

- O'yin haqida
- Albatta, yutqazganimiz yaxshi bo'lmadi. Agar ko'rsatgan o'yinimiz haqida gap ketsa, men qoniqish hosil qildim. Yigitlar kuchli jamoaga qarshi yaxshi harakat qilishdi. Gollarni o'z xatolarimiz evaziga o'tkazib yubordik. Bunday xatolarni o'yinlar davomida to'g'rilab boramiz. Umumiy xolatda yigitlar yomon harakat qilishmadi. Yana takrorlayman, yutqazganimiz yaxshi bo'lmadi.
- Bugun "Buxoro" hujumchilari bir oz zaifroq ko'rinishdi. Fikringizcha, ularga nima yetishmadi?
- Oldingi chiziqda Davron Isaqov o'ynadi, yaxshi hujumchi. Biz oldingi chiziqqa yetib borishga qiynaldik. Nega deganda "Neftchi" tarkibida mahoratli himoyachilar bor. Biz 2 ta hujumchi bilan harakatlanishni istaymiz, lekin bunga vaqt kerak. Bazi zaif nuqtalarimiz bunga imkon bermaydi. Ko'p gol urish uchun 2 ta hujumchi shart emas, 1 nafar hujumchi bilan ham ko'plab gollar ursa bo'ladi.
- Klubning moliyaviy xolati qanday? Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
- Ketma-ket murabbiy almashishi jamoa o'yiniga o'z ta’sirini ko'rsatmasdan qolmaydi. Har qaysi murabbiyda turlicha uslublar bor. Biz hozirga kelib pala-partish o'yinni yo'qotdik, futbolchilar o'ylab, tartibli harakat qilishmoqda. Aytishim mumkin, o'yinda va o'yindan tashqari xolatlarda ham muammolarimiz bor.
- Futbolga muxlislar yetishmayotgandek. Bugun uzoq bo'lsa ham "Buxoro" muxlislari Farg'onaga yetib kelishdi. Ular o'yin boshlanganidan bir oz muddat o'tib, stadionga kiritilishdi. Bu haqda fikringiz qanday?
- Albatta, hamma jamoaga muxlislar yetishmayapti. Bizga aytishdiki, keyingi uydagi o'yinimizda katta ehtimol bilan muxlislar qarshisida o'tkazamiz. Muxlislar bugun keyinroq kirishdimi? Bu yaxshi xolat. Futbol muxlislar bilan qiziq, albatta.
- "Buxoro"ga bugun birinchi va ikkinchi gol davomida motivaciya yetishmagandek ko'rindi. Bu haqda fikringiz qanday?
- Motivaciya yetishmadi? Bu nima deganingiz? Siz o'yinni yuqoridan ko'rdingizmi?
- Ha, o'yinni yuqoridan ko'rdim.
- Agar pastdan ko'rganingizda, boshqacharoq fikr bildirardingiz. Bugun yigitlar juda yaxshi harakat qilishdi.
- Usmon aka, ma'lum muddat Tojikiston terma jamoasini boshqardingiz. O'zbek futbolining Tojikiston chempionatidan farqi qanday? Masalan, bizda Superliga va birinchi liga o'rtasida yangi pro-liga tizimi yuzaga keldi...
- Hamma joyning ham o'z chempionati bor. Ularda ham, bizda ham rivojlanish ketyapti. Ularning o'z futboli bor, o'z sharoiti bor, bizda boshqa vaziyat. Taqqoslash to'g'ri emas, deb o'ylayman.
- Bir vaqtlar bizda "Paxtakor" klubi deyarli milliy terma jamosi bazasiga aylangandi. Hozirgi kunda Tojikiston chempionatida "Istiqlol" aynan shunday maqomga mosdek ko'rinmoqda. Bu to'g'ri fikrmi?
- Albatta, to'g'ri. Ayni damda Tojikiston terma jamoasida "Istiqlol"ning 10-11 nafar futbolchisi o'ynamoqda.



