Vitaliy Levchenko: "Katta ustunlikka erishib yakunda mag'lub bo'lish juda alamli"

Alisher Ostonov
2 avg 2025, 22:50
Superliga 16-turidan o'rin olgan "Neftchi" - "Bunyodkor" (1:2) uchrashuvidan so'ng "Neftchi" bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Og'ir mag'lubiyatni qabul qilib oldik. Katta ustunlikka erishib yakunda mag'lub bo'lish juda alamli. "Bunyodkor" himoyada ikki taym sabrli o'ynadi. Biz qaysi muammolar ustida ishlash kerakligini juda yaxshi bilamiz. Avvalo himoyadagi xatolarni to'g'rilashimiz kerak. Undan keyin hujumni gol bilan yakunlashda ham aniqlik yetishmayapti. Bular ustida ishlashda davom etamiz.


- Farrux Sayfiev bugungi uchrashuvni asosiy tarkibda boshlamadi. Bu nima bilan bog'liq?

- Jamoada raqobat bor. Shu bois Farrux zaxirada qoldirildi. Alisher Odilov hujumkor qanot yarim himoyachisi, Sayfiev esa himoyachi.

- Birinchi o'tkazib yuborilgan golda darvozabon xatosi ko'proqdek ko'rindi.

- O'yinni qayta ko'rib hammasini tahlil qilib chiqamiz.

-  Nega xavfli vaziyatlar golga aylanmayapti?

- Buning uchun futbolchilarda mahorat va sovuqqonlik bo'lishi kerak. Balki noto'g'ri poziciya tanlangandir.

- Omad ham yetishmayapti deb o'ylaysizmi?

- Baribir futbolda omad kelmasa qiyin. Statistika bo'yicha oldinda bo'lishimiz mumkin, lekin hisobda buning aksi ko'rindi. Juda alamli mag'lubiyat bo'ldi. Raqib himoyaviy yaxshi harakat qildi, buniyam tan olish kerak. Qolaversa "Bunyodkor" darvozaboni bir necha marta gollardan qutqarib qoldi.

- Siz boshqarayotgan "Neftchi"ning o'yini va natijalari yomon emas. Ammo har doim xunuk natijadan keyin iste'foga chiqishingiz mumkinligi haqida gap-so'zlar chiqadi.

- Men murabbiyman va ishlashda davom etishim kerak. Men faqat o'z ishimni bajarish uchun bosh qotiraman. Atrofdagilar esa har xil gaplarni gapiradi va bunga tabiiy qarayman. Futbolda murabbiyning taqdiri shunaqa.



O'xshash yangiliklar


Alisher OstonovMuallif
Manba: championat.asia