rasmiylashtirishi mumkin edi. Agar Xvichaning uzatmasidan keyin bosh bilan aniq zarba berolganida. Lorent esa mo'ljalda adashmadi, lekin gol bo'lishidan avval to'p uning qo'liga tekkani malum bo'ldi hamda hisob o'zgarmadi.
Osimxen tanaffusdan keyin ham eng faollardan biri bo'lib qolaverdi. Uning navbatdagi zarbasi darvoza to'qqizligiga qarab ketayotgandi, Konsilya chiroyli seyv amalga oshirib, to'p darvozaga borib tushishiga yo'l qo'ymadi. "Sassuolo" himoyasi shu kuni raqibning ikki yulduzini qanday to'xtatishni bilolmasdi. Tanaffusdan keyin esa hujum ham ishlamay qo'ydi. Uchrashuv so'ngida Lozano uzatgan to'pni Jovanni Simeone to'rga yo'lladi, lekin takroriy lavha hujumchida ofsayd bo'lganini ko'rsatdi. "Napoli" oradagi farqni qisqartirishga ham imkon bermayapti.
"Inter" "Udineze" ustidan ishonchli g'alabaga erishdi
"Inter" o'yinni yaxshi boshladi, ammo xavfli vaziyatlargacha ish etib borishi qiyin bo'ldi. Birinchi "pichoqqa ilinadigan" vaziyat Barellaning zarbasidan keyin yuzaga keldi. 13-daqiqada Dumfris jarima maydonchasida yiqitildi, Lukaku penaltini tepish imkoniyatiga ega bo'ldi va undan unumli foydalandi. Qizig'i, Silvestri birinchi zarbani qaytargandi, ammo kiper chiziqdan chiqib ketgani sabab Romelu zarbani qayta amalga oshirdi. O'yin ancha tinchlandi. "Inter" goldan keyin tempni atayin tushirdi va bu milanliklarga qimmatga tushdi. Pereyra bitta pas bilan "neradzurri" himoyasini dog'da qoldirdi, Lovrich esa ajoyib zarba bilan darvoza to'qqizligini nishonga oldi.
Tanaffusdan keyin "Inter" yana dadillashdi. Mxitaryan Dimarko bilan "devor" uslubida o'ynab, zarba berdi, lekin Silvestri o'z o'rnida edi. Birozdan so'ng kiper Jekoning yaqin burchakka zarbasini qaytarishga erishdi. "Inter" koncentraciyani yo'qotgani tufayli "Udineze"da gol urib, hisobda oldinga chiqish uchun ajoyib imkoniyat yuzaga keldi. Mehmonlarning besh nafar futbolchisi uch nafar raqibga qarshi chiqib bordi, lekin Sakses oxirgacha ikkilanib, ko'nglidagidek zarba bera olmadi. Oradan 30 soniya o'tib, "Inter" qarshi hujumdan qanday foydalanish kerakligini ko'rsatib qo'ydi. CHalxanoglu to'pni Dimarkoga uzatdi, himoyachi esa jarima maydonchasidagi Mxitaryanni ko'rdi, Genrix nozik zarbasi bilan Silvestriga imkon qoldirmadi. Lautaro zaxiradan o'yinga qo'shildi va darhol Barelladan to'pni qabul qildi hamda darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketdi. Biroq Silvestrini alday olmadi. "Udineze" tavakkal qilib, oldinga tashlandi. "Inter" esa bundan unumli foydalana oldi. Yana bir imkoniyatga ega bo'lgan Martines vaziyatni qiyinlashtirib o'tirmadi va darvozaning yuqori burchagiga kuchli zarba yo'llab, yakuniy hisobni o'rnatdi.
"Speciya" "Yuventus"ga yutqazdi
O'yin kurashlar bilan boshlandi va ilk daqiqalarda to'p asosan markazga yaqin hududlarda, kurashda bo'ldi. Jamoalar darvozalarga xavf solay demasdi. Birinchi chinakamiga xavfli vaziyat mehmonlar ishtirokida bo'ldi. Burchakdan uzatilgan to'pni Danilo boshi bilan darvozaga yo'lladi, ammo mo'ljalda biroz adashdi. "Keksa sinora" keyingi imkoniyatda aniqroq harakat qildi. Kostichning uzatgan to'pini Moyze Kin birgina harakat bilan darvozaga joylab qo'ydi. SHomurodov hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Verdening uzatmasidan keyin Eldor bosh bilan zarba berdi, lekin Perin ishonchli o'ynab, xavfni bartaraf etdi.
Tanaffusdan keyin "Speciya" yanada xavfliroq o'yin ko'rsata boshladi. SHomurodovda vaziyat yuzaga keldi va uning zarbasi yo'liga Aleks Sandro o'zini qalqon qildi. "Yuventus" kamroq, lekin xavfliroq hujum qilardi. Danilo to'pni Di Mariyaga uzatdi, argentinalik esa to'pni oshirishi uchun sheriklarini izlab o'tirmay, kutilmaganda, o'ttiz metrlardan zarba yo'lladi. "Speciya"ga bu uchrashuvda hech bo'lmasa bir ochko ishlab olish ham qiyinligi sezilib turardi, ammo jamoa taslim bo'lgisi kelmasdi. Gyassi yaqin burchakka yaxshi zarba berdi, golkiper o'z o'rnida. Keyinroq Perin Ampaduning zarbasidan keyin ham ishonchli o'ynadi. O'yin so'ngida "Yuventus" yana bitta gol urishi mumkin edi, ammo 2-1 chiqib borib Vlaxovich to'pni Fadjoliga qulay tarzda etkazib berolmadi hamda imkoniyat yo'qqa chiqdi. "Keksa sinora" g'alaba qozondi, biroq "Speciya"ni oxirgacha kurashgani uchun maqtasak arziydi.
"Milan" "Monca"ni mag'lub etdi
"Monca" o'yinni ancha faol boshladi. Kaprari 1-daqiqadayoq o'tkir burchakdan zarba yo'lladi. Teterushanu jamoasiga pand bermadi. Ko'p o'tmay, Petanya bosh bilan yaxshi zarba berdi. "Milan" esa o'yinga kirishi sekinroq bo'ldi. Ilk vaziyat 18-daqiqada, Leaoning faolligi tufayli yuzaga keldi. Portugaliyalikning uzoq masofadan darvoza to'qqizligiga yo'llagan zarbasiga biroz aniqlik etishmadi. "Milan" sekin-asta vaziyatlar sonini orttirib bordi. Bunda o'sha Leao ayniqsa faol edi. Uning ikkita kuchli zarbasini Di Gregorio qaytardi. Natijada, bosim oxiri samara berdi va qanotdan uzatilgan to'pni Leao qulayroq vaziyatdagi Messiasga tashladi, yarim himoyachi birinchi urinishda to'pni qabul qilib, ikkinchisida uzoq burchakni nishonga oldi. Tanaffusgacha jamoalar boshqa xavfli vaziyat yuzaga keltirishmadi.
"Monca" vaqt o'tgani sari ochilishga majbur bo'lardi, bu esa "Milan"ga qarshi hujumlar uchun yo'l ochdi. Ana shunday hujumlardan birida Teo qizg'anchiqlik qilib, noaniq zarba berdi va yaxshiroq vaziyatdagi Leaoga to'pni oshirmadi. Keyingi vaziyatda endi Leao to'pni jarima maydonchasi markaziga uzatish o'rniga yaqin burchakka zarba berib ko'rdi. "Monca" ham gol uchun imkoniyatga ega bo'ldi. Ayniqsa CHirruaning zarbasi xavfli ko'rinish oldi, lekin to'p ustunga tegdi. "Milan"ning javob hujumida esa Tonallining zarbasidan keyin Di Gregorio to'pni qaytardi, hayratlanarlisi kiper De Kattelarening takroriy urinishini ham bartaraf etishni uddaladi. SHunday qilib, "Milan" yaxshi o'yin ko'rsatdi va muhim g'alabaga erishdi.
SHuningdek, "Roma" "Verona" taslim etdi, "Lechche" esa "Atalanta"ni engdi, "Torino" va "Kremoneze" durang o'ynashdi.
Sergey Rumyancev
Nozima To'xtamirzaeva tarjimasi
Fikrlar