Bugun bizning kunimiz!
21 fev 2016 11:32
Yangiliklar
Bugun bizning kunimiz!
Bugun qita birinchiligining sovrindorlarini bilib olamiz. 16:00 da Tailand hamda Vetnam terma jamoalari bronza medallari uchun bahs olib borishsa, O'zbekiston terma jamoasi futzalchilari chempionlik uchun kurashda Eronga qarshi saf tortishadi.
Forslar finalga qadar yo'llaridan chiqqan istalgan raqibni “yanchib” tashladilar. Raqib kim bo'lishidan qati nazar Eron o'yinni o'zi istagan uslubda olib bordi, istasa imkon berdi, istasa hujumlar yomg'irini yog'dirdi, xohlagan uslubida gol urdi, bir qarashda hech qanday xavf yo'qdek tuyulgan vaziyatlarda raqib darvozabonlarini qon yig'latib ketdi. Eron yarim finalda Yaponiyani kutgan edi, chunki aynan yaponlar so'nggi ikkita qita birinchiligida forslarni mag'lub etishgan edi. Voxid SHamsai izdoshlari hozirgi holatida Yaponiyadan o'sha ikki mag'lubiyat alamini bitta qilib chiqarib olishlari aniq edi. “Osiyo yo'lbarslari” hozircha munosib qarshilikka duch kelishmadi.
O'zbekiston terma jamoasi esa turdan-turga o'z o'yinini yaxshilab kelmoqda. Musobaqadan avval bosh murabbiy Xose Mariya Mendez ham terma jamoa faqatgina pley-off bahslariga kelib 100 foiz tayyor bo'lishini takidlab o'tgan edi. Vakillarimiz yarim finalda Tailandga qarshi o'zlarining eng yaxshi o'yinlarini namoyish etishdi. Lekin finalda Eronni taslim etish uchun bu o'yin etarli bo'lmaydi, chunki Tailandga qarshi hujumda muammolarga duch keldik. Forslarga qarshi hujumda imkoniyatlarimiz ko'p bo'lmaydi, boridan maksimal darajada foydalana olishimiz juda muhim. Bugungi o'yinda Rustam Umarovga juda va juda qiyin bo'ladi. Eronliklar istalgan nuqtadan darvoza tomon aniq zarbalar berishmoqda. Asosiy darvozabonimizning o'zi aytib o'tganidek muxlislarning har bir olqishlashi unga qo'shimcha kuch bag'ishlaydi.
Finalga qadar bo'lgan o'yinlarda shamollagan bo'lishiga qaramasdan terma jamoamizga yordam bergan 6 nafar futzalchilarimizni ham alohida minnatdorchiligimni aytib o'tishni vazifam deb bildim. Bular: Dilshod Rahmatov, Artur Yunusov, Nodir Eliboev, Davron CHoriev, Jamoliddin SHaripov va Andrey SHlema. Terma jamoamizning malakali shifokorlari har bir uchrashuvdan oldin maydonga eng yaxshi holatda tushishlari uchun yarim tunga qadar bu o'yinchilarni o'yinga tayyorlashdi. Etibor bering, bu futzalchilarimiz shamollashning yuqori bosqichida bo'lishiga qaramay har bir o'yinda bor kuchlari bilan harakat qilishmoqda.
Terma jamoamizning boshqa azolari ham finalgacha etib kelishimizda o'zlarining katta hissalarini qo'shishdi. Ularning barchasiga muxlislar nomidan minnatdorchilik bildirib qolamiz.
Bugun final. Finaldan oldin ko'pchilikda Eron bizga ham gollarni qalashtirib tashlamasa edi degan xadik yo'q emas. Iroq terma jamoasi bosh murabbiyi chorak finaldagi mag'lubiyatdan keyingi matbuot anjumanida ochiqchasiga Eron chempion bo'ladi deya xonani tark etdi. Qirg'iziston terma jamoasi bosh murabbiyi esa Osiyoda Erondan boshqa istalgan jamoani mag'lub etish mumkin, lekin Eronni yutib bo'lmaydi dedi. Eron Osiyo chempionatlari tarixida bor yo'g'i 3 marotaba mag'lub bo'lgan, demak ularni taslim etish mumkin. Nima uchun 2006 yilda Tailand, 2012 va 2014 yillarda Yaponiya uddalagan ishni O'zbekiston bajara olmasligi kerak. Vetnam terma jamoasi bosh murabbiyi yarim finalda forslardan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng finalda O'zbekiston terma jamoasi faqatgina jamoaviy o'yin evaziga raqibni mag'lub etishi mumkinligini aytib o'tdi. Bugun biz mana shu JAMOAVIY O'YINni ko'rishni istaymiz. Mayli yakka holda olganda eronlik futzalchilar biznikilardan bir necha barobar kuchli bo'lsin, mayli ularning zarbalari ham biznikidan kuchli bo'lsin, mayli ular har qanday yo'nalishda bizdan kuchlidirlar, lekin ikki jihatda bugun biz ulardan kuchli bo'lamiz. Birinchisi jamoaviy o'yin, ikkinchisi esa muxlislar. Ana shu ikki ustunlikni hisobda ham aks ettira olsak butun xalqimiz uchun ulkan bayramni tuhfa etgan bo'lamiz.
Rustam Umarovni bugun millionlab muxlislar olqishlab turishadi, sen ular uchun qahramonsan Rustam! Qadrli futzalchilarimiz sizlar butun xalqimiz uchun qahramonsizlar! Sal kam ikki hafta davomida bizga ajoyib g'alabalarni tortiq etganingiz uchun rahmat, tarixda ilk bor mundial yo'llanmasini qo'lga kiritganingiz uchun rahmat, minglab insonlar qalbida futzalga mehr uyg'otganingiz uchun rahmat!
Futzalchilarimiz finalga qadar barchamizni hursand qilib kelishdi, ularni tinimsiz olqishladik, bugun finalda ham soatlab ularni olqishlash nasib etsin. So'nggi so'z o'rnida bir narsani aytib o'tishni lozim deb bildim. Bugun g'alaba qozonsak ham, buning aksi bo'lsa ham yigitlarimizni qo'llab-quvvatlaylik, bizga ajoyib onlarni tuhfa etganlari uchun ham qo'llaylik, bugungi finalda yutish yoki yutqazishimizdan qati nazar BUGUN BIZNING KUNIMIZ!
Tolibjon Qosimov
Fikrlar