Branko Ivankovich: "Koronavirus dunyodagi jamiki insonlar tengligini ko'rsatdi"
28 may 2020 12:14
Yangiliklar
Branko Ivankovich: "Koronavirus dunyodagi jamiki insonlar tengligini ko'rsatdi"
Malumki, xorvatiyalik mutaxassis o'z vaqtida Eron milliy terma jamoasi hamda "Persepolis" klubini boshqargan. Endilikda esa Ummon milliy terma jamoasiga murabbiylik qilmoqda.
Koronavirus pandemiyasi sabab Ivankovich hozir o'z yurtida bo'lib turibdi. Vaqtini oilasi bilan uyda qolib o'tkazyapti. Yaqin bir-ikki oyi ichida uning "Persepolis" ustidan FIFAga klubda qolib ketgani pullari uchun shikoyat qilishi kutilmoqda. Eron matbuotiga bergan intervyusida "Professor" laqabli murabbiy bir nechta savollarga javob berib o'tdi.
- Soqol qo'yib tushgan suratingiz Eronda ko'pchilikning qiziqishiga sabab bo'ldi. Bu yanada ko'rkam ko'rinish uchunmi yoki yosh o'tishi bilan bog'liqmi?
- Butun dunyoni, shu jumladan vatanim Xorvatiya va men yashaydigan Varazdinni koronavirus vahimasi ushlab turgan bir paytda men ham boshqalar kabi uyda qolyapman. SHu bois bir muddat soqolimni olmaslikka qaror qildim. Anchadan beri sartaroshga borganim yo'q. Sababi shu.
- Koronavirusdan keyingi futbolni qanday ko'rasiz?
- Ikki oydan ko'proq vaqt mobaynida hech qaerda o'yinlar o'tkazilmadi. Mashg'ulotlar ham mana endi-endi qattiq qoidalar ostida yo'lga qo'yilyapti. Juda ko'plab xalqaro va ichki musobaqalar keyinga qoldirildi yoki bo'lmasa umuman bekor qilindi. Mashg'ulotlar bo'lmasligi va o'yinlar o'tkazilmasligi birinchi navbatda futbolchilarga katta tasir ko'rsatadi.
CHunki ular muntazam shug'ullanib yurgan kishilar. Buning natijasida esa jahon futboli izdan chiqyapti. Men koronavirusdan keyingi futbol qanaqa bo'lishini bilmayman. Futbol butun dunyo bo'ylab qachon yo'lga qo'yilishi ham nomalum. Koronavirus qachondir tugaydimi? Buni ham bilmayman.
- Koronavirus pandemiyasi paytida o'zingiz uchun qanday saboq oldingiz?
- Buning naqadar jiddiyligini dunyo hamjimiyati tushunib turibdi desa bo'ladi. Koronavirus shuni ko'rsatdiki, dunyodagi barcha insonlar kelib chiqishi, irqi, yashash tarzi, boy-kambag'alligi, oq-qoraligi, dini va siyosiy qarashlaridan qatiy nazar teng ekan. CHunki bu virusga qarshi hamma bir bo'lib kurashyapti. Koronavirus sen falonchisan, sen pistonchi deb odam ajratib o'tirmaydi. Dunyodagi barchamiz tirik jonmiz, hammamiz tengmiz. Koronavirus inqirozi bizga avvalambor inson bo'lishimiz kerakligini o'rgatdi. Faqat birdam bo'libgina bu kasallikni engib o'tish mumkin.
- Futbol professori sifatida o'yinning jozibasini yana avvalgi darajaga qaytarish uchun nimalar qilish kerak deb hisoblaysiz?
- Albatta, futbol to'xtab qolganidan hammamiz xafamiz, lekin nailoj. Bu o'rinda mening nazarimda, futbol yo'qligidan eng ko'p jabr chekkan muxlislar bo'ldi. Ular zerikishyapti. Albatta, futbolchi va murabbiylar ham zerikkan. Lekin eng ko'p muxlislarga jabr baribir. Bu bor gap. Futbolni yana davom ettirish uchun avvalo insonlar salomatligiga qarashimiz shart. Biz hammaning sog'-salomat ekaniga amin bo'libgina futbolni yana oldingi bosqichga olib chiqa olamiz.
Futbol avvalo muxlislar uchun. Hech narsa futbolchi va murabbiylarni stadionda o'tirgan ishqibozlardek ruhlantira olmaydi. Ular xursand bo'ladi, olqishlaydi, bazan jahli chiqadi, haqorat qiladi, lekin baribir futbol ishqibozlar bilan zavqli. Lekin hozirgi vaziyatda buning imkoni yo'q. Endilikda futbol bo'm-bo'sh stadionlarda o'ynaladi. Bu esa butun dunyo futbol jamoatchiligini xafa qiladi. Lekin qachondir yana zavqli onlar qaytib kelishiga ishonaman.
- Karantin paytida nimalar bilan mashg'ulsiz?
- Bir necha yil oldim o'z yurtimda sport tibbiyoti markazini ishga tushirgandim. Bu erda barcha turdagi sport jarohatlarini davolasa bo'ladi. Lekin koronavirus sabab markaz hozircha yopilgan. Keyinchalik o'g'lim bilan boshqatdan ishga tushirmoqchimiz. Hozir esa vaqtim o'qish bilan o'tyapti. Zamonaviy futbolni yanada chuqurroq tushunishga harakat qilyapman. Murabbiylikdan tashqari sport tibbiyotini ham o'rganyapman.
- Suhbatimiz oxirida "Persepolis" bilan yuz bergan noxush vaziyatga to'xtalib o'tsangiz.
- To'rt yarim yilni "Persepolis" bosh murabbiyi sifatida o'tkazdim. O'zaro hamkorlik juda yaxshi bo'ldi deb o'ylayman. To'rt yarim yil oilamdan uzoq qoldim, tabiiyki bu ham oson emas. Men o'zaro shartnomaga ko'ra klub rahbariyati hamma shartlarni bajaradi deb o'ylagandim, ammo u erda pulimni to'liq ololmadim. Natijada FIFAga shikoyat xati yozishga majburman. Men "Persepolis" muxlislarini qattiq hurmat qilaman, ular juda tartibli. Lekin klub tutayotgan yo'l menga yoqmayapti. To'rt yarim yil ichida "Persepolis" bilan 7ta sovrin yutdim. Hatto OCHL finalida o'ynadik. Ammo hozirgi holatga havas qilib bo'lmaydi va bu men uchun tushunarsiz bo'lib qolmoqda.
Fikrlar