So’nggi yangiliklar

08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  0 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  0 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  1 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  3 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  15 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  2 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  8 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  1 21:48Виталий Левченко: "Нефтчи"да ёшлар йўқ? Бунинг учун шароитлар йўқ"   9 21:35Рўзиқул Бердиев: "Чемпионатда ҳеч қандай мақсад қолмаган"  17

Aziz Ibragimov: "Bu yil ham golni otamga bag'ishladim" Yangiliklar

Aziz Ibragimov: "Bu yil ham golni otamga bag'ishladim"

Futbol bo'yicha O'zbekiston 25-milliy chempionati oliy ligasining 9-turidan so'ng mavsum kashfiyotlaridan biriga aylanishi kutilayotgan “Buxoro” jamoasi 15 ochko bilan to'plar nisbatiga ko'ra 7-o'rinni egallab turibdi.


Jamshid Saidov shogirdlari amaldagi mamlakat chempioni “Paxtakor” bilan bir xil ochko to'plashgan. Faqat “sherlar” to'plar nisbatiga ko'ra 6-o'rindan joy olishgan. Etiborga molik jihati shundaki, “Paxtakor” jamoasi O'zbekiston Kubogi 1/8 finali doirasidagi ilk uchrashuvni o'z maydonida aynan “Buxoro”ga qarshi o'tkazib, kutilmaganda 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. Biz “Buxoro”ning o'ziga xos tarixiy g'alabasi bilan yakunlangan o'yindan so'ng uchrashuvdagi yagona gol muallifi Aziz Ibragimovdan intervyu oldik. Tan olish kerak, Ibragimovning goli juda chiroyli chiqdi. Jarima maydonchasi tashqarisidan yo'llangan to'p Nikita Ribkin qo'riqlayotgan darvozaning yuqori “to'qqizligi”dan joy olgan edi.

- Aziz, bu uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko'rgan edinglarmi yoki odatdagidekmi?
- “Paxtakor” jamoasiga qarshi o'tkaziladigan uchrashuvlarga alohida tayyorgarlik ko'rish shart emas. Har bir futbolchi bunday o'yinlarda o'zini ko'rsatishga harakat qiladi. Boisi, bu kabi uchrashuvlarni terma jamoa murabbiylari kuzatib borishadi. Mana birgina misol, klubdoshimiz Salamat Quttiboev o'z o'yinlari bilan terma jamoa murabbiylar shtabini o'ziga jalb qila oldi. Uni terma jamoamizning yaqinda bo'ladigan yig'iniga taklif qilishdi. Qolgan futbolchilar ham terma jamoadan chaqiruv olishni istashadi. SHu bois, bu o'yinga odatdagidek tayyorgarlik ko'rgandik. “Paxtakor”ning derbi o'yinidagi “Lokomotiv” bilan bo'lib o'tgan uchrashuvini bir necha marotaba ko'rib, o'rganib chiqdik. Uchrashuvdan oldin yigitlar bilan “Buxoro”ga bejizga o'tmaganimizni isbotlaylik, deb o'zaro kelishib olgandik. Tarkibimizdagi Aleksandr Merzlyakov, Bahodir Pardaev o'tgan yili aynan “Paxtakor” safida O'zbekiston chempioni bo'lishgandi. Tan olish kerak, hozirda “Paxtakor” o'zining qiyin kunlarini boshidan o'tkazmoqda.  

- Uchrashuvdan avval murabbiylar sizlarga qanday ko'rsatma berishdi?
- Himoyadan ikkinchi raqam ostida o'ynashimiz kerakligini aytishgandi. Boisi, “Paxtakor”ga qarshi ochiq futbol namoyish etib bo'lmasdi. Bundan avvalgi uchrashuvimizda aynan ochiq o'yin sabab “Bunyodkor”ga yirik hisobda yutqazib qo'ygandik. O'sha mag'lubiyatdan to'g'ri xulosa chiqarib olgan edik. “Paxtakor” bilan o'yinga murabbiylar 4-4-2 taktik sxemasini tanlashdi. Yani, ilk daqiqalardan ikki hujumchi bilan o'ynay boshladik. Bu bilan “Paxtakor” futbolchilarini himoyaga ham etibor qaratishlariga majbur qila oldik.

- G'alabaga umid bormidi?
- Birinchi galdagi vazifamiz o'z darvozamizdan to'p o'tkazib yubormaslik edi. Agar bu vazifani uddalasak, raqib darvozasini ishg'ol qilish uchun hech bo'lmasa bitta imkoniyat yuzaga kelardi. SHunga umid qilgandik. Bunday imkoniyatlar bir emas, bir necha marotaba yuzaga keldi. Bir vaziyatda gol ham kiritgandik, lekin hakamlar buni inobatga olishmadi. Keyin o'yindan keyin takroriy lavhani ko'rganimizda, to'p havodan uzatib berilgan vaziyatda maydon tashqarisiga chiqib ketgan ekan. O'yinning so'nggi daqiqalarida g'alaba to'pini kiritganimdan xursand bo'ldim.

- Gol kiritilgan vaziyatda tavakkal qildingizmi yoki to'pni burchakka aniq yo'naltirdingizmi?
- To'g'risini aytaman, o'zi to'pni o'ng qanotdan jarima maydonchasiga yorib kirayotgan jamoadoshimga uzatmoqchi bo'lgandim. Lekin keyin qarorimni o'zgartirdim. Darvozaga masofa yaqin bo'lgani uchun tavakkal qilib ko'rdim. To'p esa darvozaning yuqori burchagiga borib tushdi.

- Golni o'ziga xos tarzda nishonladingiz. Bu gol siz uchun qanchaliq ahamiyatga ega bo'ldi?
- Juda ahamiyatli gol bo'ldi. Birinchidan, amaldagi O'zbekiston chempioni, barcha futbolchilar bolaligida uning safida o'ynashni orzu qilgan jamoa darvozasini ishg'ol qildim. Ikkinchidan, bu gol o'yinda yagona bo'lib, jamoamga g'alaba keltirdi. Bu golimni otamga bag'ishladim. Ularning tug'ilgan kunlari edi. O'zi aslida aynan otamlar uchun 61-raqamli futbolkani tanlagandim. Bilasizmi, xuddi atayin qilinayotganga o'xshaydi. O'tgan yili ham otamning tug'ilgan kunlari raqib darvozasiga to'p kiritgandim. Aniq esimda, 17 may kuni Jizzaxning “So'g'diyona” jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda ikkita to'p kiritib, dubl muallifiga aylandim. O'shanda Samarqandning “Dinamo” klubi tarkibida to'p tepardim. Bu gollarim dadamning aynan tug'ilgan kunlari kiritilgan edi. Bu safar esa 18 may oqshomida o'tkazilgan o'yinda, kimsan “Paxtakor” darvozasini ishg'ol qildim. Dadamlarga munosib sovg'a hozirlay olganimdan xursand bo'ldim.

- “Buxoro” oliy liganing 9ta o'yinidan 2tasida mag'lubiyatga uchradi, uch uchrashuvda durang qayd etdi. Tarkibni ko'rib chiqadigan bo'lsak, bemalol sovrinli o'rinlar uchun kurasha oladigan jamoa shakllanganiga guvoh bo'lamiz. Qimmatli ochkolar boy berilgan o'yinlarga tarifingiz qanday?
- Oliy liga debyutanti “Obod” jamoasi bilan kechgan uchrashuvda ochko yo'qotishga haqqimiz yo'q edi. O'sha o'yinda katta tashabbusga ega bo'la turib, ikki ochkodan mahrum bo'ldik. Keyin “Metallurg” bilan o'yinda ham shunday holat ro'y berdi. Endi bir tomondan “Metallurg”ni “Obod” bilan taqqoslab bo'lmaydi. Bekobodliklar bu yil juda yaxshi futbol namoyish etishyapti. Ular xatto “Nasaf”ni ham mag'lubiyatga uchratishdi. Keyin aynan “Nasaf”ga o'z maydonimizda kutilmaganda yutqazib (0:2) qo'ydik. Mana shu o'yinlarning barchasida tashabbus biz tomonda edi. Endi 10-tur uchrashuvini o'z maydonimizda o'tkazamiz. Namanganning “Navbahor” jamoasi Buxoroda mehmon bo'ladi. Bu o'yinda g'alaba qozonib, muxlislarimizni xushnud etishga harakat qilamiz. SHu o'rinda bir gapni aytish yodimdan chiqibdi, kecha (suhbat 19 may kuni uyushtirilgan, - muallif) “Paxtakor” ustidan qozonilgan g'alabamizni Buxoro ko'chalarida muxlislar katta xursandchilik bilan nishonlashibdi. Ular uchun ham mavsumning qolgan o'yinlarini yuqori tempda o'tkazishimiz shart.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Reyting: +8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика