Intervyu. Baxtiyor Ashurmatov: "Gapni ochig'i selekciya ishlaridan ko'nglim to'lgani yo'q"
30 jan 2019 15:13
Yangiliklar
Intervyu. Baxtiyor Ashurmatov: "Gapni ochig'i selekciya ishlaridan ko'nglim to'lgani yo'q"
- Baxtiyor Azamovich AGMK jamoasidan ishdan ketganingizdan keyin, ko'p vaqt o'tmasdan "Buxoro" jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandingiz. "Buxoro"ga o'tishingiz qanday sodir bo'ldi?
- 2017 va 2018 yilning birinchi davrasida Ulug'bek Baqoev bilan birga samarali ishlashga harakat qildik. Ulug'bek Istamovich kelajagi bor murabbiy ekanligini yaxshi natijalar bilan ko'rsatdi. AGMKdan taklif bo'lganda, u bilan maslahatlashib, taklifni qabul qildim. Jamoa rahbariyati, muxlislar bilan do'stona xayrlashdim. Bu vaqt ichida oilaviy sharoiti va murabbiylik kurslarida o'qiyotganligi sababli, Ulug'bek Istamovich jamoa bilan xayrlashdi. AGMKdan ketganimdan keyin hech kancha vakt o'tmasdan, jamoa rahbariyatidan Amrillo Abdullaevich va To'ra Yodgorovich menga ko'ng'iroq qilishdi va "Buxoro"ga taklif qilishdi. Buxoroga borib viloyat rahbari O'ktam Isaevich bilan ko'rishdim va jamoada ishlashga qaror qabul qildim. Jamoa rahbariyatining ishonchi, Buxorolik muxlislarning ishonchi meni bu taklifni qabul qilishimga sabab bo'ldi.
- Toshkentdagi yig'in qanday o'tmoqda? Bu yig'indan ko'nglingiz to'lmoqdami?
- Bu yig'in rejalashtirilgan tarzda o'tkazilmokda. O'tgan yili o'rinbosarlar tarkibida o'ynagan ko'plab yoshlarga imkoniyat bermoqdamiz. CHunki rahbariyat bilan bo'lgan uchrashuvda, nisbatan jamoani yoshartirish kerakligini, imkon darajasida mahalliy yoshlarga etibor berish kerakligini gaplashib olgan edik. Ko'rikka kelganlarni sinovdan o'tkazmoqdamiz. O'rtoqlik nazorat uchrashuvlarida maydonga tushyapmiz. Yigitlar mashg'ulotlarda o'zlarini ko'rsatishga harakat qilishmokda. Lekin o'tkazilgan o'rtoqlik uchrashuvlari shu narsani ko'rsatdiki, hamma yoshlarimiz ham hali yuqori saviyada o'ynashga tayyor emaslar. Agar biz jamoa tarkibini kuchaytirmasak chempionat o'yinlarida qiyin ahvolga tushib qolishimiz mumkin. 30 yanvar kuni "So'g'diyona"ga qarshi o'yinda maydonga tushamiz va shu o'yindan keyin jamoadagi futbolchilar bo'yicha bir to'xtamga kelamiz.
- Selekciya ishlaridan ko'nglingiz to'lmoqdami? Yuqori saviyadagi o'yinchilar jamoaga kam jalb qilinganidan muxlislar xavotirda?
- Selekciya ishlaridan gapni ochig'i ko'nglim to'lgani yo'q. O'zimda ham ozgina havotir bor. CHunki o'tgan yilgi tarkibdan jamoani 12 futbolchi tark etdi. Bu degani jamoani yangitdan shakllantirish kerak bo'ladi. Lekin bizda yana bir oy vaqt bor. Bu vaqt ichida jamoa tarkibini kuchaytira olamiz degan fikrdaman. Mahalliy futbolchilardan Bobur Omonov boshqa jamoaga o'tib ketganligi, Sardor Sulaymonovga taklif bilan chiqqanimizda boshqa jamoa taklifini qabul qilganligi meni ozgina ranjitdi. Bobur Omonovga bu yilgi mavsumda katta ishonch bildirayotgan edim. U bilan agar chet el jamoasidan taklif bo'lmasa birga ishlaymiz deb kelishib ko'ygan edik. Smetamiz o'tgan yilgiga nisbatan kamayganiga qaramasdan, o'tgan yilgidek mablag' to'lashga rozi edik. Mablag' tomondan yaxshiroq taklif bo'lganligi sababli, oxirgi paytda boshqa jamoaga o'tishga qaror kildi. Futbolchilarning xam oilasi bor, ularni xam to'g'ri tushunish kerak. Unga omad tilayman. Lekin jamoa qiyin vaziyatda kolganda, bu futbolchilar jamoaga yordam beradi degan umidda edim. Mahalliy futbolchilarga ishonch bildiramiz demoqdamiz, lekin juda qiziq vaziyat bo'lmoqda. Mahalliy futbolchilardan manfaatliroq taklif bo'lgani boshqa jamoalarga o'tib ketmoqda, faqat boshqa jamoalardan taklifi yuq futbolchilar jamoada qolmoqda. Demak bu futbolchilarga ham imkoniyat berib o'ynatsak, ertaga taklif bo'lsa jamoani tashlab ketar ekan. Oldin futbolchilarda o'ynab turgan jamoasiga nisbatan fidoiylik, mehr, o'z shahri jamoasiga nisbatan muhabbat va sodiqlik, o'z shahri muxlislariga nisbatan hurmat bo'lar edi. Hozir esa birinchi o'ringa moliyaviy xolat chiqayotganligi achinarli xolat. Buxorolik futbolchilardan bitta SHavkat Salomovga etirozim yo'q, jamoani yoshartirayotganimiz sababli do'stona, bir birimizga omad tilagan holda xayrlashdik.
- Jamoada hozir vaziyat qanaqa? Moliyaviy muammolar bartaraf etilmoqdami?
- Gapni ochig'i jamoani qabul kilib olganimda jamoadagi muammolardan habarim bor edi. Rahbariyat bilan ko'rishganimizda muammolar bartaraf etilishi va yangi mavsumga jamoa tuzishda smetamizdan kelib chiqib jamoa tuzish kerakligi haqida gaplashib olgan edik. Rahbariyat muammolarni bartaraf etish yo'lida tinimsiz harakat qilishmoqda. O'tgan yilgi mavsum uchun oylik maoshidan qarzdorliklar bartaraf etildi. Yaqin kunlarda boshqa qarzdorliklarni xam berkitish ustida ish olib borilmoqda. Toshkentda o'quv yig'ini o'tkazishimiz uchun hamma sharoitlarni yaratib berishmoqda. Buxoroda maydon chimini yaxshilash, uyingohning o'zida katta hajmda tamirlash ishlari olib borilmoqda. Rostini aytsam Ulug'bek Baqoev bilan jamoani qabul qilib olganimizda, 2016 yildan olti milliarddan oshiq qarz bilan jamoani qabul qilib olgan edik. SHu qarzdorlik yildan yilga o'tib kelmokda. Bizning birinchi maqsadimiz bu yilgi smetadagi pulni kerakli joyga yo'naltirib bu yilgi mavsumdan qarzsiz chiqish. Bu yil o'tgan yilgiga nisbatan smetamiz ikki barovar qisqargan. SHu sababli ham vaziyatdan kelib chiqib transfer ishlarini olib bormoqdamiz. Lekin shunga qaramasdan jamoamiz rahbariyati jamoada muammo bo'lmasligi uchun harakat qilishmokda. Jamoamiz rahbari SHuhrat Qo'zievich ham yosh, shijoatli yigit. Jamoadagi vaziyatni yaxshilash uchun tinimsiz izlanmoqda.
- Jamoaga yana yangi futbolchilar taklif qilinadimi? Yangi mavsumda jamoa oldiga qanday maqsad qo'yiladi?
- Albatta jamoaga yana yangi futbolchilar taklif qilinadi. Yaxshi saviyadagi futbolchilarga taklif bilan chiqyapmiz, lekin unga boshka jamoalardan yaxshi taklif bo'layotganligi sababli bu transferlar amalga oshmayapti. Aytmoqchi bo'lganim selekciya ishlarida raqobatda boshqa jamoalarga yutqazmokdamiz. Hozirgi tarkibimizda yana kamida 8 nafar futbolchi jalb qilishimiz kerak bo'ladi. Jamoada qolishga rozi bo'lgan Salamat Qutiboev, agar moliyaviy tomondan muammo bo'lmasa birga ishlaymiz deb biz bilan birga mashg'ulotlarda qatnashayotgan Ivan Nagaevdan minnatdorman. Bu yuqori saviyadagi futbolchilar biz bilan birga bo'lsa, qolgan futbolchilar ham ulardan ko'p narsa o'rganishadi. Sidorov bilan kelishuvga erishgan edik. Qo'lidan jarohat oldi va jamoamizning mart oyidagi uyinlarini o'tkazib yuborishi mumkin. Bu yilgi mavsum qiyin bo'lishi mumkin lekin, bizning eng kuchli tomonimiz muxlislarimiz. Fidoiy muxlislarimiz jamoani qiyin vaziyatda xam qo'llab-quvvatlashlariga ishonchim komil. Men jamoani qabul qilib olganimda jamoani yaxshi va og'ir kunlarida ham birga bo'laman deb, jamoani jangovor va kurashchan, yuqori o'rinlar uchun kurashadigan jamoalar qatoriga qo'shaman deb yaxshi niyatda kelganman. Mavsum boshlanishidan oldin jamoa rahbariyati bilan bo'ladigan uchrashuvda jamoaning yangi mavsumda vazifa va maqsadlarini aniqlab olamiz. To'g'ri hozir vaziyat biz xohlaganday emas lekin, biz taslim bo'lmaymiz. Xudo xohlasa muxlislarimiz ishonchi va qo'llab-quvvatlashi, rahbariyatimizni qo'llab-quvvatlashi yordamida bu qiyin vaziyatdan chiqib ketamiz. Fidoiy, jonkuyar muxlislarimiz futbolchilarimiz baxtiga doimo sog' bo'lishsin.
"Buxoro" matbuot xizmati
Fikrlar