

Quyida Iordaniya klubi bilan bahsda paydo bo'lgan va sizning e'tiboringizdan chetda qolgan bazi qiziqarli ma'lumotlar haqida...

Ne'matov qaytdi
O'yinni asosiy tarkibda boshlagan Abduvohid Ne'matov "Nasaf" libosini 7 oylik tanaffusdan keyin ilk marta rasmiy uchrashuvda kiydi. U o'tgan yilning avgust oyida yo'liqqan og'ir jarohati tufayli uzoq muddat yashil maydonning tashqarisida qolib ketdi.

Shuningdek, "Al Vihdat" bilan o'yin Abduvohid uchun Chempionlar Ligasidagi debyutga aylandi. U 2021 yilda OFK kubogida 3 ta bellashuvda maydonga tushib, darvozasi dahlsizligini saqlab qolgan edi. Demak, "ajdarlar" posboni xalqaro o'yinlarda hozircha gol o'tkazgani yo'q.
"Nasaf" darvozasi dahlsiz qoldi
OCHL guruh bosqichida 26-marta maydonga chiqqan "ajdarlar" 7-marta raqibni mag'lub qilishdi. Bundan tashqari, qarshiliklar tarixda 6-bor Chempionlar Ligasi o'yinida nolga o'ynashdi. Bunga qadar mazkur baxt Eldorbek Suyunovga 3, Sanjar Quvvatov hamda Murodjon Zuhurovga 1 martadan nasib qilgan edi.

Birinchisi...
"Nasaf" o'z tarixida ilk bor OCHL o'yinida 2 to'p farqi bilan zafar quchdi. Bugunga qadar qo'lga kiritilgan g'alabalarning barchasida 2:1 yoki 1:0 hisobi qayd etilgan edi.

Shuningdek, "ajdarlar" 6-bor Chempionlar Ligasidagi raqib darvozasini 90 daqiqada 2 marta ishg'ol qilishdi. "Nasaf" hozircha OCHLning bir o'yinida 3 ta gol ura olmagan.
Dubl...
Bugungi g'alaba Stanoevich tomonidan urilgan 2 gol evaziga qo'lga kiritildi. Shu tariqa Marko "Nasaf"ning OCHLda dublga erishgan 2-futbolchisiga aylandi. Tarixda buni faqat Artur Gevorkyan uddalagan. Turkmaniyatonlik futbolchi bundan 7 yil oldin "Traktorsozi" maydonida Eron klubi muxlislarini 2 marta ranjitgan edi.

Yaxshi start
Eng yaxshi signal shuki, "Nasaf" o'z tarixida ilk bor musobaqaning dastlabki 2 turida 4 ochko ishladi. Umid qilamizki, "ajdarlar"ning OCHL guruh bosqichidagi 5-urinishi omadli chiqib, pley-off yo'llanmasi naqd qilinadi...

Mutolaa uchun: Odilga dam, Cheranga yordam...



