Dalich va Skaloniga o'tmishdagi yulduzlar yordam berishmoqda: Olich, Manjukich, Aymar va boshqalar. Ularning rollari qanday?
13 dek 2022 19:25
Yangiliklar
Dalich va Skaloniga o'tmishdagi yulduzlar yordam berishmoqda: Olich, Manjukich, Aymar va boshqalar. Ularning rollari qanday?
Bugun Xorvatiya va Argentina terma jamoalari JCH-2022 ilk yarim finalida uchrashishadi. Jamoalarni ularning murabbiylar shtabida futbolchilik faoliyatidan eslaydigan o'yinchilarimiz borligi birlashtiradi.
Zlatko Dalich va Lionel Skaloniga milliy jamoada sobiq yulduzlardan kim yordam beradi?
Xorvatiya: Olich va Yerkan futbolchilarni kuzatadi, CHorluka, Manjukich va Ladich tajribasi bilan bo'lishadi
Dalichning murabbiylar shtabida turli davrlar va poziciyalarning vakillarini ishlashadi. Xorvat mediasi buning eng katta ustunligi muammolarga turli rakursdan qarash imkoniyati va muhokama oldidan turli xil fikrlarni olish deya qayd etdi. Dalichning shtabiga so'nggi bo'lib "Bavariya", "Atletiko" va "Yuventus" sobiq hujumchisi Mario Manjukich kelib qo'shildi.
Xorvatiya futbol federaciyasi prezidenti Mariyan Kustich Manjukich yoshroq avloddagilarga tajriba beradi va futbolchilar uchun motivaciya bo'ladi deb aytdi: "Uning klub va terma jamoadagi futbolchi sifatidagi tajribasi har qanday yosh o'yinchi uchun ajoyib namuna. Uning boshqalar bilan tajribasini muvaffaqiyatli tarzda bo'lishishiga shubha qilmayman. U futbolchi sifatida jangovar ruh, og'ir mehnat, g'alabaga istak va xarakterni aks ettiradi va men bu sifatlarni Xorvatiya terma jamoasi murabbiyi sifatida ulashishidan g'ururlanaman".
Buni Bruno Petkovich ham qayd etdi: Braziliya termasiga urilgan goldan so'ng buni Manjukichning maslahati yordamida qilganini aytdi.
Sobiq hujumchi Ivica Olich esa murabbiylar shtabida skaut funkciyasini bajaradi: Dalich chaqirishni xohlaydigan futbolchilarni tribunadan kuzatadi. Olich terma jamoadaga 2017 yilning oktbyabrida Zlatkoning taklifiga ko'ra keldi. Bosh murabbiy "Olich o'z ishini alo darajada biladi, u klub va terma bilan futboldagi barchasini boshdan kechirgan. Uning ruhi, optimizm va ishga bo'lgan masuliyatli munosabati terma jamoaning kiyinish xonasida juda qo'l keladi" deb qo'shimcha qildi.
Dalichning so'zlariga ko'ra, sobiq himoyachi Vedran CHorluka terma jamoadagi tajribasiga asosan biror bir masala bo'yicha qo'shimcha rakurs beradi: "Verdan menga bazi narsalarni o'zi o'ylagandek etkazishini xohlayman. Sifatli maslahat, tanqidlar yoki men ko'rmagan qandaydir jihatlarni ko'rsatishini kutaman".
Eski maktabdan sobiq darvozabon Drajen Ladichni ajratib ko'rsatish mumkin. U Evro-1996 va JCH-1998da Xorvatiya terma jamoasi darvozaboni bo'lgan. U 2006 yildan 2011 yilgacha Xorvatiyaning 21 yoshgacha bo'lgan termasida bosh murabbiy bo'lgan, so'ngra "Al Hilol"ning yoshlar jamoasini boshqargan, "Al Ayn"da darvozabonlar bilan ishlagan va 2017 yildan beri shu ishni Xorvatiya terma jamoasida qilib keladi.
Ladich anchadan beri Dalich bilan do'st va aynan u Xorvatiya U-21dan istefoga chiqarilgani paytdagi janjalda (Ladich avtomashina sug'urta polisini soxtalashtirganda qo'lga tushgan) Drajenning yonini olgan. 2017 yilning oktyabrida Zlatkoni terma jamoa bosh murabbiyi sifatida tasdiqlashdi va u bir necha oy o'tib Ladichni yoniga chorladi: Drajen milliy jamoaga rasman 2018 yilning martida qo'shildi va terma jamoa futbolchilari bilan tajribasini bo'lishadi.
Xorvatiyalik sobiq himoyachi Nikola Yerkan ham ishlamoqda: u milliy jamoa uchun futbolchilarni ko'rib chiqadi. Jamoa ichida uni detallarni sezish va tahlil qilish qobiliyati uchun maqtashadi.
Dalichning murabbiylar shtabida unchalik mashhur bo'lmagan yordamchilar ham bor: masalan, darvozabonlar murabbiyi Maryan Mrmich va bosh tahlilchi, shotlandiyalik Mark Rochon.
Argentina: Aymar va Samuel ishni yoshlar jamoasi bilan birlashtiradi, Ayyala esa terma jamoa uchun o'yinchilar bilan gaplashadi
Lionel Skaloining murabbiylar shtabidagi asosiy (Messi uchun asosiy) figuralardan biri Leoning kumiri bo'lmish Pablo Aymar. U ikkita ishda faoliyat yuritadi: Aymar Skaloniga yordam berishdan tashqari Argentinaning 17 yoshgacha bo'lgan termasini shug'ullantiradi.
Skalonining yana bir yulduz yordamchilaridan biri terma jamoa sobiq himoyachisi Valter Samuel. U Aymar bilan parallel ravishda 17 yoshgacha bo'lgan Argentina terma jamoasida ishlaydi.
Samuel o'zining kattalar terma jamoasi murabbiylar shtabidagi rolini quyidagicha tavsifladi: "Biz o'zaro vazifalarni bo'lib olamiz, ammo yakuniy qarorni doim Skaloni qabul qiladi. Biz himoyachilarga yordam beramiz va Lionel so'ragan payt o'z fikrimizni aytamiz. Biz himoyachilarga qanday qilib ishonchli o'ynash kerakligini aytamiz, ammo asosiy maqsad – Skaloniga yordam berish. Terma jamoaga aynan u bizni tanlagani uchun kelganmiz".
Murabbiylar shtabiga 2019 yilda Skaloni va Argentina futbol federaciyasi prezidenti Klaudio Tapianing taklifi bilan afsonaviy himoyachi Roberto Ayyala keldi. Uning asosiy funkciyasi – futbolchilarni kuzatish va ular bilan gaplashish.
"Skaloni bizga erkin gapirishga imkon beradi, bunday ishlash osonroq va murabbiy sifatida o'sishimizga imkon beradi", – deydi Ayyala.
Skalonining murabbiylar shtabida shuningdek darvozabonlar murabbiyi Martin Tokalya, fizioterapevtlar Rodrigo Barrios va Luis Martin, shuningdek videotahlilchi Matias Manna ishlaydi.
Alisher Ostonov tarjimasi
Fikrlar