So’nggi yangiliklar

00:05"Динамо" Жаҳонгир Ўрозов ва Муҳаммадали Турсуновни ўз таркибига қўшиб олди  0 23:30Жоау Канселунинг кейинги манзили Саудия Арабистони бўладими?  0 22:55Ханс-Дитер Флик: "Ямалнинг оёғи ердан узилмаслиги керак"  1 22:15ОКМК назорат ўйинида "Олимпик"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 21:35Матс Хуммелс Еврокубокларда ўйнайдиган А Серия клубига ўтиши мумкин  0 20:54"Қизилқум" назорат ўйинида "Локомотив U21"га мағлуб бўлди  0 20:31Расман: Стадиондаги муаммо сабаб "Динамо" — "Навбаҳор" учрашуви қолдирилди  47 20:00Де Хеа фаолиятини А Cерияда давом эттирадими?  1 19:39Ана холос! "Рома" ва "Тоттенхэм" собиқ ҳужумчиси 11 йилдан сўнг фаолиятини тиклашга қарор қилди  4 19:13УEФА Суперкубоги ўйинини ким бошқариши маълум  0 18:49Погбанинг акаси Бельгиянинг учинчи лигасида ўйнайди  4 18:25"Бунёдкор" собиқ бош мураббийи Парижда ўғриликка учради  13 18:01"Шўртан" учта трансферни амалга оширди  3 17:39"Ланс" "Челси" собиқ ҳимоячиси билан битим тузди. У Ҳусановга рақобатчи бўлади  5 17:15Тер Штеген – "Барса"да сардорлик учун асосий номзод  2

APL. 21-tur prevyusi Yangiliklar

APL. 21-tur prevyusi

Teglar :  APLPrevyu
Bugun Angliyada Premer-liga 21-tur bellashuvlariga start beriladi.

Quyida bizni kutib turgan uchrashuvlar prevyusini etiboringizga havola etamiz. Turning markaziy bahsi hisoblangan "Manchester Yunayted" - "Liverpul" o'yiniga bag'ishlangan alohida prevyuni ertaga o'qishingiz mumkin.

"Tottenxem" – "Vest Bromvich"
14.01.2017, 17:30
"Uayt Xart Leyn"
Bosh hakam:
Entoni Teylor (Manchester)

21-turni boshlab beradigan bahsda "Tottenxem" jamoasi "Vest Bromvich"ni mehmon qiladi. Maurisio Pochettino shogirdlari beshta turdan beri g'alabali seriyalarini davom ettirib kelishmoqda. Ayniqsa, o'tgan turda peshqadam "CHelsi" ustidan qozonilgan ishonchli g'alaba bugungi bellashuvda mezbonlarni favoritga aylantirishi tayin. Boz ustiga, "shporlar" bu mavsum APLda o'z uylarida hali yutqazishmadi. Jarohatlanganlar ro'yxatida faqatgina Erik Lamela bor, qolganlar esa soppa-sog' va o'yinga shay.

"Vest Bromvich" esa oxirgi ikkita uchrashuvni o'z foydasiga hal qildi va ayni paytda jamoaning kayfiyati yaxshi. Lekin, tarkibda yo'qotishlar bor. Markaziy himoyachi Jonni Evans hamda o'ng qanot yarim himoyachisi Kris Brantlarda jarohat bor. Evans o'yinamasligi deyarli aniq bo'lsa, Brant fitness testlar topshirdi va ularning natijasiga qarab maydonga tushish masalasi hal etiladi. SHuningdek, Allan Nom Afrika millatlar kubogiga yo'l olgan.

Qiziq:

- "SHporlar" "Vest Bromvich"ga qarshi oxirgi ettita Premer-liga o'yinidan faqat bittasini yutgan (5 durang, 1 mag'lubiyat), lekin mehmonlar "Uayt Xart Leyn"da bor yo'g'i bitta g'alabani qo'lga kiritishgan (5 durang, 4 mag'lubiyat);
- O'tgan mavsum ushbu qarama-qarshilikda Kreyg Douson "Vest Bromvich" darvozasiga ham, o'z darvozasiga ham gol urgan. U APLda bu ishni amalga oshirgan so'nggi futbolchi hisoblanadi;
- "Tottenxem" bu mavsum "Uayt Xart Leyn"da umuman yutqazmagan ( g'alaba, 2 durang). Ularning bu boradagi eng yaxshi seriyalari 2000-2001 yilgi mavsumga to'g'ri keladi (13 o'yin);
- Dele Alli Premer-ligada "Vest Bromvich"ga qarshi uchta o'yinidan ikkitasida gol urgan.



"Bernli" – "Sautgempton"
14.01.2017, 20:00
"Terf Mur"
Bosh hakam:
Pol Tirni (Lankashir)

O'z maydonida juda ham xavfli bo'lgan o'rtamiyona "Bernli" bu safar "Sautgempton" bilan nima karomatlar ko'rsatishini kuzatamiz. Har ikki klub ham qora qitaga futbolchi yuborishmagan. Mezbonlarda Skott Arfild va Berg Gudmundssonlarda jarohat bor. Ularning o'yinda ishtirok etishi so'roq ostida. Har qanday holatda ham raqiblar uchun "Terf Mur" haqiqiy bosh og'rig'i bo'lib kelmoqda.

"Sautgempton" esa so'nggi paytlarda o'z o'yinini yo'qotib qo'ydi. Hammasi CHarli Ostinning jarohatidan boshlangandek go'yo. Lekin, Liga kubogida "Liverpul"ning taslim etilishi jamoaga ishonchni qaytarishga yordam berishi mumkin.  

Qiziq:

- "Sautgempton" Premer-liga doirasida "Bernli"ga qarshi o'tkazgan uchta o'yinidan ikkitasida g'alaba qozongan;
- CHarli Ostin ushbu jamoalarning oktyabr oyida o'tkazilgan 1-davra bahsida kiritilgan uchta goldan ikkitasiga mualliflik qilgan. Lekin, u bugungi o'yinni jarohat sabab o'tkazib yuboradi;
- "Bernli" bu mavsum "Terf Mur"da 23 imkoniyatdan 22 ochkoni qo'lga kiritdi.



"Xall Siti" – "Bornmut"
14.01.2017, 20:00
"Key Si"
Bosh hakam:
Martin Atkinson (Lids)

Turnir jadvalini pastdan qaraganda boshqarib turgan "Xall Siti" uchun bu o'yin o'zgacha ahamiyat kasb etishi aniq. Sababi, bu jamoalarning 1-davradagi bahsida "Bornmut" "yo'lbarslar"ni 6:1 hisobida yanchib tashlagan edi. Afsuski, mezbonlarda turli sabablar tufayli yo'qotishlar soni etarlicha. "Everton"dan sotib olingan Umar Niyasse hujumlarga tezkorlik qo'shishi kutilmoqda, chunki u tezkor futbolchi hisoblanadi.

"Bornmut" esa ortiqcha shovqin ko'tarmay o'ziga kerakli ochkolarni jamg'arishda davom etmoqda. Eddi Xau jamoaviy o'yinni bir maromga solib qo'ydi va bu mehmonlarga hatto etakchilarga qarshi bellashuvlarda ham asqotmoqda.

Qiziq:

- Boruc Premer-ligada 100ta o'yin o'tkazgan to'rtinchi polshalik futbolchi bo'lishi mumkin. Ungacha Voycex SHesni, Eji Dudek va Lukash Fabianskilar mana shunday natijaga erishishgan;
- Robert Snodgrass bu mavsum "Xall Siti"ning chempionatda urgan 17ta golidan to'qqiztasida ishtirok etgan (7 gol va 2ta golli pas).



"Sanderlend" – "Stok Siti"
14.01.2017, 20:00
"Stedium of Layt"
Bosh hakam:
Mayk Din (Xesvoll)

"Sanderlend" ko'proq himoyaviy o'yinni afzal biladi. Lekin, bugungi raqibga qarshi bu taktikadan foydalanmasa kerak. Yanuzay va Patrik van Anxoltlarning individual imkoniyatlari, Defoning esa raqib jarima maydonidagi imkoniyatlari evaziga bugun "qora mushuklar" uch ochkoni qo'lga kiritishlari mumkin.

"Stok Siti" esa birinchi davraning ikkinchi yapmini yaxshi o'tkazdi. Keyin, etakchi jamoalarga qarshi og'ir uchrashuvlarni o'tkazdi. Jamoa o'yini markazdagi Jo Allenga bog'lanib qolgan. Aynan uelslik futbolchi jamoaning "miyasi" hisoblanadi.

Qiziq:

- "Stok Siti" APL tarixida birinchi marotaba "Sanderlend"ni bir mavsumda ikki bor mag'lub etishga urinadi, lekin "qora mushuklar" "Stok"ka qarshi oxirgi 14ta uy uchrashuvida mag'lub bo'lmagan (9 g'alaba, 5 durang);
- Jo Allen "Sanderlend"ga qarshi oktyabrdagi o'yinda ikkita to'p kiritgan, bu uning faoliyatidagi yagona dubl bo'lib turibdi;
- Jermeyn Defo yanvar oyida Premer-ligada 20ta gol urgan. Faqatgina Alan SHirer (23) va Frenk Lempard (21) ushbu oy davomida undan ko'p to'p kiritishgan.



"Suonsi" – "Arsenal"
14.01.2017, 20:00
"Liberti stedium"
Bosh hakam:
Maykl Jons (CHester)

Natijalari yomonlashib ketgan "Suonsi"ga "Arsenal" bilan o'yinda qiyin bo'lishi shubhasiz. Kamiga, hujumlarni kuchaytirishi ko'zda tutilib sotib olingan yangi futbolchi Luchiano Narsing ham jarohat oldi. Kashfiyot bo'lgan Leroy Fer esa negadir hamma o'yinlarda tushirilmayapti.

"Arsenal" o'zi o'rganib qolgan o'rnidan bir pog'ona pastda turibdi va bu narsa futbolchilarning achchig'ini keltirayotgan bo'lsa kerak. Kamiga, jamoaning eng ashaddiy raqibi "Tottenxem" uchinchi pog'onaga ko'tarilib olgan. Qichqa muddatli kasallikdan keyin Ozil yana safga qaytgan bo'lsa, Uolkott va Bellerinlarda kichik jarohat bor. Bugun muxlislar gollarga boy o'yinga guvoh bo'lishlari ham mumkin. Buning uchun tomonlardan biri dastlabki 20 daqiqalikda to'p kiritishi lozim.

Qiziq:

- "Arsenal" "Suonsi" maydonidagi beshta Premer-liga uchrashuvining barchasida gol urgan, umumiy 10 marotaba uelsliklar darvozasi ishg'ol qilingan;
- Jiru barcha musobaqalarda oxirgi 17ta aniq zarbasidan 12 bor gol urgan va "Arsenal" tarkibidagi so'nggi sakkizta o'yinining har birida maydonni golsiz tark etmagan;
- Loran Koselni bugun o'zining Premer-ligadagi 200-uchrashuvini o'tkazishi mumkin.



"Uotford" – "Midlsbro"
14.01.2017, 20:00
"Vikarij Roud"
Bosh hakam:
Jonatan Moss (Yorkshir)

CHempionatning eng nostabil jamoalaridan biri bo'lgan "Uotford" bu turda debyutantni qabul qiladi. Maccari shogirdlari "Boro" bilan o'yinda ko'proq oldinga o'tib harakat qilishsa kerak. So'nggi uchrashuvlarga nazar tashlasak, "Uotford" o'yinida mazmun yo'qolgandek ko'rinmoqda. Lekin, bu APL va unda istalgan natijani kutsa bo'ladi.

"Midlsbro" himoyasida muammolar bor. Barraganda jarohat bor, Ayyalaning maydonga tushishi ham so'roq ostida. Jamoa yana Negredoning gollariga umid qiladimi? SHu o'rinda "Boro"ning gol o'tkazib yuborishdagi ijobiy natijasini aytib o'tish joiz. Bu mavsum faqatgina "Tottenxem" (14), "CHelsi" (15) va MYU (19) "Midlsbro"dan kamroq to'p o'tkazib yuborishgan.

Qiziq:

- "Uotford" "Midlsbro"ga qarshi oxirgi oltita o'yinda imkoniyatni boy bermagan (4 g'alaba, 2 durang);
- Troy Dini "Boro"ga qarshi so'nggi sakkizta uchrashuvdan oltitasida gol urgan;
- Alvaro Negredo "Midlsbro"ning chempionatdagi oxirgi ettita golidan beshtasida qatnashgan (4 gol, 1ta golli pas).



"Vest Xem" – "Kristal Pelas"
14.01.2017, 20:00
"Boleyn Graund"
Bosh hakam:
Nil Suorbrik (Lankashir)

Ichki muammolar paydo bo'lgan paytda "Vest Xem" ochko ola biladimi? Buni bugun bilib olamiz. Ayniqsa, jamoa etakchisi Dimitri Payening mashg'ulotlardan chetlatilishi va uning klubni tark etishi haqidagi gap-so'zlar o'yinga tasir qilishi mumkin. Axir, Paye barcha standartlarni qoyilmaqom bajarib beradigan, kamiga chempionatda eng ko'p vaziyat yaratgan futbolchi.

"Kristal Pelas" tarkibida esa hujumlarda asosiy rolni o'ynab kelayotgan Uilfrid Zaa Afrika millatlar kubogiga ketgan. Bu Ellardays shogirdlari uchun katta yo'qotish. Zaaning yo'qligi jamoa hujumlaridagi kreativlikni pasaytiradi.

Qiziq:

- "Kristal Pelas" "Vest Xem" maydonida o'tgan oxirgi to'rt bellashuvda yutqazmagan (2 g'alaba va 2 durang);
- Manuel Lansini "Pelas"ga qarshi o'tkazgan uchta o'yinining barchasida gol urgan, umumiy Lansining 9ta golidan oltitasi London derbilariga to'g'ri keladi;
- Yoan Kabay "bolg'aurarlar"ga qarshi oxirgi uchta APL o'yinida ham to'p kiritgan.



"Lester" – "CHelsi"
14.01.2017, 22:30
"King Pauer"
Bosh hakam:
Andre Marriner (Birmingem)

Afrika millatlar kubogi eng katta tasir ko'rsatadigan jamoa - "Lester". Musobaqaga "tulkilar"ning etakchi futbolchilari yo'l olishgan. "CHelsi"ga qarshi Marez, Slimani, Amartey va Ulloalar yordam bera olishmaydi. Mezbonlar jiddiy yo'qotishlar bilan maydonga tushishadi.

O'z navbatida, yo'qotish raqibda ham bor. "CHelsi" bosh murabbiyi Antonio Konte va to'purari Diego Kostalar o'rtasida ziddiyat yuzaga kelgan. Kosta uch kundan beri mashg'ulotlarda qatnashmayapti. Xitoy klublaridan yiliga 30 million evro maosh vada qilingani hujumchini Osiyo sari yo'l olishga undayotgandek. Lekin, bugun uning yo'qligini Pedro va Azarlar bildirmasa kerak.

Qiziq:

- "CHelsi" Premer-liga doirasida "Lester" maydonidagi oxirgi to'rt bellashuvning uchtasini o'z foydasiga hal qilgan (1 mag'lubiyat);
- "CHelsi" 2009-2010 yilgi mavsumdan buyon ilk bor amaldagi chempionni ikki bor mag'lub etishlari mumkin. O'tgan safar bu ish amalga oshirilganda "ko'klar" bosh sovrinni qo'lga kiritishgan;
- "Lester" bu mavsum jamg'argan 21 ochkodan 18tasini o'z maydonida qo'lga kiritgan (86%).



"Everton" – "Manchester Siti"
15.01.2017, 18:30
"Gudison Park"
Bosh hakam:
Mark Klattenburg (Nyukasl-apon-Tayn)

"Everton" etakchilarga hamisha muammolar tug'dirib kelgan. Bu klublarning birinchi davradagi bahsida 1:1 hisobidagi durang qayd etilgan. "Irislar"ning asosiy tayanch yarim himoyachisi bo'lgan Idrissa Guye Afrikaga ketdi. Lekin, uning o'rnini bilintirmaslik uchun klub MYUdan franciyalik Morgan SHnayderlinni sotib oldi. Demak, bu kamchilik qaysidir manoda bartaraf etildi.

"Manchester Siti" tarkibida Fernandino maydonga tushmaydi, Gabriel Jezus esa o'z vaqtida rasmiylashtirilmagani bois "Everton"ga qarshi o'ynamaydi. SHuningdek, Fernando, Sane va Kompanilarda jarohat bor. De Bryuyne ham o'tgan haftani kasallik bilan o'tkazdi. Lekin, Kevin "Gudison Park"ka kelishi aniq. "SHaharliklar" bu o'yinda biroz ustunlikka ega bo'lishsa kerak, Kuman shogirdlari esa 1-davradagi kabi qarshi hujumda o'z imkoniyatlarini kutishlari mumkin.

Qiziq:

- "Everton" "shaharliklar"ga qarshi so'nggi ettita Premer-liga o'yinida g'alaba qozona olmagan (3 durang, 4 mag'lubiyat). Ungacha esa sakkizta uchrashuvning oltitasida yutishgan (1 durang, 1 mag'lubiyat);
- Marten Stekelenburg "Siti"ga qarshi oktyabrda o'tgan o'yin (1:1)da ikki bor penaltini qaytargan, Bu APLda kuzatilgan sakkizinchi mana shunday holat;
- "Everton"ning chempionatda "Siti" darvozasiga kiritgan oxirgi beshta golidan uchtasiga Lukaku mualliflik qilgan.



"Manchester Yunayted" – "Liverpul"
15.01.2017, 21:00
"Old Trafford"
Bosh hakam:
Maykl Oliver (Nortumberlend)

Ushbu o'yinga bag'ishlangan alohida prevyuni ertaga o'qishingiz mumkin.

Angliya Premer-ligasi turnir jadvali >>> APL


Tolibjon Qosimov


Eplmanager.com saytida bugun yangi sovrinli liga ishga tushadi. Jamoa tuzing va sovrinlarni yutib oling. Jamoa tuzishga o'tish

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика