So’nggi yangiliklar

17:05"Ювентус" "Интер" футболчисига қизиқмоқда, аммо...  0 16:40"Милан" 2024/25 йилги мавсум учун сафар либосини тақдим этди  1 16:15"Арсенал" "Реал Сосьедад"дан Меринони харид қилмоқчи  1 15:49Саудияликлар Рафинья учун 65 млн евро таклиф қилишди. "Барса" Уильямс ва Ольмо билан шартнома имзолаш учун ўйинчиларни сотишга тайёр  1 15:17Де Хеа "Женоа"га ўтмайди – унинг талаблари клуб учун жуда юқори. Дарвозабонда МЛС ва Саудия Арабистонидан вариантлар бор  1 14:49Артём Довбик "Рома"нинг таклифини қабул қилди ва клубга ўтишга яқин  1 14:21Ольмо "Барселона"дан ташқари барча клубларнинг таклифини рад этди  2 13:58Ихеаначо Ла Лига клубига ўтишга яқин  1 13:31Ашурматов: "Олимпиада олдидан Ўзбекистон терма жамоасининг плей-оффга чиқишига катта умид боғланганди"  7 13:02"Рома" "Ювентус" футболчиси билан шартнома имзолашга яқин  0 12:38Филлипс "Манчестер Сити"ни тарк этмоқчи  1 12:17ПСЖ ва АПЛ клублари Уильямснинг Испанияда қолишни афзал кўришини ҳис қилишмоқда. "Барселона" – фаворит  0 11:48Лондон клуби Ван-Биссака борасида МЮ билан музокаралар ўтказмоқда  1 11:25Шерзод Қодиров "Динамо"дан кетди?!  0 11:04«Бухоро» «Локомотив» футболчиси билан шартнома тузди  4

Akmal Xolmatov:Kamida yana 1,5 yil futbol o'ynamoqchiman Yangiliklar

Akmal Xolmatov:Kamida yana 1,5 yil futbol o'ynamoqchiman

Tajribali futbolchi Akmal Xolmatov yana jonajon jamoasi Neftchiga qaytdi.

O'zining yulduzli onlarini aynan farg'onaliklar tarkibida o'tkazgan yarim himoyachining so'nggi klubi Tojikistonning Istiqloli bo'lgandi. Bu jamoa sharafini to'rt oy mobaynida himoya qilgan Xolmatov OFK kubogidagi omadsizlikdan keyin O'zbekistonga qaytishni afzal bildi. Uni Farg'onada quchoq ochib qarshi olishdi. Biz 40 yosh bilan yuzlashgan Akmal Xolmatovni Neftchining Toshkentdagi yig'ini doirasida tashkil etilgan o'rtoqlik uchrashuvidan so'ng suhbatga chorladik.

- Akmal aka, o'zingiz uchun qadrdon bo'lgan Neftchi safiga qaytdingiz. O'tgan vaqt mobaynida klubda qanday o'zgarishlar ro'y beribdi?


- Deyarli hech narsa o'zgarmagan. Albatta, men o'ynagan payt bilan taqqoslaganda, tarkibda katta o'zgarishlar bor. Murabbiylar shtabi to'liq almashgan. Bugun jam bo'lgan tarkib ancha mazmunli o'yin namo-yish etyapti. Murabbiylar yoshlarga urg'u qaratishyapti. O'z o'rnida bu futbolchilar ham murabbiylar ishonchini oqlashga intilishmoqda.

- Siz o'ynagan ilk davrdagi futbolchilardan hozir sanoqlilarigina hamon Neftchi safida to'p surishyapti...


- Ularni ko'rib xursand bo'ldim. Mansur Saidov bilan deyarli bir vaqtda o'ynay boshlaganmiz. U Neft-chining haqiqiy sardori. Qolaversa, men bilan birga Anvar Berdiev ham Neftchiga qaytdi. Biz farg'onaliklar safida ekanligimizdan xursandmiz.

- Malum muddat Tojikistonning Istiqlol klubida to'p surdingiz. Bu klubni tark etishingizga nima sabab bo'ldi?


- Istiqlol bilan yil boshida bir yillik shartnoma imzolagandim. Lekin OFK kubogidagi omadsiz ishtirokimiz sabab klubni tark etishga majbur bo'ldim. To'rt oy mobaynida Istiqlol sharafini himoya qildim. Keyin ikki tomonlama kelishuvga ko'ra jamoadan ketdim. Klub rahbariyati qarorimga hurmat bilan qarab, ketishimga to'sqinlik qilmadi.

- SHu yoshingizda ham o'zingizdan 20 yosh kichik futbolchilar bilan bir xilda mashg'ulot o'tkazyapsiz, yuguryapsiz. O'zingizni qanday his qilyapsiz? CHarchoq alomatlari sezilmayaptimi?


- Bu ko'proq sizlarga ko'rinadi. Ishtiyoqim bor ekan, o'ynashda davom etaman. Lekin yosh o'tgani sari, baribir, charchoq alomatlari sezilar ekan. Kuchli xohish bo'lgani bilan organizm-ni alday olmas ekansiz. SHunga qaramay, qo'limdan kelganicha jamoaga yordam berish, ko'p yillik tajribamni yosh futbolchilar bilan baham ko'rishga astoydil harakat qilaman.

- Demak, bu yil faoliyatingizdagi so'nggi mavsum bo'lmaydi, shundaymi?


- Albatta. Hali butsalarimni mixga ilish fursati etmadi. Yana kamida bir yarim yil professional tarzda to'p surmoqchiman.

- Neftchi bilan qancha muddatga shartnoma imzoladingiz?


- Bitim bir yarim yilga mo'ljallangan.

- Neftchi bosh murabbiyi Andrey Fyodorov ham yulduzli onlarini aynan shu klub tarkibida o'tkazgan. Umuman, murabbiylar shtabi haqida qanday fikrdasiz?


- O'z vaqtida Fyodorov bilan birga o'ynaganmiz. Qolaversa, Murod Ismoilov, Aleksey Evstafeev ham Neftchi uchun begona emaslar. Murabbiylar shtabi bilan gaplashib oldik. Menga ishonch bildirishgani uchun ularga o'z minnatdorchiligimni bildiraman. Ishonchlarini oqlashga intilaman. SHu shartnomadagi bir yil davomida klub g'alabariga hissa qo'shsam, zimmamdagi masuliyatni bajargan bo'laman. Futbolchilikdan tashqari, parallel tarzda yosh futbolchilarga ham yordam berish niyatidaman.

- Ikkinchi davrada Neftchi oldiga qanday vazifa qo'yildi? Sovrinli o'rinlar uchun kurashmoqchimisizlar?

- Hech ikkilanishlarsiz, aniq ayta olaman, ikkinchi davra bahslari kutilganidan ham shiddatli kechadi. Hozir Paxtakor, Metallurg, Nasaf, Buxoro, Qizilqum kabi jamoalar bronza medallari uchun kurashish istagida ekanliklarini yashirishmayapti. Ko'ryapsiz, hozir sanab o'tilgan klublar o'z niyatlarini amalga oshirish uchun tarkiblarini sezilarli tarzda kuchaytirib olishdi. O'z o'rnida Neftchi ham shu maqsadda maydonga tushadi. Biz birinchi galda o'z g'alabalarimiz bilan muxlislarni xushnud etishga astoydil harakat qilamiz. Bilasiz, Farg'onada futbolni juda yaxshi ko'rishadi. Qaysi o'rinni egallashimiz esa mavsum yakunida turnir jadvalida aks etadi. Hozirdan falon o'rinni egallaymiz, deyish ham noo'rin bo'ladi. Kutilmagan natijalar ko'p qayd etilyapti. Bashorat qilishga qo'rqasan kishi. Har qanday holatda ham Neftchi faqat yuksak marralarni ko'zlab maydonga tushadi. Bu jamoamizga xos xususiyat. Turnir jadvalining qaysi pog'onasida yurishi, qanday tarkibga ega bo'lishidan qatiy nazar, Neftchi har bir uchrashuvga g'alaba ilinjida tushadi. Buni muxlislar ham, futbol mutaxassislari ham juda yaxshi bilishadi. Mana, o'zingiz guvohi bo'ldingiz, Neftchini o'z vaqtida O'zbekistonning eng kuchli jamoasiga aylantira olgan Yuriy Sarkisyan ham bugun kelib, o'yinimizni bevosita tomosha qildi. Hozir Neftchida ishlamayotgan bo'lsa ham bu klub uning qalbida mangu yashaydi, Bunyodkorda ishlayotganiga qaramay, Neftchining o'yinlariga befarq emas. Yuriy Vazgenovichdan juda ko'p narsa o'rgandim. U boy tajribaga ega murabbiy.

- Sarkisyan sizga otadek bo'lib qolgan, to'g'rimi?


- Otadek emas, ota deyavering (kuladi).

- Munosabatlar hamon saqlanib qolganmi?


- Albatta. Tez-tez qo'ng'iroqlashib turamiz. Haligacha o'z maslahatlarini ayamaydi. Meni hali ham yosh boladek ko'rib, bazida koyib qo'yadi. Bu mutaxassisdan bir umrga minnatdorman. Nafaqat futbolchi, balki komil inson bo'lib shakllanishimda Yuriy Vazgenovichning xizmati katta bo'lgan.

- Sarkisyanni qattiqqo'l murabbiy sifatida bilamiz. Futbolchilarni rosa koyirdi...


- To'g'ri. Lekin u futbolchilardan nafratlangani uchun dakki bermaydi. O'yindan keyin bu murabbiydan yaxshi inson yo'q. To'g'ri tushunish kerak, jamoaga kuyunganidan urishardi. Bazida o'yin chog'i sizni urishgach, unga imo-ishoralar bilan xatodan to'g'ri xulosa chiqarganingizni bildirsangiz, ortiqcha gapirmasdi. Lekin murabbiyga ters javob qaytarish yaxshi emas. SHunday vaziyatlarda u tutoqib ketadi. SHunchaki, buni Yuriy Sarkisyanning faqat o'zigagina xos xususiyat sifatida qabul qilish kerak. Hech bir murabbiy shogirdini yomon bo'lsin, deb urishmaydi. Biroz qattiqqo'llik ziyon qilmaydi, aks holda, jamoada tartib o'rnatish qiyin. Tartib-intizomni taminlamagan klub esa hech qachon yaxshi natijaga erisholmaydi.

- Uning bu qattiqqo'lligini futbolchilar yurakka yaqin olisharmidi?


- Ha, bazilarning ko'nikishi qiyin kechadi. SHaxsan men dakkilardan to'g'ri xulosa chiqarishga harakat qilardim. Bazan esa bunga etibor bermasdim. CHunki Yuriy Vazgenovichning o'yindan keyin qanday insonga aylanishini juda yaxshi bilardim.

- Menimcha, fursati etib, futbolchilik faoliyatingiz yakunlanganidan keyin murabbiylikda ishlasangiz kerak. Ko'rinib turibdi, futbolga bo'lgan mehringiz juda ham baland...


- SHunday bo'lmasa, 40 yoshimda ham koptokning ortidan quvib yurarmidim (kuladi)? Albatta, vaqti kelib, futbolchilik faoliyatim yakunlanganidan so'ng murabbiylikda o'zimni sinab ko'rish istagim bor. Bunga hozirdan o'zimni tayyorlayapman. Mening baxtim tajribali murabbiylar qo'l ostida o'ynaganimda, deb o'ylayman. Ulardan juda ko'p narsa o'rgandim. Yon daftarcham bor, unga har bir murabbiydan o'rganganlarimni yozib boraman. Vaqti kelib ularning tavsiyalari menga asqotishiga ishonaman.

- Balki Neftchida murabbiy sifatida ishlarsiz?


- Nima uchun yo'q? Bu klub men uchun juda qadrli. Akmal Xolmatov bo'lib shakllanishim va tanilishimga aynan Neftchi sabab. Bejizga yana jonajon jamoamga qaytmadim. Anvar Berdiev ham shu niyatda qaytgan.

- Qirq yoshingizda ham charchoq nimaligini deyarli bilmayapsiz. Bu muvaffaqqiyatning siri nimada?


- Hammasi juda oddiy. Mehnat, mehnat va yana mehnat! Mehnat qilish orqaligina inson muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Hech narsa osonlikcha qo'lga kiritilmaydi. Qolaversa, tartib va reja bo'lishi shart. Vaqtida mashg'ulot o'tkazish, vaqtida hordiq chiqarish darkor. Uzoq yillar davomida bir maromda to'p surish uchun futbolchining o'zi amal qiladigan kundalik rejimi bo'lishi lozim. Eng muhimi, bu tartibga doimo rioya qilish kerak.

- Demak, siz qatiy kundalik rejimiga amal qilasiz?


- Bo'lmasam-chi. Aks holda, 40 yoshimda ham futbol o'ynamas edim. O'z vaqtida uxlashga odatlanganman. Dam olishga fursat tug'ilsa, har qanday zarur ishimni bir chekkaga surib qo'yib, hordiq chiqaraman. Vaqtida ovqatlanaman. Bu - tartib. Uni menga hech kim o'rgatmagan. Agar o'z vaqtida uxlamasam, mashg'ulotlarda ko'ngildagidek qatnasha olmayman. Yaxshi shug'ullansam, tabiiyki, ertasi kuni o'yinda binoyidek harakat qilaman.

- 34 yoshingizda legioner sifatida Eron chempionatida to'p surdingiz. Bu sizga qiyinchilik tug'dirmaganmidi? Umuman, Eron varianti qanday paydo bo'lgan edi?

- Bilasizmi, nafaqat Eron, balki boshqa davlat klublari ham 30 yoshdan oshgan legionerlarga ishonch bildiravermaydilar. SHu bois fors klubiga o'tishim qiziq bo'lgan. SHartnoma tuzishimdan avval jamoa boshlig'i meni yaxshigina kuzatdi. Ikki kunlik mashg'ulotimdan keyin shartnoma imzolashimizni aytdi. Qo'shimchasiga yoshimning ahamiyati yo'qligi, eng muhimi, jismoniy tayyorgarligim talab darajasida ekanligini tushuntirdi. O'shanda bu so'zlarni eshitib, juda xursand bo'lgandim. Avvaliga jamoamiz murabbiyi menga ishonmadi. Bir nechta sinovlarni berdi. SHundan ke-yin jismoniy tayyorgarlik bo'yicha xorvatiyalik murabbiyimiz bosh murabbiy meni tekshirayotganligini aytdi. O'z navbatida, istaganlaricha tekshirishlari mumkinligini takidladim. O'zbekistonda bunday saviyadagi o'yinchilar ko'pligini bildirdim. Bu hali hammasi emas. Kamiga ular meni doping istemol qilgan, degan shubhaga ham borishdi. Zob-Ohan bilan o'yinda 2:1 hisobida g'alaba qozondik va men ikkita gol urdim. Qizig'i shundaki, o'zimizning murabbiyimiz doping nazoratidan o'tishim kerakligini aytdi. Hayron qoldim, axir uning uchun foyda keltirayotgan bo'lsam, nega menga ishonmayapti, deb o'ylab qoldim. U esa fikrida qatiy turib oldi. Doping nazoratidan muvaffaqiyatli o'tganimdan keyin murabbiyimiz mendan kechirim so'radi.

- Bazida eshitib qolamiz, Neftchidan ketgan futbolchi ko'karmaydi. Bu gapga siz qanday munosabat bildirasiz?

...

Suhbatning to'liq qismini "InterFutbol" gazetasi saytida o'qishingiz mumkin.


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Reyting: +8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика