
4 oktyabr kuni Nepal Turkmanistonga qarshi, Hindiston esa saralash bahslari mezboni – Qatarga qarshi bahs olib bordi. A saralash guruhining yana bir ishtirokchisi – O'zbekiston esa 1-turda dam oldi; terma jamoa murabbiylari raqiblarning har ikkala o'yinini bevosita Al-Arabi stadionida kuzatib borishdi.
Umuman, saralash bahslari 3 oktyabr kuni start olgan edi.
A saralash guruhi
A saralash guruhi 1-tur uchrashuvlari 4-12 oktyabr oralig'ida o'tkaziladigan birorta o'yin o'tkinchi emasligi va oson bo'lmasligi haqidagi taxminlarni yana bir bor tasdiqladi. Nepal yoshlari o'zining tezkorligi, turkmanlar esa irodasi, Hindiston termasi esa o'zining texnik ko'rsatkichlari bilan mutaxassislar e'tiboriga tushdi. Qatarning yoshlar jamoalari esa avvaldan kuchli hisoblangan.
Nepal va Turkmaniston yoshlar terma jamoalari o'rtasidagi o'yin 2:1 hisobida Markaziy Osiyo vakillarining irodali g'alabasi bilan yakuniga etdi. O'yinda hisob dastlab nepalliklar tomonidan 16-daqiqada ochildi. Asim Jung Karkining zarbasi yo'liga turkmanlar darvozaboni Ibrohim Niyozberdiev qarshilik ko'rsata olmadi.
Taym oxiriga borib, Nepal yoshlar terma jamoasi maydonda bir kishi kam bo'lib qoldi – saudiyalik bosh hakam Fahad al-Mirdasiyning ikkinchi sariq kartochkasidan so'ng, Bibek maydonni erta tark etishga majbur bo'ldi. Maydonda son jihatdan ustunlikka erishgan Turkmaniston termasi ikkinchi bo'limda hisobni ham o'z foydasiga hal qildi.
Avvaliga, 58-daqiqada Ilyosberdi Berenov raqib darvozasiga belgilangan penaltidan aniq foydalanib, hisobni tenglashtirgan bo'lsa, o'yin yakunlanishiga 10 daqiqacha qolganida Didargeldi Kovusovning goli Oregeldi Kovusov shogirdlari saralash bahslarini g'alaba va uch ochko bilan boshlash imkonini berdi.
Hindiston va Qatar yoshlar terma jamoalari o'rtasidagi kunning ikkinchi o'yini ham Dohadagi Al-Arabi stadionida o'tkazildi. Hindiston futbolchilari raqibga jiddiy qarshilik ko'rsatishdi, salkam bir soat davomida o'z darvozalari dahlsizligini saqlab tura olishdi. Biroq 61-daqiqada belgilangan penalti va o'yin yakunlanishiga bir daqiqa qolganida zaxiradan maydonga tushgan Xusam Kamolning aniq zarbasi Qatarga 2:0 hisobidagi g'alabani keltirdi.
Boshqa guruhlar
Yoshlar o'rtasidagi 2014 yilgi Osiyo chempionati saralash bahslari to'qqiz guruhga bo'lingan holda tashkil etilgan. Myanmada o'tkaziladigan final bosqichi yo'llanmasi uchun, dastlabki reja bo'yicha, jami 40 terma jamoa kurash olib borishi kerak edi, biroq oxir-oqibat Suriya, Mo'g'uliston va Guam yoshlar terma jamoalari saralashda ishtirok etmaydigan bo'ldi. Har bir guruh g'olibi va to'qqiz guruh orasida eng yaxshi natija ko'rsatgan oltita ikkinchi o'rin egasi 2014 yilgi final bosqichi yo'llanmasini qo'lga kiritadi.
Saralash bahslari 3 oktyabr kuni F guruhida start oldi. Shu kuni Avstraliya Gongkongni 7:1, Vetnam esa Xitoy Taypeyini 6:1 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. V guruhidagi bahslar ham, xuddi O'zbekistonning guruhidagi kabi, 4 oktyabr, juma kuni start oldi. Shu kuni Afg'oniston yoshlari Maldivga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan bo'lsa, BAA yoshlari yamanlik tengqurlari ustidan 2:1 hisobida g'alaba qozonishdi. Guruhning beshinchi ishtirokchisi va saralash bahslari mezboni Iordaniya esa 1-turda dam oldi.
8 oktyabr kuni S, D, E, G, H, I guruhlarida ham saralash bahslari start oladi. 12 oktyabrga kelib, final bosqichining barcha 16 ishtirokchisi nomini bilib olish mumkin bo'ladi.
U-19 Osiyo chempionati-2014 saralash
A guruhi, 1-tur uchrashuvlari
4 oktyabr, juma
NEPAL U-19 – TURKMANISTON U-19 1:2 (1:0)
Gollar: Asim Jung Karki (16) – Ilyosberdi Berenov (16, penalti), Didargeldi Kovusov (79).
Ogohlantirishlar: Bibek (26), Aditya Chaudari (53) – Movlamberdi Go'shshanov (43), Davlat Omonov (80), Ilyosberdi Berenov (88).
Chetlatish: Bibek (32, ikkinchi ogohlantirish).
NEPAL: Alan Neupane, Kalu Tapa, Bishvas Shresta, Bibek, Suman Lama, Anil Gurung (Basnet Bibek, 77), Asim Jung Karki, Gurung Heman, Aditya Chaudari, Dhiroj (Rajbahak Sanjay, 42), Sulav Maskey (Ram Tapa, 74).
TURKMANISTON: Ibrohim Niyozberdiev, Qurbonov, Davlatgeldi Mirsultonov, Didargeldi Kovusov, Ilyos Akiev, Davlat Omonov (O'rozsahet Mo'mmiev, 63), Botirqilich Berdiev, Ilyosberdi Berenov (Bezirgen So'yeshov, 90), Movlamberdi Go'shshanov, Yunus Hurmenov, Annaev (Xudoynazar Amirov, 76).
Bosh hakam: Fahad al-Mirdasiy (Saudiya Arabistoni).
Doha, Al-Arabi stadioni. 4300 tomoshabin.
Gollar: Akram Hasan (61, penalti), Husam Kamol (89).
Ogohlantirishlar: Vishal Kaif (60), Fayoz (86) – Abdulaziz Mahmud (64).
HINDISTON: Vishal Kaif, Gagrai Gurba, Pavan Kumar, Mohd Sajid, Udanta Singh, Lalhlimpuya Daniel (Fayoz, 59), Das Souvik, Germanprit Singh (Rai Uttam, 83), Pritamkumar Singh, Shayborlang Xarpan (Jozef Lalfakzuala, 65), Lalrempuya Fanai.
QATAR: Yusuf Hasan, Saloh al-Yahriy, Seriyn Abdu, Abdulaziz Mahmud, Ahmad Muin (Abdulloh Abdusalom, 63), Akram Hasan (Jassim Ali, 71), Jassim Ahmad (Husam Kamol, 84), Jassim Muhammad, Asim Umar, Nosir Ibrohim, Ahmad as-Sadiy.
Bosh hakam: Ali Shabon (Kuvayt).
Doha, Al-Arabi stadioni. 1818 tomoshabin.