So’nggi yangiliklar

00:32Расман: "Милан" Павлович трансферини эълон қилди  1 00:01"Атлетико" "Барселона" ҳимоячисини сотиб олмоқчи  0 23:31ЕЧЛнинг янги формати тасдиқланди: анъавий гуруҳ босқичи ўтмишга айланди, қуръани махсус компьютер ўтказади  9 22:30Аёллар футболи афсонаси Марта ўзининг Олимпиададаги катта эҳтимол билан сўнгги ўйинида қизил карточка олди  1 21:43Расман: АПЛ "Манчестер Сити"ни жаримага тортди  2 21:18Килиан Мбаппе ўзи ўйнаган клубни расман сотиб олди  2 20:49Юрген Клопп қачон мураббийликка қайтиши ҳақидаги саволга жавоб қайтарди  3 20:25Расман: "Насаф" сербиялик вингер трансферини эълон қилди  8 19:46Суперлигада тоза ўйин вақти ошди  6 19:20"Боруссия" "Манчестер Сити" футболчисини сотиб олади  0 18:43Расман: U-20 Осиё кубогида чемпион бўлган футболчимиз легионерга айланди  8 18:18Флик "Барса" ҳақида: "Манчестер Сити"дек иш тутмоқчимиз"  0 17:41"Барселона" Европа чемпионининг трансфери устида ишлашни бошлади  3 16:53"Пахтакор" фахрийлари 11 август куни Минскда "Динамо"га қарши ўйнайди  8 16:11Ўзбекистон терма жамоаси амалдаги Жаҳон чемпионига қарши ўйнайди  9

"Bunyodkor" o'zbek futboliga kerak! Yangiliklar

"Bunyodkor" o'zbek futboliga kerak!

O'zbekistonning besh karra chempioni, to'rt marta O'zbekiston Kubogi hamda bir bor Superkubok sohibi “Bunyodkor” shu kunlarda nihoyatda qiyin davrni boshdan kechiryapti.

Klubni o'tgan yildan beri moliyaviy muammolar qiynayotgani bor gap. Albatta, mablag' tomonlama qiynalib qolgan hozir faqat “Bunyodkor” emas, Superliganing uch-to'rtta jamoasini hisobga olmaganda bunday muammo har bir jamoa boshini og'ritib yuboryapti. Lekin "Bunyodkor"ni yanada tashvishga solayotgan narsa klub o'z faoliyatini tugatishi mumkinligi. 

Yani oddiy qilib aytganda, “Bunyodkor” yo'q bo'lib ketishi mumkin. Bu shunchaki mish-mish emas, balki tobora haqiqat sari tus olib borayotgan gap.

Avvaliga “Quruvchi”, keyinchalik “Bunyodkor” nomi bilan faoliyat yurita boshlagan klub shu paytga qadar turli vaziyatlarni boshdan kechirdi. Jamoa faoliyatida cho'qqili onlar bilan birga pastga sho'ng'ishlar ham kuzatildi. 2007 yil o'zbek futbolida birinchi marta “Quruvchi” oliy ligada o'ynaganini bir esga oling-a. Qanday zo'r davrlar edi!

O'shanda “Quruvchi” oliy ligadagi ilk mavsumidayoq ikkinchi o'rinni egallagan, shuningdek Kubok finalida “Paxtakor” bilan “loy jangi”da ishtirok etib penaltilar seriyasiga ko'ra mag'lub bo'lgandi.

2008 yilning ikkinchi yarmiga kelib jamoa nomi o'zgardi: “Quruvchi” endilikda “Bunyodkor” bo'lib faoliyat yurita boshladi. Jamoa yangi nom bilan o'zbek futboli dovrig'ini ko'tarishda davom etdi. Jamoa safida bir nechta taniqli yulduzlar bilan birga nomdor murabbiylar ishlab ketdi.

Bir so'z bilan aytganda, o'tgan 12 yil mobaynida “Bunyodkor” o'zbek futboliga nimadir bera oldi va endilikda bu klubning tugatilishi juda achinarli holdir. Keling, yaxshisi quyida yilma yil “Bunyodkor” amalga oshirgan ishlar, erishgan yutuqlari hamda qo'lga kiritgan natijalarini eslab o'tamiz. Zora bu ham yaqin o'tmishni maroq bilan eslashga sabab bo'lsa.


2007 yil. O'zbekiston chempionatida 2-o'rin 

2007 yil oliy ligada yangi jamoa paydo bo'ldi. Nomi - “Quruvchi”. Quloqqa g'alati eshitiladi, to'g'rimi? Ko'pchilik hayron edi: “Quruvchi” nima qilib berar ekan? O'sha yillari “Paxtakor” oliy ligada yakka hokimlik qilar, “Neftchi”ning taxtni topshirganiga besh-olti yilcha bo'lib qolgandi. “Neftchi”ning oxirgi marta chempion bo'lgani 2001 yilga to'g'ri keladi va shundan beri farg'onaliklar bosh sovrinni qo'lga kirita olmay kelishmoqda.

2002 yildan o'zbek futbolida yangi davr boshlandi: “Paxtakor” davri va bu davr to “Bunyodkor” chiqquniga qadar davom etdi. 2002-2007 yillar oralig'ida qatorasiga olti marta faqat “Paxtakor” chempion bo'ldi. Odamlar bu jamoaning har yili chempion bo'lishiga allaqachon ko'nikib, natijada milliy chempionat zerikarli tusga kelib qolgandi. Negaki chempionga qarshilik ko'rsatadigan jamoaning o'zi yo'q edi. Mana shunday zerikarli damlar davom etayotgan bir paytda xuddi g'ira-shira osmonda chaqnagan chaqmoq yanglig' “Quruvchi” paydo bo'ldi. “Quruvchi” oliy ligadagi ilk mavsumidayoq chempion bo'la olmadi, ammo “Paxtakor”ga ancha qarshilik ko'rsatdi deb bemalol ayta olamiz. Jamoa yakunda ikkinchi o'rinni egalladi. 

“Quruvchi” o'shanda o'z tarkibini asosan mamlakatdan chetda o'ynayotgan tajribali futbolchilar bilan to'ldirib olgandi. Birinchi bo'lib yurtga qaytganlardan Sergey Lushan bo'ldi va unga jamoaning sardorlik bog'ichi topshirildi. SHuningdek, Vladimir SHishelov ham qaytib keldi. Jamoa o'z safiga Gochguli Gochgulievdek metin himoyachini qo'shib oldi. Yakunda “Quruvchi” 71 ochko bilan ikkinchi bo'ldi va chempion “Paxtakor”dan 11 ochko ortda qoldi.

O'zbekiston Kubogida finalga qadar etib borib, bunda ham “Paxtakor”ga mag'lub bo'ldi. Avvalgi MHSK stadionida bo'lib o'tgan “loy jangi” nomi bilan yodda qolgan final hozir ham ko'pchilikning esida bo'lsa kerak. “Quruvchi” endi oliy ligada o'ynay boshlagan mahal jamoa bosh murabbiyi Hikmat Ergashev edi. CHempionat oxirlariga kelib Mirjalol Qosimov bosh murabbiy sifatida elon qilinadi. Kubok finalida futbolchilar aynan Qosimov qo'l ostida maydonga tushgan. 

“Quruvchi” tarkibida o'sha yili kimlar o'ynagan?  2007 yil O'zbekiston oliy ligasida kamida 10ta va undan ko'p o'yinda maydonga tushgan futbolchilarni keltirib o'tamiz. Demak, Aleksandr Xvostunov, Jasur Hasanov, Rashid G'ofurov, Viktor Karpenko, SHavkat Salomov, Baxtiyor Ashurmatov, Pavel Bugalo, Sergey Lushan, Yanis Mandzukas, Abdumajid Toirov, Patrik Agbo, Timur Yafarov, Vladimir SHishelov, Ilhom Mo'minjonov, Gochguli Gochguliev, Vyacheslav Ponomaryov, Vitaliy Alekperov, Erkin Boydullaev. Jamoaning oliy ligadagi eng yaxshi to'purarlari: Ilhom Mo'minjonov (16 gol), Viktor Karpenko (9), SHavkat Salomov (8), Rashid G'ofurov (6). 


2008 yil. Tarixda ilk bor “oltin dubl” 

2008 yil “Quruvchi” katta ishtiyoq bilan navbatdagi mavsumga tayyorgarlik ko'ra boshladi. Jamoa o'z safiga “Paxtakor”dan Server Jeparovni qo'shib oladi va bu xarid shov-shuvga sabab bo'ladi. Jeparov o'zining dastlabki mavsumidayoq yangi jamoasida 19ta gol urishga muvaffaq bo'ladi. Bu ham ajoyib ko'rsatkich edi. Bundan tashqari, ikkinchi davra boshlangach klub mashhur Rivaldo bilan shartnoma tuzadi. “Quruvchi” oliy ligadagi o'zining ikkinchi mavsumini Mirjalol Qosimov boshchiligida boshlaydi va uning bosh murabbiyligi 24 sentyabrga qadar davom etadi. 

26 sentyabr kuni klub yangi bosh murabbiy nomini elon qiladi. Bu barchamizga yaxshi tanish bo'lgan braziliyalik Ziko edi. Bundan tashqari, klub faoliyatida yana bir o'zgarish sodir bo'ladi. Yani, 2008 yilning avgustida “Quruvchi” rasman “Bunyodkor”ga o'zgaradi. Mavsum yakuniga kelib “Bunyodkor” tarixda ilk marta O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritib, “Paxtakor”ning ketma-ket olti yillik gegemonligiga barham beradi. O'shanda jamoa 79 ochko to'playdi va “Paxtakor”ni besh ochkoga ortda qoldiradi. “Bunyodkor” 2008 yil chempion bo'lishdan tashqari mamlakat Kubogida ham zafar quchadi. “Paxtakor”ga qarshi final bahsida “qaldirg'ochlar” 3:1 hisobida g'alaba qozonishadi. 

“Bunyodkor” shuningdek, 2008 yil o'z tarixida ilk bor Osiyo chempionlar ligasida qatnashgan. SHu yildan boshlab OCHLda yana quyosh chiqa boshlaydi. CHunki sahnaga shaxdam qadamlar bilan “Bunyodkor” kirib keladi. “Bunyodkor” ilk mavsumidayoq xuddi “Paxtakor”ning OCHLdagi debyutiga o'xshab yarim finalni zabt etadi. Ammo Avstraliyaning “Adelaida Yunayted” klubi bilan kechgan yarim final bahsida “qaldirg'ochlar” ikki o'yin natijasiga ko'ra finalga o'ta olishmaydi. Lekin "Bunyodkor" safidagi o'yinlari orqali Server Jeparov ilk bor Osiyoning "Eng yaxshi futbolchisi" deb topiladi. 

O'sha yil chempionatda 10ta va undan ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar: Aleksandr Xvostunov, Server Jeparov, Viktor Karpenko, Anvar Soliev, Jasur Hasanov, Gochguli Gochguliev, Timur Kapadze, Aziz Haydarov, Pavel Bugalo, SHavkat Salomov, Rashid G'ofurov, Aleksey Nikolaev, Xayrulla Karimov, Ulug'bek Baqoev, Sahob Jo'raev, Baxtiyor Ashurmatov, Bahodir Pardaev, Xose Luis Vilyanueva, Luizao, Rivaldo, Murod Zuhurov. Jamoaning oliy ligadagi eng yaxshi to'purarlari: Server Jeparov (19 gol), Anvar Soliev (12), Ulug'bek Baqoev (8), Rivaldo (7). 


2009 yil.  Rivaldo uchun atalgan mavsum 

Jamoa ham chempion, ham Kubok sohibi bo'lgach yanada katta ishtiyoq bilan yangi mavsumga hozirlik ko'ra boshladi. Bemalol aytishimiz mumkin, 2009 yil Rivaoldoga atalgan mavsum bo'ldi. Braziliyalik “afsungar” oliy ligada 20ta gol urishdan tashqari ko'plab golli uzatmalarni amalga oshirdi, qolaversa o'z o'yini bilan ko'pchilik yoshlarga o'rnak bo'ldi. Jamoani OCHL finaliga olib chiqa olmagani bois klub rahbariyati Zikoga javob berib yuborgan va o'rniga Amet Memetni vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlagandi. 

Ammo Amet Abdullaevichning bosh murabbiy sifatidagi ishi uzoq davom etmaydi. 2009 yilning 8 yanvar kuni ishga kirishgan Memet 15 mart kuni istefoga chiqariladi. SHundan so'ng jamoa ruli yana Hikmat Ergashevga topshiriladi. Ergashev jamoani iyunning boshlariga qadar boshqarib, 8 iyundan yana bir mashhur mutaxassis Luiz Felipe Skolari “Bunyodkor” bosh murabbiyi sifatida tanishtiriladi. 

2009 yil “Bunyodkor” uchun nimasi bilan yodda qolgan? Avvalo tarixda ikkinchi bor chempion bo'lgani, O'zbekiston Kubogi finalida “Paxtakor”ga 0:1 hisobida mag'lub bo'lgani, yutqazganiga chiday olmasdan Skolarining o'yin tugashi bilan barcha futbolchilarni kiyim almashtirish xonasiga olib kirib ketgani hamda Osiyo chempionlar ligasida “Poxang Stilers” to'sig'idan o'ta olmagani bilan. 

Darvoqe, o'sha yil “Bunyodkor” OCHLdagi ishtirokini chorak finaldayoq to'xtatishga majbur bo'lgandi. Jamoa o'z maydonida Janubiy Koreyaning “Poxang Stilers” klubini 3:1 hisobida mag'lub etadi, biroq safarda 1:4 hisobida imkoniyatni boy beradi va shu tariqa OCHL bilan xayrlashadi. Lekin O'zbekiston chempionatida “Bunyodkor” eng yaqin taqibchisi “Paxtakor”ni katta farq bilan ortda qoldiradi. “Bunyodkor”- 86 ochko, “Paxtakor” - 64 ochko. 

2009 yil jamoa tarkibida 10ta va undan ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar: Rivaldo, Anvar G'ofurov, Server Jeparov, Joao Viktor, Edson Ramos, Jasur Hasanov, Anvar Soliev, Xose Luis Vilyanueva, Aziz Haydarov, Timur Kapadze, Sahob Jo'raev, Xayrulla Karimov, Viktor Karpenko, Ignatiy Nesterov, Gochguli Gochguliev, Murod Zuhurov, Luizao, SHavkat Salomov, Ruslan Melzitdinov. Jamoaning oliy ligadagi eng yaxshi to'purarlari: Rivaldo (20 gol), Anvar Soliev (18), Xose Luis Vilyanueva (13), Server Jeparov (11). 


2010 yil. Ikkinchi marta “oltin dubl” 

Hammasi yaxshi ketayotgandi, “Bunyodkor”ning zafarli onlari davom etar, hamma xursand edi. “Bunyodkor” uchun 2010 yilgi mavsum ham ancha jozibali kechadi. Jamoa o'z tarixida ikkinchi bor “oltin dubl” qayd etadi. CHempionlik poygasida “Bunyodkor” 65 ochko to'plab birinchi, “Paxtakor” esa 57 ochko bilan ikkinchi bo'ladi. “Bunyodkor” shuningdek O'zbekiston Kubogi finalida G'uzorning “SHo'rtan” klubini 1:0 hisobida mag'lub etadi. 

Ammo Osiyo chempionlar ligasida “Bunyodkor” yana o'zini ko'rsata olmaydi. Jamoa guruhdan chiqadi-yu, biroq bitta o'yindan iborat 1/8 finalda Saudiya Arabistonining “Al Hilol” klubiga 0:3 hisobida yutqazib qo'yadi. O'sha yili jamoa safida Stevica Ristich degan hujumchi porlagandi. Murabbiylar haqida to'xtaladigan bo'lsak, 2010 yilning may oyida klub rahbariyati Skolari bilan xayrlashadi va o'rniga Mirjalol Qosimovni tayinlaydi. 28 maydan ishga kirishgan Qosimov shu bilan 2014 yilning 4 apreliga qadar jamoani boshqaradi. 

2010 yil “Bunyodkor” safida 10ta va undan ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar: Anzur Ismoilov, Timur Kapadze, Ignatiy Nesterov, Aziz Haydarov, Sahob Jo'raev, Viktor Karpenko, Anvar G'ofurov, Ruslan Melzitdinov, Stevica Ristich, Denilson, Edson Ramos, Hikmat Hoshimov, Server Jeparov, Joao Viktor, Rivaldo, Jasur Hasanov, Aleksandr Xvostunov, Yanis Mandzukas. Jamoaning oliy ligadagi eng yaxshi to'purarlari: Stevica Ristich (11), Rivaldo (6), Timur Kapadze (6), Denilson (4), Server Jeparov (3). 


2011 yil. Yana bir chempionlik 

2011 yilga kelib “Bunyodkor” o'z tarixida qatorasiga to'rtinchi chempionlikni nishonladi. Va bu natija faqat bir murabbiy Mirjalol Qosimov bilan ro'y berdi. O'sha yili jamoaning legioner futbolchisi Milosh Trifunovich 17ta gol bilan O'zbekiston chempionati to'purari bo'lgandi. Bu paytga kelib klubda moliyaviy muammolar urchiy boshlagan, natijada Denilson, Ristich, Joao Viktor, Rivaldo, Edson Ramos kabi legionerlarga javob berib yuborilgandi. 

“Bunyodkor” milliy chempionatni yaxshi o'tkazadi-yu, biroq O'zbekiston Kubogida finalgacha bora olmaydi. Jamoa yarim finalda Qarshining “Nasaf” klubiga imkoniyatni boy beradi. SHuningdek, Osiyo chempionlar ligasida guruhdan chiqib 1/8 finalda Eronning “Sepaxon” klubiga 1:3 hisobida mag'lub bo'lgan holda o'z ishtirokini tugatadi. 

Jamoa safida 10ta va undan ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar: Ignatiy Nesterov, Milosh Trifunovich, Viktor Karpenko, Anvar G'ofurov, SHavkat Salomov, Anvar Soliev, Javlon Ibrohimov, Asqar Jadigerov, Slavolyub Jorjevich, Xayrulla Karimov, Anvar Rajabov, Akmal SHorahmedov, Kamoliddin Murzoev, Islom Inomov, Sahob Jo'raev, Aziz Haydarov. Jamoaning oliy ligadagi eng yaxshi to'purarlari: Milosh Trifunovich (17), Anvar Soliev (8), Viktor Karpenko (7), Anvar Rajabov (5).

Davomi bor...

Xayrulla Xoliqov. 

Reyting: +47   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика