"Tottenxem" Ronaldu bilan shartnoma imzolamoqchi

Aslanov Jasurbek
23 avg 2021, 01:30
"Tottenxem" "Yuventus" hujumchisi Krishtianu Ronaldu bilan bog'liq vaziyatni kuzatmoqda. London klubi 36 yoshli portugaliyalik futbolchiga shartnoma taklif qilishga tayyor.

Biroq yulduz futbolchi Chempionlar ligasida qatnashadigan jamoada to'p surmoqchi. Shu sababli Krishtianuning "shporlar" safiga o'tishi ehtimoldan yiroq.

Ronaldu Italiya chempionati 1-tur uchrashuvini "Udineze"ga qarshi (2:2) zaxirada boshladi, u 2019/20 yilgi mavsum startidan buyon ikkinchi marta Turin klubining asosiy tarkibiga kiritilmadi.

Bundan tashqari, futbolchi o'zi uni zaxirada qoldirishni so'ragan. Qayd etilishicha, yaqin kunlarda hujumchi klubini o'zgartirishi mumkin.

Shu bilan birga, "Yuventus" vice-prezidenti Pavel Nedved Ronaldu jamoadan ketmoqchi emasligini aytdi.

17 avgust kuni Ronaldu jamoadan ketishi mumkinligi haqidagi ko'plab mish-mishlarga izoh bergandi. U ommaviy axborot vositalarini tasdiqlanmagan ma'lumotlarni chop etishdan cheklashga chaqirdi.

Forvard 2018 yilning iyulida "Yuventus"ga o'tgandi. Transfer summasi 112 million evroni tashkil etdi. Italiya klubiga o'tishdan oldin u "Real", "Manchester Yunayted" va "Sporting" jamoalarida o'ynagan.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Radio 24