Brayan Laudrup: Braziliyaliklarni engishimizga bir bahya qolgandi
26 okt 2016 10:02
Yangiliklar
Brayan Laudrup: Braziliyaliklarni engishimizga bir bahya qolgandi
O'sha tarkibning ajralmas qismiga aylangan Brayan Laudrup hozirda televidenieda faoliyat yuritmoqda. FIFA.com sobiq hujumkor yarim himoyachini suhbatga tortib, uning omadli davrini birgalikda yodga oldi.
- Ortga nazar tashlasak, Daniya termasi tarixidagi muvaffaqiyatli onlar 80-yillar oxiriga to'g'ri kelganiga guvoh bo'lamiz...
- Darhaqiqat, o'sha davr futbolimiz tarixida keskin burilish yasadi. Yirik turnirlarda sensaciya yaratildi. Tarkibdan o'rin olgan o'yinchilar va ularni uchrashuvlarga tayyorlagan murabbiylar omma etiborini Daniya futboliga qaratishni uddalagandilar.
- Balki aynan shu omil 1992 yilgi g'alabalarga zamin hozirlagandir?
- Darhaqiqat, ishonchni oqlash uchun bor kuchimizni safarbar etgandik, qita chempionatidagi muvaffaqiyat barcha qatori bizni ham ajablantirgan. Keyinchalik Franciyada o'tkazilgan mundialda ham yaxshi to'p surdik. So'ngra yangi davr boshlandi, yangi o'yinchilar kelishdi.
- Sizningcha, muvaffaqiyat omili nimada bo'lgan?
- Aksariyat futbolchilar ko'p yillar mobaynida yonma-yon to'p surishgan, Olimpiadada qatnashishgan, ko'pchilik tengdosh edi. SHu bois bir-birimizni yaxshi bilardik. Muvaffaqiyatimiz siri shunda bo'lsa, ajabmas.
- 1995 yili ham terma jamoangiz ajoyib yutuqlarga erishdi...
- Evro-1992da o'ynagan aksariyat futbolchilar uchun Argentina va Meksika jamoalariga qarshi o'ynash yangilik edi. Nilsen qita chempionatidan ko'ra, Konfederaciyalar kubogida to'p surish ko'proq kuch talab etishini aytdi. Barchamiz Evrodagi g'alabalar tasodif emasligini isbotlashga kirishdik. Gabriel Batistutaga qarshi to'p surganim, argentinaliklarni 2:0 hisobida engganimiz esimda. Hamma yutug'imizdan quvongan, ammo baribir, bu jahon chempionati emasligini his qilib turardik.
- JCH-1998da Nigeriya termasi bilan o'yinda sizlar 4:1 hisobida zafar quchgandinglar. Bu hoynahoy xalqaro miqyosdagi eng yaxshi o'yinlardan biriga aylangan bo'lsa kerak?
- Xuddi shunday. Ajoyib jamoamiz bor edi, Maykl ham safga qaytgandi. Gazetalar akamning zaxirada qolishi lozimligi haqida bong urishgandi, turli nomaqbul gap-so'zlarni ko'paytirishgandi. Nigeriya termasi ko'p jabhada bizdan kuchli ko'ringandi, ularga favorit sifatida qaralayotgandi. Tarkibida Okocha, Babangida, Kanu singari yulduzlar yig'ilishgandi. Ammo bizda bosim yo'qligi qo'l kelgan. Daniya - kichik mamlakat, imkoniyatlari darajasida to'p surishi aniq edi. Biroq yakunda nigeriyaliklarning mag'lub etilishi kutilmagan holga aylandi. Ular bizga qarshilik ko'rsatishga harchand urinishmasin, bunga yo'l qo'ymadik. O'sha uchrashuvda ajoyib o'yin ko'rsatdik, o'zimizga bo'lgan ishonchimiz yuqori edi.
- CHorak finalda sizlarga Braziliya termasi raqiblik qildi. O'shanda yo'qotadigan hech narsangiz yo'qligini his qilganmidinglar?
- Guruh bosqichidagi uchta bahs, Nigeriyaga qarshi ajoyib o'yindan so'ng mo'jiza yarata olishimiz mumkinligini anglagandik. Ikki daqiqa o'tar-o'tmas gol urganimizdan so'ng braziliyaliklarning sarosimaga tushishgani barcha ko'rgandi. Lekin ular qiyin vaziyatdan chiqishni uddalashgandi. Keyinchalik hisobni tenglashtirganimizdan keyin ham shunga o'xshash holat ro'y bergan, raqib futbolchilari bir-birlariga etiroz bildirib, asabiylashishgandi. Ularning charchaganliklari sezilib turardi, biz esa bundan foydalanib qolishga intilgandik. Biroq o'sha davrning eng yorqin yulduzlari biri Rivaldo umidlarimizni chippakka chiqarib, jamoasiga muhim g'alabani tortiq etgandi.
- Ushbu bahsda jamoangizning ikkinchi goliga mualliflik qilganingizda muvaffaqiyatni o'zgacha tarzda nishonlagandingiz. Bu g'oya qaerdan kelgan?
- O'g'lim uchrashuv arafasida g'alaba qozonayotgan paytda noodatiy qiliqlar qilish mumkinligini takidladi. O'zgacha xatti-harakatlar. Braziliya termasi darvozasini ishg'ol qilgach, o'ziga xos voqeani bayramona kayfiyatda nishonlashim shart edi. Bu qiliqni oldindan rejalashtirmagandim, voqea joyida o'ylab topgandim. Jahonning eng yaxshi termalaridan biriga qarshi bahsda hisobni tenglashtirib, yarim finalga chiqish imkoniyatini saqlab qolish - bu ajoyib edi. Kundalik hayotimda mazkur voqeaga u qadar to'xtalmayman, ammo intervyu berayotganda barchasi ko'z oldimda xuddi kecha bo'lib o'tgandek tasvirlanadi. Faoliyatingiz davomida erishgan yutuqlaringiz, yoqimli damlar hech qachon yoddan chiqmaydi. Futbol shunisi bilan ham qadrli.
H.MASAIDOV tayyorladi
Fikrlar