Sergey Lebedev "Neftchi"ga qaytdi

Sherzod Nurmatov
28 sen 2020
Samarqand safaridan qaytib kelgan "Neftchi" jamoasi futbolchilari bugun Qirgulidagi qarorgohlarida to'planib, 9-tur bellashuviga tayyorgarlikni davom ettirishmoqda.

8-tur oldidan Farg'onaning "Istiqlol" jamoasi O'zbekiston chempionatini tark etganligi sababli, jamoa a'zolariga boshqa klublar bilan shartnoma imzolab, faoliyatlarini davom ettirish huquqi taqdim etilgan. 

Shunga muvofiq, "Istiqlol" jamoasining ikki nafar futbolchisi Rustam Abduhamidov hamda Umar Adhamzoda "Neftchi" jamoasi bilan shartnomani rasmiylashtirdi. Undan oldin esa "Navbahor" safida to'p tepgan Anvarjon Xojimirzaev va Qirg'izistonda faoliyat yuritib kelayotgan Sirojiddin Allaev "Neftchi" bilan shartnoma imzolagandi.

Karantin tufayli yuzaga kelgan tanaffusdan so'ng "Neftchi" safiga "Qo'qon-1912" klubida ijara asosida o'ynagan himoyachi Shodiyor Xojimatov hamda farg'onaliklar safida ilgari o'ynagan Pavel Smolyachenko qo'shildi. Undan tashqari "Istiqlol" jamoasida bosh murabbiy vazifasida ishlab kelgan Sergey Lebedev ham qadrdon jamoasiga qaytdi va murabbiylik faoliyatini "Neftchi"da davom ettirishiga kelishib olindi.

Ma'lumot uchun, Sergey Lebedov 1992-1999, 2002-2004, 2006 yillarda "Neftchi"da to'p tepgan. Murabbiy sifatida 2016-2017 yillarda  "Neftchi"da yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib borgan. 2018 yildan buyon esa "Istiqlol" jamoasida ishlab kelayotgandi. 


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Нефтчи" ФК матбуот хизмати