Yoshlar terma jamoasi Misrga U-21 va U-18 musobaqalari to'purarini olib kyetmadi

Xayrulla Xoliqov
21 iyun 2021, 21:04
Misrda 20 yoshgacha futbolchilar orasida xalqaro musobaqa bo'lib o'tishi haqida xabar bergandik.

Mazkur musobaqa U-20 Arab Kubogi deyiladi va bunda o'zbekistonlik futbolchilar ham ishtirok etishadi. O'FA mazkur turnirga O'zbekiston U-20 emas, balki 2003 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat U-18 terma jamoasini yuborishga qaror qildi. Mazkur terma jamoaga Dmitriy Kim bosh murabbiylik qilmoqda.

Qizig'i shundaki, PFL tomonidan o'tkazib kelinayotgan U-21 hamda U-18 birinchiliklarining to'purari bo'lib turgan "Lokomotiv" hujumchisi Ali Abdurahmonov yig'inda qatnashgani bilan Misrga olib ketilmadi. U faqat Toshkentdagi mashg'ulotlarda ishtirok etdi. Ma'lumot uchun, Ali Abdurahmonov hozircha U-21 birinchiligida 6ta, U-18 birinchiligida esa 8ta gol urdi. 

"Lokomotiv" U-18 futbolchilari 10-tur yakunlariga ko'ra, 13ta gol urgan bo'lishsa, shundan 8tasini faqat bir futbolchi raqiblar darvozasiga kiritishi tahsinga loyiq. Ali Abdurahmonov deyarli har o'yinda gol urib kelayotgani bois yoshlar terma jamoasiga taklif etilgandi, ammo nima sababdan Misrdagi turnirga olib ketilmagani g'alati. Va bizga ma'lum bo'lishicha, uning o'yin uslubi bosh murabbiy Dmitriy Kimning taktikasiga mos tushmapti. 

Agar murabbiyning taktikasiga ushbu futbolchi mos tushmagan bo'lsa, buni to'g'ri tushunsa bo'ladi (aslida gol urib kelayotgan futbolchi qanaqasiga taktikaga tushmaslik mumkin), lekin bizning murabbiylarga "odat" bo'lib qolayotgan "o'zinikini tiqishtirish" tushunchasi amalga oshib, murabbiy shunchaki boshqa futbolchini olib ketgan bo'lsa-chi? Ammo fakt shuki, ikkita musobaqa to'purari terma jamoa bilan U-20 Arab Kubogiga bormadi. 

Endi musobaqa haqida ma'lumot beradigan bo'lsak, mazkur xalqaro turnirda quyidagi jamoalar ishtirok etmoqda. 

"A" guruhi - Misr, Niger Respublikasi, Mavritaniya, Jazoir. 

"B" guruhi - Marokash, Tojikiston, BAA, Djibuti. 

"C" guruhi - Senegal, Livan, Iroq, Komoro orollari. 

"D" guruhi - Tunis, Yaman, Saudiya Arabistoni, O'zbekiston. 


O'zbekiston U-18 terma jamoasining guruh o'yinlari taqvimi:

21 iyun. O'zbekiston - Saudiya Arabistoni

24 iyun. O'zbekiston - Tunis

27 iyun. O'zbekiston - Yaman

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia