

Xabaringiz bor, Superliganing 3-turidan so'ng Andijon bosh murabbiyi o'z arizasiga binoan iste'foga chiqqandi. Garchi jamoa natijasi ijobiy kechmayotgan bo'lsada, ko'pchilikka Aleksandr Xomyakovning faoliyati maqul kelayotgandi. Biroq rossiyalik mutaxassis shunga qaramay, klubni tark etishga qaror qildi. Bunga aynan nima sabab bo'lganini murabbiy to'liq izohlab bermasdan, shunchaki jamoada natija bo'lmagani bilan izohlab qo'ya qoldi.
Burgutlar rahbariyati bo'shab qolgan o'ringa bir nechta nomzodlarni ko'rib chiqdi. Yakunda ular Viktor Kumikov variantida to'xtaldi. Rossiyalik taniqli mutaxassis yurtimizda karantin davri boshlanishidan avval O'zbekistonga tashrif buyurgandi. Ma'lumotlarga ko'ra, Viktor Balyutovich dastlab Navoiyda bo'lib, Qizilqum rahbarlari bilan uchrashgan. Aftidan muzokara jarayoni ikkala tomonni birdek qoniqtirmagan ko'rinadi.
Deyarli ikki oydan buyon Yangier shahridagi futbol qarorgohida istiqomat qilib kelayotgan Viktor Kumikov yaqinda o'ziga yangi jamoa topdi.
Deyarli har mavsum bosh murabbiyini almashtirib kelayotgan Andijon jamoasi rahbariyati endi boshqa bir rossiyalik mutaxassis bilan hamkorlik qilishga og'zaki kelishib oldi.
Ishqibozlarga yaxshi ma'lumki, Kumikov ilgari yurtimizda Mashal, Nasaf hamda Olmaliq jamoalarini boshqargan. Uning faqat vohadagi faoliyati ijobiy taassurot qoldirgan deya olamiz. Karantin davri rasman to'liq yakuniga etgach, Viktor Balyutovich va Andijon jamoasi o'rtasida rasmiy bitim imzolanib, bosh murabbiyi sifatida keng ommaga tanishtiriladi hamda mutaxassis jamoada faoliyatini boshlaydi.
Katta ehtimol bilan Andijonning o'quv-yig'in mashg'ulotlari Yangier shahridagi maxsus futbol qarorgohida olib boriladi.




