Xorazmlik futbolchilar “Umid nihollari”ga tayyorlanishmoqda

Narzulla Saydullayev
19 mar 2015, 08:23
Ma'lumki, yaqin orada Xorazm zaminida mamlakatimiz maktab o'quvchilarining eng nufuzli hisoblangan “Umid nihollari-2015” sport o'yinlari bo'lib o'tadi.
Hozirgi kunda futbol jamoalari mazkur  musobaqaga qizg'in tayyorgarlik ko'rishyapti.

Jumladan, Xorazm viloyati terma jamoasi Toshkent shahrida shug'ullanmoqda. Jamoaga vohaning tajribali mutaxassislaridan biri Vali Sultonov ustozlik qilyapti.

Jamoa kecha dastlabki nazorat uchrashuvini o'tkazdi. Xorazmlik yoshlar 1999 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat “Paxtakor” jamoasiga qarshi maydonga tushishdi. Mazkur bahsda vohaliklar poytaxtlik tengdoshlariga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Endilikda, ular “Bunyodkor”(1999 y. t.), “Paxtakor-2”, Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji(1999 y. t.) jamoalari hamda samarqandlik tenqurlari bilan kuch sinashishadi.

Shu o'rinda eslatib o'tish joizki, V. Sultonov bosh murabbiyligida Xorazm viloyati terma jamoasi bundan o'n ikki yil muqaddam, aniqrog'i 2003 yili o'tkazilgan “Umid nihollari” musobaqasida g'olib chiqqandi.


Ikrom XUDOYBERGANOV

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia