So’nggi yangiliklar

01:39Расман: Ўткир Юсупов — "Фулад" футболчиси!  2 01:32"Арсенал" Рафиньянинг трансфери бўйича "Барселона"га кўп миллионлик таклиф тайёрлайди  0 01:05Париж-2024. Ўзбекистон - Миср 0:1, Ҳимоядаги хато қимматга тушди  5 00:53"Атлетико" ва Испания терма жамоаси собиқ футболчиси фаолиятини якунлади  0 00:15РПЛ. Эсанов ҳаракат қилаётган "Акрон" меҳмонда "Факел"ни ишончли ҳисобда мағлуб этди  14 23:35Тимур Кападзе: "Иккала ўйинда ҳам ютишимиз мумкин эди"  95 23:01Расман: "Атлетико" Испания терма жамоаси футболчиси билан шартнома имзолади  1 22:29"Навбаҳор" назорат учрашувида йирик ҳисобда ғалаба қозонди. Қувватовдан норасмий дебют, Никабадзедан хет-трик  9 21:31"Манчестер Юнайтед" форварди ПСЖга ўтиши мумкин  4 21:05Париж-2024. Ўзбекистон иккинчи турда Мисрга ютқазди ва гуруҳдан чиқиш имкониятини йўқотди  847 20:53Париж-2024. Испания терма жамоаси биринчи бўлиб плей-оффга чиқди  7 20:22"Манчестер Юнайтед" испаниялик футболчига қизиқмоқда  1 19:56"Барселона" Уильямс учун кутилганидан 4 млн. евро кўп пул тўлаши керак  2 19:22ФИФА Аргентинанинг эътирозига жавоб берди  5 18:52Ҳусниддин Ғофуров - "Қўқон-1912" футболчиси  3

Afsonalar yurtiga sayohat Yangiliklar

Afsonalar yurtiga sayohat

O'zbek futbolining 110 yilligi Buxoro viloyatida nishonlandi.

Bir tun avval dastlab o'zbek "bo'risi"ning Evropa ligasi to'purarlari ro'yxatida Krishtianu Ronaldudan o'zib ketganini, so'ngra portugaliyalik forvard ishtirokidagi "iblislar"ning obro'siga mos bo'lmagan natija guvohiga aylandik. Ana-mana deguncha, soat millari 3 ni ham quvlab o'tdi. Buxoroi SHarif tomon jo'naydigan poezd esa 7 dan o'tgach, temir so'qmoq bo'ylab g'ildiraklarini aylantirishni boshlardi. Ikki-uch soat mizg'ib olish bahonasida mobil telefonimdagi xo'rozvoyga masuliyatli topshiriq berdim. Ikki soatdan so'ng esa u o'zimdan boshqa barcha ijaradoshlarimning erta uyg'onishini taminladi. Qolganlar esa mashhur germaniyalik darvozabon Oliver Kanning 2002 yilgi jahon chempionati finalidan keyingi qiyofasida meni amal-taqal turg'azishdi. Xayriyatki, hali mizg'ib, o'rnidan qo'zg'almagan poezdga o'z vaqtida ulgurdim. Baxtimga turistlar bilan gavjum vagonda sayohatga otlanish nasib etdi. Ularning suhbatiga filquloq bo'lmagan bo'lsam-da, bazi fikrlarimga yana bir bor tasdiq oldim. Keta-ketgunimcha ular Toshkent city, Magit city, yana allambalo sitilar haqidla yarim og'iz ham gapirishgani yo'q. Aksincha, Samarqand va Buxoro to'g'risida (orasida, tarixga qiziqadigani bor shekilli, Amir Temurni ham tilga olib o'tdi) suhbatlashib ketishdi. SHunga qaramay, bizdagi ayrim insonlar ularning diqqat qamrovini "kengaytirish" maqsadida ko'plab ishlar amalga oshirmoqda. Masalan, bir necha oy ilgari V-VII asrlarga oid "Kunjuttepa" yodgoroligi, shuningdek, O'rdatepa yodgorligining bir qismi buzib tashlandi. SHu orqali, kelgusida sayyohlar do'konlar, zapravkalarimizni ham tilga ola boshlaydi. Yonimda vazni o'zimdan salkam uchta keladigan ingliz esa manzilga etguncha tushlar mamlakatida sayr qilib ketdi. Vagon monitorida poezd tezligi, to'xtaydigan bekatlar va shu kabi ikki-uch jumla malumot keltirilgan ekan. O'zbek tilidagi yozuvlarda ko'pchilikni hamon terga soladigan x va h muammosi ko'zga tashlanganining shohidi bo'ldim (ohirgi bekat deb yozilgan ekan). Buxoroda bizni karnay-surnaylar sadosi ostida kostyumlarda kutib olishdi. Braziliyalik turistlardan biri futbol faxriysi Birodar Abduraimovni tanib qoldi va u bilan hol-ahvol so'rashdi. SHundan so'ng mehmonlar uchun ajratilgan maxsus avtomobillarda dastlab buxorolik futbol faxriysi Raim Haydarzoda xonadoniga tashrif buyurdik. U kishi futbol sohasida faoliyat olib borgan hamda "Buxoro" stadionining qurilishida faol qatnashgan ekan.

"Ertalab 5:30-6 larda parkka chiqsam, odam gavjum bo'ladi, bundan xursand bo'laman. Harqalay, odamlarning sportga, salomatlikka bo'lgan etibori oshgan. Bizda 20 dan ortiq mini maydon bor. Deyarli hamma futbolga qiziqadi" dedi Haydarzoda. 

Tushdan so'ng O'FA hamda Buxoro faxriylari o'rtasida o'rtoqlik uchrashuvi tashkil etildi. har doimgidek durang bo'ladi deb o'ylab turgan chog'imizda unday bo'lmadi. O'FA faxriylari 5:4 hisobida g'alaba qozonishdi, mezbonlarning 5-golni urishiga vaqt etmay qoldi.

Buxoro FA — O'FA 4:5

Buxoro FA: 1. Nurillo Habibov, 2. Rayim Xojiev, 3. Bobur Qodirov, 5. Alisher SHaripov, 6. Said Nig'matov, 7. Oybek Usmonov, 8. Zavqi O'runov, 9. Erkin Normurodov, 13. Rayim Arabov, 15. Aleksandr Ilin, 16. Xomid Habibov, 17. Baxtiyor Fayzullaev, 18. Xoliq Rahimov

O'FA: 1. Anvar Jabborov, 2. Rustam Qodirov, 3. Mamur Saidqosimov, 5. Nurullo Sobirov, 6. Furqat Xayrullaev, 8. Rahmiddin Zikriyaev, 10. Azamat Abduraimov, 11. Pavel Solomin, 13. Aleksandr SHapran, 14. Aleksey Estafeev, 15. Nodir Jo'raev, 16. Ishoq Ibragimov, 18. Rustam Bobomurodov

Uchrashuvdan so'ng bir qator futbol faxriylari esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.

Kelasi kunni Buxoroi SHarifdagi etti pirni ziyorat qilish bilan boshladik hamda ruhimiz engil, qalbimizni xotirjam ayladik. Aytishlaricha, etti pirni ziyorat qilish Umra ziyoratini amalga oshirish bilan barobar ekan.

SHundan so'ng O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligida SHofirkon tumanidagi futbol akademiyasiga tashrif buyurdik va o'quvchilar bilan uchrashdik.

"Sizlar futbolimiz kelajagisizlar. Terma jamoani o'yinlarini tomosha qiling. Bu orqali odamda vatanparvarlik tuyg'usi oshadi. Qolaversa, ko'proq kitob o'qinglar. Bu aql bilan o'yin namoyish etishga yordam beradi", dedi Ravshan Ermatov.

Uchrashuv so'ngida kitoblar va futbol to'plari akademiya bolalariga sovg'a qilindi. To'p etarlimi deb so'raganda, albatta, barchadan "ha" degan javob keldi, biroq yaqinimda turgan bitta bolakay rostmi-yolg'onmi, "yo'q" dedi, lekin uning ovozi "ha"ning ichida yo'qolib ketdi. Keyin o'sha bolani yo'qotib qo'ydim.

Akademiyada 21 ta murabbiy saboq berar ekan. Afsuski, O'zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalariga birorta o'quvchisi jalb etilmagan ekan. Bu qo'lga dastro'mol ushlashga arzigulik holat, albatta. Kelgusida ushbu dargohdan ham etuk futbolchilar voyaga etishiga tilakdoshman.


So'ngra Buxoro viloyati hokimligida o'zbek futbolining 110 yilligiga bag'ishlangan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov, o'zbek futboli faxriylari, yosh futbolchilar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Botir Zaripov viloyatda futbol rivoji yo'lida amalga oshirilgan ishlar va bo'lajak rejalar bilan o'rtoqlashdi.

"So'nggi yillarda Prezidentimizning tashabbusi bilan barcha sport turlari, shu jumladan, futbol ham taraqqiy etdi. Bugungi "Andijon"ga qarshi bahsda mehmonlarga ham, o'zimizgayam omad tilaymiz (kuladi). Futbolga nihoyatda qiziqadigan xodimlarimiz bor. O'zimiz ham futbol ko'rib turamiz. Jumladan, "Mashal"ga qarshi o'yinni ko'rdim. Uchrashuv durang bilan yakunlanayotgan bir paytda raqib jamoa qo'shimcha vaqtda gol urib ketdi. Biz "attang" deb qoldik. "Buxoro"ni Superligaga chiqarish uchun harakat qilamiz" dedi Buxoro hokimi.

Uchrashuv so'ngida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovga “O'zbekiston futboli rivojiga qo'shgan hissasi uchun” ko'krak nishoni topshirildi. Bundan tashqari, bir qator faxriy hamda mutasaddilarga esdalik sovg'alari berildi.

Kechga yaqin tantanamizning asosiy voqeasi — Pro liga doirasidagi "Buxoro" — "Andijon" uchrashuvi boshlandi. Mezbonlar boshiga ikki marta baxt qushi qo'nganiga qaramay, imkoniyatlardan foydalana olmadi. Natijada andijonliklar safarda 2:1 hisobida g'alaba qozondi.


19:00 - "Buxoro" – "Andijon" 1:2 (TUGADI)

Hakamlar: Asker Najafaliev, Dilshod Jumaniyozov, Amal Sultonov

Nazoratchi: Isxak Ibragimov

Komissar: Qudrat Madraimov

Buxoro. "Buxoro" SM.

Gollar: Temurbek Ismoilov 11 - Ildar Mamatkazin 30, Suhrob Berdiev 72.

Golga aylanmagan penaltilar: Obid Jo'raboev 77 (noaniq), Humoyunmirzo Iminov 90+5 (darvozabon).

"Buxoro": 13.Nikola Stoshich, 8.Humoyun SHerbo'taev, 10.Humoyunmirzo Iminov, 14.Rustamjon Abduhamidov, 15.Obid Jo'raboev (s), 16.Jasur Hasanov, 17.Jamoliddin Ubaydullaev, 22.Ro'zimboy Ahmedov, 23.Jasur Azimov, 25.Abduholiq Qurbonov, 99.Temurbek Ismoilov

Zaxira: 20.Sardor Qobuljonov, 4.Mirjalol Jumaev, 18.Sardor Eminov, 19.Bekzod Sayidov, 70.Arislan Yusupbaev, 71.Song Longji, 77.Fayzullobek Jumanqo'ziev, 88.Siroj Meliev, 95.Temur Usmonov

"Andijon": 1.Eldor Adxamov, 5.Abdulvohid G'ulomov, 9.Bogdan Milich, 14.Abdurahmon Komilov, 15.Vladimir Bubanya, 17.Farhodjon Sohibjonov, 20.Milochko Goran, 21.Ildar Mamatkazin (s), 22.SHahboz Erkinov, 26.Muhammadkarim Toirov, 29.Suhrob Berdiev

Zaxira: 3.Azamat Isroilov, 7.Izzatillo Abdulhaqov, 8.Ahror Inoyatov, 11.Zafar Polvonov, 19.Malikshoh Rasulov, 66.Ilhomjon Alijonov, 77.Ahmadjon Anvarov, 99.Ibrohim Muxtorov

O'yindan so'ng qayta kelamizmi-yo'qmi degan maqsadda tarixiy obidalarni sayr aylashda davom etdik. Etiborli tomoni, kechki ovqatlanishga bizni taklif etishgan restoranda deyarli o'zbek kishisini uchratmadim, faqat turistlar ovqatlanishayotgan ekan. Narxlari Van Deykning bo'yiday bo'lsa kerak deb o'yladim ichimda. Boshqalar ham shunday o'ylagandir. Ochig'ini aytganda, ko'hna dunyo shahri manzaralaridan futboldan ko'ra ko'proq rohatlandim. Tungi soat millari eng yuqoridagi raqam pallalarini ko'rsatishiga qaramay, ancha-muncha sayyoh hamon tarixiy shaharni kezib yurgan ekan. SHu tariqa, Buxoro bilan qayta ko'rishish ilinjida xayrlashdik.

Erta tongdan ham ertaroq vokzal tomon yo'l oldik. Yo'l-yo'lakay taniqli futbol sharhlovchisi Mirzahakim To'xtamirzaev va futbol faxriysi Benyamin Muratov bilan suhbatlashib, o'zbek futbolida qiziqarli voqealardan tingladik. Ulardan ayrimlarini havola qilaman.


Samolyotni to'xtatib turgan SHackix (Mirzahakim To'xtamirzaev hikoyasi)

1999 yil Osiyo kubogi saralash doirasida BAAda bo'lib turibmiz. Maksim SHackix "Dinamo" tarkibida byuir o'yinda ishtirok etish uchun Ukrainaga jo'nashi kerak edi. Maksim mehmonxonadan aeroportga ketgan, menga Bahodir domla qo'ng'iroq qildi. U vaqtlari telegram kabi ijtimoiy tarmoqlar yo'q edi. Domla menga shunday dedi: "Mishani xonasini oching (Misha — xorazmlik administator), javonda Maksning pasporti qolib ketibdi". Maksimning kuzatayotganlar olib chiqqan deb o'lagan, kuzatuvchilar bu pasportini olgan deb o'ylagan. Regestraciya qiladigan kishi Maksimning pasportini so'rasa, hech kimda yo'q. SHundan so'ng o'sha joydan qo'ng'iroq qilishdi. Vaholanki, samolyot uchishiga bir soatcha vaqt qolgan. Ular Dubayni sayr etib, so'ngra aeroportga etib kelishgan. Delegaciyamizda tarjimon yo'q edi. Men tarjimonlik qilganman. Xullsa, aytilgan joyga qarasam, chindan SHackixning pasporti qolib ketibdi. Bahodir aka "Bekatga chiqing-da, taksi bilan tortishmasdan, qancha desa kelavering. Biz buyoqda samolyotni to'xtatib turibmiz. Iloji boricha, juda tez kelish kerak. Kiyimingizniyam almashtirmang, iltimos", dedi. Taksistlarning bittasi "yo'q" deydi, ikkinchi, uchinchisiyam "yo'q" deydi, oxiri bitta eronlik "xo'p" dedi. U Al-Ayn ichida yuradigan taksi edi. Dispetcherga telefon qilib, bazi vajlarni aytib, uch soatga javob oldi. Men sabablarini eshitib, undan ko'ra boshqa mashinada ketganim yaxshi desam, "Tashvishlanmang, muammo yo'q" dedi. SHundan so'ng, u boshqa mashina ijaraga oldi. Keyin yo'lga tushdik. "Tezroq hayda" desam ham, belgilangan tezlikdan oshirmaydi. Iltimos qilsam ham, 140 dan oshirmaydi. "Mashinang hech narsaga yaramas ekan" dedim. "Nega?" deb so'radi. "Qara, seni hamma quvib o'tyapti", dedim. "SHundoq yurish kerakmi?" dedi-da, tezlikni 180 ga oshirdi. "G'iz" etib etib bordik. Mashina to'xtash hududining uch tomonida uch kishi — Bahodir aka, Mahmud aka, Maksim uch tarafdan kutib turibdi. Maksimga pasportini berdim, u ketdi. Unga oq yo'l tiladim. Keyin bilsam, ular 120 km masofaga bir soatda etib kelishimni chamalagan va samolyotni to'xtatib turishgan. Xullas, nimalarnidir tushuntirib, samolyotni bir soatdan ortiqroq olib turgan. Meni taksi to'xtatishim, taksinichining ijaraga avtomobil olishi, xullas, ikki soat vaqt ketgan. Dubaydagi samolyotda kondecioner yo'q, odamlar terlab-pishib o'tiribdi. Birinchi qatorda bosh vazir o'rinbosari hamrohligidagi Ukraina delegaciyasi o'tiribdi ekan. Ular uchmayotganining sababini so'ragan. Samolyotdagilar esa yuklarni yuklab bo'lishmaganini vaj qilishgan. Keyinroq yana haqoratliroq so'z aytgan, "Ana, yuklar qolmagan-ku", deb jig'ibiyron bo'laverganidan so'ng, xodimlar "Futbolchini kutyapmiz", deb aytishgan. "Futbolchi?! Maradonanimi?!" desa, "Yo'q, o'zbek futbolchisini" deb javob berishgan. Maks ketdi, "Real"ga qarshi bir taym o'ynadi, o'shanda durang natija qayd etilgan. O'sha turnirda "Bangladesh" va "SHri-Lanka"ni 6:0 hisobida engganmiz, uchinchi o'yinda SHackix va Qosimovsiz "Hindiston"ni 3:2 hisobida engganmiz. O'sha o'yinlarni muxlislar mening jajji "Panasonic" kameram orqali tomosha qilishgan. SHtativ bilan raqib darvozasi ortidan tasvirga olganman. Oxirgi o'yin (BAA 1:0 hisobida mag'lub etilgan) ikki xil sharhda ketgan. Jonli efirda boshqa sharh, ertasi kungi takroriy efirda o'zim sharhlaganman. Arab shayxi o'yin kuni barcha chiroqlarni yoqishni buyurgan, sababi ular O'zbekistonni mag'lub etib, Osiyo kubogiga yo'l olishiga ishonishgan. Biz g'alaba qozonib, avtobusda qaytganmiz. O'n kun ichida arab tashkilotchilari barcha sharoitlarni muhayyo qilishgan, cho'ldagi mineral buloqdan tortib hayvonot bog'igicha olib borishgan. Biroq yutqazib qo'ygach, hech kim kuzatgani chiqmagan.


Aeroportdagi "trevoga" (Benyamin Muratov hikoyasi)

2006-2007 yillar oralig'ida milliy va yoshlar jamoamiz bilan Ozarbayjon tomon yo'lga otlandik. Men yoshlar jamoasiga masulman. Ozarbayjonliklar bizni yaxshi kutib olishdi. Yangi maydonda o'yin o'tkazdik. Qaytishda biletlarni regestraciyadan o'tkazyapmiz. Birozdan so'ng aeroportda elo berishdi. "Hurmatli Rizvoev Abdulla! Aeroport administraciyasiga kelishingizni so'raymiz". Bu besh-olti marta takrorlandi. Men bunga etibor bermadim. Abdullaning o'zi yonimga kelib, "Benyamin aka, meni chaqirishyapti". Nima bo'lganinin tushunmasdan, administraciyaga yo'l oldik. Eshikni ochsak, menga qarab, "Siz Rizvoev Abdullamisiz?" deb so'radi. "Ha, men, nima gap?" dedim. Qarasam, ular o'rnidan turishdi. Hammasi jilmaydi,kayfiyati yaxshi. Meni ko'rsatishyapti bir-biriga. "Janob Rizvoev Abdulla! Siz Ozarbayjon havo yo'llarining bir millioninchi yo'lovchisiga aylandingiz! Aviakompaniyamiz nomidan tabriklaymiz", deya tilla soat sovg'a qilishdi. Qaysidir jurnalist bu haqda gazetaga ham yozibdi.


Student Tolibjon Qosimov (Mirzahakim To'xtamirzaev hikoyasi)

Championat.asia sayti xodimi Tolibjonga ham dars berganman. "Bunyodkor"da ham ishlab yurgan paytlarim bir kun menga qo'ng'iroq qildi: "Ustoz, yoningizga borsam maylimi?" dedi. Keldi, fleshkada diplom ishini olib kelibdi. SHuni ko'rib chiqib, rozilik bersangiz, himoya qilib yuborardim. "Qachon?" deb so'radim. "Ertaga" dedi. "Ko'raylikchi avval" dedim. Albatta, barcha diplom ishlari ham dastlab mukammal bo'lmaydi. Bazi kamchiliklar ko'zga tashlandi. Kamchiliklarini ko'rsatib, tuzatish kerak bo'lgan joylarini ko'rsatdim. "Ertagacha tuzatishga ulgursangiz, gap bo'lishi mumkin emas, imzo qo'yib beraman", dedim. Ertasiga tongda keldi. Yana biroz xatolari bor ekan. Yonimga chaqirib, xatolarini bittama-bitta tahlil qilganmiz. Ertalab boshlangan ishimiz kechqurun 7-8 larda tugagan. Ertasiga borib diplomini himoya qildi. Rosa zo'r yigit, ehtimol, mendan xafa bo'lgandir", deb o'yladim. Sentyabr oxirida menga qo'ng'iroq qildi. "Ustoz, 1 oktyabr kuni vaqtingiz bormi" dedi. Keyin bilsam, Tolibjon men va Nodirxo'ja Yo'ldoshevni Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan mehmon qilgani chaqirgan ekan.

Birinchi sharh (Mirzahakim To'xtamirzaev hikoyasi)

Ilk sharhim o'yinchoq bo'lgan. "Paxtakor" stadionida 1992 yil 2-taym efirga ketadigan o'yin bo'lgan. O'sha vaqtlarda bor-yo'g'i ikkita telekanal bor edi. Axror Ahmedov degan kishi "Turkiston" gazetasida bosh muharrir o'rinbosari lavozimida ishlardi. Men esa Til va adabiyotga oid jurnalda bosh muharrir o'rinbosari edim. Tushlik vaqti u kishi bilan ping-pong o'ynardik. Axror televideniyaga "Gazetalar sharhi" ko'rsatuviga kelardi, men "O'zbek tilini o'rganamiz" ko'rsatuvini olib borardim. Bir mahal Axror aka keldi-da, "Men sizni futbol sharhlovchiligiga tavsiya qilib keldim" dedi. "Nega o'zingizni emas?" dedim. Sababi, u kishining o'zi ham futbolni yaxshi tushunadi. "Biznikilar uch metrdan gol urolmasa so'kib yuborishim mumkin, — dedi hazillashib. Ertaga kechqurun futbol bor ekan, o'shanga boramiz". Menda akkreditaciya bor edi, "Paxtakor" o'yinlarining hammasiga kelardim. Jurnalistlar uchun ikki qator joy ajratilardi. Ertaroq kelganlarga o'rin nasib etsa, kechikkanlar bo'sh o'rindiq qidirib qolardi. Azim Alimov, televideniyaning sport tahririyati bosh muharriri tarkiblar qog'ozini olib chiqib, menga uzatdi va "Mana tarkiblar, domla, faqat bu o'quv ko'rsatuvi emas,sal tezroq gapirish kerak. Bo'lmasa to'p ketib qoladi. "Xudsovet" bor. Mabodo o'tmasa, xafa bo'lmaysiz", dedi. Men esa, "Azim aka, men Ahror akaning hurmati uchun, sizga vada berib qo'ygani uchun keldim" deb aytdim. O'yin boshlandi, sharhladim. Birinchi sharhda hech qanday hayajon bo'lmadi. Birinchi taymdan so'ng u kishi kelib, "Zo'r, gap yo'q! Men bunday o'ylamagandim" deb chiqib ketdi. Keyin uyga borsam, Azim aka menga qo'ng'iroq qilgan ekan. Qayta qo'ng'iroq qilsam, "Ertaga kechqurun nima ish qilasiz?" deb so'radi. "MHSKda futbol bor, shunga boraman", deb aytdim. "Eee, yaxshi, o'sha o'yinni sharhlaysiz", dedi. "Azim aka, "xudsovet" nima bo'ladi" desam, "Bo'ldi, ular eshitdi va maqulladi" dedi. SHu tariqa, futboldagi sharhlovchilik faoliyatim boshlandi.


Dahshat (Benyamin Muratov hikoyasi)

Tailanddan terma jamoa bilan qaytayotganimizda samolyot o'z-o'zidan vahimali harakat qila boshladi. Men Nepómnyashiy bilan o'tiribman, ortimizda Kleckov bor. Kleckov o'n marta "Bojenka, spasti" deb baqirdi. Biroz vaqt hammasi joyiga tushdi. Keyin yana vahima boshlandi. shundoq tursam, nariroqda Baqoev. Ehtimol, xayoliga "Paxtakor-79" kelgandir. "Qo'ysangchi" dedim. Keyin Anvar Rajabov xotini va bolalari bilan xayrlashganini aytdi. Bir kishi — Alisher Nikimbaev hech narsani sezmasdan uxlab yotgandi. Keyin orqaga o'tdim, styuardessalar bemalol o'tiribdi. "Nega o'tiribsan" deb baqirdim. Tinchlanishim kerak edi. Keyin hammasi yaxshi bo'ldi, eson-omon qo'nib oldik.


Yana bir necha qiziq hangomalar shohidiga aylandim. Ehtimol, keyinroq bu haqda yana nimadir qoralarman. Buxoro safarimiz esa shu joyda poyoniga etdi.

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика