
“Bunyodkor” jamoasi futbolchilari va murabbiylari,
klub xodimlari va jamoa muxlislariga!
Qadrli do'stlar!
Mamlakatimizning yetakchi klublaridan biri “Bunyodkor” muntazam ravishda ishqibozlarni xursand etib kelayotgani barchamizning ko'nglimizni faxr-iftixor tuyg'usi bilan to'ldirmoqda. O'zbekistonimizda millionlar o'yinini rivojlantirish yo'lida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar ana shu muvaffaqiyatlarning poydevori bo'layotgani tahsinga loyiq.
O'tgan mavsumda “qaldirg'ochlar” o'ta kuchli raqiblar bilan murosasiz bahslar yakunida oliy ligada birinchi o'rinni egallab, chempionlik unvonini qaytarib olishgani, O'zbekiston kubogini qo'lga kiritishganini millionlab muxlislar katta qiziqish bilan kuzatib borishdi. Ular qatorida “O'zbekneftegaz” jamoasi ham qo'lga kiritilgan yutuqlardan mamnun. Shu bilan birga “Bunyodkor” futbolchilari yoshlar ligasi hamda tayyorlov guruhlari bahslarida raqiblarni ortda qoldirishgani bizni quvontirdi. Ushbu g'alabalar klub infratuzilmasi zamon talablariga mos ravishda ishlayotganidan dalolat bermoqda.
Osiyo Chempionlar Ligasida Yaponiya, Koreya va Xitoy chempionatlarining yetakchilari bilan musobaqalashib, guruhda peshqadamlikni qo'lga kiritgan “Bunyodkor” qitamiz futbolida o'ziga xos hurmat-e'tiborga egaligini yana bir bor isbotladi.
Sizlarni 2013 yil mavsumida qo'lga kiritilgan ulkan g'alabalar bilan samimiy muborakbod etishdan behad baxtiyormiz!
Kelgusi mavsumda erishilgan marralardan chekinmay, Osiyo Chempionlar Ligasi kubogini qo'lga kiritishga, shu orqali, klublar o'rtasida jahon chempionatida qatnashishga intilish vaqti etdi deb ishonamiz.
“Bunyodkor” futbolchilari va murabbiylari yangi 2014 yilda maftunkor o'yin namoyish qilib, ajoyib g'alabalarni qo'lga kiritishlariga tilakdoshmiz.
Yangi g'alabalar sari olg'a!
Shokir Fayzullaev,
“O'zbekneftegaz” MXK raisi