“Sho'rtan” navbatdagi o'yinga qizg'in tayyorgarlik ko'rmoqda

Narzulla Saydullayev
12 okt 2013, 17:37
“Sho'rtan” jamoasi kechadan boshlab klub bazasida to'liq yig'ildi va mashg'ulotlarni boshlab yubordi.
Jamoa a'zolarining kayfiyati juda yaxshi. Ular jamoa murabbiyi Zoir To'raqulov boshchiligida kuniga ikki martadan mashg'ulotlar o'tkazishmoqda.

Jamoa navbatdagi o'yinni Qarshining “Nasaf” jamoasiga qarshi o'z maydonida o'tkazadi. O'yin 18 oktyabr juma kuni bo'lishidan xabaringiz bor. Qashqadaryo vohasining ana shu ikkala jamoasi o'rtasidagi uchrashuvlar doimo murosasiz va kurashlarga boy bo'lgan.

Biz jamoa ruhiyati va tayyorgarliklar haqida bilish uchun bosh murabbiy Zoir To'raqulov fikrlari bilan qiziqdik.

“O'yinchilarning ruhiyati juda yaxshi, ularda keyingi paytlarda kuchli iroda shakllanib bormoqda, oxirgi o'tgan turlardagi o'yinlarimizda ijobiy o'zgarishlar yuz bera boshladi. Har bir o'yinchi vaziyatni to'g'ri tushunib maydonda bor kuchi bilan harakat qilmoqda. Albatta  buning uchun ulardan juda minnatdorman. Oldimizda faqat Oliy ligada qolish vazifasi turibdi. Shundan kelib chiqib qolgan o'yinlarni ijobiy natijalar bilan yakunlashni maqsad qilib qo'yganmiz. Navbatdagi turda “Nasaf”ni o'z maydonimizda qabul qilamiz. Hozirgi bor e'tiborimiz ana shu o'yinga qaratilgan. Qizg'in tayyorgarlik ko'rayapmiz. O'ylaymanki bu o'yin muxlislarbop o'yin bo'ladi. Yuqori natijalar uchun kurashayotgan “Nasaf”ga ham bizga ham ochko kerak, shundan kelib chiqib bemalol aytish mumkinki, maydonda murosasiz kurash ketadi. Jamoamizda yo'qotishlar yo'q, faqat himoyachimiz Yaroslav Krushelnickiy va hujumchimiz Pavel Solminlarning sog'ligida biroz muammo bor, ammo umid qilamanki ular navbatdagi o'yingacha sog'liklarini tiklab olishadi va bizga yordam berishadi", - deydi Zoir To'raqulov.

“Voha derbisi” haqiqatdan doimo qizg'in kurashlar ostida o'tgan. Navbatdagi o'yin ham shubhasiz juda qiziqarli bo'ladi. Vohamiz futbol ishqibozlarini ana murosasiz uchrashuvni tomosha qilishlari uchun stadionimizga taklif qilib qolamiz.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcshurtan.uz