

- Birinchi navbatda bugungi natija uchun hammadan uzr so'rayman. Nima deyishim mumkin? Tushuntirish juda qiyin. Bu hol meni faoliyatimda birinchi marta ro'y berdi. Nima bo'lishi kerak bo'lsa bo'ldi. Faqat “Andijon”da shu holat bo'lgani achinarli. Bugungi raqibimiz ham qiyin holatda edi. O'yinni yomon boshlamadik, deb o'ylayman. Bir qator imkoniyatlarimiz bo'ldi, standartlardan ham foydalansak bo'lardi. Harakat qildik, ammo to'p darvozaga kirmadi. Qanot himosidagi xatolar tufayli gol o'tkazdik. Darvozamizdan ikkita to'p o'tkazdik, tushuntirishim ancha qiyin. Birinchi taymda raqib deyarli unchalik xavfli vaziyatlarni yarata olmadi. Yaxshi harakat qilsak, g'alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Yigitlar vaziyatni o'zgartirishga intilishdi. Bu safar o'xshamadi.
Jamoadagi faoliyatimga to'xtaladigan bo'lsam, klubga kelganimda safarda “Bunyodkor”ni yutdik va klubni Superligada saqlab qoldik. Jamoa rahbariyati shakllantirish uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Yomon transferlar qilmadik. Kimni olmoqchi bo'lsak, barchasini ololmadik. Chunki ko'pchiligini shartnomalari bor edi. Shartnoma muddati tugaganlarini imkoniyat darajasida oldik. Jamoa qurishni yaxshi boshlagandik. Yig'inlarda ham faol qatnashdik, mavsumni yaxshi boshladik. Boshida 4:0 ga yutganimizda 60 foiz o'yinimizni ko'rsatdik, deb aytgandim. Bu yolg'on emasdi. O'shanda ham men hali o'zim ko'rishni istagan jamoani ko'rmagandim. “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvdagi mag'lubiyat “nastroy”ning yo'qligi sababli bo'ldi, deb o'ylayman. Qo'pol xatolar bo'ldi. Keyin Farg'onada “Neftchi”ga mag'lub bo'ldik. “Mashal” bilan bahsda barchasini to'g'rilash imkoniyati bo'ldi. FIFA kunlaridan keyingi o'yinlarda afsuski, bizda ketma-ket uchta mag'lubiyat bo'ldi. Bir qancha sabablar tufayli imkoniyatlarni boy berdik. “Nasaf” bilan bahsni alohida takidlash kerak. Ular ko'p yillardan beri bir xil tarkibda o'ynaydi va biz birgina qo'pol xato evaziga yutqazdik. “Navbahor” bilan bellashuvda esa 90+4-daqiqada raqib murabbiyi durangni saqlab qolish uchun o'yinchi almashtirdi. Afsuski, muvozanatni yo'qotganimiz sababli gol o'tkazdik va mag'lub bo'ldik. Bugungi mag'lubiyat ham tushunarsiz bo'ldi. Biz hujum tashkil qilyapmiz.
Qanday talablar qo'yilgan bo'lsa, klub barchasini bajardi. Bu erga yaxshi niyatlar bilan, klub tarixini yaxshilash uchun kelgandim. “Andijon”ni chempionatda eng yaxshi natijasi 5-o'rin bo'lgan ekan va men buni yaxshilab, yuqoriga ko'tarish maqsadida kelgandim. Futbolchilar ham bu erga yuqori maqsadlarni ko'zlab kelishgan. Jamoa uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. To'g'risi, erkakcha gapiraman: endi bu yerda boshqa harakat qila olmayman. Klub boshqaruvini boshqasiga beraman. Biz bu o'yindan avval rahbariyat bilan ochiq va samimiy gaplashdik. Rosti, endi o'z o'rnimni boshqa insonga topshiraman. Yana aytaman: bu erga natija qilish va barchani xursand qilish uchun kelgandim. Avval ham aytganman: menda ko'p vaqt yo'q edi va qisqa fursat ichida natija ko'rsatishim kerak. Yillar davomida ishlab natija ko'rsatishga menda vaqt yo'q edi. Viloyat hokimi barcha sharoitlarni yaratib, natija uchun jonbozlik bilan harakat qilyapti. Klub yuqori natijalarni ko'rsatishi uchun viloyat hokimi barcha ishni amalga oshiryapti. O'zbek futboli rivojlanishi yo'lida aynan viloyat hokimi ko'p ishlarni qilyapti. Men ko'rdimki, biz birgalikda bu ishlarni bajara olardik. Kechayu kunduz 24 soat ishladik va agar 25 soat bo'lsa ham ishlashga tayyor edik. Afsuski, mehnatlarimiz o'xshamadi. Har doim nimadir yetishmadi. Demak, nimanidir o'zgartirish kerak.
Rahbariyat bilan gaplashdik va jamoani boshqasi boshqarishi kerak. Men va mening murabbiylar shtabim iste'foga chiqamiz.
Fursatdan foydalanib, “Andijon” klubiga omad tilaymiz. Birinchi navbatda vaziyatni o'nglashini xohlayman. Chempionatda va Kubokda yaxshi natijalarni qo'lga kiritishini tilab qolaman. Shuningdek, maksimal darajada kurashgan futbolchilarni ham etirof etaman. Etirozim yo'q, ular qo'llaridan kelganicha ishini qilishdi. Jamoani keyingi faoliyatiga omad tilayman.
Barcha muxlislarga jamoamizni to'xtamay qo'llab-quvvatlab turishgani uchun katta rahmat. Bu yerda ishimizni boshidan to shu kungacha mehnatimizni qadrlab olqishlashgani uchun ishqibozlardan minnatdorman. Nodir To'ychievga alohida rahmat. U jamoani uzluksiz qo'llamoqda. Uning boshchiligida fan-klub mamlakatimizdagi eng zo'ri va alohida rahmat. Bunday muxlislar ko'p narsaga loyiq. Hammaga rahmat. O'ylaymanki, “Andijon”da barchasi yaxshi bo'ladi", - dedi Samvel Vyacheslavovich.



