“Bunyodkor-B”dan navbatdagi g'alabalar seriyasi
10 iyu 2015 08:01
Yangiliklar


“Bunyodkor-B”dan navbatdagi g'alabalar seriyasi
2003 yil. 6:1 (4:1)
Kunning dastlabki bellashuvida eng kichik yosh toifasidagi futbolchilar to'qnashuvining guvohi bo'ldik. Jamoalar murabbiylarning o'yin davomida tinimsiz berib borgan ko'rsatmalari asnosida harakat qilishdi. Birinchi bo'lib darvozani ishg'ol qilish, mezbonlarga nasib etdi. 18-daqiqada Tolib O'sarov jamoasini hisobda oldinga olib chiqqan bo'lsa, keyinroq himoyachi Xusan Mo'minov o'zini ko'rsatishga muvaffaq bo'ldi – 2:0. Oradan ikki daqiqa o'tar-o'tmas Abdullox Hikmatov dublni o'z nomiga rasmiylashtirib qo'ydi. Birinchi taymning so'nggi daqiqalarida mehmonlardan Olim Abduvohobov hisobni qisqartirishga erishdi – 4:1. Ikkinchi bo'limni ham “qaldirg'ochlar” faol boshlashdi. Natijada, Mahmud Muhamadjonov raqib posbonini ikki marta ranjitib, umumiy hisob 6:1 bo'lishini taminladi.
2002 yil. 6:0 (5:0)
Navbatdagi bahsda 2002 yilda tavallud topgan tarbiyalanuvchilar maydonda saf tortishdi. Bu o'yin ham mezbonlarning ustunligi ostida o'tdi. Dastlabki 45 daqiqalikda Akmal Risqullaev shogirdlari “Tash Citi” darvozasiga javobsiz 5 ta to'p kiritishdi. Gol mualliflari Abdullox Abdullajonov, Farrux Hojibekov, SHoislom SHobahriev bir martadan uchrashuv qaydnomasiga nomlarini yozdirib qo'ygan bo'lishsa, Ikrom Erkinov dublga erishdi. Jamoaning ohirgi goliga Hurshid Ubaydullaev mualliflik qildi – 6:0.
2001 yil 3:1 (3:0)
14 yoshli futbolchilar ancha tartibli o'yin namoyish etishdi. Tomonlar maydonda har bir qarich er uchun kurash olib borishdi va bellashuv murosasiz o'tishini taminladilar. Uchrashuvda hisobni ochish mezbonlarga nasib etdi. Birinchi gol muallifi Sobir Norboev. Oradan 6 daqiqa o'tib, Solijon To'xtasinov farqni ikkitaga oshirdi. Birinchi taym oxirlariga kelib, Sobir Norboev jamoasining yirik hisobda tanaffusga yo'l olishiga sababchi bo'ldi – 3:0.
Ikkinchi 45 daqiqalikda mehmonlar jonlanib qolishdi. Hatto “ToshCiti” bir marta “Bunyodkor-B” darvozasini “o'qqa” tutib, mezbonlarni maydon markazidan to'pni o'yinga kiritib berishga majbur qildi – 3:1. Ammo bu gol g'alaba u yoqda tursin, durangga ham kamlik qildi.
2000 yil. 3:2 (2:2)
SHu kungi bahslar ichida eng tomoshabop va qiziqarlisi aynan 2000 yilgi bolalar to'qnashuvi bo'ldi, desak adashmagan bo'lamiz. CHunki mazkur raqiblar bir-birlariga etarlicha qarshilik ko'rsata olishdi. Buni hisobdan ham bilib olsa bo'ladi. Uchrashuvda birinchi bo'lib mezbonlardan Ravshan Xusanov o'zini ko'rsatishga erishdi – 1:0. Oradan 10 daqiqa o'tgach SHerzod Narzullaev jamoasi muvozanatni tikladi. Bu gol mehmonlarga ruhiy ustunlikni taqdim etdi. Natijada, Suxrob Qodirov jamosini hisobda oldinga olib chiqdi – 1:2. Voqealar rivoji bunday tus olishini kutmagan “qaldirg'ochlar” katta kuch bilan oldinga o'tishdi. Ketma-ket tashkil etilgan hujumlar 28-daqiqada samara keltirdi. Vaziyat qahramoni Javlon Anvarjonov. O'yinda darvozani so'nggi marta ishg'ol qilish ham Ravshan Xusanovga nasib etdi. SHu tariqa “Bunyodkor-B” raqibini 3:2 hisobi bilan mag'lub etdi.
1999-98 yil 2:0 (2:0)
SHu kungi bahslar ichida eng sokin o'tgan o'yin, deb mana shu yoshdagilar to'qnashuvini aytishimiz mumkin. Tomonlar uchrashuv davomida ehtiyotkorlikka intilishdi. Hujumlar tashkil etishda ham oldindan o'ylangan reja asosida harakat qilishdi. Lekin Aziz Hoshimov shogirdlari raqibiga nisbatan faolroq bo'lganliklari uchun gol kiritishni uddalashdi. Ushbu muvaffaqiyatga 19-daqiqada Muhammadamin Umidjonov erishdi. Mezbonlarning keyingi xursandchiliklari ham uzoq kutilgani yo'q. Yani, oradan 8 daqiqa o'tib Javohir Musajonov bellashuvdagi hal qiluvchi to'pni darvozaga joylab qo'ydi – 2:0.
SHu tariqa, “Bunyodkor-B” 2-tur doirasidagi barcha o'yinlarni o'z foydasiga hal qildi. Mezbonlar “ToshCiti” jamoalari darvozasini 20 marta ishg'ol qilgan bo'lishsa, o'z postlaridan 4ta to'p olib chiqishdi.

Fikrlar