So’nggi yangiliklar

00:55Дэвис ёздаёқ "Реал"га ўтиши мумкин  0 00:29Пол Скоулз тен Хагдан хавотир олаётганини айтди  0 23:56"Вильярреал" рекордчиси жамоадан кетди  0 23:35"Ювентус" "Аталанта" футболчисини А Сериянинг энг қиммат ярим ҳимоячисига айлантириши мумкин  0 23:16Алексей Естафеев: "ЎзПФЛ шу стадионни қабул қилганми, демак шу ерда ўйнаймиз"  5 22:59Неъматилло Қуттибоев: "Қийин ўйин бўлишини билардик"  0 22:33Скоулз: "Манчестер Юнайтед" доим марказда эшикларни очиб қўяди"  2 22:07Анвар Бердиев: "Бухоро" стандарт вазиятлардан фойдаланиб кетди"  2 21:58Париж-2024. 3-ўрин учун баҳсда Марокаш Миср дарвозасига 6та гол урди  10 21:23Улуғбек Бакаев: "Натижадан қониқдим, ўйиндан эса йўқ"  10 21:14Ришарлисон нима сабабдан Саудияга кетмаганини айтди  2 20:51Пепе фаолиятини якунлади  6 20:33Про лига. "Бухоро" ва "Арал" бир хил ҳисобда ғалабага эришди  1 20:16Ўзимизнинг карикатура. Йил ўйинида "навбаҳор" зафар қучди  19 20:00Анчелотти "Олтин тўп" учун кураш ҳақида гапирди  9

Biz ham reglamentni o'qiymiz! (2-qism) Yangiliklar

Biz ham reglamentni o'qiymiz! (2-qism)

O'tgan hafta oliy liganing 2016 yilgi mavsumi uchun qura tashlash marosimi bo'lib o'tganidan xabaringiz bor.

Bir necha yillardan buyon bir xil scenariy asosida kechadigan mazkur tadbir bu safar ham deyarli o'zgarishlarsiz kechdi. Avvalgi yillardan farqli ravishda bu safar OAV PFL Bosh direktori Farhod Magometovni ko'proq “so'roqqa” tutdi. O'z navbatida Farhod Abdualievich odatdagidan farqli o'laroq klub rahbarlaridan faqatgina “Paxtakor” rasmiylariga va hamkasblarimizga dakki berdi. Keling, tadbirda ko'tarilgan masalalar bo'yicha o'z fikrlarimiz bilan o'rtoqlashsak.

Legionerlar va darvozabonlar

Yodingizda bo'lsa, bundan uch yillar muqaddam oliy ligada legioner darvozabonlar to'p surmasligi haqida gap-so'zlar urchigandi. Ammo yakunda bunday bo'lib chiqmagan, xorijlik posbonlar chempionatimizda bemalol o'ynayverishgandi. Bu yil yana shu mavzu ko'tarildi. Qura tashlash marosimida Farhod Magometov buni izohlar ekan, shunday dedi: “Yosh darvozabonlarning o'yin amaliyotisiz qolib ketayotgani bois, ularga tajriba etishmayapti. Bu asosan o'smirlar va yoshlar terma jamoalariga nomzod darvozabonlar bilan bog'liq. Futbolchi o'ynashi kerak, o'ynasagina tajribasi oshadi”. Qiziq, avval ham shu mavzu ko'tarilganida Farhod Abdualievich PFL Bosh direktori edi, hozir ham. Faqat har ikkala davrda oliy liga uchun legioner darvozabonlar kerakmasligi ko'tarib chiqqan milliy va olimpiya terma jamoa bosh murabbiylari o'zgardi.

PFLning bu qaroriga qo'shilamiz. Sababi, klublarimiz yosh darvozabonlarga imkoniyat bermayotgani tufayli o'smirlar, yoshlar va olimpiya terma jamoasiga nomzod posbonlarimiz o'yin amaliyotisiz qolib ketmoqda. O'smirlar va yoshlarni to'g'ri tushunamiz, chunki ular bizda doimo yosh bo'lib kelishgan. Bizda futbolchi 20-23 yoshdan keyin yoshlik davridan o'tadi va eng yomoni “qarib” ham qolishadi. Ammo olimpiya termasiga nomzod posbonlar ham zaxirada qolib ketayotgani 2016 yil Braziliya Olimpiadasiga borishni xohlagan terma jamoamiz uchun haqiqiy muammo deyish mumkin. Bu qaror bilan Qatardagi Osiyo chempionatida qatnashadigan terma jamoamizning darvozabonlari borasidagi muammoni hal qila olmasakda, kelajak uchun yomon reja emas. SHunchaki, bu qarorda bizni qiziqtiradigan holat bor. Mabodo uchrashuv vaqtida asosiy pasbon jarohat olib, uning o'rniga maydondagi futbolchi harakat qilishiga to'g'ri kelsa, bunday vaziyatda legioner o'yinchi masuliyatni o'z bo'yniga olishi mumkinmi? Yoki bunga ham ruxsat berilmasligi reglamentga kiritilarmikan?

Tadbirda legionerlar masalasi ham ko'tarildi. Yani, reglamentda legionerlarga bo'lgan talablar kuchaytirilgan bo'lsa-da, oliy ligada saviya past xorijliklar ko'payib ketdi. Farhod Magometov takidlaganidek, legionerlar PFL qo'ygan talablarga mos kelsa-da, saviya tushib ketayotgan ekan, demak, talablarni yanada kuchaytirish kerak. Qolaversa, reglamentda yozilganidek talabga to'g'ri kelmaydigan legionerlar uchun to'lanadigan 50 million so'm talabini olib tashlash kerak. Sababi, klublarimizdagi mutaxassislar cho'ntagidan emas hukumatimiz ajratadigan mablag'ni sarflaydi. Ertasini emas bugunini o'ylayb, qaror qabul qiladi. Pulni maqsadli bo'lsa-da, kelajakni o'ylamay sarflaydi. SHunday ekan, ularga bitta legioner uchun 50 millionni sarflab yuborish oddiy holat. Kerak bo'lsa, to'rt nafar legioner uchun 200 million so'mni ham sarflab yuborishlarini taxmin qilish qiyin emas! SHu bois, aytganimizdek, talablarni kuchaytirish shart! Aks holda saviyasi past legionerlar ko'payib ketaveradi. 

Sport principlari...

“Dinamo” 2015 yilgi mavsum yakunlariga ko'ra, oliy ligani tark etdi. PFL reglamentiga ko'ra, endi oliy ligada Samarqand jamoasining o'rnini “Obod” egallaydi. Qura kuniga qadar “Obod”ni oliy ligada qatnashishi gumon bo'lib turgandi, aslida hozir ham shunday. CHunki har doim ham qatiyatli bo'la olmaydigan PFL Samarqanddek shaharni katta futbolsiz qoldirishiga ishonish qiyin va yakunda shunday ham bo'lishi mumkin. Sababi, qura kuni Farhod Magometov “Obod” 10 yanvarga qadar kerakli hujjatlarni tayyorlab, topshirmasa, “Dinamo” oliy ligaga qaytarilishini takidladi. Farhod Abdualievich bunga izoh berar ekan, yig'ilganlarga sport principlarini eslatib o'tdi. Qiziq, birinchi ligada birinchi o'rinni egallagan klub talabga javob bermasa uning o'rnini oliy ligadan tushib ketgan klub egallashi sport principlariga to'g'ri kelar ekan?! Aslida boshqacha bo'lishi kerakligini barcha biladiku?! Garchi “Oq-tepa” o'tish o'yinida “So'g'diyona”ga yutqazib qo'ygan bo'lsa-da, sport principlariga ko'ra, “Obod”ning o'rnini Toshkentning boshqa bir klubi egallashi kerak, emasmi? YO biz bilgan sport principlarining vaqti o'tdimikan? Agar quyida ikkinchi bo'lgan jamoa o'tish o'yinida o'ynab bo'lib, oliyda qatnashmasligi rasman malum bo'lgan bo'lsa, “Dinamo” oliy ligadan undan oldinroq tushib bo'lgan. Demak, bu vaziyatda ikki jamoa ham bir xil holatda. PFL esa, oson yo'lni tanlayapti. Nega deysizmi? Sababi, “Oq-tepa” ham sof birinchi liga jamoasi. Bu klub ham oliy liga talabiga to'liq javob bermasligi ehtimoli katta. Vaholanki, PFL qo'ygan talablarga oliy ligadagi qaysi klub to'liq javob berar ekan, hayronmiz?! Xullas, PFL “Obod”dan keyin “Oq-tepa”ga ham murojaat bilan chiqishi mumkin edi, lekin ularni ham kutishni istamaydi. Boisi, ularga ham tegishli hujjatlarni tayyorlashi uchun vaqt berishi kerak. Tabiiyki, bu yanvar oyi ham kutish bilan o'tib ketadi, degani. Bu vaqtga kelib oliy liga klublari yillik smetalarini belgilab oladi. Agar “Oq-tepa” ham talabni bajarmasa, “Dinamo”ga murojaat qilinadi. Samarqandliklar esa, bu vaqtga kelib yo oliy liga yoki birinchi liga uchun smetani tasdiqlatishi lozim. Oliy va birinchi liga jamoalarining yillik smetalari orasida er bilan osmoncha farq borligi bugun hech kimga sir emas.

Farhod Abdualievich takidlagan sport principlarini boshqa yo'nalishda tahlil qilib ko'raylik. PFL sport principlariga qatiy tarzda amal qilar ekan, oliy va birinchi liga klublari o'rtasida o'tish o'yini o'tkazish qaysi principga to'g'ri kelishini tushunmadik?! Boisi, oliy va birinchi liga klublariga bir xil talab qo'yilgan bo'lsa-da, o'sha talablarni talab qilish borasida munosabat turlicha. Lekin jamoaning o'yiniga tasir qiladigan bir-biriga to'g'ri kelmaydigan talablar ham bor. Eng asosiysi, oliy liga klubi professional bo'lishi shart, quyidagilarga yarim professional bo'lsa ham bo'laveradi. Endi aytingchi, qani bu erda sport principi? SHunday holatda ikkala liga jamoasi o'rtasida o'tish turnirini o'tkazish sport principiga to'g'ri keladimi? Undan ko'ra, birinchi ligada oliy liga uchun bittagina o'rin ajratilsin! Yana bir qiziq fakt, sport principlariga amal qiladigan bu tashkilotimiz ikkita musobaqani ikki xil vaqtda tugatdi. Bu erda jabr chekkan birinchi liga klubi bo'ldi. PFL hozircha bitta ishni to'g'ri qildi va buning uchun ularga minnatdorchilik bildirishimiz kerak. Yani, har xil gap-so'zlarga chek qo'yib, oliy ligada ishtirokchilar sonini 16taligicha qoldirdi. SHunisiga ham rahmat! Agar ishtirokchilar soni 18taga etkazilganida keraksiz o'yinlar soni yanada ko'payib ketardi. 

Yuqorida “Obod”ga 10 yanvarga qadar muhlat berilganini aytib o'tdik. Biz bu jamoani oliy ligada qatnashishi tarafdorimiz. Boisi, klub oliy ligaga chiqish uchun katta mehnat qildi. Garchi asosiy raqibiga qarshi o'yinlarda yutqazib qo'ygan bo'lsa-da, “taslim” bo'lmay oxirigacha kurashdi va yakunda mehnatiga yarasha taqdirlandi. Oliy ligaga ham shunday oxirigacha kurashadigan jamoa kerak. Mayli, klub talablarni yuz foiz bajarmasin, lekin unga imkon berilsin. Baribir oliy ligada talablarni yuz foiz bajaradigan klubning topish mushkul. Oddiy misol, qura marosimida Farhod Magometov agar “Paxtakor” qarzini to'lab qo'ymasa, chempionatdan chetlashtirilishini aytib o'tdi. Odatda klublar PFLdan badal puli yoki jarimalar bo'yicha qarz bo'ladi. Agar bu qarz badal puli bilan bog'lik deydigan bo'lsak, reglamentning 7-bo'lim, 2-bandida oliy liga klublari 1 fevralga qadar badal pullarini to'lashlari yozib qo'yilgan. Demak, “Paxtakor”ga yil oxirigcha qadar muhlat berilgan. SHunday ekan, o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'yayotgan “Obod”ga ham o'zini ko'rsatishi uchun imkoniyat berilsa, yaxshi bo'lardi. Mabodo jamoa bir yildayoq ortga qaytsa, bu o'zining aybi bo'ladi. Lekin shunday bo'lmasligi ham mumkinku?! Uzoqqa bormaylik, bir necha yillik tanaffusdan keyin oliy ligaga qaytgan “Qo'qon-1912” tarkibida yulduzlari bo'lmasada, o'zini tutib oldiku! Oliy ligaga yangi qon kerakligiga ancha bo'ldi. O'sha yangi qon vazifasini “Obod” bajarib beradi. Agar PFL “Obod”ga imkoniyat bersa, rostkamiga xarakter ko'rsatgan bo'ladi. Zero, bu kelasi mavsum oliy ligadan tushib ketadigan klublar uchun ham “dars” bo'ladi. Aksincha, Toshkentning to'rtinchi jamoasiga oliy ligada debyut qilish imkoniyati berilmasa, bu quyidagilarning ham ruhiyatiga salbiy tasir qilishi aniq.

PFLga taklif kerak!

Qura marosimi davomida Farhod Magometov birinchi liga bilan bog'liq savollarga javob berar ekan, oliy ligada muammolar borligini, dastavval yuqorini to'g'irlab olish lozimligini aytib o'tdi. Buni “Paxtakor” qarzlari bilan chempion bo'lgani bilan izohladi. Aslida “Paxtakor” moddiy imkoniyati cheklangan holatda chempion bo'lgani uchun jamoa azolarini olqishlash kerak. Zero, klublarimizda futbolchilarga beriladigan pullarda uzilish bo'lsa, jamoa qanday ahvolga tushib qolishi hech kimga sir emas. Qolaversa, “Paxtakor” hukumatimiz ajratgan homiylarning qo'liga qarab qolmagan! Bu endi alohida mavzu. Xullas, PFL dastavval oliy ligani to'g'irlab olishni o'ylayapti. Demak, birinchi liga yaqin orada oliy liganing saviyasiga yaqin yo'lamaydi. Hatto birinchi ligada oddiy qoidalar ham kuchga kirmasligi mumkin. Agar shunday bo'lsa, klublar talablarga javob bera olmay qoladi. CHunki ular yarim professional klub sifatida musobaqada ishtirok etishyapti. Bu hammasi Farhod Abdualievichning so'zlaridan olingan mano. 

PFL klub rasmiylaridan taklif kutsa, ulardan javob bo'lmayotganmiz. SHuning uchun ushbu mavsumda reglamentda jiddiy o'zgarishlar bo'lmaydi. Farhod Magometov tashkilot jurnalistlarning takliflarini ko'rib chiqishga tayyor ekanligini takidladi. SHunisiga ham shukr! Boisi, OAV ahlini eshitishga tayyor tashkilot ham borligi kishini xursand qiladi. Samvel Babayan milliy terma jamoaga ustoz bo'lgach bizni eshitdi, eshitganlarini qog'ozga tushirdi va o'zi bilgancha ishladi. Asosiysi, bizni eshitdi. O'zi tashabbus bilan chiqdi. PFL ham bizni eshitishni xohlasa tashabbus bilan chiqishi lozim. Sababi, jurnalist ahli takliflarini o'z maqolalarida yozadi. Taklif ko'tarib, tashkilotma-tashkilot yurmaydi. Buning uchun yo gazeta o'qish kerak yoki internet sahifalarida chop etiladigan maqolalarga ko'z yugurtirishning o'zi kifoya. Xo'p, mabodo klub rasmiylari va OAV taklif bilan chiqmasa PFLning o'zida hech qanday fikr yo'qmi? Farhod Magometov boshchiligidagi tashkilot xodimlariga chempionat saviyasini oshirish uchun qandaydir ishlarni bajarishga faqatgina klub rasmiylari va OAVning fikri kerakmikan? Agar biz yoki klub rasmiylaridan fikr chiqmasa oliy ligani qachon to'g'irlab olamiz? Bechora birinchi liganing ahvoli qanday kechadi? SHunchaki, achinasan kishi?!

“Paxtakor” jazolanadimi?

Qura tashlash marosimining kulminacion nuqtasi “Paxtakor” rahbarlari jiddiy tarzda ogohlantirilgani bo'ldi. Farhod Abdualievich “Paxtakor” rahbarlarini ogohlantirar ekan, jumladan shunday dedi: “Ijroiya qo'mitaning yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda aniq qaror qabul qilindi. Yani, jamoa 29 dekabrga qadar qarzdorlikdan to'laligicha qutilmasa, chempionatdan chetlashtiriladi. Bu Ijroiya qo'mitaning rasmiy qarori! SHuni hisobga olishlaringni so'rayman. Buni qolgan klublar ham inobatga olsin. Aytmoqchimanki, 2016 yilgi mavsumda hech qanday qarzdorliklar bo'lmasin!”

Bugun 29 dekabr. “Paxtakor”ga belgilangan muddatning so'nggi kuni. Xo'sh, mabodo “Paxtakor” qarzdorlikdan qutilmasa jazolanadimi? Fikrimcha, yo'q. Sababi, “Paxtakor” pul tomondan jazolanishga loyiq jamoa emas. Boisi, yuqorida takidlaganimizdek, “sherlar” pulsiz ham chempion bo'lish salohiyatiga ega ekanliklarini amalda isbotlashdi. Qolaversa, “Paxtakor” futbolchilarini aldamaydiku, PFLni aldaydimi? Bugun bo'lmasa ertaga albatta qarzidan qutiladi. Kasbimiz yuzasidan ko'plab futbolchilar bilan suhbatlashamiz. Yurtimizdagi 3-4ta jamoaning azolarigina klubi aldamasligini takidlaydi. SHulardan biri “Paxtakor”. SHuning uchun yarim yillab maosh olishmasada, jamoa o'yinida salbiy tomonga o'zgarish ro'y bermaydi. Agar klublarimizning rahbarlari orasida futbolchisini aldamaydiganing soni ko'payganida bir yilda ikki martalab shartnoma tuzishlar, ko'chdi-ko'chdilar allaqachon kamaygan bo'lardi. Bu tomondan “Paxtakor” qolganlarga o'rnak bo'la oladiganlar sirasiga kiradi. “SHerlar” jazolanmasligini yana bir fikr bilan tushuntirishga harakat qilamiz. Klub PFL oldidagi qarzidan qutiladimi-yo'qmi, buni biz bilmaymiz. Yoki PFL ertaga mana muddat tugadi va “Paxtakor” qarzidan qutildi, deya pul o'tkazilganligi haqidagi hujjatni ommaga ko'rsatadi, deb o'ylaysizmi? Albatta yo'q va bunga majbur ham emas. SHunday ekan, “Paxtakor” bugun bo'lmasa ertaga yoki indinga qarzidan qutilaveradi. Fikrimcha, klub rahbariyati qarzi keyinroq to'lab beraman, desa PFL yo'q, demasa kerak?! PFL pul tufayli mamlakatimizning birinchi raqamli klubini oliy ligadan chetlatmaydi. Mabodo shunday qilsa, bu jahon ommasi oldida o'zbek futbolining obro'siga salbiy tasir qiladi. PFL o'zbek futbolining obro'siga salbiy tasir qiladigan qaror qabul qiladigan darajada qatiyatli emas. Agar tashkilot rostkamiga qatiyatli bo'lganida, allaqachon futbolimizning saviyasi oshgan bo'larmidi? 

Furqatbek NISHONOV


Reyting: +9   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика