So’nggi yangiliklar

03:00Евро-2024 1/8 финал. Германия - Дания 2:0, "VAR" учта голни бекор қилди  0 02:20Евро-2024. Чорак финал йўлида чақмоқ ҳам Германияни тўхтата олмади!  40 01:38Расман: "Марсель" Де Зерби билан 3 йиллик шартнома имзолади  1 01:03Ламин Ямаль 250 миллион еврога сотилиши мумкин?!  5 00:45Евро-2024 1/8 финал. Швейцария - Италия 2:0, Спаллетти ҳам, Скамакка ҳам хеч нарса қила олишмади.  0 00:24Гол ва ассист қайд этган Варгас Швейцария – Италия баҳсининг энг яхши ўйинчиси деб топилди  0 23:24ҚПЛ. "Қайрат" "Астана" устидан иродали ғалабага эришди, Йўлдошев эса...  2 23:16ҚПЛ. "Ордабаси" камбэк қайд этди ва турнир жадвалида якка пешқадамга айланди. Яхшибоевдан гол!  0 22:53Евро-2024. Швейцария амалдаги чемпионни мағлуб этиб, дастлабки чорак финалчига айланди  61 22:41"Бетис" "Бавария" собиқ футболчисини харид қилди  0 22:08МЮ "Бавария" футболчиси билан музокараларни бошлади  1 21:41"Барселона" 23 ёшли футболчисини текинга қўйиб юборди  0 21:11"Интер" ва "Манчестер Сити" собиқ ҳужумчиси Саудия лигасига йўл олиши мумкин  1 20:31Карвахаль: "Реал"дан сўнг ҳеч бир Европа клубига ўтмасликка кафолат бераман"  13 19:42Уилсон Раж Перумал: "Эрон ва Ўзбекистон терма жамоалари мундиалга йўл олишади. Иордания Ироқдан кучлироқ. Саудия эса плей-офф орқали ЖЧга йўл олади  6

Davron Fayziev: “Ayrim futbolchilar hozirdan birga ishlash taklifi bilan chiqmoqda” Yangiliklar

Davron Fayziev: “Ayrim futbolchilar hozirdan birga ishlash taklifi bilan chiqmoqda”

“So'g'diyona” jamoasidagi samarali faoliyati orqali muxlislarda iliq taassurot qoldirgan Davron Fayziev Jizzaxda kamtarona sharoitlar evaziga kurashchan jamoa shakllantira olgandi.

Ammo shunga qaramay, murabbiy keyinchalik istefoga chiqdi va malum muddat majburiy tatilda bo'ldi. Yaqinda Davron Oripovichga Samarqandning “Dinamo” jamoasidan chorlov bo'ldi.

Murabbiylik ishini sog'inib qolgan Fayziev sobiq jamoasidan tushgan taklifga labbay deya javob berdi. Ishqibozlar yaxshi eslashsa kerak, Fayziev ilgari futbolchi sifatida “Dinamo” sharafini himoya qilgan. Endilikda esa u murabbiy bo'lib “Dinamo”ni boshqarmoqda. Tarkibida etarlicha ijrochilar bo'lishiga qaramay, samarqandliklarning bu yilgi ishtiroki hozircha iliq taassurot qoldirayotgani yo'q. Mavsumga Ilhom SHaripov va Uchqun Qobilov boshchiligida tayyorgarlik ko'rgan, “Dinamo” hozircha g'alaba nimaligini bilmay kelmoqda. SHu bois yangi bosh murabbiy Davron Fayziev davralar oralig'ida selekciya ishlariga katta urg'u berishini takidlamoqda. Kuni-kecha “Dinamo” Andijonga safar uyushtirib, 3:1 hisobida mag'lub bo'ldi. SHunga qaramay, samarqandliklar ustozi taklifimizni rad etmasdan, savollarimizga javob qaytardi. O'z navbatida biz ham Fayzievga yangi jamoasidagi faoliyatida omad tilab qolamiz.

- Avvalo xalqimizni yaqinda kirib kelgan Ro'zai-Ramazon oyi munosabati bilan tabriklayman. Hammalariga kuch-quvvat, sog'liq-salomatlik tilayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo bo'lsin. Har bir xonadonda yaxshilik va ezgu tilaklar amalga oshishiga tilakdoshman – deya gap boshladi Davron Oripovich.
   
- Bugun mana o'zingiz guvohi bo'ldingiz, Superligaga chiqishni maqsad qilgan ikki jamoa – “Andijon” va “Dinamo” o'zaro kuch sinashdi. Bundan to'rt kun avval ushbu jamoalar Samarqandda ham to'qnash kelgandi. O'shanda g'alabaga ko'proq, jamoam munosibroq edi degan fikrdaman. Bugungi o'yinda esa “Andijon” birinchi raqamli jamoaga aylandi. Ular xarakter ko'rsata oldi va haqiqatdan ham Superligaga chiqishga munosib ekanligini amalda isbotladi. Samarqandda ham bu raqibimiz yomon taassurot qoldirmagan edi. Lekin o'yinni borishi bo'yicha shu kuni biz uch ochkoni qo'lga kiritishga xaqliroq edik. Tan olish kerak, bugun andijonliklar uchrashuvda to'liq ustunlikka erishdi va o'z muxlislarini quvontirdi. Birinchi bo'lim va ikkinchi bo'limning dastlabki 20 daqiqasida ko'rsatgan o'yinimizdan ochig'i o'zim uyaldim. “Dinamo” uchun omadsizlik vaqtinchalik xolat va kelgusida hammasi yaxshi bo'lishiga ishonaman.

- Bugun jamoamiz tarkibiga nazar tashlagan bo'lsangiz, deyarli  barchasi samarqandliklar hisoblanadi. Nima uchun aynan mahalliy futbolchilarni maydonga tushirdim. CHunki, mahalliy futbolchi har qanday xaolatda ham eng avvalo tug'ilib o'sgan viloyatining shani va uning yuzi uchun ham ikki hissa kuch bilan o'ynashi kerak. Hozircha samarqandlik futbolchilardan bunday ishtiyoqni ko'rmayapman. Bugungi bahsda faqatgina Jasur Azimov bilan Jasur Ashurovning xarakatlari boshqarlarga nisbatan menda iliq tassurot qoldirdi. Etibor bergan bo'lsangiz, uchrashuvning so'nggi 25-daqiqasida “Dinamo”da biroz ishtiyoq paydo bo'ldi. Agarda o'yinning boshidanoq shunday saviyada xarakat qilganimizda bugun ijobiy natija bilan qaytishimiz ham hech gap emasdi. Ishlashda davom etamiz. Yigitlarga kamchiliklarini tushuntiramiz. Hozir hamma jamoada muammo bor. Lekin futbolchi o'zi xohlab shu kasbni tanladimi, o'z ishiga sidqidildan yondoshishi shart. Viloyat shani, klub yuzi uchun o'ynashi kerak. “Dinamo” degan nomni xurmat qilishi lozim. Afsuski hozir buni futbolchilarda ko'rmayapman.


 
- To'g'risi, hozir mavsum avvalida murabbiylar tomonidan yo'l qo'yilgan xatolarni aytib, o'zimni oqlash niyatim yo'q. CHempionat boshlangan paytda jamoani qabul qildim. Hozircha ixtiyorimdagi futbolchilarning xizmatidan foydalanishga majburman. To'g'risi, yigitlarda g'alaba qozonishga bo'lgan ishtiyoq va xohishni ko'rmayapman.Negadir ular hotirjam yuirishibdi. SHuningdek ular futboldagi xarakterini ham namoyish eta olishmayapti. Hozir ham menga juda ko'pchilik savol bermoqda – “Sizning jamoangiz har doim hujumkor va mazmunli o'yin ko'rsatib kelgan. “Dinamo”da esa hozircha shuni ko'rmayapmiz”deb. To'g'risi, o'zim ham hozirgi o'yinimizdan uyalyapman. Agarda imkoni bo'lib, yil boshidan ish boshlaganimda umuman boshqacha o'yinni tashkil etardik. Endi hozir bor imkoniyatdan maksimal darajada foydalanib turishga majburmiz.

- Jamoani jaroxatlar ham qiynab kelmoqda. Besh nafar futbolchimiz jaroxatga yo'liqib, safdan chiqqan. Ayniqsa ikkita markaziy himoyachimiz – Grigorev bilan Isroilov biz uchun jiddiy yo'qotish bo'lib turibdi. Afsuski ularning oyog'i singan va 3-4 oy muddatga safdan chiqdi. Endi ularni davolatib, yana oyoqqa turishini kutib turgani bizda vaqt yo'q. Superligada shunday qilsa bo'ladi. PRO-Ligada esa o'yinchilarni ro'yxatdan o'tkazish biroz kamroqni tashkil etadi. SHu bois Grigorev va Isroilovning o'rniga yozda boshqa himoyachi olishim kerak.

- Keyingi uchrashuvlarda ham asosan samarqandlik futbolchilarning xizmatidan foydalanish axdidan qaytmayman. CHunki bilasizmi, xalqimizda to'y va taziya marosimlari bor. Demoqchimanki, ertaga mahalliy futbolchi ko'chaga chiqsa undan muxlislar “Dinamo”ning qoniqarsiz ishtiroki haqida so'raydi. Zora, ular uyalganidan ham viloyat shani uchun xarakat qilsa. SHaxsan men hozir Samarqandda ko'chaga chiqishga uyalyapman. Nimaga? CHunki hamon chempionatda g'alaba qozona olmayapmiz. Yigitlarda ishtiyoq uyg'onmayapti. Ulardan ham shunaqa uyalish va masuliyatni xis etishini xohlardim.

- Oldin ham aytganman, “Dinamo” uchun qadrdon klub. Ilgari bu erda futbolchi sifatida o'ynaganman. Dunyoga tanilishimda bu jamoaning o'rni beqiyos. Negaki, ilgari Samarqandda o'ynab Rossiya klublarining nazariga tushganman. SHuning uchun doim “Dinamo”ga xurmat bilan qaraganman.  

- Vaziyatga real baho beradigan bo'lsak, tan olib aytaman, 1-o'rinni egallab, Superligaga to'g'ridan-to'g'ri yo'l olish imkoniyati “Dinamo”da keskin pasayib ketdi. Endi biz nazariy jihatdan 2-3-o'rin uchun kurashsak maqsadga muvofiq bo'ladi. Lekin oldimizda yana 3-4-davra o'yinlari turganini ham unutmaslik kerak. Transfer oynasida tarkibimizni o'zimiz istaganchalik kuchaytirib olsak, balki bo'lajak bahslarni muvaffaqiyatli yakunlab, asosiy takibchilardan o'tib ketishimiz ham mumkin. Misol uchun 1-o'ringa asosiy davogar sifatida etirof etilayotgan “Mashal”, “Andijon” hamda “Surxon” bilan yana ikkitadan o'ynaymiz. Ushbu bahslarni o'z foydamizga hal etsak, o'ylaymanki ishlarimiz yanada yurishib ketadi. Bu – futbol. Unda hamma narsa bo'lishi mumkin.
 
- Yaqinda bir hamkasbingiz savol berdi – nimaga aynan “Dinamo”ni tanladingiz deya. To'g'risi, menga boshqa klublardan ham takliflar bo'ldi. Xususan Superliga jamoalaridan. Lekin ularning ko'pchiligi bosh murabbiy sifatida emas, katta murabbiy va maslahatchi sifatida ishlash taklifi bilan chiqdi. Menimcha har bir murabbiy o'zi istaganidek ishlashni va futboldagi g'oyalarini to'liq amalga oshiririshni xohlaydi. SHu bois Samarqanddan tushgan taklifni qabul qilib, yaxshi niyatlar bilan jamoaga bosh murabbiy sifatida keldim. Bilsangiz ilgari, “So'g'diyona”ni quyi ligadan elitaga olib chiqib, kuchlilar safida ham har yili o'z o'rnimizni saqlab kelganmiz. Maqtanishga yo'ymang-u, o'sha paytda yo'qdan bor qilganmiz. Jamoaviy o'yin yaxshi yo'lga qo'yilgan edi. Ko'plab futbolchilar uchun “So'g'diyona” o'ziga xos “tramplin” vazifasini o'tab bergan. Nasib qilsa “Dinamo”da ham ana shunday jamoa tuzamiz. Men bunga ishonaman. Faqat bunga biroz vaqt kerak. Har qanday murabbiy olti oy yoki bir yilda kurashchan jamoa tuzishga qiynaladi. Boz ustiga hozir PRO-Ligada o'yinlar har to'rt kunda bir o'tkazilmoqda. Jamoa bilan ko'ngildagidek mashg'ulot o'tkazib, ularga bir nimani tushuntirishga kam fursat bo'lmoqda. Mana bugun o'yin o'tkazdik, ortga taksida qaytamiz. Ertaga bazaga kechki paytga borib, tiklanish mashg'uloti bo'ladi. Ertasiga o'yinoldi mashg'ulot va keyingi kun o'yin bo'ladi. To'g'ri, hozir “Dinamo” chempionatda o'ziga yarashmagan o'rindan joy egallab turibdi. Lekin bu yil va kelasi mavsum ham jamoada ishlab tursam, vada beramanki, muxlislar umuman boshqa “Dinamo”ni ko'radi.

- Yana qaytarib aytaman, “Dinamo”da yil boshida qilingan selekciya jarayoni noto'g'ri olib borilgan. Mana bugun “Andijon”ni ko'rdik. Kishini xavasi keladi. Yigitlar maqsad sari katta ishtiyoq bilan o'ynamoqda. “Dinamo”da ham yomon futbolchilar yig'ilmagan. Bizda ham nomlar bor. Lekin xohish yo'q. Ularga maslahatim, kechagi nomi bilan yurmastan bugungi kuni va ertani o'ylab xarakat qilishsa maqsadga muvofiq bo'lardi.

- G'alabasiz o'yinlardan keyin rahbariyatning menga bo'lgan ishonchi pasayib ketmayaptimi? Yo'q, jamoani qabul qilishdan oldin klub xo'jayinlari bilan hammasini batafsil gaplashib olganmiz. O'shanda kimnidir yomon ko'rsatib, yoki biror-bir futbolchini kamsitishni istamaganman. Jamoaga yordamim kerak ekan, mayli qo'limdan kelganicha jamoani ko'tarishga xarakat qilaman deb aytdim. Yuqoridagi takidlaganimdek, hozircha tarkibda hech qanday o'zgarish qila olmaymiz. O'zim istagan o'yinni ixtiyorimdagi futbolchilar bilan yuzaga chiqarish qiyin kechmoqda. Ularga hozircha faqat kamchiliklarini aytib, imkoniyat berishimiz mumkin xolos. Davralar oralig'ida tarkibda o'zgarishlar qilamiz va bizda jamoaviy o'yinni yo'l qo'yish uchun biroz fursat bo'ladi. Ana shundan so'ng har bir natija uchun javobgarlikni to'liq o'z zimmamga olishga tayyorman. Bu haqda rahbariyatga ham aytib, tushuntirdim.  

- Albatta, davralar oralig'ida tarkibda o'zgarishlar bo'ladi. Bo'lganda ham ijobiy o'zgarishlar amalga oshiriladi. Tarkib nechchi foizga o'zgarishi borasida hozircha aniq ayta olmayman. Lekin menimcha 9ta yangi futbolchi safimizga kelib qo'shilishi haqiqatga yaqinroq. Bor imkoniyatdan unumli foydalanishga xarakat qilamiz. Ilgari “So'g'diyona”ni quyi ligada boshqarganimda, ikkita yosh va bitta tajribali darvozabon bo'lgan. Maydonga tushishi shart bo'lgan ikkita yosh o'yinchining bittasi esa ko'pincha darvozabon bo'lardi. Nimaga, chunki darvozaga yosh o'yinchini qo'yib, bu orqali boshqa chiziqlarni quchaytirib olish imkoni yaratilardi. Buning foydasi katta. “Andijon” bugun shunday taktikani qo'lladi. SHuning uchun ularga oson bo'ldi natijaga erishish.
 
- Davralar oralig'ida tarkibga kimlar qo'shilishi borasida hozircha aniq nomlarni ayta olmayman. CHunki ularni keyin boshqa jamoalar olib ketishi mumkin. Lekin muzokara o'tkazilmoqda. O'zim imkoniyatlarini yaxshi bilgan futbolchilar bilan gaplashib turaman. Bilasizmi qishdayoq ko'p futbolchilar o'zlari aloqaga chiqib, birga ishlash taklifini berardi. Agarda yangi jamoa olsangiz, birga ishlab, hammasini yana boshidan boshlaymiz degan futbolchilar ham bo'lgan. Buning uchun ularga rahmat aytaman. Albatta, bu narsa murabbiy sifatida menga yanada qo'shimcha kuch bag'ishlaydi. CHunki nimadir qilganmiz, ular hozir ham birga ishlashni istayapti. Xudoga shukur, ko'p futbolchilar bilan munosabatlarimiz yaxshi. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, menda ularning hammasini jamoamga olish imkoni yo'q. Superliga klublaridan ham futbolchi olishni o'ylab turibman. Bu ko'proq yozda qaysi futbolchi bo'shashi mumkinligiga ham bog'liq. O'zim istaganim bilan u o'yinchini jamoasi bilan eng kamida mavsum so'nggiga qadar shartnomasi bo'ladi. SHu bois bu borada ham hammasi o'z qo'limizda emas.

- Tan olib aytaman, bizda 1-o'rinni egallab Superligaga to'g'ridan-to'g'ri chiqish imkoniyati deyarli yo'q. Bu intervyuni rahbariyat o'qib, etiroz bildirishi mumkin. Bundan sira cho'chimayman. Hozirdan ochig'ini aytgan maqul. Klubda ishlashni xohlab, yolg'on gapirib, rahbariyatni aldab yurishdan mano yo'q. Futbolni aldab bo'lmaydi. Yo'l qo'yilgan xatoliklar bir tomonlama bo'lmagan. Qars doim ikki qo'ldan chiqadi. Mavsum boshida ayrim sabablarga ko'ra, murabbiylar ham selekciyani yuqori saviyada olib bora olmagan bo'lishi mumkin. Bu narsalarni endi gapirishni foydasi yo'q. Aybdorni qidirsak, vaziyat chigallashib boraveradi. Ertangi kunga umid bilan boqib, bugungi kun bilan yashashimiz kerak. SHundagina biz ruhiy o'radan chiqib keta olamiz.


- SHuni bemalol ayta olamanki, hozirda “Dinamo”da moliyaviy muammolar yo'q. Yaqinda futbolchilarning aprel oyigacha bo'lgan maoshlarini to'liq o'tkazib berganmiz. SHuningdek shartnomada belgilangan ko'tarma pullarini ham olishgan. Andijonga kelishdan oldin shaxsan o'zim rahbariyatni qabuliga kirib, yigitlarni moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlashimiz va bu narsa bo'lajak uchrashuvda bizga asqotishi mumkinligini aytgandim. Ularga rahmat, yo'q demasdan hamma bilan to'liq hisob-kitob qildi. SHunga qaramay futbolchilar o'zini oqlamayapti. Ularga bundan boshqa yana nima kerak?! Ishonchni oqlay olmayotgan futbolchilar ko'p. Hozircha ularning nomlarini aytmay turaman. Sababi keyingi turlarda bu ham zararimizga ishlashi mumkin. Qolaversa jamoadagi ichki muhit buzila boshlaydi. Agarda ularning o'yinida ijobiy tomonga o'zgarish bo'lmasa, davralar oralig'ida xayrlashamiz. SHartnoma imzolab bo'lgach, jamoaga foydasi tegmasdan hotirjam yurishi menga yoqmayapti.    

- Yashirmayman, sobiq jamoam “So'g'diyona”dan ham o'yinchi olishim mumkin. Jizzax mening yurtim va uyim hisoblanadi. U erda bir qancha shogirdlarni etishtirib chiqardik. Biroq ularni meni shogirdim bo'ladi deya “Dinamo”ga olib o'tishim ham noto'g'ri. Ayrim murabbiylar bor, qaysidir jamoada ishlasa o'sha paytda qo'li ostida to'p tepgan futbolchilarni u meni shogirdim deya aytib yuradi. Menda unday xususiyat yo'q. Yozda “So'g'diyona” murabbiylari qaysi futbolchilarga javob berishini bilmayman. Agarda qaysidir futbolchi bo'shasa, gaplashamiz. Talablarimizga mos tushsa, nimaga olmasligim mumkin?!
 
- Yozda murabbiylar shtabida ham o'zgarishlar bo'ladi. Jamoani qabul qilib olayotganimda, hammani bo'shatib, keskin o'zgarish qilib yuborishni istamadim va ichki yig'ilish o'tkazib, hammaga ikki oy sinov muddati berishimni aytganman. Birga ishlab, yaqindan tanishib boramiz. Agarda qarashlarimiz maqul kelsa hamkorlikni davom ettiramiz. Aksincha bo'lsa do'stona ravishda xayrlashiladi.    

- Murabbiy sifatida yangi-yangi iqtidorlarni kashf etib, ularni terma jamoalarimizga etkazib berish asosiy niyatim hisoblanadi. Aslida ham murabbiyning ishi shunda bilinadi. Xudoga shukur, ota-onam, oilam, uyim-joyim, mashinam bor. Futbolchilik davrimda ozmi-ko'pmi mablag' ishlab topganman. Endi murabbiy sifatida ham o'zimni ko'rsatishni istayman. Men uchun pul birinchi o'rinda turmaydi. Ayrim murabbiylar singari avval o'zimning talab va sharoitlarimni qildirib olishni o'ylamayman. “Dinamo”ga kelishdan oldin ham rahbariyat bilan uchrashib shuni tushuntirdim. SHartnoma imzolayotganimizda moliyaviy masalalar bo'yicha hech qanday muammoga duch kelmadik. Maqsad – murabbiy sifatida ishlab, o'zimni ko'rsatish. SHunday ekan qolgani keyingi darajali hisoblanadi. Mexnatimizga yarasha rag'batlantirishsa shuni o'zi kifoya.  

- PRO-Liga haqida nima desa bo'ladi? Quyi ligada ishlaganimga ham ancha bo'lgandi. SHu bois bu erda ko'p narsa yodimdan chiqib ketgan ekan. Saviya avvalgilarga nisbatan sezilarli ravishda oshgan. Misol uchun “Andijon”ni oladigan bo'lsak, tarkibida 70-80 foiz Superliga darajasidagi o'yinchilar o'rin olgan. Boshqa jamoalarda ham taniqli nomlar ko'p. O'yinlar qiziq o'tmoqda. O'ylaymanki “B” guruhidagi jamoalarning kuchi “A” guruhidagi jamoalarga etadi. Faqat “B” guruhi qatnashchilarida Superligaga chiqish vazifasi yo'q. Farqi shunda. Hozirdan ko'pchilik Superligaga to'g'ridan-to'g'ri “Mashal”, “Andijon” va “Surxon” jamoalari chiqishini tahmin qilmoqda. Lekin hammasi kuzga borganda aniq bo'ladi. Negaki bizni 3-4-davra bahslari ham kutib turganini unutmaslik kerak. Jiddiy o'zgarishlar bo'lib ketishi ham hech gap emas.

- Qishda Toshkentda bo'lib, murabbiylik kurslarida o'qib yurganimda “Mashal”, “Andijon”, “Dinamo” va “Surxon” kabi jamoalarning o'yinini ko'rib, xulosa qilgandim. SHunda menga ko'proq muborakliklarning o'yini yoqqan. Ularda jamoaviy o'yin yaxshi shakllanganligi va buning ustida murabbiy ishlayotganini ko'rish mumkin edi. “Dinamo”ni ham o'yini menga yoqqandi. Afsuski hozir buning aksi bo'lib chiqmoqda. “Andijon”ning o'sha paytdagi tarkibi hozirgisidan farq qiladi. “Surxon”ga keladigan bo'lsak, ular bilan o'ynadik. “Surxon”da ham nomlar bor. Lekin jamoaviy o'yin hozircha shakllanmagan. Natija uchun kurashayotgani bilinib turibdi. Termizda yangitdan jamoa barpo etilganini ham unutmaslik lozim. 1-o'ringa asosiy davogar sifatida “Mashal”ni ko'ryapman.

Islombek Rustambekov suhbatlashdi.

Reyting: +22   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика