Ayollar futzali. Osiyo kubogi saralashidan oldingi matbuot anjumani (to'liq)
10 jan 13:44
Yangiliklar
Ayollar futzali. Osiyo kubogi saralashidan oldingi matbuot anjumani (to'liq)
Avstraliya terma jamoasi bosh murabbiyi Mayls Dovnie: O'zbekistonga kelganimizdan xursandmiz. Avstraliya o'z tarixida ilk bor ayollar futzali bo'yicha Osiyo kubogi saralashida ishtirok etmoqda. O'rta Osiyo davlatlari futzal bo'yicha ancha kuchli terma jamoalar hisoblanadi.
Avstraliyada ayollar futzali bo'yicha umumiy chempionat yo'q. Lekin alohida shahar chempionatlari mavjud. SHahar chempionatlarida g'olib bo'lganlar mavsum oxirida o'zaro bitta chempionni aniqlash uchun qisqa muddatli turnirda ishtirok etishadi.
Avstraliyada futbol terma jamoalari juda kuchli ammo futzal haqida bunday deya olmaymiz. Sababi futzalga u qadar katta pullar ajratilmaydi. Futzalchilarni terma jamoalarga etkazib berish tizimida muammolar bor.
Toshkentdagi barcha sharoitlar yaxshi, mashg'ulot zallari va mehmonxonada muammo yo'q.
Turkmaniston terma jamoasi bosh murabbiyi Komil Mingazov: O'zbekiston guruhda favorit, qolgan 4 terma jamoa esa deyarli teng imkoniyatga ega. Raqiblar haqida kam malumotga egamiz.
Bizda ko'p qizlar katta futbol o'ynashadi, ularni hozir futzalga olib kelganmiz.
Terma jamoamizda 5 nafar legioner bor. Ulardan biri Litvada o'ynamoqda, ikkinchisi Turkiyada. 5 legionerdan faqat 3 nafari O'zbekistonga keldi.
Yaratilgan barcha sharoitlar alo darajada. Tashkilotchilik, mashg'ulot zallari bo'yicha hech qanday muammo yo'q.
Kuvayt terma jamoasi bosh murabbiyi Muhammad Alkanderi: Barchasi juda yaxshi, sharoitlar uchun rahmat aytaman.
Kuvaytda ayollar futzal chempionati bor va yaxshi saviyada davom etmoqda.
Men professional tarzda futzal o'ynaganman va uch bor Kuvayt chempioni bo'lganman.
Bizda jarohat yoki boshqa sabab bilan terma jamoaga kela olmagan futzalchilar yo'q.
Guruhimizda O'zbekiston favorit hisoblanadi. Ikkinchi yo'llanma esa inshaalloh Kuvaytga nasib etadi.
Filippin terma jamoasi bosh murabbiyi Rafael Merino: Biz uchun juda muhim bo'lgan musobaqa boshlanmoqda. Boshqa terma jamoalar ham saralashga yaxshi tayyorlangan. Biz yaxshi natija qilish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
Filippinda futzal sekin asta ommaviylashmoqda. Bizda kichik liga mavjud va rivojlanishda davom etmoqda.
Men professional tarzda futzal o'ynamaganman.
Ayni paytda terma jamoaga eng kuchli qizlar chaqiruv olishgan. Jarohat olganlar yo'q.
Filippinda o'tadigan futzal bo'yicha ayollar o'rtasidagi Jahon chempionati biz uchun katta musobaqa. Bu musobaqaga puxta tayyorlanamiz va unda ijobiy ishtirok etishga harakat qilamiz.
O'zbekiston o'z uyida o'ynamoqda, shu bois guruhimizdan Osiyo kubogiga chiqadi deb o'ylayman. Biz ham albatta Osiyo kubogiga chiqish uchun kurashamiz.
O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Farruh Zokirov: Barchani saralash bahslari boshlanishi bilan tabriklayman. Birinchi vazifamiz Osiyo kubogiga chiqish. Biz reja bo'yicha tayyorgarlik olib bordik. Avstraliya, Kuvayt, Filippin va Turkmniston bu erga yaxshi natija ko'rsatish uchun kelgani aniq. Biz hech bir raqibni ajratmaymiz va har bir terma jamoaga qarshi maksimal o'ynab, g'alaba qozonishga harakat qilamiz.
O'z uyimizda o'ynashimizda bosim bor, lekin boshqa tomonda muxlislar daldasi ham bor. Har bir o'yinda g'alaba uchun harakat qilamiz. Bir marta CAFA musobaqasini o'z uyimizda o'tkazdik va ikkinchi o'rinni oldik. Boshlanayotgan saralash bahslari ham biz uchun ijobiy bo'ladi deb o'ylayman.
Tarkibda deyarli muammo yo'q, tayyorgarlik davomida 3-4 kishi tarkibda yo'q. Ularning o'rnini yoshlar bilan to'ldirdik. Yoshlar kelajagimiz. Hozirgi kunda terma jamoa optimal tarkibimiz deya olaman.
Kecha Xitoyga qarshi bahsda Ominaxon Valixonova kichik jarohat olgani rost. Nasib qilsa birinchi o'yinimizgacha u safga qaytadi. Nilufar Qudratovaga kecha dam berdik.
Raqiblarimizni o'rganib chiqdik, bundan tashqari 1-turda biz dam olamiz, qolgan 4 ta jamoa o'yin o'tkazadi. Yani ular haqida to'liq malumotga ega bo'lamiz. Bu bizga yordam beradi deb o'ylaymiz.
Xitoyga qarshi o'tgan ikkinchi nazorat o'yinida bir nafar darvozabon bilan ishtirok etdik. Sababi ikkinchi darvozabonimizni asrashga qaror qildik. U ham birinchi o'yingacha tayyor bo'ladi deb o'ylayman. Xitoyga qarshi birinchi bahsda ham ikki nafar asosiy futzalchimizga dam bergandik.
Xitoyga qarshi nazorat o'yinlari bizga saralashdan oldin muhim edi. Qizlar tonusda bo'lishlari zarur.
O'zbekiston futzal federaciyasi tomonidan bizning oldimizga Jahon chempionatiga chiqish vazifasi qo'yilgani rost. Aslida bu vazifa qo'yilishidan oldin ham bizda ishonch bor edi. Kuchli jamoalarga qarshi o'ynab o'z imkoniyatlarimizni bilib oldik. Eng asosiy ishonch o'zimizda edi va rahbariyatning Jahon chempionatini vazifa qilib qo'yishi to'g'ri deb o'ylayman.
Diyora Xabibullaevada jarohatlar bo'lgani bois yig'inlarga jalb qila olmadik. Ammo oxirgi 4-5 yilda Diyora futzal o'ynamagan.
"C" guruhi saralash bahslari taqvimi:
1-tur
11 yanvar
Avstraliya - Turkmaniston
Kuvayt - Filippin
2-tur
13 yanvar
Filippin - O'zbekiston
Kuvayt - Avstraliya
3-tur
15 yanvar
Turkmaniston - Filippin
O'zbekiston - Kuvayt
4-tur
17 yanvar
Turkmaniston - Kuvayt
Avstraliya - O'zbekiston
5-tur
19 yanvar
Avstraliya - Filippin
O'zbekiston - Turkmaniston
Fikrlar