

O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vice-prezidenti Umid Ahmadjonov tashabbusi bilan Italiya futbol assotsiatsiyasi bilan ham hamkorlik bo'yicha kelishuvga erishilgani haqida avval xabar berib o'tgandik.
Kelishuvga asosan, Italiya murabbiylari assotsiatsiyasi prezidenti va Italiya futbol federatsiyasi murabbiylar maktabi rahbari Renco Uliveri hamda Italiya futbol federatsiyasining Yoshlar sektori texnik koordinatori, "Atalanta" klubi akademiyasi mutaxassisi Stefano Bonakkorsolar Toshkentga tashrif buyurb, yurtimizdagi murabbiylar uchun seminar o'tkazishmoqda.
Bugun Milliy olimpiya qo'mitasi Prezidenti va O'FA 1-vice-prezidenti Umid Ahmadjonov Renco Uliveri va Stefano Bonakkorsolar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Italiya futbol federatsiyasi bilan o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish, yurtimizdagi mutaxassislar, jumladan, futbol murabbiylarining malakasini oshirishda Italiya futboli tajribasidan unumli foydalanish, ish o'rganish maqsadida murabbiylarimizni Italiyaga yuborish masalalari muhokama qilindi.
Ma'lumot uchun italiyalik mutaxassislar tomonidan o'tkazilayotgan seminarlar davomida murabbiylarga mashg'ulot o'tkazish tartibi, uchrashuvlarga taktik va jismoniy tayyorgarlik ko'rish masalalari bo'yicha o'quv kurslari tashkil qilinadi. Seminarlarning so'nggi kuniga selekcionerlar ham jalb qilinadi. Kunning dastlabki qismida nazariy mashg'ulotlar o'tilsa, kunning ikkinchi qismida esa amaliy mashg'ulotlarga navbat beriladi.




