So’nggi yangiliklar

17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1 16:54"Лестер" - "Челси". Кимлар асосий таркибда?  0 16:39Суперлига. "Андижон" - "Динамо" (матнли трансляция)  3 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  14 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  25 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  7 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  7

Avaz Berdiqulov - futbol jurnalistikasidan OFK mutaxassisligigacha Yangiliklar

Avaz Berdiqulov - futbol jurnalistikasidan OFK mutaxassisligigacha

Bir necha yildan beri qitamiz futbolining bosh tashkiloti - Osiyo Futbol konfederaciyasi (OFK)da faoliyat yuritib kelayotgan yagona hamyurtimiz Avaz Berdiqulov haqida eshitgansiz.

Balki orangizda u bilan hamsuhbat bo'lganlar ham bordir. Bugun biz siz aziz o'quvchilarimizni aynan shu mutaxassisimiz bilan yaqindan tanishtirishni maqsad qilganmiz. Oldinga o'tib shuni aytishimiz kerak, bugungi kunda Avaz Berdiqulov OFK “Musobaqalarni o'tkazish bo'limi”ning terma jamoalar bilan ishlash bo'limi boshlig'i lavozimida ishlab kelmoqda. Aslida ushbu suhbatimiz o'tgan yilning dekabr oyida, aniqrog'i Avstraliyadagi Osiyo Kubogi oldidan o'tkazilishi rejalashtirilgandi. Lekin malum sabablarga ko'ra amalga oshmay kelayotgandi. Nihoyat, Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida yashab, shu erda joylashgan OFKning bosh shtab-kvartirasida ishlayotgan hamyurtimiz bilan bog'lanib, savollarga javob olishga muvaffaq bo'ldik. Quyida etiboringizga ana shu eksklyuziv intervyuni havola etamiz.

- Avaz aka, malumki, siz futbol jurnalistikasida ham malum muddat faoliyat yuritgansiz. Suhbatimiz avvalida shu haqida gapirib bersangiz. Bu o'quvchilarimiz uchun ham qiziq.

- Haqiqatan ham mening mutaxassisligim jurnalist. 1999 yili “Umid” jamg'armasining yo'llanmasi bilan Angliyaning Bornmut shahri universitetida jurnalistika bo'yicha magistraturani tamomlaganman. Etiborga molik jihati shundaki, Bornmut shahrining shu nomdagi futbol jamoasi mana bu yil premer-liga yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Futbol jurnalistikasiga bo'lgan qiziqishim ham asosan Angliya bilan bog'liq - Futbol vatanida jurnalistika yo'nalishida o'qiganim meni futbolga va Futbol jurnalistikasiga aloqador qilib qo'ydi. O'qishni yakunlab Toshkentga qaytganimdan keyin “Umid” jamg'armasining yo'llanmasi bilan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Jahon Axborot agentligiga ishga joylashdim. Ish bilan parallel ravishda futbolga oid maqolalar bilan futbol gazetalarida ishtirok etdim. Bundan tashqari, hamkasb do'stlarimiz bilan birga mamlakatimizda ilk bor futbol jurnalini chop etishga ham urinib ko'rdik.


- OFKda ishlash taklifi qachon va kim tomonidan bildirildi?

- Tashqi ishlar vazirligida ishlab yurgan vaqtimda meni Xitoyga ishga jo'natishdi. 2004-2008 yillar oralig'ida Pekin shahrida SHanxay Hamkorlik tashkilotida O'zbekistonning vakili sifatida faoliyat olib bordim. Xabaringiz bor, 2004 yilgi Osiyo chempionatiga Xitoy mamlakati mezbonlik qilgan. O'sha qita chempionatida O'zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etgan. O'zbekiston, Turkmaniston, Iroq va Saudiya Arabistoni terma jamoalari bir guruhdan joy olishgandi. Futbolga bo'lgan qiziqish sabab jamoamiz o'yinlarini ko'rish maqsadida CHengdu shahriga bordim va u erda OFKda faoliyat yuritayotgan musobaqaga javobgar mutaxassislar bilan tanishishga muvaffaq bo'ldim. Ayniqsa, kasbdosh jurnalistlar, OFK rasmiy internet sahifasi vakillari bilan tezda do'stlashib ketdik. Ular bilan munosabatlarimiz keyinchalik ham saqlanib qoldi va 2005-2007 yillar oralig'ida O'zbekiston futboli bilan bog'liq muhim malumotlarni men bilan bog'lanib tekshirib turadigan bo'lishdi. O'zim ham OFKning internet sahifasi va boshqa rasmiy nashrlarida futbolimizga oid maqolalar, suhbatlar bilan ishtirok etib turdim. 2008 yil Xitoydagi shartnomam yakunlanib O'zbekistonga qaytganimdan keyin OFK vakillari menga doimiy ish taklif qilishdi va 2008 yil yozda Osiyo Futbol Konfederaciyasi Musobaqalarni o'tkazish bo'limida ish boshladim.


- Bu jurnalistika yo'nalishida ishlayotgan ijodkor inson uchun kutilmagan taklif edimi?

- Meni aslida OFKning matbuot bo'limiga ishga taklif qilishgandi - Osiyo Futbol Konfederaciyasi rasmiy internet sahifasida muharrir lavozimida ish boshlashim kerak edi. Lekin to tashkiliy masalalarni hal kilib Malayziyaga ko'chib borgunimcha OFKning ichki strukturasida o'zgarish ro'y berdi - tashkilot barcha yangilik va malumotlarni PA Sport kompaniyasidan sotib olish uchun shartnoma imzoladi. Tabiiyki, bu holatda yangiliklarni yozadigan va tahlil qiladigan mutaxassislarga hojat qolmaydi. Men bilan shartnoma imzolab bo'lingani uchun OFK rahbariyati yangi variant - “Musobaqalarni o'tkazish bo'limi”da o'zimni sinab ko'rish taklifini o'rtaga tashlashdi. Futbol jurnalistikasida faoliyat yuritayotgan inson uchun bu qiziqarli taklif edi. Jurnalist sifatidan futbol atrofida emas, tashkilotchi sifatida bevosita futbolning ichida o'zimni sinab ko'rish imkoniyati yuzaga keldi. SHuning uchun, hech ikkilanmay bu taklifni qabul qildim va “Musobaqalarni o'tkazish bo'limi”da ish boshladim. Rus tilidan xabardorligim sababli darrov Qirg'izistonda o'tkazilgan 2008 yilgi OFK Prezidenti Kubogi final bosqichiga jo'natishdi. O'sha yili Saudiya Arabistonida o'tgan 19 yoshliklar o'rtasidagi Osiyo chempionatida ham ishtirok etdim. SHu bilan OFKdagi qizg'in faoliyat boshlanib ketdi.

- Qaror qabul qilishda ko'p o'ylamadingizmi?

- Yuqorida “Umid” jamg'armasi tomonidan Angliyada tahsil olganim haqida aytdim. Ushbu jamg'arma shartlaridan biri - ular yo'llanma bergan davlat tashkilotida 5 yil ishlab berish. Men shartnomaga muvofiq Tashqi ishlar vazirligida ishladim. Mana shu muddatning 4 yili Pekin shahrida joylashgan SHanxay Hamkorlik tashkilotining bosh qarorgohida o'tdi. SHartnomani yakunlab Toshkentga qaytgan paytimda “Umid” jamg'armasi belgilagan muddat tugagan va menda OFKdan ish taklifi bor edi. Futbolga bo'lgan qiziqish sabab qaror qabul qilishda ortiqcha ikkilanganim yo'q - mana 7 yildan beri shu tashkilotda ishlab kelyapman.

- OFKdagi ilk kunlar qiyin kechgandir?

- Har qanday yangi ish joyida ham ilk kunlar qiyin o'tadi. Ko'nikish uchun vaqt kerak bo'ladi. Lekin OFKdagi mutaxassislarning yordami bu jarayonning nisbatan osonroq kechishida katta ahamiyat kasb etdi. Buning ustiga mening musobaqalarni o'tkazish borasida hech qanaqa tajribasiz ish boshlaganim va bu bo'limiga matbuot bo'limidan ishga kelganim sababli Musobaqalarni o'tkazish bo'limi mutaxassislarining qo'llab-quvvatlashi sezilib turdi. Ularning yordami bilan tez orada ish jarayonini o'zlashtirib oldim. Ketma-ket musobaqalarda ishtirok etdim, vaqtimni asosan OFK hujjatlari bilan tanishishga, Musobaqalarni o'tkazishga oid ish jarayonini o'rganishga sarfladim. Bu bandlik dastlabki ish kunidagi qiyinchiliklarni sezdirmadi. O'sha ilk kunlarda boshlangan o'rganish jarayoni haliyam to'xtagani yo'q - har kuni futboldagi yangiliklarni, o'zgarishlarni o'rganib boryapman. Bugungi kunda ham o'sha birinchi ish boshlagan bo'limimdaman. Hozir terma jamoalar o'rtasida o'tkaziladigan barcha xalqaro musobaqalarga javobgarman. Bunga milliy terma jamoalari ishtirokidagi Osiyo Kubogi, 23, 19, 16 yoshli terma jamoalar hamda ayollar terma jamoalarining barcha musobaqalari kiradi - men rahbarlik qilayotgan bo'lim shu musobaqalarning ilk rejasi tuzilishidan boshlab to o'yinlar yakunlanib g'oliblari aniqlangunicha bo'lgan jarayonni boshqaradi. Ishimiz shu musobaqalar taqvimini tuzish, o'yin kunlarini aniqlash, qura o'tkazish, chempionat mezbonini aniqlash, umuman musobaqa bilan bog'liq barcha tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirishdan iborat. Bu borada OFKning musobaqalarni o'tkazish qo'mitasi bilan hamkorlikda ishlaymiz. O'yinlar o'tkaziluvchi stadionlarni ko'zdan kechiramiz, talabga javob bermaydiganlariga tegishli ko'rsatmalarni beramiz. Uchrashuvlarga komissarlarni tayinlaymiz, ularni imtihondan o'tkazamiz, ular uchun o'quv kurslarini tashkil etamiz. Xullas, musobaqani o'tkazish bilan bog'liq barcha tashkiliy masalalar bilan band bo'lamiz. 


- O'tgan davr mobaynida ko'plab musobaqalarda OFK vakili sifatida ishtirok etdingiz. Ular orasidan qaysi birini alohida takidlagan bo'lardingiz?

- 2004 yili Xitoyda tashkil etilgan Osiyo Kubogini muxlis sifatida kuzatganim haqida aytdim. 2011 yili Qatar va mana yil boshida Avstraliyada o'tkazilgan Osiyo Kubogida esa bevosita OFK vakili sifatida ishlash nasib qildi. SHubhasiz, Osiyo Kubogi qitaning eng nufuzli musobaqasi hisoblanadi - shuning uchun boshqa musobaqalarni Osiyo Kubogiga solishtirib bo'lmaydi. Qolgan yosh toifasidagi qita birinchiliklariga kelsak, 2012 yil Eronda o'tkazilgan 16 yoshgacha bo'lgan terma jamoalar chempionatida O'zbekistonning g'alaba qozongani men uchun unutilmas voqea bo'ldi.   


- Adashmasam, bundan to'rt yilcha avval OFKning yil laureatlarini taqdirlash marosimida farzandingiz Bilol ham sahnaga chiqdi. Bu voqea qanday ro'y bergandi?

- Buning tarixi juda ham qiziq. O'sha yili OFK tomonidan “Bolalar yili” deb elon qilindi va tashkilotimiz tomonidan o'tkaziladigan barcha musobaqalarda bolalarning ham ishtirokiga imkoniyatlar yaratib berildi. Bunga OFKning barcha tadbirlari, turli yig'ilishlar va qura marosimlarini ham kiritish mumkin. Yil oxirida o'tkazilgan taqdirlash marosimiga ham bolalarni jalb qilishdi va uzoqqa borib o'tirmasdan OFK xodimlarning farzandlarini tanlab olishdi. Ular orasida farzandim Bilolga yilning eng yaxshi futbolchisi nominaciyasida asosiy kubokni sahnaga olib chiqib Osiyoning eng yaxshi futbolchisiga berish topshirildi. Biz buni xursandchilik bilan qabul qildik. Lekin eng quvonarlisi - nomzodlar orasida hamyurtimiz Server Jeparovning borligi va o'sha kuni Bilol kubokni aynan Server Jeparovga olib chiqib bergani bo'ldi. O'sha mavsumda haqiqatan ham ajoyib o'yin ko'rsatgan Jeparov faoliyatida Osiyoning eng yaxshi futbolchisi deb topildi va sovrinni unga Bilol taqdim etdi. Albatta, bu men, bizning oilamiz, qolaversa o'zbek futboli ishqibozlari uchun ham esda qolarli voqea bo'ldi. Sahna ortida bo'lib o'tgan voqea haligacha esimda - Bilol ruscha gapirishni bilmaydi, sahna ortida nomzod futbolchilar bilan dastlabki uchrashuvda u Server Jeparovning oldiga borib o'zini tanishtirdi va o'zbekcha salom berdi, o'zbek tilida Kubokni siz yutsangiz rosa zo'r bo'lardi, men sizga kubok olib chiqib beraman dedi. Men bu gaplarni Server uchun endi ruschaga tarjima qilib berish kerak deb og'iz juftlagandim, Server o'zbek tilida javob berdi, Futbol o'ynab turasanmi? deb so'radi. Bilol bolalarcha soddalik bilan zo'r o'ynayman deb javob berganida Server uni quchoqlab Kelajakda shu kubokni yutishga seni nomzod qilib ko'rsatishsa, Kubokni olib chiqib berishga men kelaman - biru bir bo'ladi deb hazillashdi. Marosimdan juda chiroyli suratlar olganmiz. Bu biz uchun tarixiy kun sifatida saqlanib qoldi.

- O'g'lingiz futbolni tanladimi yoki...?

- Ikki farzandim bor. To'ng'ich o'g'lim Bilol 2004 yili tug'ilgan. Kichik farzandim Yusuf esa 2006 yili dunyoga kelgan. Ularning har ikkisi ham hozir maktabda o'qishyapti. Maktabdagi futbol to'garagiga borishadi. Hali biror kasbni tanlashga erta. Buning ustiga Malayziya futbol bilan professional shug'ullaniladigan davlat emas. Farzandlarim futbolga qiziqishadi. Agar rostan ham futbolga qiziqishlari hozirgidek saqlanib qolsa, qolganini vaqt ko'rsatadi. 


- OFKda bir necha yildan beri mehnat qilayotgan mutaxassis sifatida Osiyo futbolining bugungi taraqqiyoti haqida nima deya olasiz?

- Ushbu tashkilotda ish boshlagan davrim bilan hozirgi kunni taqqoslaganda juda katta farq bor. To'g'ri, kuchli jamoalarimiz so'nggi Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etishmadi. Lekin men Osiyoning o'rtamiyona va kuchsiz jamoalarning futbolidagi o'sishni ajratib ko'rsatmoqchiman. Ruslarda bir maqol bor - flotning kuchi eng sekin yurayotgan kemaning kuchi bilan o'lchanadi, deyishadi. SHu nuqtai nazardan olib qaraydigan bo'lsak, qitaning ananaviy kuchli jamoalari Yaponiya, Koreya, Avstraliya emas, aksincha Vetnam, Falastin, Iordaniya, Yaman, Singapur oxirgi yillarda yaxshigina o'sishga erishdi va bu qitamiz uchun faxrlanishga arziydigan ko'rsatkich. Butan, Guam singari futbolga umuman aloqasi bo'lmagan kichik mamlakatlarda ham million o'yiniga etibor oshdi. Bugungi kunda OFKga azo 47 ta davlat bo'lsa, ularning umumiy o'sishini terma jamoalar kuchining tenglashib borayotganligi bilan baholash mumkin. Uzoqqa bormaylik, Butan terma jamoasi Osiyo Kubogi va JCH-2018ning qo'shma saralash musobaqasi birinchi bosqichida ikki o'yin natijasiga ko'ra SHri-Lankani mag'lubiyatga uchratib, keyingi davraga yo'l oldi. Butandan hech kim bunday natijani kutmagan edi. Biz buni o'sish deya hisoblaymiz. Janubiy Koreya, Avstraliya, Yaponiya va Eronning Braziliyada ko'ngildagidek ishtirok etmaganini esa OFKdagilar bir martalik omadsizlik deb baholashyapti. O'ylaymizki, 2018 yili Rossiyada o'tadigan JCHda qitamizning bayroqdor jamoalari o'zlarining haqiqiy kuchlarini namoyish etishadi, yani minimum natija sifatida guruhdan chiqishni uddalashadi - shunga umid qilyapmiz. Buning ustiga OFK faqat biz bilgan katta futboldan tashkil topmagan. Bizda ayollar futboli bilan birga futzal ham bor. Masalan, Eron futzali dunyoda o'z o'rniga ega. Ayollar futbolida esa amaldagi jahon chempioni Osiyodan - Yaponiya. SHularning barini inobatga olgan holda OFK aytishga arzigulik yutuqlar qo'lga kirityapti deyish mumkin, yutuqlar bor ekan, demak o'sish ham bo'lyapti.

- OFKning martabali va obro'li mutaxassislari O'zbekiston futboli haqida qanday fikrdalar?

- Umuman olganda, OFK mutasaddilari barcha azo 47 davlatga birdek munosabatda bo'lishadi. SHu jumladan, O'zbekistonga ham. Lekin bir narsani aytishim kerak, OFKdagilar O'zbekistonning potenciali, yani imkoniyatlari hozirgisidan baland ekanligi va buni amalda ko'rsatish kerakligini ko'p bor gapirishadi. Eng muhimi, ular O'zbekistonni JCHga chiqishga haqli deb hisoblashadi. Xatto so'nggi mundialga chiqa olmaganimizni muvaffaqiyatsizlik deb qabul qilishdi. Mana klublarning bu yilgi ishtiroki haqida ham shunday fikr bildirishdi.  SHuni mamnuniyat bilan aytishim kerakki, OFKdagilar O'zbekiston futbolining taraqqiyotidan, xususan O'FF prezidenti Mirabror Usmonovning ko'rsatayotgan yordami, Osiyo futboli rivojiga qo'shayotgan ulkan hissasidan minnatdor. Federaciyamiz bosh kotibi Sardor Rahmatullaening OFK ijroiya qo'mitasiga saylangani ham O'zbekistonning Osiyo futbolidagi obro'sidan va Federaciyamiz amalga oshirayotgan ishlarning samarasidan dalolat beradi. Hozirda milliy terma jamoamiz Osiyoda kuchli beshta jamoa qatorida etirof etiladi. To'g'ri, hali jahon chempionatiga chiqqanimiz yo'q va o'sha kun kelgunicha talabchanlikni pasaytirmasligimiz kerak. Lekin bunga juda ham yaqin turibmiz. Klublarimiz ham Osiyoda mashhurlikka erishgan, ayniqsa “Bunyodkor” dunyoning mashhur yulduzlari Rivaldo va Skolarini bilan shartnoma imzolagani nafaqat Osiyoda, balki butun dunyoda ham katta etibor qozondi.


(Davomi bor...)

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика