Rustam Ashurmatov: "Mirjalol Qosimov talabchan murabbiy"

Aslanov Jasurbek
29 dek 2017
Yakunlangan mavsum Bunyodkor uchun tekis o'tgani yo'q, qaldirg'ochlar chempionatni 4-o'rinda yakunlab, sovrinsiz qolishdi.

Boz ustiga, O'zbekiston kubogi final uchrashuvida tashabbusga ega bo'la turib, Lokomotivga imkoniyatni boy berishdi. Oqibatda OCHL yo'llanmasi Paxtakorga nasib etdi. Xullas, Bunyodkor o'z tarixida ilk bor qitaning eng nufuzli klublar turnirida ishtirok etmaydigan bo'ldi.

Bunga birinchi davrada meyoridan ko'p ochko yo'qotilgani sababdir. Jamoaning istedodli himoyachisi Rustam Ashurmatov bu borada qanday fikrda? Qiziqsangiz, marhamat, uning intervyusiga e'tibor qarating.

- Rustam, Bunyodkor mavsum uchun qo'yilgan vazifalarni bajarolmadi. Yakunda sovrinsiz qolish alam uyg'otgandir...

- Ha, bu juda alamli. Aslida sovrin yutishga munosib edik. Har holda, yil davomida, ayniqsa, ikkinchi davrada qattiq ishladik. Ammo futbol shunaqa - kimdir yutadi, boshqasi yutqazadi.

Nachora, kamchiliklardan to'g'ri xulosa chiqargan holda, endi kelasi mavsumga yanada jiddiyroq yondashamiz. Xullas, nasib qilsa, faqat chempionlik uchun kurashamiz.

- Lokomotivga qarshi kechgan o'yinlarda mag'lubiyatni tan oldinglar. Bu joriy mavsum temiryo'lchilar sizlardan darhaqiqat, ustun bo'lishganidan ishorami?

- Loko bejiz qatorasiga ikkinchi marta chempionlik shohsupasiga ko'tarilmadi. Lekin shaxsiy fikrimni bildirsam, o'zaro o'yinlarimizda Lokomotivga shunchaki, omad ham kulib boqdi. Ayniqsa, kubok finalida. Axir gol urish uchun bizda ko'proq imkoniyat yuzaga kelgandi.

- Jamoaga Mirjalol Qosimov qaytganidan so'ng o'yin sifati ham, natija ham yaxshilandi. U futbolchilarni qay tarzda ruhlantirdi, nimalarni o'zgartirdi?

- Mirjalol Qo'shoqovich tajribali va talabchan murabbiy, qaysi payt qanday o'ynash kerakligini juda yaxshi biladi. Eng katta plyusi ham shu - o'yinlarga to'g'ri munosabat.

- Deylik, Qosimov o'z boshqaruvidagi ilk uchrashuvdan oldin aynan nimalarga e'tibor qaratgandi?

- Birinchi galda, ruhiy tayyorgarlikka. Chunki o'sha payt omadsizlar sabab, futbolchilarda kayfiyatsizlik sezilayotgandi. So'zlaridan aniq iqtibos keltirsam, shunday degandi:

Bunyodkordek klubga turnir jadvali pastki pog'onalarida yurish sira yarashmaydi. Sizlarni bilmadimu, lekin shaxsan men mag'lubiyatni hazm qilolmayman. Qisqasi, shunday yondashuvni ongimizga singdirishga harakat qildi. Ochig'i, Mirjalol Qo'shoqovichning so'zlari bizga kuchli ta’sir qildi. Bunga ikkinchi davradagi o'yinlarimiz isbot. 

- Umuman, Bunyodkorga sovrinli o'rinlardan birini egallash uchun omad yetishmaganidan tashqari, yana qanday omillar to'sqinlik qildi?

- Barchasiga o'zimiz aybdormiz. Keraksiz joyda zarur ochkolarni boy berdik. Eng katta kamchilik - barqaror o'ynamaslik. Oddiy aytganda, bir maromda harakat qilolmadik.

Ko'pchilik bu holatni Bunyodkor tarkibida asosan yoshlar to'planishgani bilan bog'laydi. Ammo bu fikrga qo'shilmayman. Axir yoshdek ko'rinayotgan shu futbolchilar oliy liga va OCHLda etarli tajriba hosil qilishgan. Qolaversa, bizda tajribali futbolchilar ham bor. 

- Endi Bunyodkor o'z tarixida ilk bor OCHLda qatnashmaydi...

- Nachora, shunday bo'lishi kerak ekan, chidaymiz-da.

- Jamoangiz yoshlarni kashf etish bobida yurtimizda yetakchilar qatorida. Xo'sh, bu yil kimlar kashfiyot maqomiga munosib o'ynashdi, sizningcha?

- Bunday yoshlar ko'p - Farrux Ikromov, Davron Umirov, Nurillo To'xtasinov...

- Oliy liga-2017da kuzatilgan voqealar orasida eng kutilmagan 3tasini aytsangiz...

- Birinchisi - jamoamizning OCHL yo'llanmasidan quruq qolgani. Shuningdek, kelasi mavsum oliy ligada 12ta jamoa qatnashishi haqidagi qarorni ham hech kim kutmagandi. Obodning chetlatilgani ham kutilmagan voqea, albatta.

- Bunyodkorning omadsiz o'yinlari reytingi tuzib chiqilsa, u qanday ko'rinish oladi?

- Shubhasiz, bunday ro'yxatning 1-qatoriga kubok finali qo'yiladi. Safarda Qizilqumga qarshi kechgan dramatik va gollarga boy o'yinimiz 2-o'rindan joy oladi. O'sha uchrashuvda qimmatli 2 ochkodan mahrum bo'lgandik.

Shaxsan men o'z maydonimizda Paxtakor bilan bo'lgan o'yinni 3-o'ringa qo'yardim. Shu uchrashuvlar biz uchun chinakamiga omadsiz kechdi. Yana G'uzorda Sho'rtanga imkoniyat boy berilgan o'yinni ham unumaslik kerak.

- Muxlis nigohi bilan qaraganda, o'z harakatlaringizdan nechog'li qoniqdingiz? O'yiningizda o'sish sezildimi?

- Buni murabbiylardan so'raganingiz maqulroq. Eng xolis bahoni mutaxassislar, jurnalistlar va muxlislar berishadi. Shaxsiy fikrimga kelsak, mavsumning a'lo darajada o'tkazganimni aytolmayman. To'g'ri, yomon ham o'ynamadim. Boz ustiga, birinchi davrada orttirilgan jarohat ta’sir qilmay qolmadi, baribir. 

- Yangi format asosida o'tkaziladigan Super-ligaga qanday qaraysiz?

- 12ta jamoa ishtirok etishini hisobga olsak, o'yinlar qadri ancha oshadi, albatta. Demak, yuqori darajali raqobatga shaylanishimiz kerak.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: