Sanjar Tursunov: "Superliga startigacha tayyor bo'laman"

Sherzod Nurmatov
6 fev 2023, 15:10
Yaqinda jarrohlik amaliyotini boshdan o'tkazgan Sanjar Tursunov ayni paytdagi holati, Turkiyadagi yig'inlar va tiklanish jarayoni haqida fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"Umuman, bu jarohat o'tgan mavsum oxirlarida bezovta qilishni boshlagandi. 4-5 ta uchrashuvda qiynalib o'ynadim. Ma'lum vaqt dam olishdan so'ng o'tib ketadi, deb o'ylagandim. Ammo bunday bo'lmadi. Keyin bilindiki, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezildi. Xudoga shukrki, barchasi yaxshi o'tdi. Kechadan tiklanishni boshladik", – dedi Sanjar Tursunov. 

- Germaniyada sizga Odil Ahmedov hamrohlik qildimi?

- Ha. Odil Ahmedov bilan birga bordik va qaytdik.



- Reabilitaciya jarayoni qanday ketyapti? 

- Ko'rgan bo'lsangiz, yangi jismoniy tayyorgarlik bo'iycha murabbiy Aleksandr Stoymirovich bilan shartnoma qildik. Reabilitaciyani ushbu mutaxassis bilan qilyapman. 

- Qachon safga qaytasiz?

- 2 xaftalarda umumiy guruhga qaytaman, degan umiddaman. Xudo xohlasa, Superligagacha tayyor bo'laman. 

- Antaliyadagi mashg'ulotlar qanday ketyapti?

- Barcha sharoitlar bor. Yangi futbolchilar kelganiga endi 2 kun bo'ldi. 1-2 xaftadan keyin ularning darajasini ko'rishimiz mumkin. 

- OCHL pley-off uchrashuviga ham tayyorgarlik ketyaptimi?

- Faqat g'alaba uchun o'ynaymiz. O'sha pallada yaxshi formada, optimal holatda bo'lib tursak, hammasi yaxshi kechadi. 

- Ayni paytda "Metallurg"dan tashqari barcha jamoalar Turkiyada. Boshqa jamoalardagi o'zgarishlarda sizni xayron qoldirayotgan jihatlar bormi?

- To'g'risini aytsam, xayron qoldiradigan jihat ko'rmadim. Oldin kam jamoalar xorijga chiqardi. Bu yerda hamma narsa bor, raqiblar topish oson.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia