Van der Sar: "Ayaks" qiyin davrlarni boshdan kechirdi"

Sherzod Nurmatov
24 okt 2022
Amsterdam klubi bosh direktori, sobiq darvozabon Edvin van der Sar klubning yozdagi yo'qotishlari haqida gapirib o'tdi.

Uning so'zlariga ko'ra, klub jamoa ustozi Erik ten Hag, shuningdek, top-o'yinchilar Antoni va Lisandro Martinesni "Manchester Yunayted"ga boy berganidan so'ng qiyinchilikka duch kelgan. Mutaxassis qo'yidagi fikrlarni bildirib o'tdi:

"Albatta, biz yo'qotgan o'yinchilarimiz soni tufayli bu eng qiyin oyna bo'ldi, deb ayta olamiz. Biz o'z poziciyamizni yaxshi bilamiz. 

Chet ellarda to'lanadigan mablag' va oylik-maoshlarga qarshi tura olmaganimiz bois asosiy o'yinchilarimizning ilib ketilishiga to'sqinlik qila olmaymiz". 

Shuningdek, 57 mln evro evaziga boshqa klub safiga borib qo'shilgan himoyachi Martines haqida ham klub rasmiysi tomonidan aniqlik kiritildi: 

"Biz uni yana bir yil olib qolishni niyat qilgandik. Shuning uchun Lisandro uchun birinchi kelgan taklif – "Arsenal"ning taklifi qatiy rad etildi. Biz uni saqlab qolish uchun qattiq kurashdik".

95 mln evro mablag' hisobiga “MYU” a'zosiga aylangan vinger Antoni haqida esa quyidagicha gapirdi:

"Bu iqtisodiy qaror edi, biroq uni qabul qilish qiyin bo'ldi. Biz qiziqish borligini bilardik, lekin bu darajada ekanidan xabarimiz yo'q edi. Uning o'rniga munosib o'rinbosar topishga juda kech edi. Biz Antoni tanlagan yo'lni to'g'ri, deb hisoblamaymiz, biroq "Ayaks"ni tark etgan har bir o'yinchining muvaffaqiyat qozonishi nihoyatda muhim, bu bizni yaxshi tomondan aks ettiradi".


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: The Times