UEFA stadionlarda qurbonlik qilishni taqiqladi

29 avg 2013, 00:05
UEFA Qarag'andaning Shaxtyor futbol klubini stadionlarda qurbonlik qilinishiga yo'l qo'yilmasligi haqida ogohlantirgan.

The Guardian nashri saytidagi xabarga ko'ra, UEFAning musobaqalar bo'yicha direktori Jorjo Marketti Shaxtyor nomiga yo'llagan maktubida, agar yangi qurbonliklar amalga oshiriladigan bo'lsa, klubga nisbatan jazo choralari ko'rilishi mumkinligini bildirgan.

Markettining yozishicha, bir qator urf-odat va marosimlar odamlar tasavvuriga singib ketgan bo'lishi mumkin, biroq bu holat ushbu marosimlarni futbolga ham aloqasi bo'lishi kerakligini bildirmaydi. Maydonda yoki stadionda qurbonlik qilish mutlaq o'rinsiz va bunga yo'l qo'yilmaydi, – deya xulosa qilgan UEFA direktori.

UEFA Shaxtyorga nisbatan ogohlantirishlarini Jonivorlar bilan etikaga oid munosabatda bo'lish tarafdorlari (PETA) tashkiloti futbol stadionlarida jonivorlarni marosim doirasida qurbon qilishni taqiqlash haqidagi talabidan so'ng chiqargan.

PETAning murojaati Shotlandiyaning Seltik jamoasiga qarshi o'yin oldidan Ostonadagi stadionda qo'y qurbonlik qilingani ma'lum bo'lganidan so'ng e'lon qilingan edi. 20 avgust kuni o'tkazilgan o'yin 2:0 hisobida Qozog'iston klubi g'alabasi bilan yakuniga etgan.

Javob o'yini oldidan Shaxtyor bosh murabbiyi Viktor Kumikovdan, jamoa o'yinchilari va murabbiylari yana qo'y so'yish niyati bor-yo'qligi haqida so'rashdi. Kumikov: Ha, ehtimol, – deb javob berdi. Qozoqlar qo'yni qayerdan topishmoqchi ekanligi haqidagi savolga murabbiy, Shotlandiyada qo'ylar ko'pligi va bu borada muammo yuzaga kelmasligini aytib o'tgan.

Javob o'yini 28 avgust kuni Glazgoda bo'lib o'tadi. Agar o'yin qarag'andaliklarni qoniqtiradigan hisobda yakuniga etsa, Shaxtyor Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichiga chiqqan Qozog'istonning ilk jamoasiga aylanadi.


Manba: kun.uz