So’nggi yangiliklar

14:53Суперлига. "Олимпик" - "Бунёдкор" (матнли трансляция)  0 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  6 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  0 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  18 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  6 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  7 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  3 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  5 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0

Davron Fayziev: “Ligani tark etishni hayolimizga ham keltirganimiz yo'q” Yangiliklar

Davron Fayziev: “Ligani tark etishni hayolimizga ham keltirganimiz yo'q”

Birinchi davraning eng shov-shuvli natijalaridan ayrimlari “So'g'diyona”ga tegishli.

Jizzaxliklar kuchli tarkibga ega “Bunyodkor” va “Mashal”ni mag'lubiyatga uchratishni uddasidan chiqishdi. Agarda, jamoaning so'nggi o'yinlariga etibor bersak, futbolchilarga barqarorlik etishmaganligiga guvoh bo'lamiz. Buni, jamoadagi charm to'p ustalarining qo'nimsizligidan, deyish mumkin. Kezi kelganda, yosh mutaxassis Davron Fayzievning istedodiga tan bermaslikning iloji yo'q. CHunki, “yo'qdan bor qilishni” hamma ham uddalay olmaydi. Zero, boshqa klub zaxirasida “o'tirib qolgan” futbolchilar, Jizzax klubida tajriba orttirishadi va boshqa klubga o'tib ketadi. Poytaxt viloyatining Do'rmondagi “Yozuvchilar uyi”dan qo'nim topgan vohaliklar mashg'ulotlarni Qibraydagi markaziy stadionda o'tkazishdi. Xo'sh, jizzaxlik charm to'p ustalari yuzaga kelgan muammolarni ijobiy tomonga o'zgartira olarmikin? Autsayderlar safini tark etishga futbolchilarning qurbi etarmikin? SHu va shu kabi savollarga javob olish uchun “So'g'diyona” bosh murabbiyi Davron Fayziev bilan suhbatlashdik.


- “Qizilqum”ga qarshi kechgan uchrashuv xususida to'xtalsangiz?
- Birinchi davradan keyin chempionat jadvalidagi egallab turgan o'rnimiz maqtagulik darajada emasdi. SHu bois ham, o'tkazilgan o'yinlarda yo'l qo'yilgan xatolardan etarli xulosa chiqarildi. Hali oldinda o'yinlarning teng yarmi turganligini inobatga olsak, ortga chekinishga umuman xaqqimiz yo'q. Davralar oralig'ida tarkibimizni bir qator istedodli yoshlar bilan to'ldirdik. Jamoaga taklif etilgan futbolchilar esa ikkinchi davraning ildk uchrashuvida qaysidir manoda o'zlariga bildirilgan ishonchni oqlagandek bo'lishdi. “Qizilqum” ustidan qozonilgan g'alaba fikrimni tasdiqlaydi. Qolgan uchrashuvlarni ham shunday yuqori saviyada o'tkazsak, jamoa oldiga qo'yilgan vazifani uddalashimiz, shubhasiz.


- Ikkinchi davraga hozirlik ishlari va o'tgan sinov-nazorat uchrashuvlari haqida nimalar deya olasiz?
- Bo'lajak o'yinlarga tayyorlarlikni Jizzax viloyatining so'lim go'shalaridan biri Zomin tog' yon bag'irlarida olib bordik. U erda asosiy etibor futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga qaratildi. Toshkentdagi yig'inlar davomida esa “Andijon”, “Dinamo”, “Neftchi” va “Paxtakor” bilan uchrashuvlar o'tkazildi. Andijonliklar va Samarqand viloyati vakillarini bir hil 1:0 hisobida dog'da qoldirdik. “Neftchi”ga qarshi bo'lgan bahsda esa hisob ochilmadi. So'ngra, yana bir o'yinda “Paxtakor”ga 0:2 hisobida imkoniyat boy berildi.

- Yozgi transfer oldi-sotdilari sizning jamoangizda ham yuz bergandir?
- SHunisi quvonarliki safimizda jiddiy o'zgarishlar sodir bo'lmadi. Faqatgina, Suhrob Qobilov “Qo'qon-1912”ga o'tishni maqul ko'rdi.

- Haqiqatdan ham, so'nggi paytlarda Suhrob Qobilov to'g'risida turli mish-mishlar tarqaldi. Yani, Suhrob “Buxoro” bilan o'tgan safar o'yinida mezbonlarga “ko'maklashib” yuborganmish...

- Bu fikrga umuman qo'shilmayman. Bazida jurnalistlarga ham hayron qolasan. Qalam ahli vakillari bunday shov-shuvli xabarlarni qaerdan topishar ekan?! “Buxoro”ga boy berilgan uchrashuvda barcha aybni shogirdlarimga ag'dargan bo'lardim. To'g'ri, Suhrob penalti ura olmadi. Manaman degan Jahon futboli ustalari ham penaltidan gol ura olmaganligiga bir necha bor ko'rganmiz. Agarda, o'sha bahsda shogirdlarim yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanishganda edi, biz yirik hisobda g'alaba qozongan va kerakli uch ochkoni olgan bo'lardik. Yigitlar uch bor darvozabon bilan birga-bir chiqib, raqiblar darvozasiga yo'l topa olishmadi. Yana bir vaziyatda Sanjar Rashidov boshi bilan bo'sh qolgan darvozani ishg'ol eta olmadi. Bunga ham Suhrob aybdor emas-ku, to'g'rimi?! “Sen urmasang, senga urishadi”, deganlaridek, mezbonlarning etakchi yarim himoyachisi Suhrob Nematov chamasi 25 metrlardan darvozamizni ishg'ol etib, “supergol” muallifiga aylandi.

- O'z vaqtida “So'g'diyona”da faoliyat yuritgan Salamat Quttiboevning jamoaga qaytishi haqida gap so'zlar yurgandi.
- SHunday. Ammo “Olmaliq” futbol klubi murabbiylar shtabi unga ruxsat bermabdi.

- Tarkibdan ketganlar bor ekan, yangilarchi?
- Ha. Darvozabon Doniyor Usmonov, shuningdek, Xurshid Muxtorov, Izzat G'aniev, Islom Isoqjonov singari futbolchilar safimizga qo'shilishdi. Yana shuni qo'shimcha qilish kerakki, Xurshid bilan Izzat mavsum oxirida “So'g'diyona”ning to'laqonli azolariga aylanishlari mumkin. Ibrohim Abdullaev esa Jizzax futbol maktabi tarbiyalanuvchisi sanalsa-da, “Paxtakor” futbol akademiyasida kamol topgan. U o'z vaqtida O'zbekiston o'smirlar termasi tarkibida Osiyo chempionligini qo'lga kiritgan. Ibrohim jamoamiz darvozaboni SHirinboy Abdullaevning ukasidir.

- Tarkibga yana yangi o'yinchilar taklif etiladimi?
- Albatta. Milliy chempionatimizdagi transfer oynasi 15 avgust kuni yopiladi. SHuni inobatga olsak, ayni paytda ayrim futbolchilar bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Ikkinchi davra ham juda qiziq kechishi kutilmoqda. “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Neftchi”, “Nasaf” hamda “Bunyodkor” sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishadi. Oliy ligada jon saqlab qolishga harakat qiladigan jamoalar o'rtasidagi kurash ham qizg'in o'tishi bor gap. Sababi, “Qo'qon-1912”, “Dinamo”, “Andijon” jamoalari o'z tarkiblarini bir qator mahoratli futbolchilar evaziga kuchaytirib olishdi. Xullas, muxlislar ikkinchi davrada yanada keskin va murosasiz uchrashuvlarni kuzatishlari, shubhasiz.


- O'z o'yinini topib, mutaxassislar nazariga tushgan Sardor Eminovning kutilmaganda “So'g'diyona”ni tark etishini qanday izohlaysiz?
- U asli surxondaryolik bo'lib, malum muddat Tojikiston chempionatida qatnashgan ekan. O'tgan yili esa uni jamoa safiga qo'shib oldik. Uning xarakatlari menda iliq taasurot qoldirdi. Bu yilgi mavsumoldi yig'inlarda jamoamiz mashg'ulotlarida qatnashayotgan edi. Biroq kutilmaganda u biz bilan xayrlashmay-netmay “Qo'qon-1912”ga o'tibdi. Har qanday holatda ham ertangi kunni o'ylashimiz, ko'z-ko'zga tushishini unutmasligimiz kerak.

- So'nggi paytlarda “So'g'diyona”da futbolchilarning qo'nimsizligi kuzatilyapti.
- Savolingizga tushundim. Futbolchining kelib-ketishi, o'zga jamoaning tanlashi bu ularning o'zlariga bog'liq. Demak, jamoa azosi shuni istabdimi, ixtiyor uning qo'lida. SHartnoma tugagach, o'yinchilar o'zlari uchun qulayroq bo'lgan klubga o'tishni maqul ko'rishadi. Bunday amaliyot Jahon futboli uchun begona emas. Yana bir jihatni yodga olsak: “So'g'diyona”ni tark etgan aksariyat yigitlar o'zlarining yangi klublarida etakchiga aylanishgani quvonarli hol, albatta. Suhrob Berdiev, Ayubxon No'monov, Sardor Eminovlarni nazarda tutyapman. Bu esa qilinayotgan kamtarona mehnatlarimizning mahsuli, deb bilaman. Hozirgi kunda jamoamizning negizini aksariyat mahalliy yoshlar tashkil etadi. Qolaversa, Jasur Hakimov bilan Muzaffar Muzaffarovlar mamlakat olimpiya termasiga qabul qilinishgan.

- Nega tajribali, taniqli futbolchilar jamoaga taklif etilmayapti?
- Viloyat hokimligi va klub mutasaddilari asosiy etiborni mahalliy yoshlarga qaratishgan. Bu borada amalga oshirayotgan ishlarimiz o'z samarasini bermasdan qolmayapti. Mana, Jizzax futbolida kamol topgan Dilmurod Ikromov bugungi kunda jamoamizning asosiy tarkibidan muqim o'rin olgan.

- Bundan ko'rinib turibdiki, “So'g'diyona” ayrim futbolchilar uchun “tramplin” vazifasini o'tamoqda.
- SHunday desak ham bo'ladi. Selekciya ishlarida ham viloyat futbolida kamol topgan yigitlarni jamoaga taklif etyapmiz. Ular o'rtoqlik uchrashuvlarida o'z tajribalarini orttirishmoqda. Bilasiz, O'zbekiston istedodli yoshlarga boy makon sanaladi. SHuni inobatga oladigan bo'lsak, noyob iqtidor sohiblarini nafaqat shahardan, balki, chekka-chekka qishloqlardan ham izlab topsa bo'ladi.  Istedodlarni qidirish uchun murabbiylardan qunt va qatiylik talab etiladi. Biz murabbiylarning asosiy vazifasi esa o'zbek futboli uchun yangi nomlarni kashf etishdan iborat.

- Negadir, so'nggi yillarda milliy chempionatimizda yangi nomlar kashf etilmayapti?
- Buning uchun keng qamrovli mukammal tizim ishlab chiqilishi zarur. Klublar qoshida faoliyat yuritayotgan akademiyalarda yosh futbolchilar qisman bo'lsa-da, jamoalarning o'yin uslubiga moslashgan holda voyaga etishlari lozim. Qolaversa, futbolchilarning yoshini kichiklashtirish ham asosiy muammolardan biri bo'lib qolayotgandi. Yani, bolalar bilan ishlaydigan murabbiylar biror musobaqada g'alaba qozonish uchun shunday “qabih” ishga qo'l urishayotgandi. Har tugul bu borada ishlar biroz oldinga siljiyotgandek. Yosh ukalarimga maslahatlarim - o'z ustilarida tinimsiz ishlashsin, mehnat qilishsin, murabbiylarning barcha ko'rsatmalarini bajarishsin. SHundagina ular o'z oldilariga qo'ygan maqsadlariga erisha olishadi.

- 2012 yildan buyon murabbiylikda o'z omadingizni sinab ko'ryapsiz. Aytingchi, qo'l ostingizda harakat qilgan qaysi futbolchi sizda iliq taassurot qoldirgan?
- Qiziq savol bo'ldi. Menimcha, Ayubxon No'monov, yaxshi yigit. Unda insoniy xislatlarning barchasi mujassamlangan.

- Futbolchilik faoliyatingiz davomida juda ko'plab murabbiylar qo'l ostida maydonga tushgansiz. Ustozlaringizdan kimning ish uslubi maqul kelgan?
- Marhum Pavel Sadirin, shuningdek, Boris Ignatev, Vladimir Salkov, Valeriy Nepomnyashiy, Bahrom Hakimov, Yuriy Sarkisyan, Tachmurod Agamurodovlarni misol qilib ko'rsatishim mumkin. Lekin marhum ustozim Pavel Sadirin va Tachmurod Agamurodovning ish uslubi menga ko'proq yoqqan. Ularning ushbu sohani chuqur o'zlashtirgani, mashg'ulotlarni olib borish jarayoni, o'z ishiga munosabati hamda futbolchilar bilan muomala madaniyati menda iliq taassurot qoldirgan. Kezi kelganda, marhum ustozim Mahmud Rahimov haqida ham alohida to'xtalib o'tishim lozim. Mahmud aka tashkilotchilik borasida tengi yo'q inson edi... Bilasizmi, jamoa murabbiylar shtabida hamfikr mutaxassislar o'rin olishi shart. Qachonki, fikr bir joydan chiqsa, shunda ishingizda oldinga siljish kuzatiladi.

- Sizga kimlar ko'mak bermoqda?
- Akam Diyor Fayziev va Ruslan Ahmedov. “So'g'diyona”ning yoshlar tarkibi bilan esa Anvar Almatov ishlayapti.

- Moskvaning CSKA klubiga sizni kim tavsiya qilgandi?
- Marhum Pavel Sadirin.

- Sobiq armiyachilardagi do'stlaringiz bilan hali ham aloqalaringiz bormi?
- Albatta. Semak va Varlamov bilan hozirgacha gaplashib turamiz.


- Birinchi davra yakunida “So'g'diyona” o'z stadioniga ega bo'ldi.
- SHukrlar aytaman. Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda milliy futbolimiz infrotuzilmasini yanada yaxshilash bo'yicha diqqatga sazovor ishlar olib borilyapti. Joylarda zamonaviy o'yingohlar bunyod etilmoqda. Toshkent, Farg'ona, Namangan, Bekobod, Olmaliq shaharlarida bugungi kun talabiga to'liq javob beradigan stadionlar qurib foydalanishga topshirilayotgani quvonarli hol, albatta. CHunonchi, viloyat hokimligi va masul mutasaddilari say-harakatlari bilan Jizzax shahriga ko'rk bag'ishlaydigan muhtasham yangi o'yingohga ega bo'ldik. Barcha ovoragarchiliklar va sarson-sargardonliklarga chek qo'yildi. Endilikda, Zomin va Yangier shaharlariga bormaymiz. Yangi stadionimizda barcha qulayliklar yaratilgan. Ko'rgan kishining havasi keladi. Eng asosiysi, bundan mahalliy muxlislar mamnun bo'lishdi. Jizzaxda esa millionlar o'yinini juda sevishadi. Ushbu stadionda o'tkazilgan uchchala uchrashuvda ham o'n mingga yaqin mahalliy ishqibozlar tashrif buyurishdi.

- Birinchi davrada “Bunyodkor” va “Mashal”ning mag'lub etilishi kutilmagan hol, desak bo'ladimi?
- Yo'q, aksincha. Ikkala uchrashuvda ham yigitlar bor mahoratlarini ishga solib, o'zlarining chiroyli o'yinlari bilan jizzaxlik ishqibozlarni xursand qilishdi.


- Bir so'z bilan aytganda, shogirdlaringizning birinchi davradagi ishtirokidan ko'nglingiz to'ldimi?
- Deyarli, ha. Yuqorida qayd qilganimdek, bir qator etakchilarimiz jamoani tark etishgach, mavsum arafasida yangi jamoani shakllantirishga majbur bo'ldik. SHu sabab, avvaliga yigitlarga o'yin amaliyoti etishmadi. O'yindan-o'yinga ularning mahorati oshib bordi. Kerakli tajribani ham to'plashdi. Bugungi yigitlar bir ikki yil oralig'ida o'z so'zlarini aytishlariga ishonchim komil.

- Barcha futbolchilar “Futbol-Med” tibbiy ko'rigidan o'tib bo'lishdimi?
- Ha. Futbolchilarning shifokorlar nazoratida turishi juda muhim hisoblanadi. Besh barmog'imiz barobar emasku, to'g'rimi?! Futbol maydonida esa har qanday holatlar sodir bo'lishi mumkin. SHifokorlar nazorati esa ayrim kutilmagan kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

- Ayni paytda jamoaning moliyaviy imkoniyati qanday darajada?
- Bu borada Jizzax viloyati hokimligi yuzaga kelgan barcha muammolarni bartaraf etishda baholi qudrat yordam bermoqda.

- Ayni damda, “So'g'diyona” jadvalning kuchlilar safida “jon saqlab qolish” uchun kurash olib bormoqda. Inqirozdan chiqib keta olasizlarmi?
- Vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirishga harakat qilamiz. Agarda musobaqa reglamentiga nazar tashlaydigan bo'lsak, mavsum yakuniga ko'ra, milliy chempionat jadvalida oxirgi o'rinni egallagan jamoa oliy liga bilan xayrlashadi. 15-qatordan joy olgan yana bir jamoa birinchi ligada ikkinchi pog'onani egallagan jamoa bilan o'tish turnirida qatnashadi. SHunday ekan, biz ligani tark etishni hayolimizga ham keltirayotganimiz yo'q.


Nematjon AHMEDOV. “O'zbekiston futboli” gazetasi

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика