Yangiyo'l tumanida murabbiylar uchun yangi uslubdagi seminar tashkil qilindi

Narzulla Saydullayev
28 iyul 2018, 14:45
Kuni kecha viloyat futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan hududda faoliyat ko'rsatayotgan murabbiylar uchun yangi uslubdagi seminarlar o'tkazildi.

Aytish kerak, assotsiatsiya viloyat futboliga innovacion g'oyalar, zamonaviy ish uslubini olib kirishga harakat qilmoqda. Mazkur seminar ham shu maqsadda tashkil qilindi.

Jumladan, seminarlarda ruhshunos olim Orzu Abdurazzoqov “Murabbiylarning yosh futbolchilar bilan ishlashda ruhiy jihatlar roli” mavzusida maruza o'qidi. Ruhshunos o'z maruzasida asosiy urg'uni yosh o'yinchilar bilan ishlashga, muomalaga qaratdi. Aynan shu jihatlar bo'yicha bir qator savollarga javob qaytardi. Seminarlar nafaqat nazariy, balki amaliy ko'rinishda ham o'tkazildi.
 
Sog'lom ovqatlanish sportda, xususan, futbolda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, yosh bolalarning sog'lom, jismonan baquvvat bo'lib o'sishida to'g'ri ovqatlanishning roli juda katta. Albatta bunda murabbiylarning ham xizmati beqiyos. Seminarlarning ikkinchi qismi shu yo'nalishga ataldi. Assotsiatsiyaning marketing bo'limi to'g'ri ovqatlanish bo'yicha Yevropa tajribasini o'rganib chiqib, Rossiyaning “Argo” firmasi vakili Alisher Xo'jamqulovni “Futbolchilarning o'sishida biomahsulotlar roli” to'g'risida seminar o'tkazishga taklif qildi. Seminar davomida mutaxassis murabbiylarga etarlicha ma'lumot berib, ularning bilimlari yanada oshishiga xizmat qildi.

Seminarlar avvaliga Yangiyo'l tumanida joylashgan viloyat futbol akademiyasida faoliyat ko'rsatayotgan murabbiylar uchun o'tkazilgan bo'lsa, keyin hududlardagi mutaxassislarga tashkil qilindi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia