So’nggi yangiliklar

19:44"Арсенал" - "Ноттингем Форест". Таркиблар билан танишинг  0 19:35"Челси" ғалаба қозонди ва жадвалда 3-ўринга чиқиб олди  0 19:27Илёс Зейтуллаев: "Йигитлар сўнгги учрашувларда асосий ва захира деган тушунчалар йўқлигини тушунишди"  0 19:21Суперлига. "Андижон" "Динамо"ни йирик ҳисобда мағлуб этди ва Суперлигада ўрнини сақлаб қолди  12 19:09Денис Коростиченко: "Бунёдкор" захираси бизникидан кучлироқ экан"  0 18:47Туркия. Алиқулов жамоаси иродали ғалабага эришди  0 18:20"Ростов" сўнгги 15 дақиқаликдаги 2та гол туфайли ЦСКАдан ғалабани юлиб олди  7 18:00"Севинч" - 14 карра Ўзбекистон Кубоги соҳиби!  3 17:42"Матч ТВ" графика оператори ишсиз қолди. Нега?  6 17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  18 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  27

Egor Krimec: Xorij klubi skautlari uchun chempionatimiz qiziq emas… Yangiliklar

Egor Krimec: Xorij klubi skautlari uchun chempionatimiz qiziq emas…

Malumki, O'zbekiston 23-milliy chempionati yakunlanishiga ikki tur qolgan bir paytda Paxtakor jamoasi o'z tarixida 10-bor shohsupaga ko'tarildi.
Albatta, bu tarixiy g'alabada futbolchilarning yagona maqsad yo'lidagi intilishlari muhim rol o'ynadi. SHuningdek, muvaffaqiyatda jamoa metin himoyasining o'rni ham katta bo'ldi. Zero, Paxtakor mavsum davomida eng kam gol qo'yib yuborgan jamoa bo'ldi. Biz mavsum yakunlari yuzasidan Paxtakor markaziy himoyachisi Egor Krimecdan intervyu oldik.

- Mavsum juda og'ir o'tdi,-deya gap boshladi Paxtakorning 2-raqamli futbolchisi. - Ancha murakkab tus olgan chempionat yakunida oltin medalni qo'lga kiritganimizdan xursandmiz. Eng muhimi, klubimiz 10-marta shohsupaga ko'tarildi.



- Qaysi o'yinlar nisbatan qiyin kechdi?
- Oson o'yinning o'zi bo'lmadi. Muxlislar eslashsa kerak, birinchi davradagi aksariyat uchrashuvlarda kichik - 1:0 hisobida g'alaba qozondik. Garchi o'sha bahslarda ham ustunlikka erishgan bo'lsakda, raqib darvozasi oldida yuzaga keltirilgan qulay vaziyatlarni golga aylantirolmadik. Bunday hisobdagi o'yinlarda oxirgi soniyalargacha ter to'kishga to'g'ri keladi. Albatta, chempionlik masalasini uzil-kesil hal qilgan o'yinni birinchi o'ringa qo'yaman. Ochig'i, o'sha kuni Lokomotivdan bunday o'yin kutmagandik. SHaxsan men temiryo'lchilar hujumkorlikka zo'r berishlarini taxmin qilgandim. Bilmadim, balki ularda g'alabaga ishtiyoq kamlik qildimi yoki biz kuchli o'yin namoyish etdik, harqalay, 3 ochko jamoamizga tegdi. Muhimi, murabbiylar tomonidan oldimizga qo'yilgan vazifani bajardik. Yana Navbahorga qarshi har ikki o'yin juda-juda qiyin kechdi.

- Siz aytgan o'sha kichik hisobli g'alabalardan so'ng jamoa muxlislarida shubha, ishonchsizlik kayfiyati tug'ilgandi. Buning sababini izlab ko'rdinglarmi?
- Har bir o'yindan keyin bu masalada gaplashardik. Videoyozuvni ko'rib, qaerda xatoga yo'l qo'ydik, nimalar ustida ishlashimiz kerakligini o'rganardik. O'ylashimcha, qulay vaziyatlarni golga aylantirolmaslik eng katta kamchiliklarimizdan biri edi. Mashg'ulotlarda murabbiylar ko'rsatmalari asosida darvozaga zarba berish ustida ko'proq ishladik. Ishimiz besamar ketmadi. Bu harakatlarimiz ikkinchi davra o'yinlarida o'z foydasini berdi. Natijalar fikrimni tasdiqlaydi. Ko'plab o'yinlarda 2-3ta to'p farqi bilan g'alaba qozondik.  

- Futbolchilarda qaysi o'yindan keyin chempionlik masalasi hal etilganiga shubha qolmadi?
- SHaxsan men Lokomotiv bilan o'yindan keyin chempion bo'lishimizga to'liq ishondim. Faqat buni oxirigacha etkazib qo'yish kerak edi. Xotirjamlikka berilishga aslo haqqimiz yo'q edi, buni murabbiylarimiz har bir mashg'ulotda alohida tayinlashdi. Jamoamiz menejeri Samvel Babayan ham mavsum hali yakunlanmagani, chempionlikni nishonlashga shoshilmaslik kerakligini uqtirishdan charchamadi. Bu haqda yigitlar bilan ham alohida gaplashib oldik.



- Siz bir mavsum Xitoy super-ligasida o'ynadingiz. Xitoy chempionati, u erdagi faoliyatingiz bo'yicha xulosalaringiz qanday bo'ldi?
- Xitoyda nafaqat futbol, balki barcha sport turlari jadallik bilan rivojlanyapti. Infratuzilma juda yuqori darajada. Futbolga katta mablag' ajratilyapti. Davlat tomonidan ham, homiylar tarafidan ham. Hattoki, birinchi liga klublari stadionlari ham jahon talablariga to'liq javob beradi. Super-liga o'yinlariga kamida 20 ming muxlis tushadi. O'ylaymanki, O'zbekistonda ham yaqin yillarda shunday futbol muhiti hukm suradi. Mana, yangi stadionlar bunyod etilyapti. Zamonaviy stadionlarda chiroyli o'yinlar ko'rsatilsa, muxlislar avvalgidek futbolga qaytishadi. Yangi akademiyalarga ko'proq etibor qaratish, mahalliy yoshlarni yuzaga chiqarish lozim. Bizda istedodlar juda ko'p. Faqat ularni kashf etishda sustkashlikka yo'l qo'yilyapti. Yoshlarga yaxshi tarbiya berilsa, ko'zlangan maqsadga erishiladi. Katta pulga legioner xarid qilinishiga qarshiman. Bu mamlakat futboli rivojiga yordam bermaydi. O'zimizdagi istedodlarni tarbiyalasak, bundan milliy jamoa ham manfaatdor bo'ladi.

Klubda yoshi 30dan oshgan faxriylar ko'pchilikni tashkil etishardi. Nafaqat legionerlar, balki butun tarkib bo'yicha eng yoshi men edim. Paxtakorda bundan 3-4 yil avval boshlangan mahalliy yoshlar siyosatini endi Pekinda ham amalda qo'llashyapti. Jamoa prezidenti buni qo'llab-quvvatlayapti. Hozir jamoada avlodlar almashinuvi davri ketyapti.

- Angliya premer-ligasi kuchli hisoblansada, terma jamoasi haqida bunday fikr bildirolmaymiz. Xitoyda ham shunga o'xshash holat hukmron. Mamlakat termasida bir necha yildan beri pasayish kuzatilyapti. Bu haqda nima deya olasiz?
- Xitoy terma jamoasida ham avlodlar almashinuvi davom etyapti. Ishonchim komil, ushbu jamoa 3-4 yilda o'zini ko'rsatadi. Keyingi jahon chempionati saralash bosqichidayoq Xitoy termasi qitamizning etakchi jamoalariga bosh og'rig'i bo'ladi. Xitoyda istedodli yoshlarni ko'p ko'rganman. To'g'ri, ular hali milliy jamoa darajasida o'ynay olishmas, lekin yaqin yillarda vaziyat o'zgarishi muqarrar.

- Xitoy super-ligasida bir maromda o'ynayotgan yagona legionerimiz  Anzur Ismoilov haqida qanday fikrdasiz?
- Juda kuchli himoyachi. Buni Paxtakor va Bunyodkor jamoalarida ham isbotlagandi. Osiyo CHempionlar Ligasi bahslari va milliy terma jamoa o'yinlarida katta tajriba to'pladi. Xitoy chempionatida to'p surgan vaqtim uning o'yinlarini ko'p kuzatardim. Kuchli himoyachi bo'lmaganida, shuncha yil legioner maqomida o'ynolmasdi. Hozirda o'z klubining haqiqiy etakchisiga aylangan.



- Kelasi yili to'g'ridan-to'g'ri OCHL guruh bosqichida ishtirok etasizlar. Bu musobaqa siz kabi yosh, istedodli futbolchilar uchun yaxshigina imkoniyat eshigini ochadi...
- Buni har birimiz to'g'ri tushunib, his qilib turibmiz. OCHL mavsumi boshlanishini hozirdan intiqlik bilan kutyapmiz. OCHLni katta bozorga qiyoslash mumkin. Xorij klublari skautlari uchun O'zbekiston chempionati qiziq emas. Futbolchilar faqat OCHL o'yinlari yoki milliy jamoa tarkibida o'zlarini yaxshi manoda reklama qilishlari mumkin. O'zbekiston chempionatini kuzatish uchun xorijdan skautlar kelishmaydi, axir. SHuni inobatga olgan holda, OCHLda har bir futbolchi yuqori saviyada to'p surishga intiladi.

- Mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo'lishga davogar 3 nafar kasbdoshingizni etirof etsangiz...
- Futbolchi uchun bu savolga javob berish qiyin. Lekin kuzatishlarim asnosida variantlarimni aytaman. Jamoadoshim Aleksandr Merzlyakovni bemalol mavsum kashfiyoti sifatida tariflash mumkin. CHunki Sasha avvalgi yillarda umuman boshqa saviyada o'ynardi. Endi umuman boshqacha futbol namoyish etdi. Buni mutaxassislarimiz, murabbiylar ham ko'p bor etirof etishdi. Keyin Jamshid Iskanderov yaxshigina o'sdi. Nostandart futbol ko'rsatdi. Faol o'yinlari tufayli O'zbekiston milliy jamoasiga ham taklif etildi. Yosh bo'lishiga qaramay, Paxtakorning etakchilaridan biriga aylandi. Maydonni ko'ra bilishi, bir necha futbolchilar qurshovidan yorib chiqib ketishi, jarima zarbalari, gol urish qobiliyati - hammasi joyida. Terma jamoada ham yo'qolib qolmadi. Yana bir nomzod sifatida Bunyodkor yarim himoyachisi Sardor Rashidovni aytardim. Sardor ham mavsum kashfiyotlaridan biriga aylandi. Uning ustun jihatlari - to'pni nazorat qilish, jarima zarbalarini amalga oshirish. Bir necha bor standartdan chiroyli gol urdi. OCHLda ham muhim gollari bilan Bunyodkorga g'alabalar keltirdi. Asosiysi, O'zbekiston milliy jamoasida ham yaxshi o'yin namoyish etdi.

- Murabbiylar triosida kimlarni ko'rishni istardingiz?
- Birinchi galda, bosh menejerimiz Samvel Babayanni. Bizga murabbiylik qilgani uchun emas, haqiqatan ham, chempionlikni qo'lga kiritishimizda Samvel Vyacheslavovichning hissasi juda katta. Ko'p mehnat qildi. Oilasini ikkinchi darajaga qo'yib, asosiy vaqtini Paxtakorda o'tkazdi. Boshqalar bilishmasa ham, biz - futbolchilar buni juda yaxshi bilamiz. Uyiga bir necha kun bormagan vaqtlari bo'ldi. Dekabr oyidanoq bizga Sifat uchun kurashamiz, albatta, chempion bo'lishimiz kerak, deb uqtirib keldi. Ikkinchi o'ringa Baxtiyor Ashurmatovni qo'ygan bo'lardim. Navbahorga ustozlik qilayotgan bu mutaxassisning istedodi va salohiyatini to'g'ri baholagan O'FF uni milliy jamoaga yordamchi murabbiy sifatida taklif qildi. Baxtiyor Ashurmatov xuddi 10-15 yildan beri murabbiylik sohasida ishlayotgandek taassurot qoldirdi. U bilan Osiyo o'yinlarida birga ishladik. Kelajakda Baxtiyor akadan yaxshi murabbiy chiqishiga ishonaman. Ro'ziqul Berdiev ham etirofga munosib. Nasafda xuddi Paxtakordagi kabi mahalliy yoshlarga katta etibor qaratiladi. Bu yil jamoa bronza medalini qo'lga kiritdi. Ro'ziqul akaning o'tgan yili O'zbekistonning eng yaxshi murabbiyi, deb topilgani bejiz emas. SHuningdek, menga Sergey Lushanning ish uslubi yoqdi. U Bunyodkorda yoshlarga katta etibor qaratishi bilan yodimizda qoldi. Jamoa tezkor futbol namoyish eta boshladi.

- Markaziy himoyada qaysi jamoadoshingiz bilan o'ynashingiz osonroq?
- Bu yil Boyan Miladinovich bilan ko'proq o'ynashga to'g'ri keldi. 6 yildan beri Paxtakor sharafini himoya qilayotgan serbiyalik futbolchi katta tajribaga ega. Vaqtida Evropa futboli havosidan bahra olgan. Biz - yoshlarga har tomonlama o'rnak bo'lyapti. Tan olaman, Miladinovichdan ko'p narsalar o'rgandim. Qolaversa, Kamoliddin aka Tojievdan ham. Ular mashg'ulot jarayonida ham, o'yinda ham kerakli maslahatlar berishadi. Bu yilgi mavsumda eng kam gol qo'yib yuborganimiz bejiz emas. Keyin statistikaga etibor bersangiz, 3 nafar himoyachi - men, Boyan va Merzlyakov Paxtakorning 14ta goliga mualliflik qildik. Bu chakki natija bo'lmasa kerak (kuladi). Kelasi mavsum ham, ayniqsa, OCHL bahslarida yanada sermahsul o'yin namoyish etishga harakat qilamiz.

- Qaysi jamoa hujumchilari ko'proq xavf tug'dirishdi?
- Bu haqda o'ylamabman. Alohida bir hujumchini aytolmayman. Paxtakordagi himoyachilar bir-birlarini qo'llab-quvvatlab o'ynaganliklari uchun bu narsa bilinmadi ham. Birimiz xatoga yo'l qo'ysak, ikkinchimiz albatta, bu kamchilikni yopishga urindik. Hamjihatlikda o'ynaganimiz darvozamiz oldida kamroq xavfli vaziyatlar yuzaga kelishiga zamin yaratdi.

- Buxoroga qarshi kechgan uchrashuvda Paxtakor chempionlikni rasmiylashtirdi. O'sha o'yindan so'ng Samvel Babayan chempion tarkibni hech kim tark etmasligi, jamoa OCHLning kamida finaliga chiqishni maqsad qilganini takidladi. Futbolchilarda ham shunday fikr bormi?
- Albatta. Buni aniq ayta olaman, kelasi mavsum hech kim jamoadan ketmaydi. Jamoamiz oldiga OCHLda muvaffaqiyatli o'ynash vazifasi qo'yilgan. To'g'ri, takliflar ko'p. Nafaqat men, balki Paxtakorning har bir futbolchisiga takliflar tushyapti. Ammo biz boshlagan ishimizni oxiriga etkazib qo'yishimiz kerak.  

- O'z ampluangiz bo'yicha qaysi futbolchilarning o'yinlariga havas qilasiz?
- Oldinlari Barselona afsonasi Karles Puyolning o'yinlarini o'zgacha ishtiyoqda tomosha qilardim. Undan nimanidir o'rganishga intilganman. Puyol yaqinda futbolchilik faoliyatini yakunladi. Hozir izlanishdaman, o'zim uchun yangi kumir topishim kerak (kuladi). Evropa futbolidagi o'yinlarni ko'rib boryapman. Lekin hozircha ko'zga yaqqol tashlanadigan kuchli markaziy himoyachi topmadim...



- Qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?
- Paxtakorga (kuladi). Evropadan CHelsiga befarq emasman.

- Bu mavsum aristokratlar Angliya chempioni bo'la olisharmikan?
- Mavsumni yomon boshlashmadi. Turnir jadvalida etakchilik qilishyapti. Ko'ramiz, hali mavsum uzoq davom etadi. Bir nechta musobaqada ishtirok etadigan klublarga hamisha qiyin. Manchester Yunayted bilan bo'lib o'tgan o'yinda juda chiroyli futbol namoyish etishdi. Faqat so'nggi soniyalarda Robin van Persining supergoli CHelsini g'alabadan mahrum qildi.

- CHelsi muvaffaqiyatlarida Joze Mourinoning roli qanchalik katta, sizningcha?
- Juda katta. U avval ham London klubida ishlagan va CHelsida ko'p yutuqlarni qo'lga kiritgan edi. Faqat CHempionlar Ligasida g'alaba qozonolmagani uchun jamoadan ketgandi. O'ylaymanki, bu safargi qaytishi jamoaga yangi sovrinlarni keltiradi. Bu yil CHelsining Angliya chempioni bo'lishiga ishonaman, lekin ECHLda muvaffaqiyatli ishtirok etolmasa kerak. CHunki bu sovrinni qo'lga kiritadigan boshqa davogar superklublar bugungi kunda CHelsidan kuchliroq. Tarkib bo'yicha ham, o'yin bo'yicha ham. Real, Barselona, Bavariya, Atletiko kabi klublarni nazarda tutyapman.

- Paxtakor muxlislariga tilaklaringiz...
- Bu yil jamoamizni qo'llab-quvvatlagan barcha muxlislarga futbolchilar nomidan minnatdorchilik bildiraman. Qo'lga kiritilgan yutuqda muxlislarning hissalari ham katta. O'ylaymanki, kelasi mavsum yangi g'alabalarimiz bilan ularni yanada xushnud etamiz. Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadimiz - OCHL final uchrashuvini Toshkentda o'tkazish. Buning uchun barchamiz astoydil kurashamiz.


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика