Turning markaziy o'yinida imkoniyatlar qanday?

Narzulla Saydullayev
1 may 2015, 11:43
Shubhasiz 7-turning eng markaziy uchrashuvi bu Qarshidagi o'yin. Toshkent derbisida ikkita g'alabani qo'lga kiritgan "Lokomotiv" Ro'ziqul Berdiev sinovidan o'tadi.
Nasaf (Qarshi) – Lokomotiv (Toshkent)
1 may 2015. Qarshi. "Markaziy" stadioni. 18:30
Hakamlar:
V. Seytlin (Toshkent), X. Shodmonov (Buxoro), A. Sapenko (Toshkent vil.), N. Boltaev (Navoiy)
Nazoratchi: I. Sharipov (Buxoro).
Imkoniyatlar: 50:50%



Bu o'yinda imkoniyatlarni teng baholashimiz mumkin. "Lokomotiv"dan farqli ravishda "Nasaf" OCHLda guruhdan chiqish imkoniyatiga ega bo'lib turibdi, bu esa kuchlarni keyingi o'yinga ham taqsimlash kerakligidan dalolat. Abramovda bunday muammo mavjud emas, joriy yilgi "Lokomotiv" ikkita tarkib bilan qatnashsa, ikkita tarkib yuqori to'rtlikdan joy olishi mumkin. "Paxtakor"ga qarshi zaxirada qoldirilgan Bikmaev, ikki Hasanov, Sardor Mirzaev va Temurxo'ja Abduxoliqov jismonan to'yingan holda bugungi o'yinni asosiy tarkibda boshlashlari mumkin.

"Nasaf" esa o'z maydonida yaxshi harakat qiladigan jamoa. Koblashga javob berilgach, jamoaviy o'yin yanada o'sdi. Bu yerda Gadoevning holati yaxshilanib borayotgani ham jamoaga qo'l kelyapti.


Paxtakor (Toshkent) – Navbahor (Namangan)
1 may 2015. Toshkent. "Paxtakor" stadioni. 19:30
Hakamlar: 
V. Serazetdinov (Toshkent), R. Shoyaxmetov (Toshkent), V. Lushin (Guliston), A. Muminov (Toshkent  vil.)
Nazoratchi: I. Mustafin (Toshkent).
Imkoniyatlar: 55:45%

Kundagi yana bir o'yin Toshkentda bo'ladi. Shu yerda bir gapni qayd etib ketsak. Saytda o'quvchilar o'rtasidagi asosiy nizo, viloyat vakillarini poytaxtda muxlislar yo'qligi haqidagi komentlaridan keyin kelib chiqyapti. Vodiyliklar esa aksincha, stadionilarini doimo to'lib turishi bilan poytaxtlik o'quvchilarni asabini buzyaptilar. Bugun va ertaga vodiyning ikki grandi poytaxtda tur o'yinlarini o'tkazadilar. Toshkentda Namangan va Farg'onadan kelgan  ko'plab hamyurtlarimiz istiqomat qiladilar. Agar bugun va ertaga "Neftchi" va "Navbahor"dan kamida ikki mingga yaqin muxlis, mehmonlar sektorida jamoalarini qo'llab-quvvatlab tursalar, poytaxtliklar haqiqatdan ham tan beradilar. Agar bitta sektor ham to'lmasa, iltimos qilib qolardik, keyingi komentlarda bu narsalarni boshqa ko'tarmaylik. Poytaxt o'z nomi bilan poytaxt va bu yerda futbol o'z-o'zidan 5/6 darajada. Bu muxlis yo'q deganidan emas, buni poytaxtga kelib keyinchalik shu yerda yashayotganlar ham tasdiqlasalar kerak.



Bevosita o'yinga qaytsak, "Paxtakor" chempionlik poygasidagi asosiy raqibidan mag'lubiyatga uchraganidan so'ng bugun boshqacha o'yin ko'rsatishi aniq. Qizg'in chempionatda yana ochko yo'qotilsa, jamoa chempionlik poygasidan tushib qolish hech gap emas. Ammo "Navbahor"ni "Bunyodkor"ga qarshi o'yinini yodga olsak, jamoa himoyada yaxshi o'ynagan edi faqat yakuniy zarbalarni darvozaga to'g'ri yo'naltira oladigan futbolchilar bo'lmadi. Bugun Rijko "hol" qo'ymasa, o'yin chiroyli o'tishi aniq.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia