So’nggi yangiliklar

09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  0 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  0 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  2 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  4 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  15 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  2 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  8 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  1 21:48Виталий Левченко: "Нефтчи"да ёшлар йўқ? Бунинг учун шароитлар йўқ"   9

Baxtiyor Ashurmatov: “Muxlislar sabr qilishsin, natijalarni yaxshilashga ishonchim komil” Yangiliklar

Baxtiyor Ashurmatov: “Muxlislar sabr qilishsin, natijalarni yaxshilashga ishonchim komil”

O'tgan haftada “Andijon” klubi atrofida yuz bergan gap-so'zlar futbolga befarq bo'lmagan kishilarning diqqat etiborini o'ziga tortgan bo'lsa ajab emas.

Ayniqsa, “Olmaliq”qa qarshi o'yindan avval bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatovning klubdan ketgani, o'rniga Orif Mamatkazin tayinlangani, keyin esa bunday o'zgarish aslida bo'lmagani haqidagi xabarlar muxlislarni chalg'itib qo'ydi. Bunday tushunmovchiliklar esa “Andijon” futbolchilariga ham ruhiy tomondan tasir qilishi tabiiy. Oxir-oqibat “Olmaliq” bilan bahsga ko'ngildagidek tayyorlana olishmadi shekilli, mag'lubiyatga uchrashdi. Biz esa ushbu o'yindan keyin Ashurmatov bilan uchrashdik. CHunki uning atrofida yuz bergan masalalarga oydinlik kiritmasak bo'lmasdi.   

-   Oxirgi paytlarda “Andijon” jamoasi atrofida bosh murabbiy almashishi to'g'risida turli gap-so'zlar paydo bo'ldi, - deya suhbatni boshladi, Baxtiyor Azamovich. - Bu rostdan ham asosli xabarlar edi. Oxirgi o'yinlardagi mag'lubiyatlardan keyin tushkunlikka tushib qoldik. Murabbiylar o'zgarishi esa klubga foyda keltiradi, degan fikrga berilgandik. Ammo bu bizning xatoimiz edi. CHunki bizga rahbarlar va muxlislar katta ishonch bildirishgan. Bu ishonchni yo'qotgan holda ketishimiz esa noto'g'ri bo'lardi. Oxirigacha kurashish o'rniga engil yo'lni tanlash to'g'ri deb o'ylagandik. CHindan ham jamoadan ketish fikri menda bor edi. Lekin rahbarlar bilan uchrashganimdan so'ng sizga bir yillik ishonch bildirmaganmiz, 3-4 yillik reja asosida sizni taklif qilganmiz, oson taslim bo'lishingiz esa noto'g'ri deya ongimni tozalashdi. Ularning bu ishonchi uchun minnatdorman. Natijalarimiz o'zimiz kutgandek bo'lmayotgani uchun rahbarlar va muxlislarning oldida xijolatdamiz. “Olmaliq”qa yutqazganimiz bizni yanada kuchliroq qilishi kerak. “Metallurg”ga imkoniyatni boy berganimizdan keyin ishqibozlar menga katta etiroz bildirishdi. “Olmaliq” bilan bahsda ham yana etirozlar bo'ldi. Ularni to'g'ri tushunib turibman va endi oldimga shunday maqsad qo'ydimki, jangovor jamoa va ijobiy natijalar ko'rsatmagunimizga qadar ortga chekinmayman. Albatta, yaxshi jamoa tuzib rahbariyat hamda ishqibozlarning ishonchini qaytaramiz.


-   Siz klubdagi ishingizni yana davom ettiradigan bo'ldingiz. Ammo yordamchilaringiz – Zohid Nurmatov bilan SHuhrat Maqsudov “Andijon”dan ketishdi. Ularsiz qiynalib qolmasmikinsiz?
-   O'zimni ikkita qanotimdan ayrilgandek his qilyapman. Zohid Nurmatov bilan ko'p yillardan beri birga ishlab kelayotgandik. SHuhrat Maqsudov ham malakali mutaxassis edi. U bilan terma jamoada ham birga ishlaganmiz. Ushbu murabbiylarning maslahati menga doim asqotardi. Klubdan ketish haqida ariza yozishganida men ham, rahbarlar ham ularga hozirgi og'ir vaziyatda ishlab turishlarini, jamoani tashlab ketmay turinglar deb aytgandik. Agarda ortimdan ketib qolsanglar hamma noto'g'ri tushunadi degandik. Natijada ular qolib birinchi davra oxirigacha ishlashga qaror qilishgandi. Lekin saytda Orif Mamatkazinning rasman “Andijon”ga bosh murabbiy bo'ldi degan xabar ularni og'ir vaziyatga tushirib qo'ydi. O'zini hurmat qilgan mutaxassis bunday jarayonda yana qolib ishlayveraman deyishi ham noto'g'ri. Lekin klub vice-prezidenti Maruf Abdusalomov ularga bu xabar asossiz ekanini, agar o'zgarish bo'lsa buni o'zaro yig'ilishda malum qilishlarini, Ashurmatovning ham istefosi hali qabul qilinmaganini aytib, ularni qoldirishga uringan bo'lsa-da, murabbiylarning qarorlari qatiy edi. Balki o'sha saytda chiqqan xabar klub tomonidan aytilmagandir, ammo rasmiy xabar deyilgani ularga ham og'ir botdi. Aynan ular ishdan bo'shagan paytda men Qo'qondan Andijonga viloyat rahbarlari bilan uchrashish uchun kelayotgandim. Nurmatov bilan Maqsudovning ketganidan keyin mening klubda yana ishlashim aniq bo'ldi. Lekin keyinchalik yana klubda ishlashda davom etsam, balki ular bilan hamkorlik kilish nasib qilar.

-   Aynan Mamatkazinning “Andijon”ga bosh murabbiy bo'ldi degan xabarga qanday munosabatda bo'ldingiz?
-   Mamatkazinning varianti ko'rib chiqildi va menimcha, shamol bo'lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi. Kimlar tomonidan bunday shoshilinch xabar chiqarilgani ham tushunarsiz bo'ldi. Lekin men klub rahbarlariga ishonaman. “Andijon”ga meni vice-prezident Maruf Abdusalomov taklif qilgan. Bo'lib o'tgan vaziyatni tushunmay qoldim. Balki kimlargadir bunday o'zgarish kerak bo'lib qolgandir. Keyinchalik rostdan ham Orif Mamatkazinning bosh murabbiy bo'lishi mumkinligini eshitdim. Bunday xabarlar menga ham etib keldi. Lekin rahbariyat bilan uchrashganimizda bunday malumotlar bo'lmaganini va menga ishonishlarini aytishdi. Ko'rib turibmanki, Abdusalomov katta hajmdagi ishni olib boryapti. U nafaqat klub, balki bolalar futbolida ham keng ko'lamdagi ishlarni bajaryapti. Bir nechta biznes rejalar ustida ham ishlayapti. Xullas, tun-u, kun jamoa ravnaqi yo'lida jiddiy mehnat qilayotganini ko'rib turibman. Fan-klub rahbari Nodirbek To'ychiev esa muxlislarning xohish va istaklari sevimli jamoasini Osiyo CHempionlar ligasida ko'rish ekanligini aytgandi. Ularning umidlarini oqlash uchun 3-4 yil davomida bu ishga qo'l urgan holda ishlashga kirishgandik. SHuningdek, rahbariyatning rejalari ham menga manzur bo'lgan. Lekin doim ham siz o'ylagan narsa bo'lavermas ekan va biz qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Bu ham bir sinov va undan yorug' yuz bilan o'tishimiz kerak. Qachonki, bu erdan ketsam ham yorug' yuz bilan tark etaman deb umid qilaman. Buning uchun menga og'ir vaziyatda muxlislarning qo'llab-quvvatlashi juda ham zarur.   

-   Aslini olganda, istefoga chiqishga sizni nima majbur qilgandi?
-   Avvalambor natija! Biz o'zimiz xohlagan natijaga erisha olmayapmiz. SHuningdek, oldin muxlislar bilan uchrashganimda agar ishqibozlarning ishonchini yo'qotsam, bu erda ishlamayman deb aytgandim. “Metallurg”ga yutqazib qo'yganimizdan keyin qattiq tushkunlikka tushdim. Murabbiy uchun muxlislarning ishonchini yo'qotish og'ir. SHu sababli ketishni to'g'ri qaror deb o'ylagandim. Ammo meni andijonlik muxlislar qo'llab-quvvatlashdi. Bir kun bilan yashamasligimni, vaziyat albatta yaxshi bo'lishiga ishonishlarini takidlashdi. Men esa klubdan ketishim xato qaror bo'lishini tushunib etdim.


-   Jamoaga kuchli ishtiyoq bilan qaytganingiz ko'rinib turibdi. Aytingchi, endi vaziyatni o'zgartirish uchun nimalar qilmoqchisiz?
-   “Andijon”dan taklif tushganida bu erdagi faoliyatim bunchalik og'ir bo'lishini kutmagandim. Autsayderlar qatoridan chiqib ketishimizga ishonchim komil edi. Maruf Jaloliddinovich ham menga ishonch bildirgan va buning uchun undan minnatdorman. Jamoani oliy ligada qolish uchun kurashadigan klublar qatorida bo'lmasligiga va hayotda tavakkal qilishni yoqtirganim uchun bunday qiyin ishga qo'l urishga rozi bo'lgandim. Ammo bu erda o'zim xohlagan darajada vaziyat osonroq bo'lib chiqmadi. Endi esa hozirgi paytga kelib “Andijon” jamoasining muammosi nimada ekanligini, nima sababdan oxirgi yillarda faqat elitada jon saqlab qolish uchun kurashayotganini, umuman, ko'plab savollarga javobim bor. Jamoani yaxshilash uchun keyinchalik nimalarga etibor qaratishim kerakligini ham endi yaxshi bilaman. Agarda ishdan ketsam muxlislarning ishonchini qozona olmay, ularning muhabbatini so'ndirgan holda ketgan bo'lardim. Tabiiyki, ular Ashurmatov yaxshi mutaxassis emas ekan, degan fikrda bo'lishardi. Men haqimda esa bunday salbiy fikrlar qolishini xohlamayman. Ishonchim komilki, albatta andijonlik muxlislarning ishonchini oqlaymiz.

Men o'ylagan reja bo'yicha o'z uyimizdagi o'yinlarda yutib turganimizda ham 7-8-o'rinlarda bo'lishimiz kerak edi. Keyin esa ikkinchi davrada yana ayrim chiziqlarga yangi o'yinchilarni taklif qilgan holda o'z oldimga qo'ygan vazifani bajara olaman deb o'ylagandim. Afsuski, hozirgi paytda jamoamizdagi raqobat past. Bunga sabab shuki, men klubni kechroq qabul qilib oldim va selekciya ishlarida qiyinchiliklarga duch keldik. Bundan tashqari, jamoamiz birorta uchrashuvda optimal tarkib bilan o'ynay olmayapti. Men bu gaplar bilan o'zimni oqlamoqchi emasman. Yangi ish boshlayotganimda ham keyinchalik hech qanday sabab izlamayman, faqat mehnat qilgan holda vaziyatdan chiqib ketamiz deb aytgandim. Albatta, mag'lubiyatlarda aybimiz bor, shu bois yanada ko'proq izlanishimiz kerak. Yigitlarga bitta oila bo'lgan holda hamjihatlikda o'ynamagunimizga qadar natija ko'rsata olmasligimizni aytdim. SHuningdek, ular meni dushman sifatida ko'rmasliklarini, bu erga yaxshi natija ko'rsatish uchun kelganimizni, agar vaqti kelib terma jamoada o'ynasanglar bundan faxrlanib yuramiz deya gapirdim. Futbolchilar hech qachon bo'linib qolmasligi kerak. Mahalliy yigitlardagi masuliyat esa yanada ko'proq bo'lishi kerak. CHunki ular o'z viloyati shanini himoya qilishyapti. “Navbahor”da ishlaganimda menga osonroq edi. CHunki mahalliy futbolchilardan Dilshod Jabborov mening maydondagi yordamchim edim. Ulug'bek Baqoev esa jamoadagi muhitni ushlab turishda menga yordam berardi. Afsuski, “Andijon”da maydonda va maydondan tashqarida etakchilik qiladigan o'yinchini ko'rmayapman. Mana shunday sabablar ham muvaffaqiyatsizligimizga sabab bo'lyapti.

SHuningdek, yoshlar jamoasi ham yaxshi ishtirok etyapti. Oxirgi paytlarda Baxtiyor Qosimov, Salohitdin Salohitdinov, Alisher Abduvohidov kabi mahalliy yoshlarni asosiy tarkibga jalb qila boshladik. Farhod Bekmurodov esa asosiy tarkib o'yinchisiga aylanib ulgurdi. Lekin ular hozirgi yoshda chalg'imasdan o'z ustida tinimsiz ishlashlari kerak. Xayollari chalg'imasdan faqat futbol bilan band bo'lishlari darkor. Afsuski, oxirgi paytlarda yosh o'yinchilarning fikrlari buzilgandek taassurot qoldiryapti. Ular ortiqcha gap-so'zlarga etibor bermasliklari, faqat o'z ustilarida ishlashga etiborni qaratishlari lozim.  

-   Gaplaringizdan shuni sezyapmanki, ikkinchi davrada jiddiy o'zgarishlarni ko'ramiz, shundaymi?
-   Albatta. Agar tarkibda jiddiy o'zgarishlarni qilmasak, futbolchilar raqobatdan to'xtab qolishyapti. Jamoa faqat oliy ligada qolish uchun kurashyapti. Bunday vaziyatda futbolchilar ruhiyatlarini o'zgartirishlari zarur. Bunday muxlislarga ega bo'lgan klub autsayderlar orasida yurishi mumkin emas. Aynan shunday fikrlarni o'yinchilarning ongiga singdirishga harakat qilyapman. Bu gaplarim qaysidir futbolchilarga tasir qilyapti, qaysilarigadir esa yo'q. To'g'risi, bazi-bir o'yinchilar men ishlamasligimdan manfaatdor bo'lishlari ham mumkin. CHunki bungacha bu erda talab kuchli bo'lmagan va saviyasi past futbolchi ham asosiy tarkibda o'ynab yuravergan. SHuning uchun raqobatni kuchaytirsak va mahalliy yigitlar ham ruhiyatlarini o'zgartirib etakchilik qobiliyatlarini namoyish qila olishsa natijalar ham o'zgaradi va muxlislar xohlagan o'yinni ko'rsata boshlaymiz. Oxirgi ikkita mag'lubiyatdan keyin shunday qarorga keldimki, albatta muxlislarning ishonchini oqlayman va ular xohlagan jamoani tuzaman. Ungacha rahbariyat istefoimni talab qilishmasa bor kuchim bilan ishlayman. Kerak bo'lsa sutkasiga 24 soat ishlashga tayyorman. “Metallurg” bilan o'yindan avval sog'ligim bilan bog'liq muammo sababli jamoa bilan birga bo'la olmadim. Bazida esa mashg'ulotlarda o'zim qatnasha olmadim. To'g'risi, tushkunlikka tushganimda, ayrim holatlarda Andijonga borishga oyog'im tortmay ham qolgandi. Hozir esa muxlislarning etirozlarini to'g'ri qabul qilaman.


Mag'lubiyatlardan keyin yanada bor kuchim bilan ishlayman va albatta o'z niyatmiga erishaman. Buning uchun rahbarlar va muxlislar sabr qilishlarini va ishonishlarini istardim. Ashurmatov ketgan taqdirda ham boshqa murabbiy kelganida uning vaziyatni o'rganib chiqishi uchun yana vaqt ketadi. Yoki bo'lmasa biz jamoani tuzmagandik deyishadi. SHu bois andijonliklar yana ozgina sabr qilishsa viloyat futbolining mavqeini tiklashimga ishonchim komil. Nimaga men bunday ishonch bilan gapiryapman? 4 oy davomida klubning muammosi nimadaligini, umuman, echimini topishi kerak bo'lgan barcha masalalarni o'rganib chiqdim. Ana endi boshqa murabbiy kelib ish boshlagandan ko'ra mening bu erda qolib vaziyatni to'g'rilashim osonroq bo'ladi. Agarda rahbariyat murabbiy almashishini to'g'ri qaror deb topishsa, mayli men roziman. CHunki muxlislarga chiroyli futbol va natija kerak, buni tushunaman. Ammo menga ishonishda davom etishsa, unda orqaga chekinmayman va faqat natijalarni yaxshilash uchun ishlayman. Ochig'i, futbolchilik paytim murabbiylikdagidan ko'ra ancha engilroq bo'lgan ekan. U faqat o'zi uchun javob beradi. Murabbiylik kasbi qanchalik og'irligini ayniqsa, Andijonga kelib boshimdan o'tkazdim. Bunday vaziyatga birinchi marta tushdim. Bilasizmi, internet saytlarida muxlislarning bildirayotgan fikrlarini o'qib boraman. Lekin oxirgi paytlarda ular tomonidan asossiz tanqidlar ham paydo bo'lyapti. Bunday muxlislar avvalo yaxshib o'ylab keyin fikr bildirsalar yaxshi bo'lardi. Mag'lubiyatga uchragan paytimizda jamoa azolaridan biri o'yinni sotdimikin, deb ham yozishyapti. Bu esa murabbiy va futbolchilarning ruhiyatiga tasir qiladi.

Jonkuyar muxlislarimizga shuni ishon bilan aytamanki, men ishlayotgan paytdan beri “Andijon”ning o'yinida kelishilgan yoki sotib yuborish holatlari bo'lsa, u holda men o'zbek futbolidan ketishga ham tayyorman. SHu bois ishqibozlarimizning chalg'imasliklarini istagan bo'lardim. Futbolchilar esa bunday gap-so'zlardan keyin oldimga kelib axir yurakdan o'ynayapmiz-ku, nega bunday yozishyapti, deya tushkunlikka tushib qolishyapti. CHunki maydonga tushganida yana yomon o'ynasam men haqimda bo'lmag'ur gaplarni aytishadi, degan fikrlar paydo bo'lishi mumkin. “Metallurg”ga yutqazganimizdan keyin tushkun kayfiyatda uyga kelganimda 11 yoshli qizim bilan 8 yoshli o'g'lim menga xat yozib qo'yishgan ekan. “Dadajon, ko'p siqilmang, hammasi yaxshi bo'ladi, asabiylashsangiz sochlaringiz oqarib ketadi, biz sizni yaxshi ko'ramiz va sizga ishonamiz” deb yozganlari ham menda yaxshi kunlarga ishonch uyg'otdi va kurashishga bo'lgan ishtiyoq ham qayta tiklandi. Men aynan mana shunday qiyin ishni bo'ynimga olganman. Uyda esa to'rtta farzandim qolgan. 5 oylik chaqalog'im bor. Bolalarimni tarbiyasiga etibor qarata olmayapman. Ammo men shunga qaramasdan Andijon xalqi oldidagi burchimni bajarish orqali muxlislarni xursand etishni o'z oldimga maqsad qilib qo'yganman.  

FIRDAVSXON suhbatlashdi.

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика