"Sho'rtan": 13 nafar futbolchi jamoa bilan birga emas

Narzulla Saydullayev
13 iyul 2013, 12:11
G'uzorning "Sho'rtan" jamoasi bu yilgi mavsumda sira ham o'ziga o'xshamayapti.
Boshidan moliyaviy qiyinchiliklarni o'tkazayotgan klub turnir jadvalida autsayderlar qatoriga tushib qoldi. Birinchi davrani 13-o'rinda tugatgan jamoa kuni kecha yig'inni boshladi. Aniqrog'i, murabbiylar shtabi 11 iyul kuni futbolchilarni G'uzorda yig'di. Moddiy tomondan ancha qiynalib qolgan klubni birinchi davra o'yinlari nihoyasiga etgach yetakchi futbolchilar bir ketin tark etmoqda.

Jamoa bosh murabbiyi Zoir To'raqulovni ham aynan ushbu yo'qotishlar hozir biroz o'yga toldirayotgan bo'lsa ajab emas. Boisi birinchi davrada jamoa sharafini himoya qilgan barcha futbolchilar hanuz jamoa yig'iniga yetib kelishmagan. Faqatgina Asror Aliqulov, Botir Qodirqulov, Zohid Raupov, Aleksandr Vostrikov hamda Abbos Omonov kabi o'yinchilar qolgan xolos. Ushbu besh nafar asosiy tarkib futbolchilari bilan birga yoshlar jamoasidagi ko'plab o'yinchilar mashg'ulotlarda ishtirok etmoqda.

Jamoa tarkibiga hozircha yangi kelib qo'shilgan o'yinchilar yo'q. Yodingizda bo'lsa, "Sho'rtan" litvalik posbon Pavel Leus bilan xayrlashishga qaror qilgandi. Asosiy darvozabon Aleksandr Korneychuk ham bugungi kunda jamoa bilan birga emas. Shunday ekan, yoshlar jamoasidagi darvozabonlarga o'zlarini ko'rsatish uchun imkoniyat tug'ildi desa bo'ladi.

Yuqorida atib o'tganimizdek, "Sho'rtan" yig'inni katta yo'qotishlar bilan boshladi. Jamoa sharafini birinchi davrada himoya qilgan Aleksandr Korneychuk, Pavel Leus, Shukur Jumaboev, Ibrohim Otaxonov, Shavkat Raimqulov, Yaroslav Krushelnickiy, Obid Jo'raboev, Dilyaver Abibullaev, Vyacheslav Ponomaryov, Pavel Solomin, Arturas Fomenko, Aziz Mansurov, Jamol Otaqulov bugungi kunda jamoa bilan birga emas.

Bundan ko'rinib turibdiki, "Sho'rtan" bugungi kunga kelib katta zarbaga duch keldi. Shu bois bosh murabbiy oldida juda katta tashvish paydo bo'ldi. Tan olish kerak, hozirgi vaziyatda jamoaga nomdor ijrochilarni olib kelish ham murakkab. Voqealar rivojini kuzatamiz.

Islombek Rustambekov

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia