So’nggi yangiliklar

11:42Эшитдик-да! "Олимпик"нинг яна бир футболчиси Суперлиганинг бошқа клубига ўтмоқда  3 11:05«Реал Мадрид» яна бир фахрий ҳимоячини текинга қўлга киритиши мумкин  3 10:29Нега Тимур Кападзенинг Испанияга қарши ўйин олди ташкил этилган матбуот анжуманидаги фикрлари ҳеч бир ўзбек ОАВсида чиқмади?  29 09:57АS нашри Испания ОТЖнинг бугунги учрашув учун тахминий таркибини эълон қилди  19 09:22Ўзбекистон ОТЖнинг бугунги учрашув учун тахминий таркиби билан танишинг  24 08:55“Mirabror Usmanov Cup-2024”. Бугун учинчи ўрин ва финал учун учрашувлар бўлиб ўтади  2 08:26Ҳусайн Норчаев олимпиада олдидан ФИФАга тайёргарлик, режалар ва мақсадлар ҳақида интервью берди  14 08:01ESPN нашри ХХI асрнинг энг яхши футболчилар рейтингини тузиб чиқди  17 07:21Тарих ёзишда давом этамиз! Бугун Ўзбекистон ОТЖ Олимпия ўйинларида дебют баҳсида майдонга тушади  40 00:47Чалобага АПЛнинг уч клуби қизиқиш билдирмоқда  1 00:30"Барселона" Мексика терма жамоаси мураббийлар штабига қўшилган Маркес учун 2 миллион евро олди  3 00:03"Милан" ҳимоячиси Бельгияга йўл олди  1 23:46"Реал Мадрид" бошқа ҳеч кимни сотиб олишни режалаштирмаяпти  6 23:29"Челси"ни 12 нафар футболчи тарк этиши мумкин - барча номлар маълум  3 23:12Туркия. Турғунбоевнинг ягона голи "Сивасспор"га ўртоқлик ўйинида ғалаба тақдим этди  3

AGMKning mentalitetini o'zgartirayotgan Mirjalol Qosimov Yangiliklar

AGMKning mentalitetini o'zgartirayotgan Mirjalol Qosimov

Teglar :  AGMK Superliga
Ko'pchilikni yaxshi manoda hayron qoldirayotgan va joriy mavsum Superligada muvaffaqiyatli ishtirok qilayotgan AGMK jamoasi haqida bafurja gaplashamiz.

Bilasiz, mazkur jamoada ish boshlagach saytda chempionat va yana bazi mavzularda erkin ijod qilish chegaralarini o'zim uchun yopdim. CHunki bu o'sha mavzularda hozirgi ish joyimdan kelib chiqsa, etika va xolislik tarafdan noto'g'ri bo'ladi. SHu bois ko'plab etiborga muhtoj mavzularga qo'l urmay turibman. Lekin AGMK borasidagi holat va jamoa ishtiroki haqida tahliliy maqola yozish nisbatan to'g'riroq bo'lishi mumkin. Balki qaysidir masalalarda fikrim xolisona chiqmas, lekin jamoaning yangi darajaga ko'tarilayotgan jarayonda bevosita ishtirok etayotgan inson sifatida vaziyatni tushuntirishga harakat qilaman. Har holda ijodiy jamoamiz AGMK haqida tahliliy maqola yozish majburiyatini meni bo'ynimga qo'ydi. Bu tarafdan menga osonroq.

Xo'sh, birinchi navbatda AGMK jamoasi haqidagi tasavvur. Olmaliq chempionatimizda asosan o'rta o'rinlarda yurgan va bu tarafdan ko'pincha o'rtamina jamoa sifatida barqarorlikni saqlab kelgan jamoa. 2018 yil jamoa o'z tarixida ilk bor mamlakat kubogini qo'lga kiritdi. Bu juda yaxshi natija. Lekin bu ko'proq tasodif va omad evaziga kelgan muvaffaqiyatga o'xshash. CHunki xuddi o'sha mavsum jamoa elitada o'tish o'yinlari orqali o'z jonini saqlab qoldi. Yani, bir qarashda jamoaning eng muvaffaqiyatli mavsumida AGMK chempionatni xavfli hudud chizig'ida tugatdi. Kubok esa musobaqa formati o'zgarib, o'yinlar bir uchrashuvdan iborat bo'lgan paytga to'g'ri kelib qoldi. Yani, bunday formatda istalgan jamoada har qanday sensaciyani qayd etish imkoniyati oshadi. AGMK esa o'shanda haqiqiy sensaciya qayd etgandi. Va o'sha sensacion final jamoaga yangi bosqichdagi yo'lni ochib berishga turtki bo'ldi.

2019 yildan esa klub yangi bosqichdagi yo'lni maqsad qilib, jamoaga Mirjalol Qosimovni taklif etdi. Doim chempionlik va yuqori vazifalarni bajarish kabi yumushlarni futbolda odat qilgan Qosimov boshchiligidagi komanda AGMKni muvaffaqiyatlarini sensaciya tarzida emas, balki odatiy holatga aylantirish uchun ishga kirishdi. Yani, AGMK endi o'rtamiyona jamoa darajasidan yuqori elit toifaga kirishni maqsad qildi.

Dekabrning so'nggi 10 kunligida kelgan Mirjalol Qosimov va uning shtabi tezda ishga kirishdi va AGMK bilan OCHL pley-off o'yinlariga taraddud ko'rishga harakat qildi. Orada fursat kamligi bois legionerlarni jalb etishda bazi principlaridan voz kechishiga to'g'ri kelindi va qisqa fursatda yangi jamoa shakllantirish ishlari boshlandi. Tojikistonning "Istiqlol" jamoasi ajoyib kechgan bahsda chiroyli mag'lub etildi. Lekin Saudiya Arabistonida nomdor "Al Nassr" to'sig'idan o'tish nasib etmadi.

Superligaga arang qolgan va bir oyda shakllangan jamoa uchun Saudiya safaridan quruq qo'l bilan OCHL guruh bosqichiga chiqa olmaslik fojea emas. AGMK o'tgan mavsumning birinchi davrasini kutilgan darajada o'tkaza olmadi. Butunlay yangi joyga kelgan murabbiy uchun o'z jamoasini qurish va to'liq shakllantirish uchun malum vaqt talab etiladi. O'sha vaqt Superliganing birinchi davrasida ishlatilib, unda xato va kamchiliklar bo'y ko'rsatdi. Bundan esa davralar oralig'ida tegishli xulosalar chiqarilib, ikkinchi davrada jamoaga kerakli o'zgarishlar qilindi. Selekcion ishlardan tortib, o'yin kartinasi ham o'zgartirildi. Keraksiz legionerlarga javob berilib, Grigalashvili, Zonich, Baydullaev kabi futbolchilar jalb etildi.

Bu amalga oshirilgan ishlardan keyin o'yin barqarorlashib, natijalar ham hamohang tarzda yaxshilandi. Himoyada tartib o'rnatildi. Hujumda samaradorlik oshirildi. O'rta chiziq barqarorlashdi. Jamoa murabbiy istayotgan va ulardan talab qilayotgan falsafaga moslashdi.

AGMKning o'tgan yilgi yarim mavsumidan xulosa qilib, ko'pchilik Qosimovni tanqid qilishga tushdi, bazilar murabbiyni hisobdan chiqarishni boshladi.

Vaholanki jamoa ikkinchi davrani yomon o'tkazmadi. O'zbekiston kubogi va Liga kubogida jamoa finallargacha bordi. Faqat hal qiluvchi bahsda mamlakat chempioni "Paxtakor"ga imkoniyat boy berildi. Ko'pchilik tanqid qilgan va Qosimov faoliyatidagi eng yomon mavsumda ham AGMK ikkita finalga qadar bordi. Hech qanday mubolag'asiz ayta olamanki, O'zbekistonda eng yomon mavsumida finallargacha boradigan boshqa murabbiy yo'q. O'ylab ko'ring, xoh Google tizimi orqali titkilang, farqi yo'q, baribir topolmaymiz. SHu jihat ham Mirjalol Qosimov qanday darajadagi murabbiyligini ko'rsatib turibdi.

SHu o'rinda bir jihatga alohida etibor qaratish kerak. Yangi jamoani qurish qiyin vazifa. Ayniqsa maqsad va vazifalari o'zgargan jamoani shakllantirib olish yanada mushkul. Avvalgi norma va standartlar o'zgaradi. "Bunyodkor" tarixini yaratgan, boshidan jamoani grand sifatida uyg'onishida ishtirok etgan Qosimovning talablarini AGMKda tushunish va buni bajarish uchun ham malum vaqt talab etildi.

AGMK mentalitet jihatdan o'rtamiyona jamoa sifatida immunitetini shakllantirib kelgan klub. Bir yilda talab va majburiyatlar butkul o'zgardi. Bunga ko'nikish va moslashish uchun har ikkala tomon uchun vaqt kerak bo'ladi. O'sha vaqt berildi va asta-sekin AGMK o'z mentalitetini o'zgartirib kelmoqda. Oddiy misol, "Lokomotiv" 2012 yildan buyon o'z oldiga doim yuqori maqsadlarni bajarishni qo'yib keldi. Qanchadan-qancha transferlar, harakat va sarmoya qilindi. Lekin avval o'rtamiyona bo'lgan jamoa uchun mentalitetini o'zgaritirish va boshqa darajadagi talablarni bajarish uchun 4 yil vaqt yo'qotdi. Bu orada jamoa o'sha o'zi istagan darajagacha pishib etildi. Vazifa va maqsadlariga pog'onama-pog'ona keldi. Avvaliga bronza medali, keyin kumush, O'zbekiston kubogi va chempioni. Bu yo'lda jamoa katta mashaqqat va mehnat qildi.

AGMK ham shu yo'ldan yurishni boshladi. Yani, avvalgi tarixi bilan kelajakdagi talab va vazifalari butkul farq qiladigan jamoa kelajagini qurish.

Masalan, SHota Arveladze komandasi "Paxtakor"ga kelgach asosiy missiyani bajarish uchun 2,5 mavsum sarfladi. Vaholanki "Paxtakor" "Lokomotiv" yoki AGMKdan farqli o'laroq mentaliteti butkul boshqa, yani avvaldan chempionlik ruhi mavjud bo'lgan jamoa. Lekin o'z jamoasini qurish uchun Arveladzega zo'r sharoit va katta imkoniyat bilan birgalikda malum vaqt berildi.

Xulosa shuki, istalgan murabbiyga yangi joyda o'z jamoasini qurish uchun kamida 2-3 yil vaqt kerak. SHuningdek, yana bir muhim jihat, bu murabbiy falsafasiga to'liq ishonch. Rahbariyat tomonidan beriladigan ishonch murabbiyga bemalol o'z ishini bajarish uchun asosiy turtki bo'ladi. "Paxtakor"da bo'lgani kabi AGMKda ham rahbariyat oqilona qaror qilib, murabbiyga vaqt va ishonch berdi.

Mirjalol Qosimov davrida AGMK o'tgan vaqt davomida nafaqat jamoa sifatida shakllanmoqda, balki futbol atrofidagi ommaga ko'rinmaydigan jihatlar, yani tashkiliy masalalar bo'yicha ham ancha o'sishga erishmoqda. Har qanday muvaffaqiyat zamirida tashkiliy taraflama ishlarni to'g'ri yo'lga qo'yish ham muhim omillardan biri. Murabbiy doim jamoani o'yinga tayyorlashni, futbolchi esa maydonga chiqib futbol o'ynashni o'ylashi lozim. Qolgan detal yoki ishlar ularni chalg'itmasligi lozim. Mana shunday ishlar yo'lga qo'yilishida hamda jamoa tizimidagi boshqa personallar Qosimov talablariga moslashishiga ham vaqt talab etildi. Hali qilinadigan ishlar ko'p. AGMK klub tarixidagi yangi davrning boshlang'ich bosqichida turibdi. Maqsad va vazifalar katta.

Jamoa ko'rsatayotgan bu yilgi natijalar esa o'z-o'zidan ruy berayotgani yo'q. Avvallari AGMK muvaffaqiyati yoki ehtimoliy g'alabasi sensaciyaga qiyoslangan bo'lsa, endi odatiy holatga aylanmoqda. 

AGMK 2020 yilda o'zbek jamoalari ichida haligacha mag'lubiyatga uchramagan yagona jamoa sifatida qolayotgani bejiz emas. Mirjalol Qosimov va shtabdagi qolgan barcha personallar o'z ishining ustasi. Ishga to'liq masuliyat bilan yondashayotgani isboti. Hozirgi zamonaviy futbolda jismoniy holat va taktik qo'llanma birinchi o'rinda turadigan jihat. Jamoani har bir o'yinga to'g'ri yo'nalishda tayyorlash va barcha uchrashuvlarga bir xil munosabatda bo'lish ham muhim faktorlardan biri.

Tarkibda sog'lom raqobat bo'lishini taminlash va har uchrashuvda bazi bir rotaciyalar orqali jamoadagi balansni meyorda ushlab turish har gal qo'l kelmoqda. Yani, qaysidir futbolchining jarohati bois yo'qligi jamoa o'yiniga qattiq tasir ko'rsatmaydi. CHunki har bir futbolchini o'rnini to'ldirish to'g'ri taqsimlangan raqobat evaziga qoplanmoqda. Taktik rang-baranglik, jamoa o'yini va raqib holatidan kelib chiqib ish tutish murabbiy salohiyati bilan bog'liq.

Mirjalol Qosimovning bir jihatiga qoyil qolaman. Har gal raqibga qarshi jamoa safidagi sobiq futbolchi xizmatidan foydalanishni xush ko'radi va bu odatda kerakli samara beradi.

Joriy mavsumdan oddiy faktlarni havola qilaman: "Bunyodkor"ga qarshi asosiy tarkibda tushgan Murod Toshmatovning goli, "Qizilqum" bilan o'yinda Grigalashvilining g'alaba to'pi, "Nasaf" bilan o'yinda bahsni asosiy tarkibda o'tkazgan Baydullaevning 3 ochkolik goli yoki ilk bor asosiy tarkibga qo'yilgan Hojimat Erkinovning "Paxtakor" bilan o'yindagi yorqin o'yini va golli uzatmasi yorqin misol.

Bu nimadan darak? Futbolda kichik yoki mayda detallar bo'lmaydi. Har bir jihatga alohida etibor va munosabat zarur. Birgina sobiq futbolchilardan "qurol" sifatida kerakli paytda foydalanish ham murabbiyning topqirligi.

Xullas, AGMK joriy mavsum o'z oldiga jiddiy va katta vazifalarni qo'ygan hamda bu mashaqqatli yo'lda olg'a intilmoqda. AGMK o'z mentalitetini o'zgartirayotgan kamsonli jamoalardan biri. Mirjalol Qosimov esa "Bunyodkor"dan keyin boshqa jamoa chorlovini qabul qilgan va ikkinchi jamoasi bilan ham yuqori darajada faoliyat ko'rsatishga yaqin turgan kamsonli murabbiylardan biri. 

Tarixga nazar soladigan bo'lsak, yaqin o'tmishda Viktor Jalilov "Navbahor"dan keyin "Paxtakor" bilan bunday vazifalarni bajargan. Lekin bir tarafi borki, "Navbahor" ham yoki "Paxtakor" unga qadar ham shunday vazifalarni bajarib kelgan azaldan grand jamoa bo'lgan. Jalilov "Mashal"ni yuqori pog'onalarga ko'targan mutaxassis.

Qizig'i, o'shanda ham Mirjalol Qosimov bu loyihada ishtirok qilgan. Dastlab futbolchi va keyinchalik yordamchi murabbiy sifatida "Mashal"ni yuqori darajaga ko'tirilishida o'z hissasini qo'shgan. Keyinchalik yangi barpo qilingan "Bunyodkor"ni elitada elit darajaga ko'targan afsona. Yangi jamoani jiddiy maqsadlar bilan shakllantirish o'rtamiyona jamoani katta klubga aylantirishdan ko'ra nisbatan osonroq. AGMKning mentalitetini o'zgartirayotgan Mirjalol Qosimov o'zbek futbolida yangi grand jamoani shakllantirish yo'lida katta mehnat qilmoqda. Ilk mevalarni esa joriy mavsum yakunlaridan keyin terishga chog'lanmoqda.

Futbolda muvafaqqiyat kaliti faqat moliya emas, balki murabbiyga ishonch hamda vaqt berilishi va ishni to'g'ri yo'lga qo'yish bilan bog'liq. Agarda muvaffaqiyat siri faqat pul bilan o'lchanganida, "Manchester Siti" Gvardiola amalga oshirayotgan transferlar bilan doim APLda tengsiz va ECHLda g'olib, MYU Fergyusondan keyin qulamagan, "Lokomotiv" chempionlikni 5 yil kutmagan, "Nasaf" 2010-14 yillari faqat chempion yoki "Navbahor" oxirgi 3 mavsumni kamida faqat "uchlik"da tugatgan bo'lardi...

Muallif :
Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика