So’nggi yangiliklar

14:19"Барселона" собиқ ҳужумчиси "Олимпиакос"га ўтади  0 13:53"Барселона" Ольмони қайтариш учун асосий таркиб футболчиси билан хайрлашишга тайёр  2 13:29"Барселона" иш ҳақи харажатларини сезиларли даражада камайтирди  2 13:01Қозоғистон футбол федерацияси Черчесов олдига қандай вазифа қўйган?  2 12:37"FourFourTwo" Яшинни барча даврларнинг энг яхши дарвозабони деб топди  2 12:10"Ювентус" "Верона" футболчисини трансфер қилди  1 11:46"Металлург" 2 нафар футболчиси билан хайрлашганини эълон қилди  1 11:25Олимпиада олдидан. Элдор Шомуродов билан очиқчасига суҳбат  5 11:11Мбаппе вакиллари ПСЖга таҳдид қилди  1 10:50Нима учун Лени Йорони «Реал»га эмас, МЮга ўтгани маълум  7 10:21«Реал Мадрид» яна бир афсонаси билан шартномани узайтирди  6 09:48Жаҳон чемпиони Саудия Арабистонидан АПЛга кўчиб ўтиши мумкин  3 09:19ФИФА яна бир терма жамоани дисквалификация қилиши мумкин  22 08:52Ла лиганинг энг кўп ҳақ оладиган футболчиси маълум. У — Мбаппе эмас  6 08:25Расман. «Боруссия» тўпурар ҳужумчи билан шартнома тузди  2

Alyo, miliciya! Goleadorlarimizni qidiryapmiz Yangiliklar

Alyo, miliciya! Goleadorlarimizni qidiryapmiz

Superliga to'purarlari haqida mulohaza yuritamiz.

Coca Cola Superligasi ishtirokchilari bir muddat orom olgach, ko'zlarini ishqalagancha, marra sari otlandi. Uyg'onish etakchilar uchun biroz noxush boshlandi. Faqatgina o'zining ham, raqibining ham peshonasidagi ajinlari sonini oshirmaydigan hisob qayd etishni yoqtiradigan "Neftchi" tizginini yo'qotmagan holda olg'a qadam tashladi.

Peshqadamlarning kepkalarni osmonga irg'itadigan natija qayd etishida hujumchilarning, shu jumladan, legionerlarning o'rni beqiyos desak mubolag'a bo'lmaydi.

O'tgan tur yakunidan so'ng to'purarlar jadvaliga nazar solar ekanman, uzundan-uzun ro'yxatga yurtdoshlarimizning ismini mandat natijalaridagi tegishli shaxsni qidirgandek ko'z yugurtirdim. Yuqori beshlik sarboni vazifasini to'purarlikni kadastr qilib olgan Dragan CHeran bajarayotgan bo'lsa, qolgan to'rtovlon ham o'zga yurtlardan omadini izlab kelganlardan sanaladi. O'zbekistonlik hujumchilardan esa nom-nishon yo'q.

Eng qizig'i, hamyurtlarimiz orasida tabloga eng ko'p ismini yozdirtirganlar orasida "Navbahor" vingeri Oston O'runov bilan  birgalikda "Nasaf"ning sobiq hujumchi vazifasini bajaruvchi himoyachisi Husniddin Aliqulov o'rin olgan. Sof forvardlarga esa yuqoridagi gap.

Xo'sh, o'zimizning qorako'z yigitlar raqib darvozasini topishda qiyinchiliklarga duch kelyaptimi yoki darvozabon va himoyachilarimizning kuchi oshib-toshib ketyaptimi? 

Aslida, futbolchilarimizning raqib darvozasi lokaciyasini topish muammosi faqat joriy mavsumga tegishli emas. Avvalgi yillarda ham salkam 30 ga yaqin o'yinda barmoq bilan sanarli darajadagi oldingi chiziq vakillari ko'zlariga Everest bo'lib ko'ringan o'nlik dovondan oshib o'tishgan. 

Jumladan, o'tgan mavsum hamyurtlarimizdan faqat Temirxo'ja Abduxoliqov 10 tadan ko'p gol urgan (13 ta). Tajribali hujumchimizning o'tgan yilgi natijasi syurpriz emasdi. U 2021 yil ham ushbu dovondan quyidagilarda salom yo'llagan (14 ta gol). SHuningdek, o'sha yili hozirda qayinlar yurtida to'p tepayotgan Husayn Norchaev poygada unga sherikliik qilgan (13 ta).

2020 yil esa barakaliroq kelgan. O'shanda besh nafar o'zbekistonlik futbolchi 10 tadan ko'p kiritgan. Ular orasidan faqatgina SHohruz Norxonov ayni damda Superligadagi yurishini davom ettirmoqda.

Keling, klublarimizdagi oldingi chiziq vakillarini ko'rsatkichlariga etibor qaratamiz.


"Navbahor"

Yuqorida maqtab o'tgan Abduxoliqov joriy mavsum gol urishdan ko'ra sheriklari uchun hammuallifga aylanishni afzal ko'rmoqda. Hujumchi birinchi davraning barcha o'yinida maydonga tushdi, lekin bor-yo'g'i ikki marotaba raqib darvoza to'rlariga tarsaki yo'lladi. Ikkinchi davrada unga gruziyalik Toma Tabatadze oldingi chiziqda yordam beradi. Umid qilamizki, "Neftchi"ning sobiq futbolchisi Abduxoliqovga zaxira o'rindig'ida shart-sharoit hozirlab bermaydi. Klub to'purari esa chap qanot vingeri Oston O'runov bo'lib turibdi. 23 yoshli futbolchi besh marotaba raqiblarini o'yinni maydon markazidan boshlashga majbur qilgan. 

"Neftchi" 

Farg'onaliklar tarkibida asosiy hujumchi vazifasini legioner futbolchi — bazi mahalliy muxlislar nazdiga ko'ra, "bevafolik qilib", pul ketidan quvgan Toma Tabatadze bajarayotgandi. Mahalliy yigitlardan esa Ulug'bek Hoshimov unga ko'mak berayotgandi. Benzema bilan bir raqamdagi libos kiyadigan forvard birinchi davraning barcha o'yinida maydonga tushib, uch marotaba o'z ismini stadion suxandoniga ayttirish baxtiga musharraf bo'ldi.

"Paxtakor"

Mamlakatning amaldagi chempionlari safida butun bir o'yin taqdirini hal qilishga qodir "Qirol sher" mavjud. Sochlari kumushrang tusga kirayotganiga qaramay, u hamon mahoratini namoyish etishda davom etmoqda va o'zini taqib etayotganlarga qizil chiroqni yoqib qo'ygan. Qolganlar esa nisbatan uning soyasida qolmoqda. Biroq qolgan hujumchilarning ko'rsatkichi ularni yaralangan qiyofada gavdalantirishimizga asos bo'ladi. Birinchi davrada markaziy hujumchi zonasida ham bir necha bor ko'rinish bergan Doston Hamdamov gol urish borasida imtihonga adashib kirgan abiturient singari gollarni qayd etadigan varaqaga ismini yozolmay turibdi. 6 ta o'yinda zaxiradan maydonga tushirilayotgan Po'latxo'ja Xoldorxonov esa bir marotaba jamoasiga g'alaba keltirgan gol muallifiga aylandi. Biroq uni katta ehtimol bilan ikkinchi davrada ham shu qismat kutib turibdi. CHunki oldingi chiziqda bir emas, ikki polshalik legioner yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempioni bilan raqobatga kirishadi.

"Nasaf"

Qarshiliklar tarkibida "zemlyaklar"dan Azizbek Amonov harakat qildi. So'nggi paytlarda ko'proq ikkinchi bo'limda o'yinga qo'shilayotgan futbolchi ikki marotaba o'z ishini qoyilmaqom bajargan. Ammo ikkinchi davrada hujumga yana bir legioner jalb etildi, shu bois, Amonov jiddiy eng shimarishiga to'g'ri keladi.

OKMK

Olmaliqliklar safida mahalliy hujumchilardan Mirjahon Mirahmadov va Xurshid G'iyosovga ko'proq imkoniyat taqdim etilgan. G'iyosov to'rt marotaba raqib posbonining nadomatga tushishiga sabab bo'lgan bo'lsa, Mirahmadov atigi bir marta boshi bilan masalani hal qilgan.

"Surxon"

Toshkent propiskani olgan termizliklarning oldingi chizig'ida legioner hujumchi to'p tepadi. Unga esa qanotlarda ko'proq Asadbek Karimov va Asilbek Jumaev yordam bermoqda. 20 yoshni qarshilagan Asadbek yosh bo'lishiga qaramasdan, uch marta maydon chetida kuzatib turgan klub vakillarining shodiyona qilishiga zamin yaratgan bo'lsa, Jumaev tashkil etgan qiyqiriqlar bittaga kamaygan.

"Andijon"

Muxlislari qo'llab-quvvatlov bobida "Borussiya Dortmund" bilan tenglashtiriladigan klubdan nemislarga xos sifatdagi mahalliy hujumchi ko'zga tashlanmayapti. Biroq bu vazifani Ruben Hebay o'z zimmasiga olgan. Unga sherik sifatida Bobur Farhodov va Ilhom Abdug'anievlar yordam berishdi. Ming bir afsuski, ikkala hujumchining ko'rsatkichlari ham tuxumsimon raqam kabi ko'rinish olgan.

"So'g'diyona"

Jizzaxliklar tarkibida Javohir Qahramonov so'nggi o'yinlarda qahramonlik ko'rsatmoqda. Hujumchi oxirgi ikki o'yinda raqib darvozasini ishg'ol qilib, mavsumdagi umumiy gollari sonini uchtaga etkazdi. Ikkinchi davrada ham 27 yoshli o'yinchining jamoa to'purari Zaymovich bilan birgalikda tandem hosil qilishi kutilmoqda.

"Bunyodkor"

"Qaldirg'ochlar" safida birinchi davrada Abdumannopov ishonchli o'yinlar namoyish etgandi, ammo u davralar oralig'ida jamoasini o'zgartirdi. Uning o'rniga kelgan Farruh Ikromov hozirgacha raqib darvozasiga yo'l topa olmayapti. Jasur Hakimov esa uch marta muxlislariga ko'tarinki kayfiyat ulashdi.

"Olimpik"

Temur Kapedze qo'l ostidagi jamoada yaqqol lider yo'q, imkoniyati kelganda, barcha futbolchilar masuliyatni o'z zimmasiga olishga harakat qiladi. SHu bilan birga, legionerlardan holi yagona klubning oldingi chizig'ida Jiyanov ketgach, Alisher Odilov va Otabek Jo'raqo'ziev etakchiga aylanishga harakat qiladi. Odilov uch marta hakamni maydon markazini ko'rsatishga majbur etgan bo'lsa, o'tgan mavsum 10 ta gol urgan Jo'raqo'ziev hozircha maktabda dars qilishni jini suymaydigan o'quvchining bahosiga teng qiymatda golvaraqalarga nomini bitgan.

"Metallurg"

Bekobodliklar hujum chizig'i mahalliy o'yinchilardan iborat. Jamoa etakchisi Zabihillo O'rinboev to'rt marta o'z maqsadiga erishgan. 

"Turon"

Yaypanliklar gollari soni ko'krak kera olmaydi. SHunday bo'lsa-da, yangilangan tarkibdagi vodiy klubi ikkinchi davrani ko'tarinki kayfiyatda boshladi. Oldingi chiziqda Jumanqo'ziev–Murtozaev–Komilov tandemi ajoyib harakat qilmoqda. Asosiy hujumchi Humoyun Murtozaev hozirgi qadar ikki marotaba protokolning jamoasini xursand qiladigan katagiga o'z nomini qayd ettirgan.

"Buxoro"

Ikkinchi davra avvalida Ulug'bek Bakaev o'zi uchun qadrdon hamda chempionatda muntazam gol urib keladigan shogirdlaridan biri SHohro'z Norxonovga tarkibga olib keldi va hujumchi ilk urinishdayoq bu ishonchni oqladi. Qayd etish joiz, 30 yoshli forvard Superliga doirasida oxirgi uch mavsumda 10 ta undan ko'p gol urgan. Ushbu natijani takrorlash mushkul bo'lsa-da, unda hali vaqt va imkoniyat bor. SHuningdek, unga "Qizilqum"dan taklif etilgan Jasur Xolto'raev yordam beradi. 

"Qizilqum"

15 o'yinda atigi bir marotaba gol nishonlash baxtiga muyassar bo'lgan Xolto'raev jamoani tark etgach, uning o'ringa legioner hujumchi taklif etildi. Unga esa Islom Kenjaboev yaqindan yordam beradi. 24 yoshli tajribali futbolchi uch marotaba darvoza to'rining mazasini qochirgan.

Guvohi bo'lganingizdek, ko'pgina jamoalarning oldingi chiziqda etakchisi vazifasini xorijdan taklif etilgan futbolchilar bajarmoqda. Tom manoda, ular o'z ishini uddalamoqda. Katta ehtimol bilan doimgidek milliy terma jamoa yaqin vaqt ichidagi o'tkazadigan o'yinlarida xorijda to'p tepayotgan hujumchilarimiz xizmatidan foydalanadi. Mahalliy hujumchilarga esa raqiblar darvozasi lokaciyasini unutishni emas, biz sonini sanashga ulgurolmay qoladigan darajada gollar urishini tilab qolamiz.


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика