So’nggi yangiliklar

02:15АПЛ. "Ноттингем Форест" "шпорлар"ни мағлуб этди ва ЧЛ йўлланмаси учун курашни давом эттирмоқда  0 02:11"Авелино" лаънатланган клубми? Нега ҳар сафар улар лигани ўзгартирса Рим Папалари вафот этади?  0 00:54Агар "Реал" "Барселона"га мағлуб бўлса, кейинги баҳсда жамоани бошқа мураббий бошқаради  4 00:11Февзи Давлетов: "Ҳар икки жамоа ҳам ғалаба учун курашди"  3 23:53Чемпионшипнинг икки жамоаси муддатидан аввал АПЛ йўлланмасини қўлга киритди  4 23:32Сергей Лушан: "Бугунги ўйинда дуранг ҳам эҳтимол адолатдан бўлмасди"  6 22:47Эрон. Машарипов жамоаси ўз уйида очко йўқотди  2 22:00Суперлига. "Сурхон" фойдаланилмаган пенальти ва иккита гол ҳисобланмаган ўйинда "Навбаҳор"ни мағлуб этди   85 20:15Ўзбекистон терма жамоаси Тошкентга етиб келди  10 19:56"Қўқон-1912" ивуарлик футболчи билан шартномани бекор қилди  3 19:40Эшитдик-да! Ўзбекистон МТЖ БААга эртароқ йўл олади  18 19:20Тошкент халқаро аэропорти Ўзбекистон U-17 термасини кутиб олиш маросимига шай!  12 19:07Суперлига. "Сурхон" – "Навбаҳор". Таркиблар маълум  10 18:39"Реал" "Арсенал" футболчиси учун рекорд даражадаги таклиф тайёрламоқда  6 18:15Ўзбекистон Кубоги. 2-тур ўйинларига ҳакамлар тайинланди  0

Dilshod SHarofetdinov: “O'zimni xorijda sinab ko'rishni istadim” Yangiliklar

Dilshod SHarofetdinov: “O'zimni xorijda sinab ko'rishni istadim”

Yaqinda "Sime Darbi" bilan shartnoma imzolagan Dilshod SHarofetdinov Malayziyaga ketishi arafasida intervyu berdi.
- Dastlab Malayziya klubidan taklif qanday yuzaga kelgani haqida gapirib o'tsangiz.
- CHempionat uchrashuvlari davom etayotgan bir paytda men klub rahbariyatidan shu mamlakat jamoalaridan biridan vakillar o'yinimni kuzatish uchun kelganini bildim. Oradan malum vaqt o'tgach, o'sha klub meni taklif qilishni xohlayotgani haqida malumot berishdi. SHundan keyin har ikki jamoa kelishgan holda mening ijara asosida o'ynashim masalasini hal etishdi. SHartlari menga ham maqul kelgach, bunga rozilik bildirdim.

- Taklifga rozilik bildirish to'g'risida uzoq o'yladingizmi?
- Ha, qaror qabul qilishdan avval o'ylanishimga to'g'ri keldi. CHunki baribir xorij davlatiga o'tishdan avval turli masalalarni hal qilib olish lozim. SHu sababli ham u erdagi sharoitlar haqida maslahatlashdim. So'ng Malayziyaga ko'chib o'tishga tayyorligimni bildirdim.

- Malayziyada bo'lib qaytdingiz. U erda jamoa rahbarlari bilan uchrashdingizmi?
- Ha, shartnomaga qo'l qo'yishdan oldin tibbiy ko'rikdan o'tdim. Baza va stadionni borib ko'rishga ulgurmadim, lekin bosh murabbiy va klub vice-prezidenti bilan ko'rishib, suhbatlashdim. Ular jamoaning rejalari haqida aytib o'tishdi. Noyabr oxirlarida Kuala Lumpurga jo'nab ketaman. Hozircha til bilmasligim tufayli sharoitga moslashishda bazi qiyinchiliklarga duch kelishim mumkin. Lekin bu jarayonni tezroq tugataman deb o'ylayman.

- Osiyo CHempionlar ligasida o'ynab yurgan jamoadan Malayziya superligasi debyutanti safiga ko'chib o'tish o'zingizga qanday tuyuldi?
- Bu bir oz g'alati tuyulishi mumkindir, lekin O'zbekistonda butun faoliyatimni o'tkazdim. “Paxtakor” tarkibida 5 yil to'p tepdim. SHuning uchun o'zimni xorij chempionatlaridan birida sinab ko'rish istagi kuchlilik qildi. Vaziyatni tahlil qilib ko'rib, “Sime Darbi” klubida o'ynashga rozilik berdim.

- “Paxtakor”dagi faoliyatingiz qanday kechdi?
- “Paxtakor” O'zbekistonning eng mashhur jamoasi. Bu klub safida o'ynashni ko'plab futbolchilar yoshligidan orzu qiladi. Men bunga erishdim. Menga eng yoqqani jamoadagi ajoyib muhit bo'ldi. Futbolchilar deyarli bir oila bo'lib ketgan. Muhit juda yaxshi. Har mavsumda chempionlik uchun kurash olib bordik. “Paxtakor” safida O'zbekiston chempioni bo'ldim, mamlakat kubogini qo'lga kiritdim. Yoshligimda shunday yutuqlarga erishishni xohlardim. Bularga “Paxtakor” tarkibida ega chiqdim.

- Futbolchi sifatida qanchalik o'sishga erishdingiz?
- “Paxtakor” mamlakatning eng kuchli klublaridan biri. Har yili xalqaro uchrashuvlarda maydonga tushadi. Bu esa jamoadagi har bir futbolchiga o'sishga imkoniyat beradi. CHunki bunday o'yinlarning tajribasi keyinchalik asqotadi. Jamoadagi yosh o'yinchilarning mahorati oshib borishiga ham aynan CHempionlar ligasi katta yordam beradi. O'ylashimcha, “Paxtakor” safida katta tajribaga ega bo'ldim.

- Faoliyatingizni “Dinamo”da boshlagansiz. Bu jamoada nimalar yodingizda qolgan?
- “Dinamo” mening katta futbolga qadam qo'ygan jamoam hisoblanadi. Samarqandda futbolni juda sevishadi. Jamoada mahalliy yoshlar hamisha bo'lgan. Men ham shulardan biri edim. Oliy ligada to'p tepishni “Dinamo”da boshlaganman. Keyinchalik bir necha mavsum mobaynida o'sha erda o'ynashda davom etdim. Faqat “Paxtakor”dan taklif tushgandan keyin jamoani almashtirish haqida o'ylagandim. Samarqandda futbolga etibor kuchli va yaqin yillarda sobiq klubim sovrinli o'rinlar uchun kurashishiga umid qilib qolaman. Bu jamoa bir umrga qalbimda o'chmas bo'lib qoladi. CHunki futbolchi bo'lib etishishimda “Dinamo”ning hissasi katta bo'lgan.

- “Paxtakor” bu yilgi chempionatda muvaffaqiyatsiz qatnashdi. Buning sabablari nimada bo'ldi?
- Eng muhim sababni aytib o'tishim mumkin. Birinchi davrada yoshlar terma jamoasiga nomzod futbolchilar yig'inlar bilan band bo'lishdi. Keyin jahon chempionatida ishtirok etishdi. O'sha paytda jarohat ham ko'payib ketib, zaxiradan maydonga tushadigan futbolchilar deyarli qolmadi. Natijada murabbiylar yanada yoshroq futbolchilarni tarkibga jalb qilishdi. Natijada birinchi davra oxirida uch o'yinda mag'lubiyatga uchradik. SHu holat bizga qimmatga tushdi. Ikkinchi davrada esa jamoa o'ziga keldi. SHu tarkib bilan keyingi yil o'ynaydigan taqdirda “Paxtakor” raqobatchilarini bemalol dog'da qoldirishiga ishonaman.

- Ushbu mavsumda oliy ligada stadionga kelgan muxlislar soni sezilarli darajada kamayib ketdi. Buning sababi nimada bo'ldi?
- Jamoalar ishqibozlar kutgan o'yinlarni namoyish etmagandir. O'zimizning jamoa misolida olsak, 2013 yil rostdan ham ularning ishonchini oqlay olmadik. Ular biz qayd etgan salbiy natijalardan xafa bo'lishdi, menimcha. Lekin bizni oxirgi damlargacha qo'llab turishgani uchun ularga rahmat aytaman. Nasib qilsa, keyingi yil “Paxtakor” muxlislari jamoaning muvaffaqiyatlarini bayram qilishadi.

- Malayziyada uzoqroq to'p tepishni istaysizmi?
- Hozircha shartnomamda ko'rsatilgan muddat, yani ikki yil davomida o'ynayman. Dastlabki mavsumdan keyin uni uzaytirish haqida o'ylab ko'ramiz. Keyin ish qanday bo'lishini hozirdan taxmin qila olmayman. Barchasini o'sha paytda hal etamiz. Qolaversa, hali “Paxtakor”ni to'liq tark etmadim. CHunki Malayziyada ijara asosida o'ynayman. Keyinroq yana jamoaga qaytishni niyat qilganman.

- SHu paytgacha Malayziyada faoliyat olib borgan bir qator o'zbekistonlik futbolchilar ham bor. Bundan xabardormisiz?
- Albatta, SHkvirin va Abduraimov singari futbolchilar Malayziyada o'ynaganini bilaman. O'sha paytlar yosh edim. Lekin ular o'sha erda to'p tepishganiga 15 yildan oshib ketdi. SHu sababli bu holatlarni taqqoslash noo'rin.


- Suhbat uchun rahmat. Malayziyadagi faoliyatingiz omadli chiqishini tilab qolamiz.
- Sizga ham rahmat. Malayziyada yaxshi o'ynashga harakat qilaman. Futbol ishqibozlariga esa hamisha sog'liq va omad tilayman. Sevimli jamoalaringizni qo'llab-quvvatlang.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика