Azamat Abduraimov: “Qanday bo'lmasin, oliy ligada qolishimiz shart”
22 may 2014 22:17
Yangiliklar
Azamat Abduraimov: “Qanday bo'lmasin, oliy ligada qolishimiz shart”
- Azamat aka, jamoangiz ishlari tobora orqaga ketyapti. Buning aniq sababi bormi?
- Klub rahbarlari, homiylarimiz bugungi vaziyatdan yaxshi xabardorlar va buni to'g'ri tushunishyapti. O'zi hamisha quyi ligadan chiqqan jamoaga birinchi mavsum oson kechmagan. SHuni inobatga olgan holda, mavsum avvalida klub oldiga oliy ligada qolish vazifasi qo'yilgandi. Lekin uydagi o'yinlarni bu darajada omadsiz o'tkazishimizni kutmagandim. “Lokomotiv” va “Paxtakor”ga chempionat, “Nasaf”ga kubok o'yinida yutqazganimizni tushunish mumkindir. CHunki ular haqiqatan ham, bugungi kunda “Andijon”dan sezilarli darajada kuchlilar. Buni hech kim inkor etolmaydi. Lekin “Mashal” va “Dinamo”dan o'z muxlislarimiz ko'z o'ngida engilganimizni hech narsa bilan oqlolmaymiz. Aynan shu ikki o'yinda boy berilgan 6 ochko tufayli bugungi kunda turnir jadvalining quyi pog'onalarida yuribmiz. Endi yo'qotilgan ochkolarni joy-joyiga qo'yishimiz kerak. Birinchi davraning o'zida vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirishga harakat qilamiz. Davralar oralig'ida esa tarkib masalasida jiddiy bosh qotirmasak bo'lmaydi. Hozirning o'zida ukrainalik legionerga javob berib yubordik. Mahalliy o'yinchidan umuman farq qilmaganidan keyin nima keragi bor bunday legionerni? To'g'ri, natijaga hamisha bosh murabbiy javob bergan. Masuliyatni zimmamdan soqit qilmoqchi emasman. Lekin futbolchilar ham ozgina jon kuydirib o'ynashlari kerak. Stadionga kelayotgan ishqibozlar haqqi-hurmati maydonga yonib tushish lozim. Har bir o'yindan oldin yigitlarga bu haqda alohida gapiraman.
- Davralar oralig'ida qaysi chiziqlarni kuchaytirishni maqsad qilgansiz?
- Darvozabon masalasida ko'nglim to'q. Temur G'aniev bugungi kunda O'zbekistondagi istedodli posbonlardan biridir. Ukraina va Armaniston klublarida katta tajriba to'plagan. Ha, ko'p to'p qo'yib yuboryapmiz, ammo bunda barcha aybni Temurga ag'darish noo'rin. Hujumchilar ham chakki emaslar. Lochin Soliev, Anvar Rajabov va Alisher Azizovning imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Faqat ularning o'zaro tushunib o'ynab ketishlariga vaqt kerak. Asosiy muammomiz himoya chizig'i va yarim himoyada. Ayrim o'yinchilarni transferga qo'yamiz. Aksincha, ko'z ostimga olib qo'ygan futbolchilar bilan ikkinchi davra oldidan shartnoma imzolaymiz. Qanday bo'lmasin, oliy ligada o'rnimizni saqlab qolishimiz shart.
- Jamoangiz o'rinbosarlari orasida o'zlarini ko'rsatishayotgan va oliy ligaga tortadigan yosh istedodlar yo'qmi?
- Afsuski, hozir bunday futbolchi ko'rinmayapti. Sababi, o'rinbosarlarimizning asosiy tarkibidan joy olgan 10 nafar futbolchini 1-ligada qatnashayotgan “UzDongJu” klubini shakllantirish uchun berdik. Bu farm-klubimiz hisoblanadi. Asosiy tarkib bilan shug'ullanayotgan yoshlar bor, lekin hozirgi vaziyatda ularga imkoniyat berolmayman. Oliy liga turniri 26ta o'yindan iborat. SHuning deyarli uchdan bir qismi ortda qoldi. Bor etiborimizni kuchlilar safida qolishga qaratganmiz. Bir so'z bilan aytganda, hozir natija muhim.
- Klubning ayni kundagi moliyaviy holati qanday?
- Havas qiladigan darajada emas. Kamchiliklar bor. Homiylar tomonidan vada qilingan pullar to'liq o'tkazib berilmadi. Bosh homiyimiz – GM borasida hech qanday muammo yo'q. U o'z vaqtida moliyaviy tomondan ko'mak berib turibdi. O'tgan yildan ozgina qarzdorlik bor. “Andijon”ning 50 yillik yubileyi nishonlanadigan mavsum bunday holatga tushishimiz yaxshi emas. Loaqal, smetada ko'rsatilgan mablag'ni etkazib berishsa edi. O'ylaymanki, davralar oralig'idagi tanaffus chog'i vaziyat ijobiy tomonga o'zgaradi.
- Milliy chempionatimizning ortda qolgan 8ta turini o'zingiz uchun sarhisob qilib ko'rdingizmi? CHempionatimizda o'zgarish bormi?
- SHaxsan menga etakchi klublarimiz – “Paxtakor”, “Lokomotiv” va “Nasaf” ko'rsatayotgan o'yin sifati maqul keldi. “Bunyodkor” bilan hali o'ynamadik. SHu bois bu jamoa haqida fikr bildirishga qiynalaman. OCHLda qatnashgani sabab, milliy chempionatga etarlicha etibor qaratolmagan ko'rinadi. Qolgan jamoalarda esa saviya deyarli bir xil. Kimgadir bahorgi yomg'ir va loyli maydonda omad kulib, qimmatli ochkolarni jamg'arib oldi. Keyin klublar mir maromda o'yin ko'rsatishmayapti. Masalan, “Dinamo” safarda g'alaba qozonyapti, lekin o'z uyidagi 3ta o'yinda ketma-ket mag'lubiyatga uchradi. Mana, “Neftchi” birinchi g'alabasini qo'lga kiritdi. “Buxoro”dan o'yin bo'yicha ustun keldik. Demak, shu o'rtamiyona klublardan katta farqimiz yo'q. Ammo bazida omad etishmayapti. Mavsum avvalidagi uchrashuvlarda so'nggi daqiqalarda to'p o'tkazib yubordik. Demak, bu borada ham ishlashimiz kerak. Qolaversa, o'tgan yili birinchi ligada o'ynagan futbolchilarimiz elita futboliga moslashib ketolmayaptilar. Umuman, mahorat, tajriba va xohishni taminlay olsak, hammasi yaxshi bo'lishi kerak.
- Futbolchilar orasida guruhbozlik yo'qmi?
- SHukrki, bunday holat sezilmayapti. Biz bu borada futbolchilar va klub rahbariyati ishtirokida yig'ilish o'tkazganimizda ham gaplashdik. Agar hamma yagona maqsad yo'lida jipslashib, bir yoqadan bosh chiqarsa, natijaga erishiladi, albatta. “Navbahor” bilan o'tgan derbida ham yigitlar qo'yib yuborilgan birinchi goldan keyin “o'chib” qolishdi. Tajribali futbolchilar bunday holga tushmasdilar. Keyin ketma-ket yana ikki bor darvozamizdan to'p olib chiqdik. Endi bizni 23 may kuni “Nasaf”ga qarshi o'yin kutib turibdi. SHu uchrashuvga jiddiy hozirlik ko'rishimiz kerak. O'ylaymanki, o'zimiz uchun ijobiy natija qayd eta olamiz.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar