

Bugun jamoa “So'g'diyona” qarorgohiga yig'ildi va mashg'ulotlarga kirishdi. Avval ma'lum qilganimizdek, “So'g'diyona”-“Nasaf” bahsi milliy terma jamoa o'yinlari sababli noma'lum muddatga qoldirildi. Murabbiylar shtabi oliy liganing 20-tur doirasida bo'lib o'tadigan “Obod”-“So'g'diyona” bahsiga puxta tayyorgarlik ko'rish maqsadida, shuningdek FIFA kunlaridan unumli foydalangan holda o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazishga qaror qildi. Sparing raqib sifatida esa “Zomin”jamoasi tanlandi. Ushbu bahs 30 avgust kuni bo'lib o'tadi. O'yin haqida batafsil ma'lumotni keyinroq berib o'tamiz.
“Lokomotiv” va “Olmaliq”ga qarshi bahslarda jarohati sabab jamoaga yordam bera olmagan G'ayrat Umirov mashg'ulotlarga qaytdi. “Lokomotiv” bilan o'yinda jarohat olgan Umid Qodirov ham tarkibga kelib qo'shildi. Ular bugun yakka tartibda mashg'ulot o'tkazishdi.
Eslatib o'tamiz, “Obod”ga qarshi bahs 7 sentyabr kuni Toshkentda o'tkaziladi.
“So'g'diyona” matbuot xizmati




